Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2020, Тошкент вақти: 16:02

Odam savdosida ayblangan sobiq faol Qozog‘istondan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani aytilmoqda


Surxondaryolik sobiq faol Xurram Berdiyev (o‘ngda) o‘g‘li Shohjahon Hasanov bilan, yanvar, 2020

So‘nggi 10 yil davomida Qozog‘istonda yashab yurgan surxondaryolik sobiq muxolifat faoli Xurram Berdiyev 17 avgust kuni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani aytilmoqda.

Oilasi va Qozog‘istondagi yaqinlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, u shu yilning 8 fevralida, O‘zbekiston huquq tizimlari so‘rovi asosida Chimkentda hibsga olingan.

Xurram Berdiyev odam savdosida ayblangan yana ikki huquq faoli ishi doirasida 2014 yilda Toshkent tomonidan qidiruvga berilgandi.

Qozog‘iston huquq tizimlari Berdiyevning ekstraditsiyasiga oid oilasi bergan ma’lumot yuzasidan Ozodlik yuborgan savollarga hozircha javob bermadi. Shuningdek, O‘zbekiston huquq tartibot idoralari ham bu borada biror izoh bergani yo‘q.

Xurram Berdiyevning 21 yashar o‘g‘li Shohjahon Hasanov Ozodlikka 7 oydan beri hibsda saqlangan otasining 17 avgust kuni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani haqida advokatlaridan eshitganini aytdi.

“Advokati WhatsApp orqali xabar qildi. O‘zbekistonga olib ketishdi, dedi. Hozir otam qayerda saqlanayotganini bilmaymiz”.

Xurram Berdiyev advokati Ozodlikka ekstraditsiya tafsilotlari haqida ma’lumot berishni istamadi.

Sayramdagi yaqinlaridan biri ham Ozodlikka, Berdiyevning 17 avgust kuni ekstraditsiya qilingani haqida Chimkent shahar IIV bo‘linmasidan ma’lumot olganini aytdi, ammo shaxsini ochiqlamaslikni so‘radi.

Sayram tuman sudi hukmidan nusxa, 11 fevralь, 2020
Sayram tuman sudi hukmidan nusxa, 11 fevralь, 2020
Sayram tuman sudi hukmidan nusxa, 11 fevralь, 2020
Sayram tuman sudi hukmidan nusxa, 11 fevralь, 2020

Sayram tuman sudi sudyasi imzolagan qarorda yozilishicha¸ Berdiyev Shayhontohur tuman sudining 2014 yilning 21 yanvaridagi qaroriga asosan, O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 135-moddasi, 3-qismi, “g” bandi bilan odam savdosida ayblanib, qidiruvga berilgan.

Sud qarorida¸ Berdiyev 2020 yilning 8 fevralida hujjat tekshirish uchun ushlanganda uning MDH davlatlararo qidiruvga berilgani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, qarorda Berdiyevning Qozog‘iston fuqaroligi yoki qochqinlik maqomini so‘rab murojaat qilmagani qayd etilgan.

Sayram tuman sudi sudyasi xalqaro kelishuvlar doirasida ekstraditsiya masalasi hal bo‘lguniga qadar Berdiyevni 40 sutka - 2020 yilning 19 martiga qadar hibsda saqlashga qaror qilgan.

Oilasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Berdiyev aytilgan muddatgacha Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining Chimkent shahridagi 167/11 sonli muassasasida hibsda saqlangan. Ammo hukmda belgilangan muddatda ozod etilmagan.

Qozog‘istondagi yaqinlariga ko‘ra, ularga ekstraditsiya muddati har ikki davlatda karantin e’lon qilingani bois, kechikayotgani aytilgan.

Ozodlik Xurram Berdiyevning hibsga olinishi hamda ekstraditsiyasi haqida Chimkent shahar IIB hamda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligidan izoh olishga urindi, hozircha muvaffaq bo‘lmadi. Ayni paytda, Ozodlikning Qozog‘istondagi muxbiri Bosh prokuraturaga yo‘llangan maktubga javob kutmoqda.

Ayni paytda O‘zbekistondagi huquq tartibot idoralaridan ham hozircha biror ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Berdiyev bilan shu yilning aprelida Chimkentdagi hisbxonada ko‘rishganini aytgan o‘g‘li Shohjahon Hasanovga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni “odam savdosi”da ayblab, qidiruvga berganidan Berdiyevning xabari bo‘lgan.

“Faxriddin Tillayev va yana bir kishi bilan birga ayblashmoqchi bo‘lganidan otamning xabari bor edi. U ikki kishi O‘zbekistonda bo‘lgani uchun qamashdi, otam Qozog‘istonda qolayotgan edi. Otamning odam sotmagan, unaqa gap bo‘lishi mumkin emas. Otam O‘zbekistondan kelgan ishchilardan 2-3ta brigada tuzib, qurilishda prorablik qilardi. 10 yildan beri shu ishni qilardi otam”.

“Markaziy Osiyoda inson huquqlari” uyushmasi rahbari Nadejda Otayevaning xabar qilishicha, 2014 yilning 6 martida ikki huquq faoli – Faxriddin Tillayev va Nuriddin Jumaniyozovlar ustidan Shayxontohur tuman Jinoyat ishlari sudida o‘tgan mahkamada Xurram Berdiyev ham ayni ish doirasida “odam savdosi”da ayblangani aytilgan.

O‘sha mahkamada ishtirok etgan o‘zbekistonlik faol – “Erk” muxolif partiyasi a’zosi Dilorom Isoqova ayblovni “uydirma” deb baholaydi:

- Men o‘sha mahkamada qatashganman. O‘sha mahkamada X. Berdiyevning ham nomi tilga olingan edi. Ayblovni ochiq-oshkor uydirma, deb hisoblayman. Qullikda saqlandik, sotildik, deb da’vo qilgan odamlar o‘sha muddatda O‘zbekistondagi yaqinlariga pul jo‘natishgan, telefonda gaplashib turishgan. Buning isboti tariqasida Qozog‘istondagi pul jo‘natish xizmatlari, telefon kompaniyalaridan olingan hujjatlar taqdim qilingan. Ammo, shunga qaramay, F. Tillayev va N. Jumaniyozovlar qamalib ketdi. Berdiyev esa shundan beri Qozog‘istondan kelolmay yurgandi. U aslida 1990-1993 yillarda “Erk” partiyasining Toshkentdagi idorasi ishlab turgan yillarda, uning faol a’zolaridan biri bo‘lgan, deydi Dilorom Ishoqova.

Quyida Ishoqova bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:55 0:00
Бевосита линк

Ayni jinoyat ishi doirasida, Xurram Berdiyev bilan birga, “odam savdo”sida ayblangan ikki faol - Faxriddin Tillayev va Nuriddin Jumaniyozovlar 2014 yilning 6 mart kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi hukmiga ko‘ra, qamalgan.

O‘shanda Faxriddin Tillayev 10 yilu 8 oyga, Nuriddin Jumaniyozov esa 8 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Har ikki faol sudda ayblovni tan olmagan.

Nuriddin Jumaniyozov 2016 yilning 31 dekabrida 68 yoshida, sog‘ligi o‘ta og‘irligi bois, qamoqda vafot etgan.

Faxriddin Tillayev esa 2018 yilning 12 mayida muddatidan avval ozodlikka chiqarilgan. U qamoqda og‘ir qiynoqlarga solingani haqida Ozodlikka so‘zlab bergan edi.

XS
SM
MD
LG