Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:43

O‘zbek tiliga e’tibor rus tilida so‘zlashuvchilarning xavotiriga sabab bo‘ldi


Sirdaryoda rus tilidagi peshlavhalar olib tashlanmoqda
Sirdaryoda rus tilidagi peshlavhalar olib tashlanmoqda

Joriy yilnng 7 - oktabrida Adliya vazirligi hamda vazirlik qoshidagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti hamkorligida "Davlat tilini rivojlantirishning huquqiy masalalari" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Onlayn tarzda o‘tkazilgan davra suhbatida Ozodlik muxbiri ham qatnashib, rus tilida so‘zlashuvchi O‘zbekiston vatandoshlarining xavotirlari borasidagi savolga javob oldi. Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori A’zam Madaminovning ta’kidlashicha, “O‘zbekistonda hech bir millat yoki elatnimg tili kamsitilmaydi va ayni paytda davlat tili haqidagi qonun talablari paysalga solinmay, amalga oshirilaveradi.”

Tadbirdan bir kun oldin Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani hokimligi tuman do‘konlariga osilgan ko‘rsatkich va peshlavhalarning 70 foizi rus tilida ekanligini aniqlab, ularni demontaj qilgan edi.

Tuman matbuot xizmati xabarnomasiga ko‘ra¸ Sirdaryo tumani hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Oybek Hakimov ko‘chama-ko‘cha yurib, vaziyatni o‘rgangan.

Xabarnomaga ilova qilingan rasmlarda rus tilida yozilgan peshlavhalar demontaj qilinayotganini ko‘rish mumkin.

Sirdaryodagi reyd payti
Sirdaryodagi reyd payti

O‘zbekiston prezidentining 2019 - yil 21 - oktabrda qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va mamlakat vatandoshligini olish uchun o‘zbek tilini bilish shart qilib qo‘yilgani haqidagi qonun moddalari rus tilida so‘zlashuvchi vatandoshlar xavotiriga sabab bo‘lgan edi.

2019 - yili Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning O‘zbekistonga qilgan rasmiy tashrif arafasida 20 ga yaqin o‘zbekistonlik rus tilida so‘zlashuvchi ziyolilar rus tiliga rasmiy maqom berish taklifi bilan chiqqan edi.

O‘zbekistonlik jurnalist Aleksey Volosevich Ozodlik bilan suhbatda “rus tilida so‘zlashuvchi O‘zbekiston vatandoshlariga sovet paytidagi kabi imkon va sharoitlar ta’minlanishi zarurligini” aytdi. Suhbatdoshga ko‘ra, rus tili “Markaziy Osiyodagi ko‘p millatli davlatlar uchun o‘tmishdan qolgan ijobiy merosdir”. Aleksey Volosevichning ta’kidlashicha, “o‘zbek tili mavqeini ko‘tarish urinishlari ortida "millatchilik" yotibdi. Karimov davrida muzlatilgan bu "millatchilik" Mirziyoyev davrida gullab-yashnamoqda”, deya iddao qiladi jurnalist.

O‘zbekiston matbuotida chop qilingan surat
O‘zbekiston matbuotida chop qilingan surat

Joriy yilning 14 - mayida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining O‘zbekistondagi rus tili maqomi borasida bayonot bilan chiqqani internetning o‘zbek segmentida qizg‘in bahs va munozara mavzusiga aylangandi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistonda o‘zbek tilida ish yuritmagan davlat mansabdorini jarimaga tortish ko‘zda tutilgan qonun loyihasi haqidagi savolga mana bunday javob bergan edi:

"Biz yuqorida tilga olingan qonun loyihasi tufayli ommaviy axborot vositalarida yuzaga kelgan muhokamaga e’tibor qaratdik. Shunday taassurot tug‘iladiki, uning tarafdorlari kam. Izohlarning ko‘pchiligi shundan dalolat qiladiki, rasmiy kundalik hayotda rus tilining saqlanib qolishi tarix ruhi va munosabatlarimizning hozirgi darajasiga, eng muhimi - o‘qish va ishlash borasida Rossiyani tanlayotgan ko‘p sonli O‘zbekiston fuqarolarining manfaatlariga to‘la mos keladi",- degan Zaxarova xonim.

O‘zbekistonda rus tilining mavqeini, asosan, Rossiyadagi ashaddiy millatchi Jirinovskiy partiyasi mansublari yoki Kremlga yaqin ayrim siyosatchi va mulozimdar himoya qilib keladi. O‘zbekistonlik jurnalist Aleksey Volosevich ushbu holatni tabiiy, deb hisoblashini aytadi.

“Rossiya hukumatida 20 yildan beri diktator Putin o‘tiribdi va u bizning tilimizni himoya qilmoqda. Agar himoya qilmaganida, biz, umuman yo‘q bo‘lib ketardik. Rossiyada liberal rahbar bo‘lsa ham o‘z tildoshlarini ayni tarzda himoya qilgan bo‘lardi. Agar himoya qilmasa, biz buni talab qilgan bo‘lardik”, - deydi Volosevich.

7 - oktabr kuni Adliya vazirligining til bo‘yicha tadbiri tashkilotchilaridan biri Shahnoza Soatova “O‘zbek tili mavqeini ko‘tarish bo‘yicha qabul qilinayotgan huquqiy qadamlarni "millatchilik deb atash noo‘rinligini ta’kidladi.

