Линклар

Шошилинч хабар
21 октябр 2020, Тошкент вақти: 05:05

Kristian Lasslett: Komil Allamjonov biznes imperiyasi O‘zbekistondagi oligarxiyalashuvga oid xavotirlarni kuchaytiradi


Professor Kristian Lasslett e’lon qilgan jurnalistik surishtiruvga ko‘ra¸ Komil Allamjonov siyosiy hokimiyatga yaqinligi bois yulduzi porlagan o‘zbek "ishbilarmon"laridan biridir

O‘zbekistonda amaldagi davlat-korporativ faoliyat tajribasi biznes uchun teng imkoniyatlar yaratishdan uzoqligicha qolmoqda.

Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslett e’lon qilgan jurnalistik surishtiruv ana shu xulosani yana bir bor urg‘ulaydi.

UzInvestigations turkumidan navbatdagi tadqiqot, muallif ta’biricha, Shavkat Mirziyoyev hukumatini isloh qilishda eng muhim o‘yinchilardan bo‘lgan Komil Allamjonov asos solgan va amalda unga aloqador kompaniyalar faoliyatini tahlil qiladi.

Lasslettga ko‘ra, tadqiqot Mirziyoyev hukumati “rebrendingi” va O‘zbekistonning xorijdagi imijini yaxshilashda muhim rol olgan Allamjonovga aloqador kompaniyalar davlat taqdim qilgan imtiyozlardan foydalanib kelganini o‘rtaga chiqargan.

Muallif ushbu imtiyozlar “aksilraqobat xarakteri”ga egaligini ta’kidlaydi.

Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslett Shavkat Mirziyoyev e’lon qilgan islohotlar amalda qanday kechayotganiga bag‘ishlangan qator jurnalistik surishtiruvlar muallifi.

Mirziyoyev prezident sifatidagi ilk bayonotlarida iqtisodni liberallashtirish¸ biznesga erkinlik berish¸ siyosiy elita ichidagi sanoqli oilaning iqtisod ustidan o‘rnatgan monopoliyasini tugatishni va’da qilgan edi.

Lasslettning UzInvestigations avvalgi surishtiruvlari Akfa/Artel korporatsiyasi egasi Jahongir Ortiqxo‘jayev biznes imperiyasining u Toshkent shahar hokimi etib tayinlangandan keyingi ekspansiyaga bag‘ishlangan.

Mustaqil tahlilchi avvalgi surishtiruvlarida Mirziyoyev davrida katta biznes egalari¸ xususan Jahongir Ortiqxo‘jayevning siyosiy hokimiyat tepasiga ko‘tarilishi davlat va shaxsiy manfaatlar to‘qnashuvining yorqin misoliga aylanganini ko‘rsatdi.

Кристиан Ласслетт суриштирувининг рус тилидаги тўлиқ матни

Professor Lasslett e’lon qilgan yangi jurnalistik surishtiruv «Tadbirkorlik pardasi ortida. O‘zbekistonda davlat yordami va elita. Komil Allamjonov misoli” deb nomlanadi.

Bu surishtiruv markaziga Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan yuqori lavozimli davlat amaldoriga aylangan yana bir “ishbilarmon” - Komil Allamjonov faoliyati qo‘yilgan.

Yangi surishtiruv bilan to‘liq tanishib chiqqan Ozodlik muxbiri professor Kristian Lasslett bilan suhbatni uning markaziga nima uchun aynan Komil Allamjonov faoliyati qo‘yilganiga oid savoldan boshladi.

Professor Lasslett: Power Briefs yoki Uzinvestigations –( O‘zbek surishtiruvlari) seriyasini Mirziyoyev hokimiyatidagi qudratli shaxslar va kompaniyalar faoliyatini o‘rganish maqsadida boshlaganmiz. Komil Allamjonov Mirziyoyev hukumatining eng faol so‘zchilaridan biri sifatida “radar”imizga tushdi. 46 yashar Allamjonov o‘zini ham mahalliy¸ ham xalqaro maydonda ochiq jamiyat¸ erkin matbuot¸ raqobatli iqtisod¸ tadbirkorlarni qo‘llash g‘oyalari himoyachisi sifatida ko‘rsata boshladi. Ammo bizdagi fakt va ma’lumotlar¸ uning o‘z biznesi hukumatning aynan bu bayonotlarga zid harakatlari tufayli gullab-yashnayotganini ko‘rsatdi. Allamjonov biznes imperiyasini sinchkovlik bilan o‘rganishdan maqsad¸ Komil Allamjonov biznesi u ijtimoiy tarmoq va mahalliy mediada qilib kelayotgan bayonotlarga amal qiladimi¸ degan savolga javob topish edi.

