Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:35

BMT Belarus hukumatini namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlikni to‘xtatishga chaqirdi


Prezident Lukashenkoga qarshi yurish – Minsk, 25 -oktabr, 2020
Prezident Lukashenkoga qarshi yurish – Minsk, 25 -oktabr, 2020

BMTning Belarus bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Anais Marin hukumatni “o‘z xalqiga qarshi repressiyalarni to‘xtatish”ga chaqirdi.

Marinning chaqirig‘i Belarusda prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi o‘tgan so‘nggi norozilik namoyishlarida yana minglab odam qo‘lga olinishi ortidan yangramoqda.

Marin Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mita yig‘ilishida avgust va sentabr oylarida Belarusdagi norozilik namoyishlariga chiqqanlardan kamida 20 ming nafari politsiya tomonidan qo‘lga olinganini bildirdi. Unga ko‘ra, hibsga olingan yuzlab odam politsiya bo‘limlarida kaltaklangani, qiynoqlar va boshqa noinsoniy muomalaga tutilgani haqida so‘zlab bergan.

Marin Ichki ishlar vazirligidagi manbalar hamda nodavlat guruhlarga tayangan holda qo‘lga olinganlarning aksariyatiga qarshi ma’muriy ish ochilganini aytdi.

Marinning mazkur chaqirig‘ini qo‘mita yig‘ilishida ishtirok etgan, asosan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan 52 davlat vakillari qo‘llab-quvvatladi.

52 davlatning qo‘shma bayonotida Belarus hukumati tinch namoyishchilar, muxolifatchilar, jurnalistlar va huquq faollariga bosimlarni to‘xtatishga chaqirildi.

Belarusni 1994 - yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenkoga qarshi namoyishlar 9 - avgustda o‘tgan prezidentlik saylovi ortidan boshlanib ketgandi.

Muxolifat saylov natijalari soxtalashtirilgani, saylovda aslida muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya g‘alaba qozonganini aytib keladi.

26 - oktabrdan Belarus bo‘ylab Tixanovskaya chaqirig‘i bilan ommaviy ish tashlash aksiyasi boshlanib ketdi.

Ommaviy ish tashlashlarning ilk kuni Ozodlikka intervyu bergan Tixanovskaya ish tashlash «endigina boshlangani va yanada kuchayib borishini» aytdi.

«Men bugun kuch va jasorat topib, ish tashlashga chiqqan har bir belaruslik bilan faxrlanaman», - dedi u.

Tixanovskaya saylov ortidan oilasiga tahdidlar bois mamlakatni tark etgan va hozirda Litvada qolmoqda.

Ikki hafta muqaddam Tixanovskaya Lukashenkoga xalq ultimatumini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, Lukashenko 25 - oktabrgacha hokimiyatdan ketishi haqida e’lon qilishi kerak edi.

Lukashenko esa namoyishchilarga qarshi keskin chora ko‘rishda davom etdi. Shu sababdan Tixanovskaya umummilliy ish tashlashni boshlashga chaqirdi.

26 - oktabr kuni Minsk va boshqa shaharlarda politsiya 320 dan oshiq odamni qo‘lga oldi. Undan bir kun oldin yuzlab odam ushlangan, namoyishchilarni tarqatish uchun shovqinli granata va rezina o‘qlar ishga solingandi.

26 - oktabr kuni ayrim oliygohlarda talabalar darsga kelishdan bosh tortdi. Shuningdek, ko‘plab do‘kon va kafelar ishlamadi, qator yirik sanoat korxonalarida ishchilarning norozilik aksiyalari boshlandi.

Mamlakat hukumati bunga javoban ishchilarni qamash va ishdan haydash bilan tahdid qildi.

BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga qo‘shma bayonot yo‘llagan 52 davlat vakillari Belarus rasmiylarini muxolifat yetakchilari va fuqaro jamiyati bilan muloqot boshlashga chaqirdi.

XS
SM
MD
LG