Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:45

Vodiy viloyatlari hokimlari bitiruvchilarni tilxat, ma’lumotnoma va sertifikatlar yordamida ish bilan ta’minlamoqchi


Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov matbuot brifingida bir necha bitiruvchiga sarmoya sifatida kredit olishi uchun sertifikatlarini topshirdi. (Rasmiy saytdan olingan surat)
Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov matbuot brifingida bir necha bitiruvchiga sarmoya sifatida kredit olishi uchun sertifikatlarini topshirdi. (Rasmiy saytdan olingan surat)

Farg‘ona viloyatida maktab direktorlari bitiruvchilardan o‘qishga hujjat topshirgani haqida tasdiqnoma talab qilmoqda. O‘qishga hujjat topshirmagan maktab bitiruvchilari esa ishga joylashgani to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etishi kerak.

Maktab rahbarlari bu ish yoshlarning bekor qolib ketishi oldini olish maqsadida hokimliklarning topshirig‘i asosida qilinayotganini aytishdi.

Bir kun oldin Ozodlik Namangan viloyatining barcha maktablarida yig‘ilishlar o‘tkazilib, ota-onalardan "farzandim o‘qishga kirolmasa yoki o‘qish kontrakt pulini to‘lay olmasam, uni ish bilan mashg‘ul qilishga kafolat beraman", degan mazmunda tilxatlar yozdirib olinayotgani haqida xabar bergan edi.

Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bir necha bitiruvchiga sarmoya sifatida kredit olishi uchun sertifikatlarini topshirgani haqida hokimlik rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Bu ishlar O‘zbekiston prezdenti Shavkat Mirziyoyev 14 iyulda bo‘lib o‘tgan videoselektor majlisda hokimlar maktab bitiruvchilari bandligi masalasi bilan qiziqmayapti, deya tanqid qilgani ortidan boshlangan.

Qo‘qondagi 30- maktabni bu yil bitirgan Ahror (ismi uning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirildi) maktab rahbariyati u va sobiq sinfdoshlaridan o‘qishga hujjat topshirgani haqida tasdiqnoma talab qilganini aytdi.

Ahrorga ko‘ra, o‘qishga hujjat topshirmaganlar maktab rahbariyatiga ishga joylashgani haqida ma’lumotnoma olib kelib berishi kerak:

- Dushanba kuni hammaga bu haqda aytildi. Yo o‘qishga hujjat topshirganlik haqida yo ishga joylashganlik haqida spravka. "Shahar hokimiyatidan shuni talab qilishyapti", deb aytishdi. "Men o‘qishga hujjat ham topshirmadim, ishga ham joylashmadim, chunki ish yo‘q, nima qilasizlar?" desam, "hokimlik ish topib beradi", deyishdi. Buyog‘iga hech kim bekor yurmasligi kerak ekan.

Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahridan bo‘lgan maktab bitiruvchisi Ozodlik bilan suhbatda durust ish yo‘qligidan ba’zi sinfdoshlari tanish-bilishlarini o‘rtaga solib ishga joylashgani haqida soxta spravkalarni taqdim etishganini aytdi:

- Hammaning o‘qishga kirishga qurbi yetmaydi. O‘qishga hujjat topshirmaganlar hozirdan ishga joylashishi yoki biron ishning boshini ushlashi kerak, deyilyapti. Shunga kimning biznesmen tanishi bo‘lsa, firmamga ishga oldim, deb spravka yozdirib olib kelib beryapti. Shuni bular hokimlikka topshiradi. Hokimliklar mana shuncha bitiruvchi ishga joylashdi, degan ma’lumotni tepaga yuboradi. Muammo hokimlar uchun hal, lekin aslida hal emas.

Ozodlik suhbatlashgan maktab direktorlari bu ish bitiruvchilar o‘qishga kirolmasa, ishsiz qolib ketmasin, degan maqsadda, ma’lumot to‘plash uchun qilinayotganini aytishdi.

Qo‘qondagi maktablardan birining direktori Ozodlikka bunday dedi:

- Hozir har bir bitiruvchining ahvolini o‘rganyapmiz. Maktabni bitirdi, buyog‘iga nima qiladi? Hokimlikda shu masala ko‘tarildi. Har bir o‘quvchining vaziyati o‘rganilsin, o‘qishga kirolmasa ishlasin, ish topolmasa yordam beramiz, deyishyapti. Bu yoshlar bekorchi bo‘lib qolmasin, deb ularni o‘ylab qilinyapti.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan maktab direktorlari bu Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi bilan qilinayotganini aytishdi.

