Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:10

"Sardoba City shousi"– boshpanasiz sardobaliklarga topshirilmagan uylar prezidentga "topshirildi"


Shavkat Mirziyoyev Sardoba falokati oqibatida uysiz qolgan tibbiyotchiga berilgan yangi kvartiraga bordi
Shavkat Mirziyoyev Sardoba falokati oqibatida uysiz qolgan tibbiyotchiga berilgan yangi kvartiraga bordi

13 - oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi ortidan vayron bo‘lgan hududlarga bordi.

Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi oqibatida 2 ming 211 ta xonadon yaroqsiz va 2 ming 499 tasi ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi. Davlatimiz rahbari o‘shanda bu ahvolni ko‘rib, vayron bo‘lgan mahallalarni nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki undan-da yaxshi qilish, hammaning havasi keladigan maskanga aylantirishga va’da bergan edi”¸ deb yozdi bu safar haqida prezident matbuot xizmati.

Rasmiy va mahalliy nashrlarga ko‘ra¸ 13 - oktabr kuni prezident Sardoba tufayli mol-mulkidan ajraganlarga yangi va zamonaviy uylarni topshirish orqali o‘z va’dasi bajarilganini namoyish qilgan.

Ayni paytda Ozodlikka bog‘langan sardobalik jabrdiydalar ko‘pchilikning hamon kollejlar yoki ijara uylarda yashab yurgani¸ mahalliy telekanallarda yangi uyiga prezident mehmon bo‘lgani ko‘rsatilgan lavhaning navbatdagi "shou" ekanini aytishdi.

Suv toshqini yuvib ketgan uylari uchun tovon puli ololmay¸ Vazirlar Mahkamasi oldiga norozilikka borgan sardobaliklar esa¸ prezident safari oldidan qattiq bosimga olingan va qo‘rqitilgan.

Prezident uchun yana bir "shou"

13 - oktabr kuni Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo safari haqida xabar bergan prezident matbuot xizmatiga ko‘ra¸ xalq vakillari bilan uchrashgan prezident:

-Sovuq kunlarga qoldirmasdan, oilalarni uy bilan ta’minlashga erishdik. Eng katta masala - odamlarning ko‘nglidagi g‘ashlik ketdi, ular rozi bo‘ldi, - degan.

Ayni paytda 14 - oktabr kuni Ozodlikka bog‘langan sirdaryoliklar Shavkat Mirziyoyevning Sardoba suv ombori tufayli uysiz qolgan xalqqa va’da qilingan uylarni topshirish marosimi har doimgidek "shou" bo‘lganini aytishdi.

Prezident kelishiga har doimgidek viloyat hokimi juda puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Ko‘chib kirishga tayyor bo‘lmagan uylardan ikkitasini bezatishdi. Prezident ana shu maxsus yasatilgan domga kirdi. Uy 1989 - yilda tug‘ilgan Baxtiyor degan medbratniki. Prezident uni Tibbiyot akademiyasiga kirg‘azinglar¸ deb buyruq ham beribdi. Aslida, sentabrda bitadi¸ deyilgan uylar umuman tayyor emas. Xalq qiyin ahvolda chayla, kollej va o‘zi pul to‘lab kvartiralarda kun kechirmoqda. 40 million so‘mni ham xalqqa to‘liq bermadi¸ rosa o‘g‘riliklar bo‘ldi”¸ - dedi prezident borgan mahallalardan birining yashovchisi.

Rasmiy xabarga ko‘ra¸ suv omboridagi texnogen falokat ortidan jabr ko‘rganlarni qishgacha boshpana bilan ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyatining uch tumanidagi 50 gektar maydonda 86 ta 5 qavatli uy-joy qurib bitkazilgan.

“Xususan, Sardoba tumani “Do‘stlik” mahallasida 37 ta, Mirzaobod tumani “Haqiqat” mahallasida 40 ta hamda “Navbahor” mahallasida 9 ta uy-joy qurildi. Ularda jami 2 ming 640 xonadon bor”¸ deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Bu qurilishlarga bevosita aloqador mahalliy mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ bu uylar odamlar ko‘chib kirib yashashi uchun hali tayyor emas.

Uylar tashqarisiga granit¸ kafellar qo‘yib¸ fasadini tugatishdi prezident kelishiga. Prezident kirgan podyezdlarni rosa bezatishdi. Lekin qolgan domlarning ichkarisi hali tayyor emas¸ ko‘pchiligida ichki jihozlash boryapti. Mana endi qaysi kvartirani kimga berish masalasi hal bo‘lyapti¸ ro‘yxat qilinyapti. Lekin odamlar bu uylarga qachon kirishi hali aniqmas”¸ - deb aytdi mahalliy mulozim.

Qurib bitkazilgan uylarga hali odam ko‘chib kirmagani suratlardan ham ko‘rinadi
Qurib bitkazilgan uylarga hali odam ko‘chib kirmagani suratlardan ham ko‘rinadi

“Prezident kirgan uydagi mebellar Toshkentdan keldi...”

Prezidentning Sardobaga qilgan safariga tayyorgarlik jarayonidan bevosita xabardor quruvchilardan biriga ko‘ra¸ Mirziyoyev mehmon bo‘lgan kvartiradagi mebellar Toshkentdan maxsus olib kelingan.