Ozodlik: Siz hozirgina “biznes imperiyasi” degan iborani ishlatdingiz. Ko‘pchilikka prezident so‘zchisi¸ Mirziyoyev hukumatining "yuzi" sifatida tanilgan Allamjonovning biznes imperiyasi egasi ekani haqidagi xulosangiz qanday faktlarga asoslangan?

Kristian Lasslett surishtiruviga Komil Allamjonov o‘zi asos solganini aytgan kompaniyalar ro‘yxati ilova qilingan.
Kristian Lasslett surishtiruviga Komil Allamjonov o‘zi asos solganini aytgan kompaniyalar ro‘yxati ilova qilingan.

-Birinchi asos¸ uning o‘z e’tirofi. Uning o‘zi juda ko‘p kompaniyalar asoschisi ekanini ma’lum qilgan. Bu e’tirof Allamjonovning o‘zini Facebook stilidagi ishbilarmon qilib ko‘rsatish urinishining tarkibiy qismi. Allamjonov o‘zini O‘zbekistonning Sukerbergi sifatida ko‘rsatish uchun qator texnologik startaplar muallifi ekani bilan maqtangan. Xususan¸ buxgalteriya va soliq tizimi uchun dasturiy ta’minot (software) ishlab chiqqanini aytgan. Media maydonidagi loyihalar egasi ekanini ham Allamjonovning o‘zi bildirgan - u “Soliq info” gazetasidan tortib xususiy telekanalgacha egalik qiladi. Bu kompaniyalarni yonma-yon qo‘yib chiqsangiz¸ matbuot¸ televideniye va dasturiy ta’minot sohasini o‘z ichiga olgan biznes imperiyasi manzarasi paydo bo‘ladi.

Kristian Lasslett surishtiruviga Komil Allamjonovga aloqador kompaniyalar diagrammasi ilova qilingan.
Kristian Lasslett surishtiruviga Komil Allamjonovga aloqador kompaniyalar diagrammasi ilova qilingan.

Ozodlik: Bu surishtiruv ustida bir yildan ko‘proq ishlaganingiz, juda ko‘p fakt va ma’lumotlarni tahlil qilganingizni aytgansiz. Surishtiruv jarayonida o‘rganganlaringizdan bugun o‘zbek jamoatchiligi davlat arbobi¸ ayni paytda¸ siz aytayotganingiz kabi, biznes imperiyasi egasi Komil Allamjonov haqida nimalarni bilishi kerak¸ degan xulosaga keldingiz?

-Surishtiruv davomida chiqargan xulosalarimiz Komil Allamjonovning Karimov va Mirziyoyev davridagi faoliyatiga bo‘linadi. Iqtisodda raqobat degan tushunchaning o‘zi bo‘lmagan Islom Karimov davrida Allamjonov asos solgan kompaniyalar aynan raqobatsiz muhitdagi davlat yordami tufayli gullab-yashnagan. Allamjonov 2005-2013 - yillarda Davlat soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiyevning matbuot kotibi bo‘lib ishlagan. Bu qo‘mita esa¸ Karimov davrida tadbirkor va biznes egalarini qo‘rquvda ushlash¸ ta’magirlik¸ reyderlik bo‘yicha MXXdan keyingi ikkinchilikda turgan. Allamjonov asos solgan “Soliq info” gazetasi va buxgalterlar uchun dasturiy ta’minot BEM (Buxgalterga Elektron Madad )ayni shu qo‘mita platformasida ish yuritgan. Soliq tizimi xodimlari tadbirkorlarni Soliq qo‘mitasi raisining yaqin odami va matbuot kotibi bo‘lgan Allamjonovning xususiy gazetasiga obuna bo‘lish¸ uning BEM dasturini sotib olishga majburlagan. Bu haqda bizga juda ko‘p guvohlik ko‘rsatmalari bor. Tadbirkor uchun soliqchining bu talabiga bo‘ysunmaslik oqibati biznesidan ajralish bilan barobar edi. Tadbirkorda tanlov imkoni mutlaq yo‘q edi. Janob Allamjonov soliq qo‘mitasi xodimlarining O‘zbekiston bo‘ylab tadbirkorlarni yoppasiga o‘z gazetasi va dasturiy ta’minotini sotib olishga majburlaganidan xabari bo‘lgan-bo‘lmagani haqidagi savollarimizga javob bermadi. Lekin soliq qo‘mitasi matbuot kotibi lavozimida ishlagan amaldorning bundan xabari bo‘lmasligi mumkin emasligi aniq. Bu Karimov davrida Allamjonovning o‘z biznes manfaati uchun mansab vakolatini suiiste’mol qilgani¸ raqobat yo‘q¸ yopiq muhitda o‘z mahsulotini majburan o‘tkazish uchun davlat tizimlari imkoniyatini ishga solganini ko‘rsatadi.