"O‘zbekiston qonunchigi sobiq SSSR davlatlari va boshqa sobiq mustamlaka davlatlar bilan solishtirganda, juda liberal. Bu qonunlar har bir millat va elatga o‘z tilida o‘qish¸ish yuritish va muloqot erkinligini ta’minlaydi”, - deya ta’kidladi Adliya vazirligi vakili.

Tilga e’tibor...

O‘zbekistonlik san’atshunos Akmal Rizayevning Ozodlikka aytishicha¸ O‘zbekiston prezidentining BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlagani aksar o‘zbeklarda "vatanparvarlik hislarini kuchaytirgan".

“Mana bizning tilimizni dunyo tan oldi, nega BMTda yangragan til Makro yoki Korzinka do‘konida chek yozishga yaramaydi?" qabilidagi e’tirozlar kuchaydi. Mahalliy telekanallar ko‘chalardagi viveskalar haqida birin-ketin tanqidiy lavhalarni namoyish qila boshladi. Patriotizm va o‘z tilini ulug‘lash harakati, qoidaga ko‘ra¸ siyosiy palitraning o‘ng tomonida bo‘ladi. Albatta, bu palitraning so‘l tarafida bo‘lganlar bor. Bular-Rossiya propaganda matbuotining asosiy iste’molchisi bo‘lgan rusiyzabonlardir. Til borasidagi qonun ijrosining har qanday minimal shakli rusiyzabonlar xavotiriga sabab bo‘lib keladi. Bu safar ham shunday bo‘ldi”, - deydi suhbatdosh.

Akmal Rizayevning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda yashayotgan va rus tilini bilmaydigan o‘zbeklar ham rus tilida ish yuritilayotganidan bezovta bo‘lmoqda.

“Aksariyat shartnoma va me’yoriy hujjatlar rus tilida yoziladi. Toshkentdagi barcha kafe va restoranlarda chekni rus tilida urib beradi. 1991 - yildan keyin O‘zbekistonda dunyoga kelgan avlod rus tilini yomon biladi yoki umuman bilmaydi. O‘tgan yil noyabrida Lukoyl shirkatinig Dehqonoboddagi filialida ishlaydigan o‘zbek ishchilari ruscha instruksiyani yaxshi tushunmagani uchun filial rahbari Ivan Shilov tarafidan “qo‘y suruvi” deya haqorat qilingan edi. Mayli, har bir o‘zbek gastarbayteri Rossiyada kunora bunday dashnom eshitadi. Buni tushunish mumkin. Rossiyadagi migrant ishchi rus tilini bilishi shartdir balki. Lekin Dehqonoboddagi o‘zbek ruscha instruksiyani tushunmagani uchun haqoratga nishon bo‘lgani, bu - nonsens”, - deydi san’atshunos.

7 - oktabr kuni Adliya vazirligining til bo‘yicha tadbirida qatnashgan jurnalist Mohinur Rustamova ham shu mavzuni ko‘tardi.

“Men o‘zbek va ingliz tilini bilganim holda, rus tilini bilmayman. Umuman, rus tilini bilmaydiganlar aholining aksar qismini tashkil qiladi. Oldin ishga kirganimda, ish shartnomasini rus tilida berishdi. Yaqinda yana ishga kirsam, yana rus tilidagi shartnomani qo‘limga tutqazishdi. Butun-boshli vazirliklar rus tilida ish yuritadi. Hech bo‘lmasa, Xalq ta’limi vazirligi kelasi bir yil ichida o‘zbek tilida va lotin yozuvida ish yuritishga o‘ta oladimi? Nega til haqida yilda bir marta, 21 - oktabr kuni arafasida eslaymiz, xolos?”, - deydi jurnalist.

Adliya vazirligining Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori A’zam Madaminov bu savolga javob berarkan, O‘zbekiston qonunlaridan iqtibos keltirdi. Madaminovga ko‘ra¸ har bir vazirlikda davlat tilini joriy qilish uchun maslahatchi lavozimi ta’sis qilingan.

“Biz 21 - oktabr - Davlat tili haqidagi qonun qabul qilingan kun o‘zbek tili haqida tadbir o‘tkazib, qolgan payt buni esdan chiqarmaymiz”, - dedi mulozim.

Til bayrami

1988 - yil sentabrida Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi Milliy Universitet-tahr) va Nizomiy nomidagi Pedagogika instituti talabalari tashabbusi bilan Toshkentdagi Alisher Navoiy haykali oldida “Til bayrami” o‘tkazilgan edi.

Bu bayram o‘sha davr davlat matbuotida “millatchilikning salbiy ko‘rinishi” deya izohlangan.

Oradan 31 yil o‘tib, joriy yil aprelida prezident Shavkat Mirziyoyev 21 - oktabr O‘zbek tili bayrami sifatida nishonlanishi haqidagi qonunni imzoladi.

Tarixga “Gorbachev davri hurfikrligi” deya kirgan o‘tgan asrning 80- yillarida o‘zbek ziyolilari mitinglar o‘tkazib, o‘zbek tiliga davlat maqomi berilishini talab qilib chiqqan edi.

Bu talablar ortidan 1989 - yilning 21 - oktabrida «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi.

Qonunda O‘zbekiston Respublikasida yagona davlat tili sifatida o‘zbek tili tan olinishi belgilab qo‘yilgan.

Mazkur qonun 1995 - yil 21 - dekabrda O‘zbekiston Oliy Majlisining qarori va prezident farmoni bilan yangi tahrirda qabul qilingan.

XS
SM
MD
LG