Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:14

Shakar zavodlari omboridagi zahira tugashi arafasida narx yana keskin ko‘tarila boshladi


O‘zbekistonda shakar taqchilligi va qimmatchiligi ko‘p kuzatiladigan holat va mustaqil tahlilchilar bu o‘zgaruvchanlik uchun monopolistlarni ayblab keladi
O‘zbekistonda shakar taqchilligi va qimmatchiligi ko‘p kuzatiladigan holat va mustaqil tahlilchilar bu o‘zgaruvchanlik uchun monopolistlarni ayblab keladi

O‘zbekistondagi ikki yirik shakar ishlab chiqaruvchi - “Angren shakar” va “Xorazm shakar” zavodlari omboridagi zahira tugay boshlashi ortidan shakar narxi qimmatladi.

Sentabr oyida “Angren shakar” omboridan kuniga 1000 tonna mahsulot birjada savdoga qo‘yilgan bo‘lsa¸ 6 - oktabrga kelib bu ko‘rsatkich 240 tonnaga tushdi; kuniga 500 tonna shakar taklif qilib kelgan “Xorazm shakar” esa, keyingi ikki kun ichida savdoga atigi 15 tonna mahsulot qo‘ydi.

Joriy yilning 4 - iyulidan boshlab Braziliyadan import qilinadigan shakarqamishga qaram bo‘lgan bu ikkala korxona¸ “xomashyo ta’minotidagi uzilish" vajidan ishlab chiqarishni to‘xtatgan edi.

Ayni paytda shakar zavodi ishchilari prezident qarori bilan tayyor shakar importining yil oxirigacha barcha boj va soliqlardan ozod etilgani¸ import xomashyoga esa bunday imtiyoz berilmagani o‘zlarini kasod qilganini aytib kelmoqda.

Birjada narx ko‘tarila boshladi

6 - oktabr kuni respublika tovar-xomashyo birjasida "Xorazm shakar" zavodida ishlab chiqarilgan bir tonna shakarning boshlang‘ich narxi 7 100 500 so‘mga¸ "Angren shakar"niki esa¸ 6 312 777 so‘mga baholandi.

6 - oktabr kungi savdo narxlari.
6 - oktabr kungi savdo narxlari.

Birjada shakar bahosining muntazam ko‘tarilishi boshlangan 18 - sentabrga qadar ikkala zavod shakari narxi tonnasiga 5 900 000 so‘m atrofida bo‘lgan va keyingi ikki hafta ichidagi qimmatlash bir million so‘mdan oshib ketdi.

«O‘zim tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman. Birja orqali savdo qilaman. Shakarning narxi kundan-kunga oshib ketyapti. Narx ko‘tarilishi bilan “Angren shakar” ham¸ "Xoram shakar" ham birjadagi ob’yomni qisqartirib qo‘ydi va natijada defitsit yuzaga keldi.

Angren shakari birjada 17065 kontrakt raqami bilan savdoga qo‘yiladi. Minimal tan narxi 5,780,000 so‘m edi. Kim oshdi savdosi bu¸ kim qimmat ursa¸ shu yutib oladi. Avvallari “Angren shakar” bir kunda 1000 tonna savdoga qo‘yardi ¸ sotilmasdan¸ ortib qolardi. Hozir kuniga 240 tonnaga tushdi. Taklif talabni qondirolmaydigan darajada kamaydi va narx sakradi”¸ deb yozdi Ozodlikka tadbirkorlardan biri.

Ayni paytda masofa uzoqligi uchun Angren shakaridan qimmatroq sotiladigan "Xorazm shakar" 5 - oktabrdan boshlab avvalgi 500 tonna o‘rniga atigi 15 tonna mahsulotni sotuvga qo‘ygan.

Buning oqibatida shakar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorga ko‘ra¸ iste’molchiga taklif qilinayotgan narx ham sezilarli ravishda ko‘tarila boshlagan.

6 - oktabr kungi "Angren shakar" mahsuloti narxi
6 - oktabr kungi "Angren shakar" mahsuloti narxi

Misol uchun¸ kilosini birjadan 7000 so‘mdan olsangiz¸ 150 so‘m yo‘lkira – yuklab-tushirishga to‘laysiz¸ upakovka qilasiz¸ foyda ko‘rish uchun uni kamida 8000 so‘m sotish kerak bo‘ladi. Bugun bozorga chiqsangiz¸ 1 kg Anren shakari 8000 so‘m bo‘lyapti. Import shakar esa yo‘q”¸ dedi Ozodlik gaplashgan shakarchi tadbirkor.

Respublika tovar-xomashyo birjasidagi shakar narxiga oid keyingi bir oylik ma’lumot¸ talab va taklifda nomutanosiblik paydo bo‘lgani va shu bois narxlarning muntazam osha boshlaganini tasdiqlaydi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchi omboridagi zahira tugash arafasida

Respublika tovar-xomashyo birjasi onlayn platformasida faqat ikki mahalliy ishlab chiqaruvchi – “Xorazm shakar” va “Angren shakar” zavodlari mahsuloti savdoga qo‘yiladi.

Yillik ishlab chiqarish quvvati 690 ming tonnani tashkil qiluvchi bu ikkala mahalliy shakar zavodi 4 - iyuldan boshlab ishlab chiqarishni to‘xtatgan. Keyingi uch oy davomida birjaga qo‘yilgan shakar bu ikkala zavod omborxonasida to‘plangan zahira mahsulotidir.

Zavodlar yopilishi ortidan «Angren shakar» bosh direktori Rustam Akbarxo‘jayev va «Xorazm shakar» bosh direktori Umidjon Komilov mahalliy matbuotda qo‘shma bayonot e’lon qilgan edi.

«Chet ellik sheriklar bilan xomashyo masalasini hal qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Yaqin kunlarda ikkala zavod ham to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi», deyilgan bu bayonotda.

Ushbu bayonotdan uch oy vaqt o‘tdi¸ ammo hozirgacha xomashyo importidagi muammo hal etilmadi va ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmadi.

6 - oktabr kuni Ozodlik bog‘langan “Angren shakar” zavodi mulozimlari¸ zahiradagi shakarning “tagi ko‘rinib qolgani” uchun birjaga chiqarilayotgan shakar miqdori keskin qisqartirilganini bildirdi.

“Xorazm shakar” vakili esa¸ keyingi ikki kun ichida bu zavod omboridan birjaga shakar chiqarish deyarli to‘xtab qolganini aytdi.

Rasmiy manbalar iyul oyida ikkala korxona omborlarida jami 47 tonna shakar borligi va ishlab chiqarish qayta yo‘lga qo‘yilguncha¸ birjadagi savdo muntazam davom etajagi¸ taqchillik bo‘lmasligini bildirgan edi.

Mahalliy shakar zavodlari yopilishining asl sabablari nima?

Iyul oyida ishlab chiqarishni to‘xtatishga majbur bo‘lgan «Xorazm shakar» va «Angren shakar» zavodi rahbarlari¸ xomashyo importi bilan bog‘liq muammolarni tilga olgan¸ ammo uning tafsilotini ochiqlamagan edi.

Bu jarayondan yaxshi xabardor mahalliy kuzatuvchi¸ shuningdek, shakar zavodining shaxsini ochiqlashni istamagan ishchilariga ko‘ra¸ joriy muammo ildizi prezident Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kuni chiqargan “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga borib taqaladi.

Unda 2020 - yil 31 - dekabrga qadar O‘zbekistonga hech qanday bojxona bojisiz va aksiz solig‘isiz olib kiriladigan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatiga tayyor shakar kiritilgani holda shakar xomashyosi kiritilmagan.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan shakar bozoridagi vaziyatdan yaxshi xabardor mulozim¸ bu farmon ortida yangi shakar monopolistlari va ularning lobbichilari turganini iddao qildi.

«Bu yerda amaldorlar Prezidentimizni aldash orqali o‘zlarining cho‘ntaklarini o‘ylashgan. Bu o‘yinga juda ko‘pchilik amaldorlar bosh qo‘shgan. Karimov davrida O‘zbekistonga shakar bozori Mirabror Usmonovniki bo‘lsa¸ Mirziyoyev davrida bu hududning hokimiyat tepasidagilarga aloqador yangi egalari paydo bo‘ldi. Ularning maqsadi mahalliy shakar ishlab chiqarishni butunlay izdan chiqarish ortidan¸ import narxini to‘liq nazoratga olishdir».

Suhbatdoshga ko‘ra¸ O‘zbekistondagi shakar ishlab chiqaruvchi zavodlar xomashyo yo‘qligidan emas¸ uning keskin qimmatlagani va import shakar bilan raqobat qilish imkoni yo‘qligidan ishini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

«Braziliyadan keladigan shakarqamish Rossiya orqali tranzit qilinadi. Rossiya har tonnasiga 180 dollarlik tranzit oladi. O‘zbekistonga kirishda bu xomashyo yana 20 foizlik QQS va aksizga tortiladi. Importchi monopolist esa¸ Rossiya zavodlarida 3 yildan beri sotilmay yotgan sifatsiz mahsulotni biror boj va soliqsiz olib kiryapti. Bular Xorazm va Angrendagi zahira tugashini poylab turibdi. Zahira tugashi bilan import shakar narxini ham keskin oshirishadi. Chunki olib kirayotgan asosan bitta shaxs va uning orqasidagi guruh. Mahalliy shakar zahirasi tugashi bilan istagan narxini qo‘yadi. Ular narxiga Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi aralasha olmaydi»¸ dedi Ozodlik suhbatdoshi.

Bu mulozim¸ agar yaqin kunlarda «Xorazm shakar» va «Angen shakar» zavodlari muammosi hal etilib¸ ular ish boshlamasa¸ mahalliy korxonalarning butunlay ishdan chiqishini ta’kidladi.

Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi izohi

Tarkibiga iste’molchi huquqlarini himoya qilish agentligi ham kiritilgan Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi ichki bozordagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari¸ xususan¸ shakar chakana narxini doimiy ravishda monitoring qilib kelmoqda.

Ozodlik 6 - oktabr kuni shakar bozorida yuzaga kelgan taqchillik va narx oshishiga qo‘mita matbuot xizmatidan izoh ololmadi – kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bo‘lmadi.

Qo‘mita rasmiy saytida 30 - sentabr kuni “ichki bozorda yog‘, tuxum va shakar narxlari oshishi sabablari o‘rganilgani” xabar qilindi va uning sabablariga izoh berildi.

“Qo‘shni davlatlarda noqulay ob-havoning shakar yetishtirish uchun zarur bo‘lgan qandlavlagi xomashyosi sifatiga keskin ta’siri tufayli bu yilgi hosilning past bo‘lishi kutilmoqda.

Natijada avgust oyining boshida 1 kg shakarning narxi o‘rtacha 29 rublni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda 39 rublni tashkil etmoqda (o‘sish 34 foiz). Ya’ni "shakar narxining oshishiga import qilinayotgan shakarning narxi ko‘tarilishi sabab bo‘lgan”¸ deyiladi qo‘mita izohida.

XS
SM
MD
LG