Ozodlik: Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach¸ Komil Allamjonov yangi hukumatning liberal ovoziga aylandi – islohotlar¸ ochiqlik¸ shaffoflik haqida yuqori minbarlardan gapira boshladi. Mirziyoyev davri uning biznes faoliyatiga qanday o‘zgarish olib kelgan?

Komil Allamjonov 2005 - yildan 2020 - yil fevraliga qadar O‘zbekistondagi qudratli davlat tizimlarida yuqori lavozimli mulozim sifatida ishlab kelgan.
Komil Allamjonov 2005 - yildan 2020 - yil fevraliga qadar O‘zbekistondagi qudratli davlat tizimlarida yuqori lavozimli mulozim sifatida ishlab kelgan.

-Mirziyoyev hokimiyatga kela solib¸ davlat mashinasi kuchi va qo‘rquvini ishga solib, biznes qilish amaliyotiga barham berishni va’da qildi. Ammo biz o‘tkazgan surishtiruv bu amaliyotning aslida yanada yomonlashgani¸ yanada kuchayganini ko‘rsatdi. Birgina o‘zbekistonliklarga yaxshi tanish “Avrotest” misolini olaylik. Hukumat qarori bilan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalari haydovchilarini har ikki yilda faqatgina «Avtotest Report» MChJda sinovdan o‘tkazish va malakasini oshirish majburiy qilindi. Boshqa biror kompaniyaga bu imkon¸ haydovchiga tanlov huquqi berilmadi. Bu biznes asoschisi Komil Allamjonovdir. Allamjonov prezident matbuot kotibi etib tayinlanishi arafasida hukumat mahalliy hokimliklarga bu MChJga treyning markazlari qurish uchun tekin yer ajratish buyurilgan qaror chiqardi. Karimov davrida o‘zbekistonliklarni davlat hokimiyatiga aloqador shaxslarga tegishli kompaniyalar tovar va xizmatlarini sotib olishga majburlash norasmiy tarzda amalga oshirilgan bo‘lsa¸ Mirziyoyev davriga kelib bu qonunga aylandi! Allamjonovning Mirziyoyev davridagi biznes faoliyatini o‘rganish jarayonida biz shunday xulosaga keldik.

Davlat mulozimi kompaniyasi bo‘lgan “Avtotest”ga bunday eksklyuziv imtiyoz berilishi jamoatchilikning keskin noroziligiga uchrashi ortidan hukumat o‘z qaroriga ozgina o‘zgartish kiritdi. Ammo bu maydonda baribir halol va ochiq raqobatga yo‘l berilmadi.

Mirziyoyev davrida unga yaqin amaldorlar biznesi¸ xususan¸ Allamjonov kompaniyalariga raqobatsiz muhit yaratish yangi normaga aylanganining yana bitta misoli Ozodlik surishtiruvida ayon bo‘ldi.

Ozodlik hukumatning O‘zbekistondagi millionlab ko‘chmas mulkka doir kadastr pasportlarining qog‘ozdan plastik kartaga ko‘chirilishi haqidagi maxfiy qarorini e’lon qildi. Bu qarorning maxfiyligi odamni jiddiy xavotirga soladi - hozirgacha bu qaror qonun hujjatlari e’lon qilinadigan lex.uz saytida yo‘q. Elektron kadastr tizimiga o‘tkazish jarayoni bo‘yicha umuman tender e’lon qilinmasdan¸ GID Systems Tashkent MChJga berilgani¸ yana bir jiddiy xavotir manbai. “Gid systems Tashkent” MChJ aksiyalarining 100 foizi Birlashgan arab amirliklarining erkin iqtisodiy hududida rasmiylashtirilgan “Gid FZE” (Free Zone Establishments) ga tegishli. BAAdagi ro‘yxatga olingan kompaniyalar reestri yopiq bo‘lgani uchun Gid FZE haqiqiy mulkdori kimligi aniqlash deyarli imkonsiz.

Ozodlik: Siz tilga olgan Ozodlik surishtiruvida BAA dagi kompaniyalar reestrida haqiqiy mulkdor sir tutilishi bois “Gid systems Tashkent” MChJning asl egasi kimligini aniq aytishning hozircha imkoni yo‘qligi yozilgan edi. Siz esa o‘z surishtiruvingizda bu MChJning Komil Allamjonovga aloqadorligini aytgansiz. Buni tasdiqlovchi dalil bormi?

-O‘zbekistonda BAAdagi GID guruh egalik qiladigan ikkita kompaniya ro‘yxatga olingan. Bittasi GID Systems Tashkent¸ ikkinchisi GID Tashkent. Nomlar deyarli bir xil. Bularning mahsuloti ham bir xil– ta’minot dasturlari. Biz O‘zbekiston intellektual mulk qo‘mitasi ma’lumotlar bazasidan bu MChJlar mahsulotiga patent berilgan-berilmaganini tekshirib ko‘rdik. Tekshirish davomida 2018 - yilda aqlli kartalar texnologiyasi uchun patent so‘rovi berilgani va bu patent egasi Komil Allamjonov ekaniga guvoh bo‘ldik. Bu esa¸ GID kompaniyalar guruhi mahsuloti nazoratining aynan Komil Allamjonovga tegishli ekanini ko‘rsatadi. Bundan tashqari¸ kompaniyalar registratsiya hujjatida yoziladigan eng elementar ma’lumotlarni solishtirganda¸ GID Systems Tashkent va GID Tashkent MChJlari hujjatida yozilgan adres¸ telefon¸ faks raqamlarining Komil Allamjonovga qarashli boshqa biznes kompaniyalariniki bilan bir xil ekani ko‘riladi. Bularning hammasi GID guruhiga kiruvchi kompaniyalarning asl egasi Komil Allamjanov ekanini aytishga asos beradi.

GID guruhidagi kompaniyalar bilan Komil Allamjonov o‘rtasidagi aloqadorlikni ko‘rsatuvchi diagramma.
GID guruhidagi kompaniyalar bilan Komil Allamjonov o‘rtasidagi aloqadorlikni ko‘rsatuvchi diagramma.

Ozodlik: Avvalgi surishtiruvlaringizda Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev¸ bu galgisida esa¸ prezident sobiq matbuot kotibi¸ birinchi oilaga juda yaqin Komil Allamjonovning davlat mansabidan o‘zining shaxsiy biznesini boyitish maqsadida foydalanganini aytyapsiz. Bu kabi tizimning oddiy o‘zbekistonliklar hayotiga ta’siri haqida xulosalaringiz bormi?

-Bunday boshqaruv tizimining oddiy o‘zbekistonliklar hayotiga ta’siri qanday bo‘lishi haqida so‘nggi surishtiruvda ham batafsil to‘xtalganman. Birinchisi¸ O‘zbekistondagi ko‘z-ko‘z qilingan Mirziyoyev islohotlari bozorni liberallashtirish yo‘lidagi texnik o‘zgarishlar bilan cheklanmoqda¸ xolos. Bu o‘zgarishlar siyosiy favoritizm sistemasi asosida amalga oshirilishda davom etaversa¸ hukumat tepasidagilarga aloqador kompaniyalar boyib¸ kengayib¸ kattalashib boraveradi va mamlakat iqtisodi, xuddi Putin Rossiyasidagi kabi to‘lig‘icha oligarxlar qo‘liga o‘tadi. Oligarxlar - boyligi siyosiy hokimiyatga yaqinlikdan suv ichadigan, pul va siyosiy hokimiyat nikohidan tug‘ilgan biznes qatlami. Karimov davrida ham tenevoy¸ ya’ni xufyona oligarxlar bor edi. Ammo Mirziyoyev davrida oligarxlar soni ko‘payib¸ nihoyatda boy milliarderlar paydo bo‘ladi. Davlatning oligarxlashuvi kuchaygan sayin¸ biror demokratik o‘zgarishni amalga oshirish ham deyarli imkonsiz bo‘lib boraveradi. Bu har bir o‘zbekistonlik hayotiga daxl qiladigan jarayon.

