Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:14

2020 yilgi Cobalt va Nexia R3 mashinalari nuqson chiqishi ortidan ommaviy ravishda chaqirtirib olinmoqda


UZAUTO MOTORS AJ 2020 yil ishlab chiqargan Cobalt va Nexia R3 avtomobillarida texnik nuqson topilgani ortidan¸ joriy yil shu rusumdagi mashina sotib olgan mijozlarini zudlik bilan servisga chaqirmoqda.

Ikkala rusumdagi avtomobillarni sotgan salon xodimlari 2020 yilgi Cobalt va Nexia R3 mashinalari sotib olganlarning har biriga qo‘ng‘iroq qilib¸shuningdek¸ maxsus xat yuborib¸ ularni bu nuqsondan ogohlantirmoqda.

Ozodlikka nusxasi yuborilgan bu xatda¸ 2020 yilgi ayrim Cobalt va Nexia R3 avtomobillarida avtomatik uzatish qutilaridagi boltlarning yetarlicha qisilmagani ortidan muammo chiqqani aniqlangani aytilgan.

Ozodlik bog‘langan UZAUTO MOTORS dilerlik salonlari xodimlari ¸ chaqiruvning ommaviy xarakterda ekani va bu ikkala rusumdagi avtomobil egalari zudlik bilan servisga kelishlari lozimligini bildirdi.

Ozodlik hozircha UZAUTO MOTORS AJ va u qarashli bo‘lgan O‘zavtosanoat rahbariyatidan ommaviy chaqirtiruvga oid ma’lumot ola olmadi. Ikkala tizim rahbarlari va matbuot xizmati mutasaddilari 16 iyul kungi o‘nlab qo‘ng‘iroqqa javob bermadi.

Texnik servisga ommaviy chaqiruv

Ozodlikka UZAUTO MOTORS (oldingi nomi GM Uzbekistan – tahr.) AJ 2020 yilda ishlab chiqargan Cobalt va Nexia R3 mashinalarining ommaviy tarzda servisga chaqirtirilayotgani haqida joriy yil yanvarida Nexia R3 sotib olgan toshkentlik haydovchi xabar qildi.

Bu va 2020 yilda ishlab chiqilgan Cobalt va Nexia sotib olgan boshqa haydovchilarga yuborilgan rasmiy xatda mashinani o‘zlariga eng yaqin dilerlik saloni servisiga olib kelib¸uzatish qutisidagi boltlarning mahkamligini tekshirtirish so‘ralgan.

Xatda¸ bu servisning bepul ekani qoraytirilgan harflarda yozib qo‘yilgan.

Bunday chaqiruv ortidan Toshkentdagi dilerlik saloniga mashinasini olib borgan haydovchining aytishicha¸ texnik servis shunchaki boltlarning mahkamlanishi emas¸ balki avtomatik uzatish qutisining butunlay yangilanishi bilan tugagan.

Shu yilning yanvar oyida olib chiqqanman Nexia 2-pozitsiya. Ikki hafta oldin pochta orqali shunaqa xat oldim. Bir necha marta UZAUTO MOTORSdan telefonlar bo‘ldi. Mashinangizni tex.osmotrga olib boring¸ hozir haydamang¸ deyishdi. Bordim. Mashinani ko‘tarishdi va motorni tagidan korobkani olishdi va boshqa korobka qo‘yishdi ko‘z oldimda. Ishni qilgan usta yigitdan so‘raganimda «vaqtida kepsiz aka¸ bo‘lmasa yo‘lda u-bu narsa bo‘lardi”¸ dedi. Ayrimlar¸ ushbu nosozlik ketidan avariyaga uchragan. Uzavto motors bu ishdan xabardor bo‘la turib¸ jim turgan. Bekitishning iloji bo‘lmay qolganidan keyin¸ mashina egalariga remont taklif qilmoqda».

UZAUTO MOTORS avtomobillarini sotgan dilerlik saloni xatida nuqsonning Cobalt va Nexia R3 avtomobillarida aniqlangani aytilsada¸ bu suhbatdosh Spark va Gentra rusumidagi mashinalarning ham ayni nuqson bo‘yicha servisga chaqirtirilganiga guvoh bo‘lganini bildirdi.

«Tushunganim¸ muammo faqat uzatish qutisida emas. Yonimda yana bitta Cobalt avtomashinasi bor edi¸ uning egasi janjallashdi rosa¸ mashinalaring kerak emas¸ pulimni qaytib ber¸ deb. Surishtirsam¸ yo‘lda ketayotganida tormoz suyuqligi turadigan shlang yorilib ketgan¸ zo‘rg‘a ruchnoyda tormoz olib to‘xtagan ekan”¸ dedi Toshkentdagi dilerlik saloni texnik xizmat bo‘limida ko‘rganlarni Ozodlikka aytib bergan haydovchi.

Salonlar chaqiruvning ommaviy ekanini tasdiqladi

Ozodlik 16 iyul kuni bog‘langan UZAUTO MOTORS avtomobillarini sotuvchi ikki dilerlik saloni xodimlari¸ 2020 yilgi Cobalt va Nexia R3 mashinalari egalariga bittama-bitta qo‘ng‘iroq qilinib¸ ularning bepul texnik servisga chaqirtirilayotganini tasdiqladi.

“Hozir salon ochiq¸ lekin servis karantin uchun ishlamayapti. Dushanba kuni servis ham ochiladi. Hozirgacha texosmotrga kelmaganlar¸ tez fursatda kelsa o‘zlariga yaxshi bo‘ladi. Ikki-uch minutda texnigimiz ko‘rib¸ boltni yaxshilab qotirib bersa¸ bo‘ldi. Bexavotir yuraveradilar”¸ dedi salon xizmatchilaridan biri.

Servis o‘tkazilganga qadar bu mashinalarda yurish qanchalik xavfli ekani haqidagi savolgan dilerlik saloni xizmatchisi¸”qancha tez kelishsa¸ shuncha yaxshi”¸ deb javobni qisqa qildi.

Ishlab chiqaruvchidan ochiq ma’lumot yo‘q

2020 yilda ishlab chiqarilgan Cobalt va Nexia R3 avtomobillari avtomatik uzatish qutisida aniqlangan nosozlik ortidan chaqirtirib olinayotgani haqida na ularni ishlab chiqargan UZAUTO MOTORS AJ¸ na bu zavod qarashli bo‘lgan UzAuto kompaniyasi rasmiy saytida biror ma’lumot yo‘q.

16 iyul kuni bu kompaniyalar rahbariyati¸xususan¸ ular matbuot xizmatlaridan ommaviy chaqirtiruvga oid ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi. Kompaniya mas’ullariga ajratilgan xizmat telefonlariga hech kim javob bermadi.

Ozodlik ixtiyorida 2020 yil boshidan to hozirga qadar necha dona Cobalt va Nexia R3 avtomobili ishlab chiqilgani¸ ulardan qanchasiga avtomatik uzatish qutisidagi nosozlik aniqlanishi ortidan texnik xizmat ko‘rsatilganiga oid aniq ma’lumot yo‘q.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan UZAUTO MOTORSning ikki xizmatchisi¸ O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish boshlanganidan beri bu kabi ommaviy chaqirtiruv kuzatilmaganini bildirdi.

“Zavoddan kuniga har xil rusumdagi 1000 dona avtomobil chiqyapti. Ishlab chiqarishning yarmiga yaqini avtomatlashgan¸ qolgani haliyam qo‘lda qilinadi. Har bir mashina salonga chiqishdan oldin bir emas¸ bir nechta texnik tekshiruvdan o‘tadi. Bunday ommaviy nuqsonga qanday yo‘l qo‘yilganini tushunolmadim. Fikrimcha¸ ishlatilgan boltlar sifatsiz bo‘lsa kerak. Hozir mahalliylashtirish ketyapti¸ shunga ko‘p qismlar o‘zimizda ishlab chiqarilyapti. Muammo shu qismlarning sifatida bo‘lsa kerak”¸ dedi UZAUTO MOTORS AJning Asakadagi bosh zavodi xizmatchilaridan biri.

Zavod faoliyatiga bevosita aloqador boshqa bir mulozim esa¸ 2020 yilgi avtomobillarning bunday nuqsonli chiqishi ortida “sabotaj” bo‘lish ehtimoli borligini iddao qildi.

“2020 yilgi mashinalar bepul tekshirib berilyapti. Avtomobil murakkab mexanizm¸ ba’zida nuqson o‘tib ketishi mumkin. Masalan¸ zavodning Cobalt bo‘yicha bir yillik plani 94 500 dona. Bularning hammasida nosozlik bor¸ degani emas bu. Ayrimlarida chiqqan bo‘lsa¸ hammasini tekshirib chiqishyapti. O‘zavtosanoat raisi korrupsiya kanallarini yopishga qattiq kirishgan. Hech kimni ayamayapti. Tabiiyki¸ bu kattayu kichik o‘g‘rilarga yoqmayapti. Bu raisga qarshi sabotaj ham bo‘lishi mumkin. Lekin bu nosozlik shunday qolmaydi¸ tekshirilib¸ kerak bo‘lsa¸ ancha-muncha kallalar ketadi”¸ dedi UZAUTO MOTORSning Asaka zavodidagi yana bir xodimi.

UZAUTO MOTORS rasmiy saytida yozilishicha¸ kompaniyaning Asakadagi zavodida yiliga 300 ming¸ Xorazmning Pitnak shahridagi filialida 60 ming va Toshkentdagi filialida 10 ming dona avtomobil ishlab chiqarilmoqda¸ kompaniyada 10 ming kishi ishlaydi.

1993 yili UzDaewooAuto Janubiy Koreya va O‘zbekiston qo‘shma korxonasi sifatida ish boshlagan bu kompaniyaning avtomobil ishlab chiqarish boshlangan 1996 yildan beri o‘z mahsulotida texnik nuqson chiqishi munosabati bilan ommaviy chaqirtiruv o‘tkazgani ma’lum emas.

Jahondagi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari orasida o‘z mashinalarida texnik nuqson¸ ayniqsa¸ xavfsizlik bilan bog‘liq nosozlik aniqlanishi bilan¸ millionlab avtomobillarini ommaviy ravishda chaqirtirib olish holatlari tez-tez uchrab turadi.

Avtomobilsozlik tarixidagi eng katta chaqirtiruv 2018 yili Toyota kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan. Gibrid tizimidagi kichik nuqson ortidan yapon shirkati qariyb 2¸5 million dona mashinani chaqirtirib olgan edi.

XS
SM
MD
LG