Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2020, Тошкент вақти: 04:51

Prezident qarori bajarilmadi - fermer g‘allani erkin narxda sotolmaydi


O‘zbekistonlik fermerlar yetishtirgan bug‘doyini davlat bozor narxidan qariyb ikki baravar arzon nraxda sotib olishini aytadilar.

O‘zbekistonlik fermerlar bilan donni qayta ishlash korxonalarining kelgusi yil g‘alla hosiliga shartnoma qilish jarayoni poyoniga yetdi.

Fermerlar bilan shartnoma qilinganda 2021 - yil hosilidan boshlab davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan to‘liq voz kechilishi haqidagi prezident qarori inobatga olinmadi.

Ozodlik surishtiruvi natijasida fermerlar bilan eski narxda yoki g‘alla narxi ko‘rsatilmagan shartnomalarga majburan qo‘l qo‘ydirib olingani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, 2020 - yil hosilida rejadagi bug‘doyning 25 foizini fermerdan erkin narxda sotib olish haqidagi prezident qarori ham bajarilmadi, fermerlar g‘allasi 100 foiz bozordagidan ikki baravar arzon narxda sotib olindi.

“O‘zdonmahsulot” AJ mulozimining aytishicha, prezident qarorining bajarilmasligiga mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat va pandemiya sabab bo‘lgan.

Shartnoma majburan imzolatildi

Qashqadaryo viloyat, Koson don mahsulotlarini qayta ishlash korxonasi fermerlar bilan 2021 - yil hosili uchun har bir kilogramm bug‘doyga 1625 so‘mdan shartnoma tuzdi.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, prezidentning yanagi yil hosilidan boshlab davlat xarid narxlari bo‘lmasligi haqidagi farmoni ochiqchasiga boykot qilingan:

Xursandligimizdan do‘ppini osmonga otgan edik, lekin quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi

“Bizga, har yilgidek shartnomani ko‘r-ko‘rona onlayn imzolatishga majbur qilishdi. Shartnoma imzolamagan fermer yeri olib qo‘yilishi bilan tahdid qilindi. Prezidentimiz shu yil 6 -martda yanagi yildan boshlab, fermerlar g‘allasini erkin narxda sotadi deb farmon chiqarganda xursandligimizdan do‘ppimizni osmonga otgan edik. Lekin quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Prezidentning farmonini chaqachalik qadri qolmadi”.

Kosonlik fermerning 2021 - yil bug‘doy hosili uchun tuzgan shartnomasida narx 1625so‘m deb yozilgan.
Kosonlik fermerning 2021 - yil bug‘doy hosili uchun tuzgan shartnomasida narx 1625so‘m deb yozilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 - yil 3 - martda imzolagan “G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida:

“2021 - yil hosilidan boshlab:

davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan to‘liq voz kechiladi;

davlat xaridi to‘liq bekor qilinadi hamda fermerlar va boshqa korxonalar tomonidan yetishtiriladigan g‘alla barcha iste’molchilarga, shu jumladan, donni qayta ishlovchi korxonalar, g‘allachilik klasterlari va treyderlarga birja savdolari orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar (fyuchers, forvard va boshqalar) asosida erkin narxlarda sotiladi”, deyilgan.

Prezidentning bu qarori amalga oshmay qolayotgani haqida buxorolik fermer Shuhrat Razzoqov bunday deydi:

“Bizning Jondor tumanida ham barcha fermerlar bug‘doy narxi yozilmagan shartnomaga imzo qo‘yib, muhr bosib bo‘ldi. Meni oldimga kelishdi, siz ham imzolang, deb. Men ularga o‘z shartimni qo‘ydim. Ularga davlat xarid narxi yanagi yildan bekor bo‘ldi, men prezident farmonida ko‘rsatilganday erkin narxda shartnoma imzolayman, dedim. Uch-to‘rt kun ko‘nmay yurishdi. Tumanda bir o‘zim qolganimdan keyin majbur rozi bo‘lishdi. Bug‘doy narxi degan joyiga bozor narxida deb yozib, shartnomani imzoladim”.

Fermer Shuhrat Razzoqovning bozor narxida deb imzolagan yagona shartnoma nusxasi
Fermer Shuhrat Razzoqovning bozor narxida deb imzolagan yagona shartnoma nusxasi

Shuhrat Razzoqovning aytishicha, shartnomada narx ko‘rsatilmagan bo‘sh katak don qabul qilish korxonalarining yanagi yil o‘zlari xohlagan narxni qo‘yish imkonini beradi:

“Bizda fermerlar o‘z haqqini talab qilishga qo‘rqadi. Chunki, haq talab qilgan fermerlar doim yerlari olib qo‘yilishi, ularga nisbatan turli xil bosimlar bo‘lishidan hayiqadi. Shuning uchun ham ular “och qornim tinch qulog‘im” maqoliga amal qilishni o‘zlariga ep ko‘radi”.

Ozodlik suhbatlashgan Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo, Toshkent viloyati fermerlari ham 2021 - yil g‘alla topshirish haqidagi shartnomada bug‘doy narxining erkin bo‘lishi ko‘rsatilmaganini aytdi.

Sirdaryo viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan biri ham narxsiz shartnoma qilishdan bu yil ham voz kechilmaganini aytdi:

“Biz gektari bilan sentnerini yozib berdik xolos, narxini esa o‘zlari keyin qo‘yib olishadi ekan. O‘zi har yili shunday, bu yil bug‘doyning narxini uni topshirganimizda bildik, ungacha hech kim bilmagan ham. Bu bizning ixtiyorimizdagi narsa emas. Ozgina boshingizni ko‘taring, prokuratura bitta ayb topadi-da, oborib tiqib tashlaydi. Dodingizni kimga aytasiz. Prezident tepada aytaveradi, bular o‘zlari xohlagan ishini qilaveradi. Karimov davridan buyon shunday bo‘lib kelyapti, hech narsa o‘zgarmadi, yomon bo‘lsa bo‘ldiyu yaxshi bo‘lmadi. Mana, bu yil prezidentimiz rejadagi bug‘doyning 25 foizini bozor narxida olamiz degan edi, bo‘ldimi shu? Yo‘q! Aksincha rejadan ortganini ham tumanga, viloyatga deb tortib oldi”.

Fermer tilga olgan 25 foiz nima edi? Maxfiy qaror prezident farmonini bekor qila oladimi?

O‘zbekiston prezidentining 6 - martdagi qarorida 2020 - yil hosilidan boshlab fermerlar davlatga topshiradigan bug‘doyining 25 foizini erkin narxda sotishi mumkin edi.

Ammo Ozodlik suhbatlashgan fermerlarning aytishicha, prezidentning qaroridagi bu band ham bajarilmagan.

Ismi sir qolishini so‘ragan farg‘onalik fermerlardan birining aytishicha, g‘alla rejasini bajarib bo‘lganidan so‘ng, u donni qayta ishlash korxonasidan topshirgan bug‘doyining 25 foiziga bozor narxida haq to‘lashni talab qilgan:

Prezidentimiz qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib qo‘yibdi-da, deb qaytib ketdim

"Akalar, mana prezidentning farmoni, 25 foizini bozor narxida to‘langlar deb telefonimdan ochib ko‘rsatdim. Aka, bundan xabarimiz bor, lekin bizga yuz foiz davlat narxidan olasan, degan buyruq kelgan. Sizlar 1500 so‘mdan olyapsizlar, bozorda 2500-3000 so‘m, qani adolat desam tepani ko‘rsatishdi. Ha, prezidentimiz qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib qo‘yibdi-da, deb qaytib ketdim”

Ozodlik buxorolik fermerlar topshirgan g‘allaning 25 foiziga ham davlat narxida haq to‘langani haqida joriy yilning 7 - iyul kuni xabar bergan edi.

O‘shanda “Qorako‘ldon” AJning bosh hisobchisi Latif Vafoyev Ozodlik bilan suhbatda fermerlarning g‘allasi 100 foiz davlat narxida sotib olinishiga Vazirlar Mahkamasining 15 - iyundagi 378-sonli qarori asos bo‘lganini aytgan edi:

- To‘g‘ri, oldin prezidentning 75/25 haqidagi qarori chiqdi, keyin Vazirlar Mahkamasining qarori chiqib o‘zgardi-da ,100 foiz bo‘ldi. 75/25 o‘z kuchini yo‘qotadi degan joyi bor.

Ammo, Ozodlik Lex.uz saytida 15 - iyunda e’lon qilingan Vazirlar Mahkamasining “2020 - yil hosili uchun ekilgan boshoqli don hosilini o‘z vaqtida va sifatli o‘rib-yig‘ib olishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 378-sonli qarorini sinchiklab o‘qir ekan, 2 -band bilan 4 - band o‘rtasidagi 3 - band yo‘qligini aniqladi.

Lex.uz saytidan skrinshot
Lex.uz saytidan skrinshot

Ozodlik donni qayta ishlash korxonalaridan biriga yuborilgan bu qarorning aslini topishga muvaffaq bo‘ldi. Bu qaror nusxasida 3-band “Maxfiy” deb nomlangan va unga hech narsa yozilmagan.

lex.uz qaror
lex.uz qaror

Fermerlar va jamoatchilikdan yashirilgan bu bandda prezident Shavkat Mirziyoevning 6-martda imzolagan “G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bekor qilinganini taxmin qilish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu qarorining birinchi bandi(2019 - yilgi bug‘doy hosilining 25 foizini erkin narxda sotish -tahr) amalda ishlamadi va ikkinchi bandining(2021 - yil hosilini erkin narxda fermerdan sotib olish – tahr.) kelgusi yilda ham joriy qilinmasligiga erkin narx ko‘rsatilmasdan imzolangan shartnomalar misol bo‘la oladi.

“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik jamiyatining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, prezident qarorlarining bajarilmay qolganiga mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat va pandemiya sabab bo‘lganini aytadi:

25 foizni ham davlat narxida sotish fermerlardan hukumatimizga bir yordam bo‘ldi

“To‘g‘ri, fermerlar bug‘doyining 25 foizini erkin narxda sotib olish haqida prezidentning qarori chiqqan. Lekin vaziyatni ko‘rib turibsiz, pandemiya sabab iqtisodimiz ancha cho‘kib qoldi. 25 foizni ham davlat narxida sotish fermerlardan hukumatimizga bir yordam bo‘ldi. Kelgusi yil imzolangan shartnomalarga kelsak, xarid o‘sha paytdagi bozorda shakllangan narxlarda bo‘ladi”.

Ozodlik o‘zbekistonlik fermerlarning davlatga topshirgan g‘allasi pulini ololmayotganini yoritgan.

Ozodlik maqolalaridan keyin Buxoro tumanining Jondor fermerlariga hosil puli to‘lab berilgandi.

O‘zbekistonda 2020 - yilda 1 million 263 ming gektarda boshoqli don yetishtirildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, respublikada jami 10 mln tonna bug‘doy talabi mavjud bo‘lib, shundan 3,23 mln tonna aholi iste’moli uchun, 6,8 mln tonna chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va spirt sanoati uchun sarflanadi.

XS
SM
MD
LG