Линклар

Шошилинч хабар
02 декабр 2020, Тошкент вақти: 05:53

HRW: Rossiya Idlibda insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan bo‘lishi mumkin


Idlib. 26 - may, 2019

Human Rights Watch (HRW) inson huquqlari tashkiloti isyonchilar nazoratidagi hududlarni qaytarib olishga urinayotgan Bashar Asad hamda uning ittifoqchisi Rossiyani millionlab odam hayotiga “hissizlarcha mensimay qarashda” aybladi.

Tashkilotning 15 - oktabr kuni e’lon qilingan hisobotida Idlib viloyatidagi tinch aholi yashayotgan hududlarda havodan va yerdan berilgan zarbalar harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlar bilan tenglashtirilishi mumkinligi aytiladi.

«Idlibda hayotni nishonga olish: Suriya va Rossiyaning fuqaroviy infratuzilmaga zarbalari» deb nomlangan hisobotda «hech qanday harbiy obyekt bo‘lmagan aholi mavzelaridagi fuqaroviy infratuzilmani Suriya-Rossiya ittifoqi qayta-qayta nishonga olgani mazkur noqonuniy hujumlar qasddan amalga oshirilganini ko‘rsatadi», deyiladi.

Unda aytilishicha, 2019 - yilning aprelidan joriy yilning martigacha bo‘lgan 11 oy vaqt davomida kasalxona, maktab va bozorlarga berilgan o‘nlab havo va yer zarbalari yuzlab tinch fuqarolar hayotiga zomin bo‘lgan.

2015 - yilda Rossiya Suriya hukumati armiyasini qo‘llay boshlaganidan keyin, prezident Bashar Asad kuchlari mamlakatning yirik hududi ustidan nazoratni tiklashga muvaffaq bo‘ldi.

Suriya hukumati «Al-Qoida» ekstremistik tashkilotining Suriyadagi sobiq hamkori hisoblanuvchi «Tahrir ash-Shom» guruhi nazoratidagi Idlib viloyati ustidan nazoratni qayta qo‘lga kiritishga ahd qilgan.

Guruh AQSh, BMT va Rossiya tomonidan terrorchi tashkilot, deya e’lon qilingan.

Idlibda 3 millionga yaqin tinch aholi istiqomat qiladi. Ularning aksariyati avvalroq Suriyaning boshqa hududlaridan kelgan qochqinlar bo‘lib, hozirda lagerlarda yashamoqda.

2019 - yilning aprel oyida Suriya hukumati va Rossiya Idlib va uning atrofidagi hududlarni qaytarib olish uchun yirik harbiy amaliyot boshlagandi.

Hukumatni kuchlari viloyatning yarmini qayta qo‘lga kiritganidan keyin, 2020 - yil martida Rossiya va Turkiya vositachiligida tinchlik kelishuvi imzolandi.

HRW ga ko‘ra, Rossiya va Suriya hujumlari tufayli kamida 1000 nafar oddiy fuqaro nobud bo‘lgan, fuqaroviy infratuzilmalar vayron qilingan va taxminan 1,4 million odam qochib chiqishga majbur bo‘lgan.

Tashkilot yerdan va havodan berilgan 46 zarbani hujjatlashtirgan. Oddiy fuqarolar yashaydigan hududlar, xususan, maktab, shifoxona va bozorlarga kamida uch marta kasseta bombasi tashlangan. Bu hujumlarda kamida 212 nafar oddiy fuqaro nobud bo‘lgan, 560 nafar odam jarohat olgan.

HRW hisobotida hujumlarning aksari harbiy obyekt bo‘lmagan va jang maydonidan olisdagi hududlarni nishonga olgani aytiladi.

Zarbalar tufayli ko‘plab shahar va qishloqlar yashashga yaroqsiz holga kelgan. Qolaversa, Rossiya ham, Suriya ham oddiy fuqarolarga insonparvarlik yordami yetib borishiga to‘sqinlik qilgan.

Hisobotda ehtimoliy harbiy jinoyatlar uchun javobgar deb ko‘rilayotgan 10 nafar yuqori martabali mulozimlarning nomlari keltirildi. Bu shaxslar qonunbuzarliklar to‘g‘risida bilgan yoki bilishlari kerak bo‘lgan, ammo ularni to‘xtatib qolish yo-da aybdorlarni jazolash uchun hech qanday chora ko‘rmagan.

Ular orasida Asad hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, shuningdek, ikki mamlakatning yuqori lavozimli harbiy qo‘mondonlari bor.

BMT agentliklari ma’lumotlariga ko‘ra, Suriyada to‘qqiz yildan beri davom etayotgan shafqatsiz urush 400 mingdan ziyod odamning hayotiga zomin bo‘ldi.

6 milliondan ortiq odamni o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan, 5,5 million aholi qochqinga aylangan.

XS
SM
MD
LG