Линклар

Шошилинч хабар
25 октябр 2020, Тошкент вақти: 22:41

Samarqandlik Facebook foydalanuvchisi bosh vazir o‘rinbosariga tuhmat qilishda ayblanmoqda


IIV Tergov departamenti qarori nushasi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mamlakat bosh vazirining o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning da’vo arizasiga binoan, fuqaro Z.V.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 139 - “Tuhmat” bandi bilan jinoyat ishi ochgan.

Ozodlikda nushasi bo‘lgan IIV Tergov departamentining qaroriga muvofiq, samarqandlik Z.V. aybi isbotlangani taqdirda, uch yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Respublika IIV Tergov Departamenti O‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi M.T. Rahmatullayev tomonidan imzolangan qarorda yozilishicha, Bosh vazir o‘rinbosari Abduhakimov Z.V rus tilidagi “O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimovni Fathulloh Gulen tarafdori bilan nima bog‘lab turadi?” ( “Chto svyazivayet vitse-premyera Aziza Abduxakimova so storonnikom Fetxullaxa Gyulena?”) nomli maqolani shu yilning 22 - iyunida o‘zining Facebook sahifasiga joylashtirish orqali unga “tuhmat qilgan” hamda “sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgan”.

Qarorda fuqaro Z.V. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 139-modda 3-qismi “a” bandi (“Tuhmat – og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblash”-tahr.) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotgani aytiladi.

Telegra.ph veb-saytida shu yilning 20 - iyunida “Umid Erkin” muallifligida e’lon qilingan maqolada Samarqanddagi “Ipak yo‘li” Turizm xalqaro universiteti prorektori lavozimida ishlagan Azamat Akbarovning turkiyalik ulamo Fathulloh Gulen tomonidan asos solingan “FETO” guruhi tarafdori ekani iddao qilingan.

Maqolada Azamat Akbarov prorektor lavozimiga universitet rektori, Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov tomonidan tavsiya etilgani ham iddao qilinadi.

Maqola muallifi o‘z da’volarini “ochiq manbalardagi ma’lumotlar”, jumladan, Azamat Akbarovning 2006-2009 yillarda Sarayevo (Bosniya va Gersegovina) da joylashgan BURCH xalqaro universitetida PhD talabasi bo‘lgani va turli ilmiy darajalarda faoliyat olib borgani bilan asoslashga uringan.

Ozodlik Turkiyada 2016 - yil 15 - iyuldagi davlat to‘ntarishiga urinish ortidan “terrorchi tashkilot” deb e’lon qilingan Fathulloh Gulen jamoatining Bosniya va umuman, Bolqonlardagi ta’lim muassasalari tarmog‘i, jumladan, BURCH xalqaro universiteti haqida yozgan.

Ozodlikda nushasi bo‘lgan tergov aniqlovida “Fethulla Gulen NRFO “Nurchilar” tashkiloti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining 2016 - yil 26 - sentabr kungi Qaroriga ko‘ra, terroristik tashkilot deb topilgani” ta’kidlanadi.

Ozodlik joriy yilning 11 martida diplomi qalbaki bo‘lib chiqqan sobiq prorektor ustidan jinoyat ishi ochilgani haqida yozgan
Ozodlik joriy yilning 11 martida diplomi qalbaki bo‘lib chiqqan sobiq prorektor ustidan jinoyat ishi ochilgani haqida yozgan

IIV Tergov departamentining 2020 - yil 20 - avgust kungi qarorida aytilishicha, 10 - iyul kuni o‘tkazilgan “sud-siyosatshunoslik-lingvistika ekspertizasi Facebook dagi Z.V profil foydalanuvchisi tomonidan bo‘lishilgan maqola A.Abduhakimov va A.Akbarovlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlar"ni o‘z ichiga oladi.

Soxta diplom iddaolari

43 yashar Azamat Akbarov shu yilning 7 - yanvarida ishdan olingan.

29 - sentabr kuni “Ipak yo‘li” Turizm xalqaro universiteti o‘z veb-sahifasida Akbarovning diplomi soxtaligi tufayli ishdan olingani haqidagi xabarlarga raddiya berdi.

Rasmiy raddiyada aytilishicha, “vakolatli organlar tomonidan olib borilgan tergov harakatlari natijasida” diplom soxtaligi haqidagi “ayblov o‘z isbotini topmagan va jinoyat ishi tugatilgan”.

Universitet shu yil yanvarida Azamat Akbarov bilan mehnat shartnomasi diplom soxtaligi uchun emas, balki uning “o‘z xohishiga ko‘ra” tugatilganini ma’lum qilgan.

29 - sentabr kuni Kun.uz nashri Azamat Akbarovning o‘ziga tayanib, uning “Ipak Yo‘li” Turizm xalqaro universitetiga qaytayotgani haqida yozdi.

Ozodlik tasarrufidagi hujjatga muvofiq, shu yil fevralida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi OAK rayosati Azamat Akbarovning 2019 - yil 28 -fevraldagi 262/1-son qarori bilan nostrifikatsiya qilingan xorijiy falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja diplomi qalbaki ekani haqida xulosa bergan.

Ozodlik Azamat Akbarovning diplomi soxtaligi bilan bog‘liq ayblov o‘z isbotini topmagani borasida “Ipak yo‘li” Turizm xalqaro universiteti bayonoti yuzasidan Oliy Attestatsiya Komissiyasiga murojaat qildi, ammo hozircha rasmiy javob olgani yo‘q.

OAKning ismi tilga olinishini istamagan mas’ul xodimi Azamat Akbarovning universitetga qaytishi masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqidagi xabarni tasdiqladi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov o‘z sha’ni va qadr-qimmati kamsitilgani da’vosi bilan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilayotgan birinchi mulozim emas
Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov o‘z sha’ni va qadr-qimmati kamsitilgani da’vosi bilan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilayotgan birinchi mulozim emas

BURCH xalqaro universiteti o‘tgan yil dekabrida Ozodlikka Azamat Akbarovga hech qachon PhD diplomi berilmagani, ushbu ismdagi shaxs biron marta xalqaro BURCH Universiteti PhD talabasi ham bo‘lmaganini ma’lum qilgan edi.

“Xalqaro BURCH Universiteti diplomining tashqi ko‘rinishi janob Akbarovning diplomidan farq qiladi», deyiladi BURCH xalqaro universiteti rektori professor Mershid Poturak tomonidan 2019 - yilning 16 - dekabrida imzolangan №:01-303/19 - sonli javob xatida.

Tuhmat uchun javobgarlik


Shu yil boshida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining sobiq bosh direktori, hozirda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Jinoyat Kodeksidan tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum etish jazosini chiqarib tashlash bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgan edi.

Yanvar oyida ushbu qonun loyihasi muhokama uchun normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga ham joylashtirilgan.

Loyihada Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi (tuhmat og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab; og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holda; xavfli retsidivist tomonidan; g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa) sanksiyasidan 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish ko‘rinishidagi jazo bilan bog‘liq me’yorni chiqarib tashlash ko‘zda tutilgan.

Ular o‘rniga BHMning 400 dan 500 barvarigacha jarima yoki 300 dan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari ko‘rinishidagi jazo choralarini joriy etish taklif qilingan.

Ammo hozircha O‘zbekiston jinoiy qonunchiligida tuhmat va haqorat uchun 3 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi saqlanib qolmoqda.

Shu yil 11 - avgustida O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Bo‘stonliq tuman kengashining sobiq deputati Qobul Do‘sov ustidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgan.

18 - sentabr kuni boshlangan sud jarayonida Xalq ta’limi vazirligi vakili Qobul Do‘sov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari bilan tizimning ishchanlik obro‘yiga putur yetkazgani hamda vazirning sha’n va qadr-qimmati toptalganini iddao qilgan.

XS
SM
MD
LG