Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:09

Prezident farmonidan tug‘ilgan savol: Chorvoq ham oligarxlarga beriladimi?


Bo‘stonliq tumani¸ xususan¸ Chorvoq ko‘li hududi toshkentliklar toza havodan nafas olish uchun chiqadigan asosiy dam olish zonasi sanaladi.
Bo‘stonliq tumani¸ xususan¸ Chorvoq ko‘li hududi toshkentliklar toza havodan nafas olish uchun chiqadigan asosiy dam olish zonasi sanaladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida mamlakat konstitutsiyasida ko‘zda tutilmagan yangicha boshqaruv joriy etishga farmon berdi.

28 avgust kuni rasmiy matbuotda e’lon qilingan farmonga ko‘ra¸ “Toshkent viloyatining turizm salohiyatini yanada rivojlantirish” iddaosi bilan 2022 yil 31 dekabrga qadar Bo‘stonliq tumanida alohida ma’muriy-boshqaruv tizimi joriy qilinadi.

Farmonga binoan¸ Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasi direktori lavozimini egallaydi, shuningdek, Bo‘stonliq tuman hokimligi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

“Muvofiqlashtirish” jarayonida tumandagi davlat mulki obyektlari va yer uchastkalarini realizatsiya qilish vakolati to‘lig‘icha direksiya rahbariga beriladi¸ bu jarayonga viloyat hokimining aralashuvi bekor qilinadi.

Farmon bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bosh vazirga bo‘ysunadigan “Chorvoq” erkin turistik zonasi rahbariga davlat obyektlarini garovga qo‘yib kredit olish va uni taqsimlash vakolati ham berildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Tog‘li va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish jamg‘armasi tuzilib¸ Bo‘stonliqda turistik infratuzilmani rivojlantirish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan birinchi bosqichda 20 million AQSh dollari miqdoridagi kredit ajratiladi.

Bundan tashqari prezident farmoni bilan jamg‘armaga xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlari¸ jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari¸ qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan mablag‘ olishga ruxsat va qator imtiyozlar berildi.

“Kichik Shveysariya”?

Ozodlik prezidentning bu favqulodda farmonini sharhlab berishni so‘rab bir necha mutaxassisga murojaat qildi.

Toshkentlik tadbirkorlardan biri¸ bu farmonni “Chorvoqni kichik Shveysariya”ga aylantirish yo‘lidagi ilk qadam sifatida olqishladi.

Agar bu proyekt amalga oshsa¸ Chorvoqda Shveysariyadagiga o‘xshagan tog‘ dam olish kompleksi bo‘ladi. Prezident mahalliy investorlarga¸ ana yer olib¸ turistik obyektlar qur¸ o‘zimizning xalqimiz pulini shu yerda qoldirib¸ shu yerda dam olsin, deyapti. Hozir eshitishimcha¸ 54 ta lot bo‘ladi va mahalliy investorlarga qurilish uchun beriladi. Otkat va korrupsiya bo‘lmasa¸ biz ham qatnashib¸ mehmonxona va restoran qurardik. Farmondan niyat yaxshi¸ menimcha”¸ dedi shaxsi ochiqlanishini istamagan toshkentlik tadbirkor.

Bu farmon huquqiy ekspertizadan o‘tganmi?

Ozodlik gaplashgan toshkentlik yuristlardan biri¸ prezident farmonining qanchalik konstitutsion ekani yuzasidan xavotir bildirdi.

O‘zbekiston konstitutsiyasida mamlakatning ma’muriy-hududiy tuzilishiga oid maxsus modda bor. Unga ko‘ra¸ bu strukturaga har qanday o‘zgartish kiritish faqat Oliy majlis roziligi bilan bo‘lishi kerak. 93-moddaga ko‘ra¸ prezidentda bunday o‘zgarishga oid taklif kiritish vakolati bor. Bu farmonga ko‘ra¸ Bo‘stonliqni boshqarish mutlaq yangi direksiyaga berilyapti va tuman hokimi vakolatidagi shaxs viloyatni chetlab¸ bevosita Bosh vazirga bo‘ysunadigan qilinyapti. Bunday maxsus boshqaruv tizimini joriy qilish parlamentda muhokama qilinib¸ deputatlar roziligi olinganmi? Qolaversa¸ farmon bilan Bo‘stonliq tuman prokurori¸ IIB va soliq inspeksiyasi boshlig‘i bu tizimlarning respublika darajasida rahbari o‘rinbosariga tenglashtirilyapti. Bunday tartibni joriy etish uchun IIV va prokuratura to‘g‘risidagi qonunlarga ham o‘zgartish kiritish kerak bo‘ladi. Qani bu o‘zgartishlar¸ shaxsan men bundan bexabarman. Shuning uchun bu farmonning amaldagi O‘zbekiston konstitutsiyasi va qonunchiligiga qanchalik mos kelish-kelmasligini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish kerak”.

Chorvoq oligarxlar qo‘liga topshiriladimi?

Shavkat Mirziyoyevning 28 avgust kuni rasmiy ma’lumotda e’lon qilingan “Bo‘stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni o‘zbekistonlik siyosiy sharhlovchi Alisher Ilhomov tomonidan keskin tanqid qilindi.

Facebook sahifasida bu farmonga munosabat bildirgan Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari instituti tahlilchisi Ilhomov¸ bu farmonni O‘zbekistonda borayotgan davlatning “oligarxlashuvi” jarayonidagi navbatdagi bosqich sifatida baholadi.

Xususan¸ Ilhomov farmonda “Chorvoq” erkin turistik zona rahbariga bu hududda investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkasini sotib olgan investorlarga yer uchastkasiga bo‘lgan egalik huquqlari istisno tariqasida Toshkent viloyati hokimining alohida qarori qabul qilinmasdan rasmiylashtirish vakolati berilganiga e’tibor qaratdi.

O‘zbeklarga xos kontekstdan kelib chiqilsa¸ “xalqaro investor”lar deganda ko‘pincha o‘zimizdan chiqqan va mamlakatda o‘g‘irlangan pullarini mutlaq noshaffof offshor kompaniyalari orqali rasmiylashtirganlar ish ko‘rishadi. Bu uyushgan jinoiy to‘dalar daromadi kirib kelishiga ham yo‘l ochadi. Mahalliy sarmoyaga keladigan bo‘lsak¸ bu pullar ko‘pincha xalqaro moliya tizimlari va banklar yoki O‘zbekiston oltin-valyuta zahiralaridan foydalanayotgan davlat nazoratidagi banklardan olingan kredit bo‘lib chiqadi”¸ deb yozdi mustaqil tahlilchi.

Alisher Ilhomov¸ toshkentliklar uchun toza havoda dam olishning yagona maskani bo‘lib kelayotgan Bo‘stonliq tumani katta hududining turizmni rivojlantirish iddaosi bilan “xalqaro va mahalliy investor” deb taqdim qilinadigan noshaffof kompaniyalarga berilishi poytaxtliklar uchun qimmatga tushishini aytadi.

Bu xavotirlarda asos bor. “Chorvoq” zonasi (buning ortidan boshqa hududlarning ham) “xorijiy” investorlar ixtiyoriga berilishi ortidan bu hududdagi xizmatlar narxi keskin ko‘tariladi va ko‘p hududga kirish keskin taqiqlanadi. (Kirish taqiqlanadi! Xususiy mulk.)

Bundan tashqari¸ farmonda¸ xususiy mulkdorlar haqlarining kafolatlanishi haqida bir og‘iz so‘z yo‘q. Farmonning bosh motivi – go‘yo davlat g‘aznasiga tushumni ko‘paytirish va mahalliy oligarxlar cho‘ntagini to‘ldirish”.

Alisher Ilhomov¸ Bo‘stonliq tumanini har tomonlama rivojlantirish maqsadida prezidentda bu tumanni hokimni saylash orqali o‘z-o‘zini boshqaruv va xalqqa hisob beradigan tizimiga o‘tkazish imkoni bo‘lganini aytadi.

Ammo hukumat xalqqa hisobdorlikka butunlay teskari yo‘lni tanladi. Bu esa¸ yanada kattaroq¸endi darajasi ham ancha balnd bo‘lgan korrupsiyaga zamin yaratadi”.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng mamlakatda amalga oshirilgan eng katta qurilish loyihasi Tashkent City hisoblanadi.

Qiymati 2 milliard dollarga yaqin bu loyihadagi sakkizta lotning kamida to‘rttasi mustaqil jurnalistik surishtiruv davomida aniqlanishicha¸ Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashli kompaniyalar bo‘lib chiqdi.

"Xorij investori" maqomida ulkan imtiyozlar berilgan kompaniyalar offshor hududlar¸ xususan¸ Shotlandiyada registratsiya qilingan.

XS
SM
MD
LG