Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:37

BMT: Koronavirus pandemiyasi OITV/OITSga qarshi kurashni izdan chiqarmoqda


Rossiya. Doktor bemordan OITV testi o‘tkazish uchun qon namunasi olmoqda. 2019, 19 may, Moskva.
Rossiya. Doktor bemordan OITV testi o‘tkazish uchun qon namunasi olmoqda. 2019, 19 may, Moskva.

Koronavirus pandemiyasi OITV/OITSga chalingan bemorlarni davolashni izdan chiqarmoqda hamda kasallikka qarshi kurashda uzoq yillar mobaynida erishilgan yutuqlarga tahdid solmoqda. Bu haqda BMT bayonot berdi. Tashkilot keyingi yillarda virusga chalinish keskin oshib ketgan Sharqiy Yevropada hamda Markaziy Osiyoda ahvol ayniqsa og‘ir ekanligidan ogohlantirdi.

BMT qoshidagi UNAIDS – OITV hamda OITS qo‘shma dasturi 6 iyul kuni e’lon qilgan hisobotda e’tirof etilishicha, koronavirus tarqalishi oldini olish maqsadida joriy qilingan cheklovlar ayollarning kerakli ma’lumot olish hamda jinsiy zo‘ravonlikdan o‘zini himoya qilish imkoniyatini cheklab, yarim million odam umriga zomin bo‘lishi mumkin.

Ahvol Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda ayniqsa og‘irdir. Mintaqada 2010 yildan beri virusga chalinish holatlari 72 foizga oshgan.

Hisobotda hukumatlar bor e’tiborini pandemiyaga qarshi kurashishga qaratar ekan, aholini OITV dan himoya qilishga qaratilgan resurslar tobora ozayib borayotgani qayd etildi.

«2030 yilga qadar OITSni ommaviy sog‘liqqa tahdid soluvchi kasalliklar qatoridan chiqarish jarayoni COVID-19 tarqalishidan oldin ham izdan chiqqan edi. Endilikda koronavirus bo‘hroni ko‘zlagan maqsadimizga erishishni yanada mushkullashtirishi mumkin», deyiladi hisobotda.

OITV yuqtirgan bemorlarni davolash olti oyga izdan chiqsa, Sahroi Kabir janubidagi Afrika mamlakatlarida qo‘shimcha 500 ming odam kasallik tufayli nobud bo‘lishi mumkin. Bu esa mintaqani 2008 yilgi ahvolga qaytaradi.

Hisobotda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo OITV epidemiyasi kuchayib borayotgan uch mintaqaning biri ekanligi e’tirof etildi. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda yuqtirish/tarqalish koeffitsienti 10,1 ga teng bo‘lib, bu 2019 yilda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.

«OITV tarqalishi oldini olish xizmatlari ko‘lamini zudlik bilan oshirish kerak, ayniqsa Rossiya Federatsiyasida. OITV testini o‘tkazish bilan davolashni boshlash o‘rtasida yirik masofa bor», deyildi hisobotda.

Hisobotga ko‘ra, antiretrovirus terapiyasi tufayli millionlab odam umri saqlab qolindi. Bunday terapiya organizmda OITV yanada keng tarqalishiga to‘sqinlik qilib, OITV infeksiyasi davridan bevosita OITS davriga o‘tishni sekinlatadi.

Shunga qaramasdan, o‘tgan yilda 960 ming kishi OITS tufayli nobud bo‘ldi. Ayni damda virusni yuqtirgan 38 million kishining 12,6 millioni o‘z hayotini saqlab qolish uchun davolanish imkoniyatiga ega emas.

UNAIDS hisobotida virusni yuqtirganlar soni 1,7 millionga oshgani yangi infeksiyalar oldini olish uchun hali ko‘p chora ko‘rish lozimligini ko‘rsatishi aytildi.

Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika hamda Lotin Amerikada yangi infeksiyalar soni 20 foizga ko‘tarilgan.

O‘tgan yilda OITV/OITSga qarshi kurashga ajratiladigan mablag‘ 2017 yilga solishtirganda 7 foizga qisqargan. UNAIDS hisoblariga ko‘ra, 2020 yilda kasallikka qarshi samarali kurashish uchun 26,2 milliard dollar sarflanishi kerak.

XS
SM
MD
LG