Линклар

Шошилинч хабар
21 октябр 2020, Тошкент вақти: 04:05

Qur’oni Karim ma’nolarini o‘zbek tiliga o‘girgan shayx Alouddin Mansur vafot etdi


Muslim.uz

Markaziy Osiyodagi taniqli islom olimlaridan, Qur’oni Karim ma’nolarini o‘zbek tiliga o‘girgan shayx Alouddin Mansur 13 - oktabr kuni 68 yoshida vafot etdi.

Toshkentda olamdan o‘tgan ulamoning vafotiga nima sabab bo‘lgani ma’lum emas.

Alouddin Mansur 1952 - yilning 1 - mayida qorasuvlik dindor savdogar Xolmansur Rustamboy o‘g‘li xonadonida tavallud topgan.

Shogirdlariga ko‘ra, 7-8 yoshlaridan Islom asoslarini o‘rganishni boshlagan Alouddin Mansur Markaziy Osiyoning turli shaharlarida yashagan va o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan ulamolaridan tahsil olgan.

Alouddin Mansur Qur’on va hadis ilmi bilan bir qatorda tafsir, fiqh, tarix, fasoha va balog‘ani, sarfu nahvni (arab tili grammatikasi) hamda Islom adabiyotining bilimdoni sifatida bilinadi.

Alouddin Mansur nomi o‘zbek o‘quvchilari va keng jamoatchiligiga Qur’oni Karim ma’nolarining zamonaviy o‘zbek tilidagi ilk tarjimasi asnosida tanildi.

"Sharq yulduzi" jurnalining 1991-1992 - yil sonlarida uzluksiz bosilgan tarjima keyinchalik "Cho‘lpon" va G‘afur G‘ulom nashriyotlarida millionlab nusxada chop etildi.

Qirg‘izistonlik ulamo O‘zbekistondagi diniy doiralar bilan birga, adabiy davralarning ham faol a’zosi bo‘lgani ma’lum.

O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol Alouddin Mansur uning o‘zi bundan 7 yil avval amalga oshirgan va hanuz chop etilishiga rasmiy ruxsat berilmagan Qur’oni Karim ma’nolarining nazmiy tarjimasiga yuqori baho berganini aytgan.

Shayx Alouddin Mansur milliy va diniy uyg‘onish davri sifatida eslanadigan 1990 - yillarda Muhammad Solih, Shavkat Rahmon, Xurshid Davron, Murod Muhammad Do‘st, Emin Usmon, Erkin A’zam, Miraziz A’zam, Ahmad A’zam, Ibrohim Haqqul va boshqalardan tashkil topgan ijodiy davraning peshqadamlaridan biri bo‘lgani aytiladi.

Qur’oni Karim ma’nolarining aynan Alouddin Mansur tomonidan amalga oshirilgan tarjimasi dunyo yuzini ko‘rishida o‘sha yillarda faol bo‘lgan Yozuvchilar uyushmasi, ijodiy intelligensiyaning hissasi katta bo‘lgani ham qayd etiladi.

Alouddin Mansurning G‘azzoliyning "Ihyoul-ulumid-din" va Shubroviyning "Unvonul-bayon" asaridan qilgan tarjimalari muxlislari va kitobxonlar orasida mashhur.

1994 - yilda qurilgan Qorasuv shahridagi "Imom Buxoriy" jome’ masjidi xalq tilida “Alouddin Mansur masjidi” nomi bilan tanilgan. Mazkur jome’dagi ilm majlislarida olim tomonidan dastavval "Sahihi Buxoriy" hadislar to‘plami to‘la sharh etilgan, so‘ngra 15 yil mobaynida “Qur’oni karim” tafsiri yetkazilgan.

Alouddin Mansur 2000 - yili Qorasuvda tashkil etilgan "Muqaddas Qur’onni o‘rganish ilmiy markazi"ning mudiri ham bo‘lgan.

1998 - yilda shayx Alouddin Mansurning "Imomi A’zam - buyuk imomimiz" kitobi dunyo yuzini ko‘rgan, keyinchalik bu kitob qirg‘iz va rus tillariga tarjima qilingan.

1999 - yilda uning tashabbusi bilan "Qur’oni Karim" ma’nolari qirg‘iz tiliga tarjima qilinib, chop etilgan.

Ulamo "Qur’oni Karim" ma’nolarining turkman, qozoq, uyg‘ur va rus tilidagi tarjimalariga ham bosh-qosh bo‘lgan.

2000 - yil mayida Alouddin Mansurga Qirg‘izistonda "faxriy professor" unvoni berilgan.

O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi shayx Alouddin Mansurning vafoti munosabati bilan ta’ziya e’lon qildi.

Ta’ziyada "Shayx Alouddin Mansur hazratlari Qur’oni karim ma’nolarining o‘zbekcha izohli tarjimasini tayyorlashdek ulkan vazifani sharaf bilan ado etgan edilar", deyiladi.

Yaqinlarining Ozodlikka tasdiqlashicha, Alouddin Mansurning janozasi 14 oktabr kuni bomdod namozidan keyin Toshkentning Ko‘kcha masjidida o‘qiladi.

XS
SM
MD
LG