Ammo, Farg‘ona viloyat hokimligidan bu haqda hozircha izoh olib bo‘lmadi. Ozodlik muxbiri viloyat hokimligi matbuot kotibi Muhammadjon Obidovning qo‘l telefoniga kun davomida qo‘ng‘iroq qildi, lekin u telefonni ko‘tarmadi.

Bir kun oldin Ozodlik Namangan viloyatining barcha maktablarida yig‘ilishlar o‘tkazilib, ota-onalardan "farzandim o‘qishga kirolmasa yoki o‘qish kontrakt pulini to‘lay olmasam, uni ish bilan mashg‘ul qilishga kafolat beraman", degan mazmunda tilxatlar yozdirib olinayotgani haqida xabar bergan edi.

Andijonda esa viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov maktablarga borib, bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ularga o‘zlari egallagan kasb-hunar yo‘nalishida mustaqil ish yuritishlari, sarmoya sifatida kredit olishi uchun sertifikatlarini topshirgani haqida hokimlik rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Unda aytilishicha, Abdurahmonov 14 nafar 11-sinf bitiruvchisiga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishi uchun 5 million so‘mdan kredit sertifikatlarini bergan.

Hokimlik rasmiy saytida hozirda 10 470 nafariga hunarni rivojlantirish uchun hamda 5 530 nafariga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun jami 42,3 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilib, bitiruvchilarga tez fursatlarda berilishi aytilgan.

Facebook sahifasida e’lon qilingan bu haqdagi xabarlar ostidagi izohlarda esa kredit berish hokimni vazifasimi? Har bir bankning ishiku. Hokimning bank kredit beradi¸ deb sertifikat tarqatishga haqqi bormi? Bank o‘qishga kirmaydigan har bir bitiruvchiga 5 mln. so‘mdan berishi kerakmi? Bu pulni bola nima qiladi¸ qanday qaytaradi? kabi savollarni o‘qish mumkin.

Ozodlik bu savollar yuzasidan Andijon viloyati hokimligi matbut xizmatidan izoh ololmadi.

Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatalarida "maktab bitiruvchilari bandligi masalasiga e’tibor" O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan oygi tanqidiy chiqishi ortidan kuzatilmoqda.

O‘zbekiston prezdenti Shavkat Mirziyoyevning 14 iyulda bo‘lib o‘tgan videoselektor majlisda hokimlar maktab bitiruvchilari bandligi masalasi bilan qiziqmayapti, deya tanqid qilgan edi.

– Qaysi hokim bu masalada bosh qotirib, bitiruvchilar bilan shaxsan uchrashdi? Yosh o‘g‘il-qizlarimiz ertaga qayerga va kimga ish so‘rab murojaat qiladi? Hududda ular uchun ish o‘rinlari zaxirasi shakllantirilganmi? – degan edi Mirziyoyev.

Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga qaralsa bu yil umumta’lim maktablarini 450 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz tamomlagan.

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari esa shularning 9 foizini, kasb-hunar kollejlari 11 foizini qabul qila oladi.

Fransiyada yashovchi o‘zbekistonlik tahlilchi Kamoliddin Rabbimov ishsizlikni ma’muriy buyruqbozlik yo‘li bilan hal etib bo‘lmasligini aytarkan, bunday dedi:

- Ishsizlikni bunaqa buyruqbozlik yo‘li bilan hal etib bo‘lmaydi. Ish bilan ta’minlash emas, ishchi o‘rni yaratish kerak. Ishchi o‘rni yaratilsa yoshlar o‘zlari shuni topib oladi. Ishsizlik har bir jamiyatda bor narsa, normal xolat. Kaerdadir ko‘p qaerdadir oz. Ikkinchidan O‘zbekistonda ish bilan ta’minlandi degani, ijtimoiy muammo hal bo‘lganini anglatmaydi. Chunki oyliklar iste’mol savatchasiga solishtirganda juda oz.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan maktab bitiruvchilari ham oylik ozligi uchun hokimliklar va’da qilayotgan ishlarga ariza topshirishga shoshmasliklarini aytishadi.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasining shu yil may oyida e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, mamlakatda 2020 yilning birinchi choragida ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil etgan.

XS
SM
MD
LG