Ikkinchisi¸ Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, Komil Allamjonovga o‘xshaganlar tomonidan uni G‘arbda “islohotchi prezident” sifatida taqdim qilishga katta kuch va mablag‘ sarflanmoqda . Ayrim g‘arb nashrlari Mirziyoyevning kelishini hatto “o‘zbek bahori” deyishgacha bordi. “Arab bahori” oddiy xalqning adolat¸ tenglik va islohot talabi bilan boshlangan qo‘zg‘oloni bo‘lsa¸ g‘arbdagi ba’zi nashrlar O‘zbekistonda “avtoritar rejimning o‘z vakili tashabbusi bilan siyosiy bahor” boshlangani haqida yozdi. Bizning surishtiruvlarimiz¸ Mirziyoyevning o‘zi tayangan siyosiy va iqtisodiy hokimiyatdan voz kechish¸ uning o‘rniga ochiqlik va tenglikka asoslangan demokratik boshqaruv qurish rejasi yo‘qligini ko‘rsatmoqda. Komil Allamjonov bunday skeptizmga jiddiy asos beruvchi eng yorqin misol. Mirziyoyev kelgandan beri ochiqlik¸ shaffoflik¸ demokratik islohotlar haqida Allamjonovdan ko‘p gapirgan o‘zbek amaldori yo‘q. Ammo uning o‘z biznes faoliyati bu bayonotlarning tamom teskarisi ustiga qurilgan. Agar Toshkent hukumatidagilar chiroyli gaplar¸ balandparvoz bayonotlar bilan g‘arbdagi investorlar yoki hukumatlarni islohotlarga ishontiramiz¸ deb o‘ylashsa¸ adashishadi. Hukumat biznes yuritishni shaffof qilish¸ manfaatlar to‘qnashuviga qonun orqali barham berish¸ iqtisodda raqobat muhitini yaratish kabi tavsiyalarni e’tiborsiz qoldirishi mumkin. Ammo O‘zbekiston bilan u yoki bu shaklda biznes qilmoqchi bo‘lgan har bir nufuzli kompaniya qaror berishdan oldin mamlakatdagi asl vaziyatni o‘rganish uchun due diligence jarayonini o‘tkazadi. Bu jarayonda ular soxta bayonot va va’dalar emas¸ asl vaziyatga baho beradi. Oqibatda O‘zbekiston normal kompaniyalar bormaydigan¸ oligarxlar iskanjaga olgan iqtisodga aylanadi¸ kichik bir guruh boyigandan boyib¸ aksar aholi qashshoqlashgandan qashshoqlashib boraveradi.

(Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva o‘tgan yil noyabrida BBC o‘zbek xizmatiga yo‘llangan videotabrikda "ochiqlik va shaffoflik siyosatidan ortga qaytilmasligi"ni urg‘ulashgan)

Ozodlik: Surishtiruv davomida Komil Allamjonov yoki davlat idoralariga yuborgan savol va murojaatlaringizga biror shaklda javob oldingizmi?

-Surishtiruvning birinchi bosqichidayoq Komil Allamjonovga elektron pochta va ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qildim. Allamjonov surishtiruvning birinchi qoralamasi bilan tanishib chiqib¸ savollarga javob berishini bildirdi. 2019 - yil sentabrida unga qoralama matnni yubordim¸ ammo shundan so‘ng, Allamjonovdan biror shaklda javob olmadim. Unga qayta-qayta qilgan murojaatlarim javobsiz qoldi. Janob Allamjonovning o‘zi davlat mulozimlari matbuot va jamoatchilik uchun ochiq hamda shaffof bo‘lishi kerakligi haqida ko‘p gapiradi¸ lekin, aftidan, bu gaplar ham uning o‘ziga taalluqli emas deb o‘ylaydi.

