Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:27

Jahon banki: O‘zbekistonliklar daromadi keyingi to‘rt yil ichida keskin kamayib bormoqda


Dunyo davlatlaridagi yalpi milliy daromad hajmiga oid Jahon banki joriy oy boshida e’lon qilgan hisobotga ko‘ra¸ 2016 yildan beri O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich muttasil kamayib bormoqda.

Karimov boshqaruvining so‘nggi yili - 2016 da jon boshiga 2660 dollarni tashkil qilgan yalpi milliy daromad 2017 yilda 2350 dollar¸ 2018 yilda 2020 dollar¸ 2019 yilda esa¸ 1800 dollarga tushgan. (bu raqamlar dunyo bo‘ylab iqtisodiy vaziyat keskin og‘irlashgan pandemiya davrini o‘z ichiga olmaydi – tahr.)

Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonliklar daromadi surunkali ravishda kamayib borayotgani sabablarini izohlagan iqtisodchilar¸ 2017 yilgi milliy so‘m devalvatsiyasidan so‘ng hukumatning inflyatsiyani jilovlay olmay qolganini asosiy omillardan biri sifatida tilga oldi.

Ozodlik mamlakatning uch hududida yashovchi uch oila misolida Jahon banki hisobotida keltirilgan abstrakt raqamlar ortidagi real hayotni o‘rganishga harakat qildi.

Toshkentlik tadbirkor: Shahar tashqarisiga chiqib dam olish to‘xtadi!

Toshkentlik Anvar (ismi o‘z so‘roviga ko‘ra o‘zgartirildi – tahr.) o‘zini kichik tadbirkor deb tanishtirdi. Uning oziq-ovqat ishlab chiqaradigan kichik sexi bor¸ unda 10 nafar ishchi ishlaydi.

Ozodlik bilan suhbatda Anvar 2016 yildan pandemiya boshlangan 2020 yilga qadar o‘z oilaviy daromadi trayektoriyasi haqida gapirdi.

Oilada besh jonmiz¸ uch farzandim va ayolim. Turmush o‘rtog‘im ishlamaydi¸ daromad manbai faqat men yuritadigan biznes. 2016 yilda oyiga 700 dollarcha sof daromad qilardim. O‘shanda asosiy xarajatlar - ovqatlanish¸ kommunal to‘lovlar¸ kiyim-kechak¸ benzin¸ ko‘chadagi obeddan 50 dollarcha ortib qolardi. Ammo 2017 yil¸ ayniqsa 2018 boshlab byudjet bosimi muttasil oshib boryapti. Asosiy sabab¸ so‘mning qadrsizlanib¸ narx-navoning oshib ketishi deb o‘ylayman. Keyin¸ 20 foizlik NDS¸ soliqlar oshdi. Aholi xarid qurbi tushib ketdi. 2016 yilda¸ deylik¸ bir kunda o‘nta tovar sotgan bo‘lsam¸ 2019 ga kelib¸ bu to‘rttaga tushdi. Ayni paytda¸ biznes chiqimlarim oshdi. Ishchilarim 2016 yilda 750 mingga ishlagan bo‘lsa¸ hozir 1 milliondan kamiga hech kim ishlamaydi. Bu narsa¸ to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashash sharoitimda aks etyapti. 2016 yili bir oyda o‘rtacha 5-6 kilo go‘sht yegan bo‘lsak¸ hozir 3-4 kiloga tushdi. Pishloq¸ baliq mahsulotlari ratsiondan chiqa boshladi. Kiyim-kechakni oldin bir yilda bir yangilagan bo‘lsak¸ hozir ikki yilda bir yangilaymiz¸ unda ham zarurat bo‘lmasa¸ yo‘q. Bolalarimni ko‘chada ovqatlanish yoki parkka olib chiqish deyarli to‘xtadi¸ oilaviy byudjetda bunga pul yo‘q. Toshkent tashqarisiga chiqib dam olib kelishlar ham to‘xtadi. Bizning besh kishilik oila misolida aytadigan bo‘lsam¸ keyingi 4 yil ichida turmush darajamiz faqat yomonlashib boryapti”.

Farg‘onalik o‘qituvchi: Oylik raqamlarda oshdi¸ ammo unga tirikchilik qilib bo‘lmay qoldi!

Ozodlik bilan 2016-2019 yillarda o‘z oilasi daromadining qaysi yo‘nalishda ketayotgani haqida “halol” gaplashishga rozi bo‘lganlardan yana biri farg‘onalik matematika o‘qituvchisi Dilshodbek(ismi o‘zgartirildi -tahr.).

Farg‘ona shahrida yashaydigan bu suhbatdosh qaramog‘ida uy bekasi bo‘lgan ayoli va ikki kichik farzandi bor.

2016 yilda taqriban 1 million 200 ming so‘m olardim. Hozir qo‘limga tegadigani 2 million so‘mga yetdi. Raqamda oylik oshdi¸ ammo uning qurbi 2016 yilgi maoshdan kam bo‘lsa kamki¸ ko‘p emas. Oziq-ovqat¸ kommunal to‘lovlar narxi nihoyatda oshib ketdi. Oyligimning teng yarmi kommunal to‘lovlarga ketadi. Qolgani to‘rt jonning yeb-ichishiga yetmaydi. 2016 yilda bir haftada bir kilo go‘sht olgan bo‘lsak¸ hozir bir oyda bir kiloga tushib qoldik. Hovlimiz ichkarisidagi ikki sotixda kartosha-piyoz ekib¸ qozon qaynatyapmiz. Atrofdagi do‘konchilar tanigani uchun¸ pulsiz qolgan oylarimizda¸ oziq-ovqatni nasiyaga berib turishadi. Oylik kelsa¸ to‘laymiz. O‘qituvchining oyligini oshirdik¸ deb televizordan tinimsiz gapiryaptilar¸ lekin real hayotga o‘qituvchi kambag‘al qatlamga qo‘shilib bo‘ldi. Tirikchilik uchun zarur bo‘lmagan hamma xarajatlar qisqardi. Masalan¸ kiyim-kechak¸ oyoq kiyim deyarli olmay qo‘ydik. Ishonsangiz¸ 2005 yili olgan etigim bilan qish chiqaraman. Keyingi ikki qishni yengil tuflida o‘tkazdim. Etik olay desam¸ 300-500 ming so‘m, buncha pulga qurbim yetmaydi”.

Eri Rossiyadan yuboradigan pulga kun ko‘rayotgan Nasiba: Ko‘rpamiz kaltalashib ketdi!

Namanganlik Nasiba 7 yildan beri Rossiyada ishlayotgan eri yuboradigan pulga ro‘zg‘or tebratib keladi.

Ketganlaridan keyin oyiga 450-500 dollar yuborib turdilar¸ shunga uy qurib oldik. 2016 yildan 2019 yil oxirigacha ham¸ o‘zlarining yeb-ichishlari¸ yotoq va bilet pulidan orttirib¸ 400-500 jo‘natib keldi¸ ammo 2016 yildagi 400 dollar bilan 2019 yildagi 400 dollar bir narsa bo‘lmay qoldida. Pulning qadri qolmadi¸ hamma narsa qimmatladi. O‘tgan yil oxiriga kelib¸ Rossiyadan kelgan pul yetmay qoldi. Rossiyadayam patentlar oshib¸ ish topish qiyin bo‘lib ketdi¸ ahvoli og‘irlashganini bilganimdan¸ borini tejashga o‘tdim. Orzu-havasga pul qolmadi¸ ko‘rpani u yog‘ini tortsak buyog‘i¸ buyog‘ini tortsak¸ u yog‘i ochiladi. Koronavirus chiqqandan keyin¸ buniyam ko‘p ko‘rdi. Martdan beri erim 300 dollar yubordi¸ shungayam shukur qilib yashayapmiz”.

Jahon banki raqamlari nima deydi?

Yalpi milliy mahsulot¸ u yoki bu davlat ichkarisida ishlab chiqarilayotgan tovarlar va xizmatlar qiymati bo‘lsa¸ yalpi milliy daromad¸qaysi davlatda bo‘lishidan qat’iy nazar¸ masalan¸ o‘zbekistonliklar va o‘zbek biznes tizimlarining O‘zbekistonga yuborayotgan mablag‘larini ham o‘z ichiga oladi.

Jahon banki o‘tgan hafta yalpi milliy daromad bo‘yicha e’lon qilgan yillik hisobotga ko‘ra¸ o‘zbekistonliklar yalpi milliy daromadi muttasil kamayib bormoqda va 2019 yilga kelib¸ jon boshiga 1800 dollarga tushgan.

Jahon banki hisobicha¸ 2016 yildan so‘ng O‘zbekiston yalpi milliy daromadi qiymatida keskin tushish boshlangan.
Jahon banki hisobicha¸ 2016 yildan so‘ng O‘zbekiston yalpi milliy daromadi qiymatida keskin tushish boshlangan.

Bu ko‘rsatkich¸ Karimov boshqaruvining so‘nggi yili – 2016 yili 2660 dollarga teng bo‘lgan va keyingi to‘rt yil ichida jon boshiga taqsimlaganda 860 dollar¸ yoki uchdan birga kamaygan.

Qiyos uchun¸ bu ko‘rsatkich qo‘shni Qozog‘istonda 2019 yili jon boshiga 8810 dollar¸ Turkmanistonda 6740 dollar¸ Qirg‘izistonda 1240 dollar¸ Tojikistonda 1030 dollar¸ Rossiyada 11 260¸ Turkiyada esa¸ 9610 AQSh dollarini tashkil etgan.

Yalpi milliy daromad hajmi bo‘yicha dunyoning eng yetakchi davlatlari sirasida bo‘lgan Islandiyada 72 850 dollar¸ AQShda 65 760¸ Daniyada 63 240¸ Avstraliyada 54 910¸ Germaniyada 48 520 dollar¸ Yaponiyada 41 690 dollarga teng.

2019 yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra¸ yalpi milliy daromadning jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichi 11 569 dollarga teng va O‘zbekistondagi ko‘rsatkich bu darajadan qariyb 10 baravar kamdir.

Jahon bankining Atlas metodi bo‘yicha o‘tkaziladigan bu hisob-kitoblarga ko‘ra¸ 2019 yili yalpi milliy daromadi 1035 dollardan kam bo‘lgan davlatlar “kam daromadli” yoki kambag‘al davlatlar hisoblanadi.

Ozodlik Jahon banki hisoboti mualliflariga undagi O‘zbekistonga oid raqamlarni izohlashni so‘rab murojaat qildi¸ hozircha ulardan javob olmadi.

O‘zbekistonliklar daromadi keskin qisqarib borishi sabablari nima?

Ozodlik suhbatlashgan mustaqil iqtisodchilar¸ O‘zbekiston kabi davlatlardagi yashash darajasining haqiqiy ahvolini belgilashda yalpi milliy mahsulotdan ko‘ra¸ yalpi milliy daromad tushunchasi vaziyatni aniqroq aks ettirishini aytadi.

Millionlab o‘zbekistonliklar chet elda ishlayotgan qarindoshlari yuborib kelayotgan pulga tirikchilik qiladi. Bu pullar esa¸ faqat O‘zbekiston ichkarisidagi tovar va xizmatlar qiymatini hisoblaydigan yalpi milliy mahsulotga qo‘shilmaydi. Yalpi milliy daromadga¸ qayerda topilganidan qat’i nazar¸ O‘zbekistonga kirayotgan hamma mablag‘ qo‘shiladi. Shunda jon boshiga 1800 dollar to‘g‘ri kelyapti. Urushdan xarob bo‘lgan Afg‘onistonda 2017 yilgi ko‘rsatkich 2229 dollar bo‘lgan¸ O‘zbekistonning 2019 yilgi ko‘rsatkichi shundan ham past!”¸ deydi shaxsini ochiqlamay turib Jahon banki hisobotini sharhlagan o‘zbekistonlik iqtisodchi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yil yanvarida o‘tkazilgan yig‘inda mamlakatdagi iqtisodiy ahvolni “nihoyatda og‘ir” deb atagan va bu ahvolni tuzatish uchun “ikki yillik favqulodda holat” e’lon qilgan edi.

Jahon banki keltirgan raqamlar¸ ikkinchi prezident hukumati “nihoyatda og‘ir ahvol”ni “yanada og‘irlashtirganini ko‘rsatmoqda.

Ozodlik gaplashgan o‘zbekistonlik iqtisodchilardan biriga ko‘ra¸ milliy daromad qisqarib borayotganining sabablari o‘zbek iqtisodi strukturasiga borib taqaladi.

O‘zbekistonda eksport va import nisbatiga qarasangiz¸ import hajmi nihoyatda katta. Eksport hajmidagi eng katta ulushni¸ gaz¸ paxta kabi xom-ashyo tashkil etadi. Keyingi yillarda bu mahsulotlar narxi jahon bozorida keskin tushib ketdi. Kirim ham keskin kamaydi. O‘zbekistonning asosiy savdo partnyorlariga qarang – Xitoy¸ Rossiya¸ Qozog‘iston¸ Turkiya. Bu davlatlarning o‘zi keyingi yillarda iqtisodi eng ko‘p qisqargan davlatlardir. Eng qizig‘i¸ Rossiya statistikasiga qarasangiz¸ 2016-2019 yillarda Rossiya mehnat bozori inqirozdan keyin o‘nglanib¸ o‘zbekistonlik migrantlar jo‘natgan pul hajmi oshib borgan¸ lekin shunga qaramay¸ O‘zbekistondagi yalpi milliy daromad faqat qisqarib borgan. Bu iqtisod strukturasi noto‘g‘ri qurilganidan dalolatdir”.

Rossiya Markaziy banki rasmiy ma’lumotiga ko‘ra¸ 2016 yilda o‘zbekistonlik muhojirlar vataniga yuborgan jami mablag‘ 2¸7 milliard dollar¸ 2017 yilda 3.9 milliard dollar¸ 2018 yili 3.96 milliard ¸ 2019 yilda esa¸ Rossiyadagi iqtisodiy inqirozdan keyingi rekord $4,7 milliard dollarni tashkil qilgan.

O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi sobiq mulozimi Saodat Nishonova¸ 2016 yildan 2019 yilga qadar o‘zbekistonliklar yalpi milliy daromadining kamaygani sabablarini shunday izohlaydi:

- Yalpi milliy daromad jon boshiga taqsimlanadi. O‘zbekistonda aholi soni oshib oshib bormoqda – 2016 yilda 31¸86 million bo‘lgan bo‘lsa¸ 2019 yil oxiriga kelib¸ 33¸72 millionga chiqdi. Ikkinchisi: inflyatsiya oshib boryapti. 2017 yilgi devalvatsiyadan keyin hukumat inflyatsiyani jilovlay olmay qoldi. Inflyatsiya darajasi valyuta siyosatiga bog‘liq. Davlatning asosiy moliyaviy siyosati inflyatsiyani jilovlashga qaratilgan bo‘lishi kerak. Buning uchun davlatda rezerv mablag‘i bo‘lishi kerak. Og‘izda¸ rezervda buncha milliard bor deyilyapti. Unda qani bu pullar? Nega ular inflyatsiyani ushlashga ishlatilmayapti¸ agar bo‘lsa? Nega 2020 yilga kelib¸ O‘zbekiston tashqi qarzi 28 milliard dollarga yetdi? Uchinchisi: O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan tovar va xizmatlar tannarxi nihoyatda baland va raqobatbardosh emas. Bu esa¸ nihoyatda katta korrupsiya deganidir. Byudjetdan o‘g‘irlangan pullar¸ olinayotgan otkatlar mahsulot va xizmatlar tannarxiga kiritiladi va narx-navo oshib boraveradi. Nazarimda¸ Mirziyoyev iqtisodni boshqarishni yo bilmaydi yoki bu iqtisodiy siyosat ustidan nazoratni yo‘qotdi.

Bu pastlash davom etaversa...

Ozodlik bilan 2016- 2019 yillar davomida o‘z oilaviy daromadining qay tarafga o‘zgargani haqida gaplashgan toshkentlik tadbirkor ham¸ farg‘onalik o‘qituvchi ham¸ daromadi hayot uchun zarur bo‘lgan mahsulot va xizmatlarni qoplashga yetmayotgan joriy vaziyatda yaqin orada o‘nglanish bo‘lishiga ko‘zi yetmasligini aytadi.

Bu ketishda¸ oilamni olib¸ chetga chiqishga majbur bo‘laman. Matematikani yaxshi bilaman¸ biror kompyuter kursida o‘qisam¸ programmist bo‘lib¸ chetdan ish toparman¸ degan xayoldaman to‘g‘risi. Hozircha bolalarim yosh¸ xarajati ham kichik. Lekin bu ketishda¸ ularni yedirib-kiyintirishga ham pul topolmay qolaman. Agar chetga ketolmasam¸ maktabni tashlab¸ kirakashlik qilmoqchiydim. Pandemiyadan keyin unisiyam¸ bunisiyam o‘xshamay turipti”¸ deydi farg‘onalik Dilshodbek.

Namanganlik Nasiba esa¸ O‘zbekistonda keyingi to‘rt yil ichida zavod va fabrikalar qurilib¸ erining Rossiyadan qaytib¸ tirikchilik qilishiga imkon beradigan ish joylari yaratilmagani bois¸ unga qaytib kelmaslikni aytishini ta’kidlaydi.

"Ish yo‘q¸ dehqonchilik qilay desa¸ yer bermaydi¸ bergani ustidan mingta xo‘jayin. Kelmay turing¸ yuborganingizni amallab tejab yashab turamiz¸ deyapman. Boshqa na choramiz bor?"

XS
SM
MD
LG