Uylar tor¸ ayniqsa¸ zal deyilgan xonasi koridorga o‘xshab juda tor. Shu uylarni qanday shinam qilib ko‘rsatish uchun maxsus Toshkentdan kelgan usta va dizaynerlar ishladi. Shou rum¸ deyishdi. Prezident gaplashgan yosh oilaga bu mebellar qolgan-qolmaganini aniq bilmayman. Eshitishimcha¸ prezident ketishi bilan¸ mebellar¸ parda va suratlarni ham yechib olishgan”¸ - dedi sardobalik quruvchilardan biri.

Yangi qurilgan uylardagi 3 xonalik kvartiraning zali
Yangi qurilgan uylardagi 3 xonalik kvartiraning zali

Ozodlik prezident mehmon bo‘lgan yangi kvartira egalari bilan bevosita bog‘lana olmagani bois bu uyning davlat telekanalida ko‘rsatilgan mebel va jihozlar bilan berilgan-berilmaganiga aniqlik kirita olmadi.

Ozodlik gaplashgan mahalliy mulozim rasmiy lavhani ko‘rgan sardobaliklarni bizga ham shunday yasatilgan uylar berilar ekan¸ degan "noto‘g‘ri xayolga bormaslik"ka chaqirdi.

Oddiy xalqqa bitta gaz plita va rakovina qo‘yilgan oshxona¸ shuningdek¸ vanna va tualeti bor kvartira topshiriladi. Qo‘yilgan eshik-deraza va gaz plitalar Akfa/Artelniki. Bu hududda gaz bo‘lmagan¸ 5 qavatli uyga yetadigan bosimda gaz bo‘ladimi¸ yo‘qmi¸ buni hozircha hech kim bilmaydi. Uylarga gaz¸ svet va suv beriladi¸ deyilyapti. Lekin ta’minoti qanaqa bo‘lishi hali noma’lum”.

Norozilar o‘z uyida qamab qo‘yildi

Prezidentning Sirdaryoga safari arafasida suv toshqini vayron qilgan hovli-joyi uchun tegishli pul va uy berilmagan bir guruh sarbodaliklar Toshkentga yurish qilgan edi.

Bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashishni talab qilib, bir necha kun Vazirlar Mahkamasi oldida tunagan bu norozilarni kuch ishlatar tizimlari o‘tgan hafta majburan uylariga qaytargan.

Bu norozilik qatnashchilari¸ ular yaqinlarining Ozodlikka aytishicha¸ prezident safari arafasida "qattiq qo‘rqituv va bosimga olingan".

Kecha Toshkentga borganlarning har birining uyiga 4-5 tadan melisa qo‘yildi¸ mahalla boshiga 50 tacha IIB va Milliy gvardiya xodimlari qo‘yildi. Ularga uydan chiqmaslik¸ Ozodlik bilan gaplashmaslik aytildi. Aks holda qamoq bilan tahdid qilindi. Toshkentga borganlar Aripov bilan uchrashishni talab qilib turgan bir paytda¸ ular ichidagilardan bittasining o‘g‘liga Guliston bozorida maxsus provokatsiya uyushtirib¸ 7 sutkaga qamab qo‘yishdi. Bu qolganlarga ibrat bo‘lsin¸ keyingi safar ayab o‘tirmaymiz¸ deyishdi. Bu ishning tepasida viloyat hokimi va IIB boshlig‘i turibdi¸ deyishdi”¸ - dedi Toshkentga borgan sarbodaliklarga yaqin manba.

Toshkentga yurish qilgan sardobaliklar 14 - oktabr kuni Ozodlikka o‘zlarining katta bosim ostida yashayotganliklari va gapirishga qo‘rqayotganliklarini aytishgan.

Juda ko‘p nohaqliklar bo‘ldi. Biz prezidentimizdan katta umid qilgan edik. Lekin har doimgidek oldindan tayyorlangan¸ nima deyishi yodlatilgan odamlar bilan gaplashdi¸ oddiy xalq qop ketdi. Har birimizning turar joyimiz eshigi tagiga qo‘riqchilar qo‘yib tashlashdi. Bu nohaqlik qachongacha davom etadi¸bilmay qoldik”¸ - dedi Ozodlik bilan gaplashgan sardobalik yurish qatnashchilaridan biri.

Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi ortidan uysiz qolganlarga 66 ta 5 qavatli uy qurish uchun davlat byudjetidan qariyb 1 trillion so‘m ajratilgan.

Bu qurilish ijrosi Toshkent shahar hokimi¸ Akfa/Artel korporatsiyasi egasi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashli shirkatlarga berilgan.

Suv toshqinidan jabr ko‘rgan oilalarning har biriga Akfa/Artel elektronika jihozlarini sotib olish uchun davlat hisobidan 10 million so‘mlik vaucherlar ham tarqatilgan.

Shu yilning 1 may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi oqibatida rasmiylarga ko‘ra¸Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi 2 570 ta uy-hovli va 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan¸ 1781 hovli hamda 52 ta ko‘p qavatli turar-joy binolariga shikast yetgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi joriy yilning 27 - iyulida texnogen falokat yuzasidan tergovning dastlabki xulosalarini e’lon qilgan.

Unda to‘g‘onning o‘pirilishiga uch asosiy omil sabab bo‘lgani haqidagi faraz o‘rganilayotgani aytiladi.

Bular - loyiha hujjatlari, qurilish va ekspluatatsiyadagi xato va kamchiliklar.

Mahalliy matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda tergovning qanchalik xolis va shaffofligi savol ostiga olingan.

XS
SM
MD
LG