Kristian Lasslett surishtiruvi boshlangandan keyin Allamjonov kompaniyalari aksionerlari tarkibida ayrim o‘zgarishlar kuzatildi.
Kristian Lasslett surishtiruvi boshlangandan keyin Allamjonov kompaniyalari aksionerlari tarkibida ayrim o‘zgarishlar kuzatildi.

Ayni paytda bizning birinchi murojaatimizdan keyin Komil Allamjonov egalik qiluvchi kompaniyalar tarkibida ayrim juz’iy o‘zgarishlar yuz berdi. Shuningdek¸ 2020 - yilning 29 -yanvarida Allamjonov "davlat xizmati"dan ketganini e’lon qildi.

Surishtiruv davomida murojaat qilingan davlat tizimlaridan ham biror javob bo‘lmadi. Faqat Davlat soliq qo‘mitasidan qisqa javob oldik. Allamjonovning qo‘mitadagi faoliyati¸ xususan ,“Soliq info” va BEM dasturiy ta’minotiga oid so‘rovimga javoban qo‘mita ushbu ma’lumotlarning yo‘q qilinganini bildirdi. Bu esa¸O‘zbekistonning “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonuniga mutlaqo ziddir.

*************

Professor Kristian Lasslett surishtiruvi matni taqdim etilishi ortidan Ozodlik tahririyati ham Komil Allamjonovga o‘z savollarini yozma ravishda yubordi. Allamjonov faol bo‘lgan Instagram sahifasiga jo‘natilgan bu savollar ochib o‘qilganiga qaramay¸ maqola chop etilayotgan paytda ularga biror shaklda javob berilgani yo‘q.

Ayni paytda Kristian Lasslett surishtiruvi davomida qilgan murojaatlar¸ qolaversa¸ Ozodlik bu surishtiruv munosabati bilan yo‘llagan savollarga javob bermagan Komil Allamjonov 7 - oktabr kuni surishtiruv haqidagi maqola e’lon qilinishidan bir soat o‘tar-o‘tmas unga munosabat bildirdi.

Twitter sahifasida uchta tilda yozilgan qisqa bayonotida Allamjonov¸ o‘z faoliyatida "O‘zbekiston qonunlari buzilmagan"ini aytish bilan cheklandi.

Professor Kristian Lasslett Allamjonov tvitiga unga yil davomida qayta-qayta yuborib¸ javob ola olmagan savollarini jamoatchilik oldida so‘rash orqali munosabat bildirdi.

Bu savollar mazmuni esa quyidagicha:

- Soliq qo‘mitasi xodimlarining qo‘mita matbuot kotibiga qarashli "Soliq info" gazetasi va BEM dasturini tadbirkorlarga majburlab sotishi qonuniymidi?

- Soliq qo‘mitasining sizga qarashli Ereportga oid 2014 - yilgi hujjatlarni yo‘q qilishi "Arxivlar ishi to‘g‘risida"gi qonunga zid emasmi? (qonunga ko‘ra bu hujjatlar kamida 15 yil arxivda saqlanishi lozim-tahr.)

- Elektron kadastr tizimiga o‘tishga oid hukumat loyihasining tendersiz GID Systems Tashkent MChJga berilishi va bu qarorning lex.uz portaliga qo‘yilmasligi qonuniymi?

Komil Allamjonovning o‘z surishtiruviga bildirgan munosabati haqida Ozodlikka qisqa sharh yo‘llagan professor Lasslett uni "kattayu kichik firibgarlarning sevimli javobi" deb atadi.

- "Ha¸ axloqqa to‘g‘ri kelmaydigan juda ko‘p ish qilgan bo‘lishim mumkin¸ lekin menga qayerda¸ qaysi qonunni buzganimni ko‘rsatib bering! " Ularning an’anaviy javobi shu! Bu savolga javobni jurnalist emas¸ balki O‘zbekistonda "adolat¸ qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash" haqida gapirayotgan vakolatli rahbar va idoralar berishi kerak endi¸ dedi britaniyalik professor.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG