Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2020, Тошкент вақти: 13:09

Fermerlar topshirgan bug‘doyi pulini "Qorako‘ldon"dan uch oydan beri ololmayapti


Jondor tumani fermerlari may-iyun oyida “Qorako‘ldon” OAJga topshirgan bug‘doyi pulini ololmayapti.

Buxoro viloyat, Jondor tumani fermerlari may-iyun oyida “Qorako‘ldon” OAJga topshirgan bug‘doyi pulini hanuz ololmagan.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan fermerlarning aytishlaricha, korxonadan tushirilgan bir qism pul ham ularning ixtiyorisiz kredit hisobiga olib qo‘yilmoqda.

“Qorako‘ldon” OAJ rahbari bug‘doy puli to‘liq berilmaganini tan olar ekan, yaqin kunlar ichida bu muammo hal qilinishini aytdi.

Jondor tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, davlat korxonasi fermerlarning bug‘doyini bozor narxidan ikki baravar kam narxda sotib olgan bo‘lsa ham, ular bilan hisob-kitob qilishni ortga surmoqda:

Davlat fermerlarni qaqshatib har kilo bug‘doyni 1550 so‘mdan sotib olgan edi. Hozir bug‘doyning bozordagi narxi 3500.

“Tumanda 300dan ortiq g‘allachilik bilan shug‘ullanadigan fermer xo‘jaligi bor. Bug‘doyimizni iyun oyida topshirgan edik. Shu paytgacha “Qorako‘ldon” OAJ faqat fermerlarning davlatdan olgan krediti qismini to‘lab berdi. Bug‘doydan olingan sof daromadimizni esa to‘lamayapti. Davlat fermerlarni qaqshatib har kilo bug‘doyni 1550 so‘mdan sotib olgan edi. Hozir bug‘doyning bozordagi narxi 3500. O‘sha 1500 mingdan 15 foiz NDS ham oladi. Oqibatda fermerga 1317 so‘m pul qolyapti. Lekin, g‘irromlik qilib shuni ham bermayapti”.

Fermerning aytishicha, undan arzon narxda sotib olingan bug‘doydan qilingan unning narxi ham hozir ko‘tarilib ketgan:

Bozorda kepakning narxi 2400 so‘mga chiqdi. Biz topshirgan bug‘doyning narxidan ikki baravar qimmat.

“Buni qarang hozir bozorda kepakning narxi 2400 so‘mga chiqdi. Biz topshirgan bug‘doyning narxidan ikki baravar qimmat. Don kombinatlari monopoliya qilib olyapti, uning tepasida turgan tashkilotlar, Vazirlar Mahkamasigacha, unga ko‘makchi bo‘lyapti. Bo‘lmasa, Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘zimizda ishlab chiqarilgan bir qop unni 125 ming so‘mdan sotish belgilab qo‘yilgan bo‘lsa ham, bular ko‘chalarga unni olib kelib qo‘rqmay 150 ming so‘mdan sotyapti. Shu ham tortilib qolgandan so‘ng, yashirincha 200 mingga sotilyapti. Bechora xalq indamaydi, jimgina borib olib kelyapti”.

“Rajabov Ulug‘bek” fermer xo‘jaligi rahbari, 68 yashar To‘xtagul Sodiqovaning Ozodlikka aytishicha, u va oilasi davlatdan kredit olmay, o‘z kuchi bilan bug‘doy yetishtirgan bo‘lsa ham, lekin “Qorako‘ldon” hosil pulidan 9 million so‘mni kreditga o‘tkazib yuborgan:

Meni shu gaplarimni prezidentga yetkazing, arzon narxda davlatga bug‘doy yetishtirib bersamu, nega pulini ham ololmayapman?

- 20 tonna bug‘doyni 31 million so‘mga davlatga sotdim. Kecha “Qorako‘ldon”ga borsam, 20 million so‘m tashlaptiyu, uni 9 millionini kreditga o‘tkazib yuboribdi. Men esa bu yil bir so‘m ham kredit olmay o‘zimning hisobimdan qilgan edim. Rejaning 25 foiziga ikki yarim ming so‘mdan beramiz deb aldab, barcha bug‘doyni olib ketishdi. Yetti gektar bug‘doyimning hammasini topshirgan edim. O‘zimga bir kaft ham qolmagan. Endi shuning pulini ham cho‘zib yurishibdi. Bu yoqda yana bug‘doy ekish vaqti keldi, pulingiz bo‘lmasa solyarka bermaydi. Meni shu gaplarimni prezidentga yetkazing, arzon narxda davlatga bug‘doy yetishtirib bersamu, nega pulini haliyam ololmayapman?

E“Qorako‘ldon” OAJ rahbari Botir Usmonov bug‘doy puli to‘liq berilmaganini tan olar ekan, yaqin kunlar ichida bu muammo hal qilinishini aytdi:

- Hozir kredit oformit qilyapmiz, nasib bo‘lsa to‘lab beramiz.

Ozodlikning “qanaqa kredit” degan savolini Botir Usmonov javobsiz qoldirib, telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Jondor tumani hokimligini o‘zini tanishtirmagan mulozimlaridan birining aytishicha, “Qorako‘ldon” OAJ fermerlardan 6 milliard so‘m qarzi bor:

“Tunov kuni hokim o‘rinbosarlaridan biri bilan gaplashganimda viloyat hokimiga qarzdorlik haqida xabar yetkazilgan ekan. Viloyat hokimi bu haqda selektrda respublikaga aytibdi. Ammo hozircha pul yo‘q ekan, sabr qilib turilarkan”.

Ozodlik 7 iyul kuni e’lon qilgan maqolasida prezidentning 6 martdagi qarorida 2020 yil hosilidan davlat xaridlari doirasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari miqdorini har bir g‘alla yetishtiruvchi uchun 25 foizga kamaytirish, ana shu 25 foizni erkin narxda fermerdan sotib olish nazarda tutilgan holat ham bajarilmagani, “Qorako‘ldon” OAJ bug‘doyni 100 foiz davlat narxida sotib olgani haqida xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG