Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:39

Belarusdagi yirik korxonalar ishchilari muddatsiz ish tashladi. Tixanovskaya "milliy lider bo‘lishga tayyor"ligini bildirdi (VIDEO)


Belarusda namoyishlar 9 avgustdan beri davom etmoqda.
Belarusda namoyishlar 9 avgustdan beri davom etmoqda.

Belarus ishchilari 9 avgustda o‘tgan prezidentlik saylovida Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozongani e’lon qilingani ortidan boshlangan norozlik namoyishlarini davom ettirib, 17 avgustdan muddatsiz ish tashlash e’lon qilmoqdalar.

Lukashenkoning saylovdagi asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya “milliy lider bo‘lishga tayyor ekani”ni e’lon qilib, videobayonot tarqatdi.

9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovda amaldagi prezident Lukashenko 80,1 foiz ovoz to‘plagani, uning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya esa atigi 10,1 foiz ovoz olgani e’lon qilindi.

Saylov ortidan Litvaga qochishga majbur bo‘lgan Tixanovskaya o‘z tarafdorlarini 15-16 avgust kunlari tinch namoyishlar o‘tkazishga chaqirgan.

Mamlakatni 1994 yildan beri boshqarayotgan Lukashenkoning prezidentlik saylovida g‘olib chiqqani e’lon qilinganidan keyin boshlanib ketgan norozilik namoyishlarida qatnashgan 7 mingga yaqin odam hibsga olindi, 2 kishi nobud bo‘ldi.

Minsk yaqinidagi Jodina shahrida joylashgan Belarusning eng yirik korxonalaridan biri bo‘lgan “BelAZ” ishchilari kasaba uyushmalari vositasida hukumatga o‘z talablari bitilgan murojaatni topshirdi.

Ishchilar murojaatda bitilgan talablar amalga oshirilmasa, 17 avgustdan boshlab muddatsiz ish tashlash e’lon qilishlarini bildirganlar.

Ishchilar o‘z murojaatlarida Aleksandr Lukashenkoni iste’fo berishini va mamlakatda yangi saylov o‘tkazilishini talab qilganlar.

“Naftan” neft-kimyo shirkati va jahondagi eng yirik korxonalardan biri bo‘lgan "Belaruskaliy" kimyoviy o‘g‘it ishlab chiqarish zavodi ishchilari ham Lukashenkoni iste’fo berishga chaqirdilar.

Mazkur korxonalar ishchilari 9 avgustda o‘tgan ovoz berish natijalarini tan olishdan bosh tortmoqdalar. Ular ham 17 avgustdan ish tashlashga qo‘shilishlarini e’lon qilganlar.

Ayni paytda Lukashenkoning saylovdagi asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya “milliy lider bo‘lishga tayyor ekani”ni e’lon qilib, videobayonot tarqatdi.

“Men mamlakatimizda barqarorlik o‘rnatilishi, normal hayot tarziga qaytishi, barcha siyosiy mahbuslar qamoqlardan ozod etilishi va qisqa muddatda yangi prezidentlik saylovi o‘tkazilishiga imkoniyat yaratib beruvchi qonunchilik bazasi ishlanib chiqishi uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga olib, milliy lider sifatida maydonga chiqishga tayyorman”, -dedi Tixanovskaya o‘z bayonotida.

16 avgust kuni 26 yildan beri Belarusni boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenkoni qo‘llovchilar Minsk bosh maydoniga yig‘ildi va 65 yashar prezident o‘z tarafdorlari rallisida nutq so‘zladi.

Lukashenko tarafdorlarining mitingi Kreml prezident Vladimir Putin Lukashenkoga Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti - KXShT doirasida Belarusga ko‘mak ko‘rsatishga hozir ekanini aytgani to‘g‘risida xabar tarqatishi ortidan o‘tkazildi.

Shu kuni Belarus poytaxti va boshqa shaharlarda Lukashenko iste’fosini talab qilayotgan norozilar marshi ham bo‘lib o‘tdi.

Belarus politsiyasi 9 avgust kuni boshlanib, shu kungacha davom etayotgan namoyishlar ishtirokchilarini tarqatish uchun ayovsiz kaltakladi, ayrim holatlarda namoyishchilarga o‘qotar quroldan o‘t ochildi.

Norozilik namoyishlarida qatnashgan 7 mingga yaqin odam hibsga olindi, 2 kishi nobud bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG