Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 07:31

"Farg‘ona tong otguncha": Mirziyoyevga "moslashtirilgan" Haziniy sag‘anasi asl qiyofasini yo‘qotdi


Uchko‘prikdagi ta’mir qilingan Haziniy obidasi
Uchko‘prikdagi ta’mir qilingan Haziniy obidasi

Shoir va tasavvuf shayxi Haziniy Xo‘qandiy (asl ismi Ziyovuddinxon Kattaxoja o‘g‘li Haziniy to‘ra - 1867-1923)ning Farg‘onadagi chillaxonasi 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan ta’mirdan keyin, mutaxassislarga ko‘ra, asl holatini yo‘qotdi.

Asli o‘zbekistonlik rassom, Rossiya dizaynerlar jamiyati a’zosi Akmal Rizayevning Ozodlikka aytishicha, u Haziniynig Uchko‘prik tumani Katta Kenagas qishlog‘idagi uy-muzeyini borib ko‘rgach, “qayta tiklashda original obida unsurlari yo‘qotilgani"ga guvoh bo‘lgan.

Rassomning fikrini toshkentlik me’mor va munaqqid Abdumalik Turdiyev ham tasdiqlaydi.

Akmal Rizayevga ko‘ra¸ sovet davrida me’moriy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan chillaxona¸qabr— maqbara va uning atrofidagi obidalar ta’mir paytida "asliyatdagi qiyofasini yo‘qotgan".

Haziniy vasf qilgan vodiy
Haziniy vasf qilgan vodiy

O‘zbekiston madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti rahbarining o‘rinbosari Fazliddin Davletov 15 - oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Haziniy maqbarasi atrofidagi me’moriy obidalar “aslidan tiklash” shaklida ta’mir qilinganligini bildirdi.

Unga ko‘ra¸ Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi Haziniy qabri atrofidagi obidalarni ilmiy yondoshgan xolda¸ "imkon qadar asliyatga uyg‘un shaklda" ta’mir qilgan.

Toshkentlik me’mor va munaqqid Abdumalik Turdiyev tanishgan hujjatlarda Maqbara va uy-muzeyni kapital ta’mirlash hamda eksponatlar bilan boyitish uchun davlat byudjetidan 1 mlrd. 200 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan.

Rasmiy matbuotdagi xabarlarda ham xuddi shu raqam keltiriladi.

Ammo Turdiyevning aytishicha, rasmiy hujjatlarda bu mablag‘ yetmay qolgani va yana 600 mln so‘mlik ishlar bajarilgani aks etgan.

Haziniy ziyoratgohi manzaralari aks etgan fotogalereya bilan mana bu yerda tanishishingiz mumkin:

Me’mor va munaqqid ta’mir bo‘yicha Madaniy meros departamenti ilmiy kengashi bayonnomasi yo‘qligiga ham e’tibor qaratdi.

Obidani borib ko‘rgan Ozodlik mobil muxbiri Haziniy yotgan sag‘ana prezident Mirziyoyev tashrifiga mo‘ljallab, aniqrog‘i, uning boshqa o‘xshash ziyoratgohlardagi kabi o‘tirib, duo qilishi uchun joy ochish maqsadida kesib, kichraytirilganini aniqladi.

Farg‘ona tong otguncha

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti rahbari o‘rinbosari Fazliddin Davletovga ko‘ra¸ Haziniy uy-muzeyi O‘zbekiston prezidenti topshirig‘iga binoan ta’mirlanib, uning atrofida obodonchilik ishlari olib borilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 - yil iyun oyida Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida “Haziniy uy-muzeyini ta’mirlash” bo‘yicha topshiriq bergani haqida O‘zbekiston 24 telekanali xabar bergan edi.

Prezident Haziniy haqida gapira turib, "Mumtoz adabiyot vakillari haqida Farg‘ona tong otguncha gapirish mumkin", degan edi. ("Farg‘ona tong otguncha" - Haziniyning mashg‘ur g‘azali - tahr)

Ziyoratgoh kiraverishiga ham prezidentning ushbu so‘zlari yozib qo‘yilgan.

Oltiariq tumanida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayonining Ozodlik tanishgan 122-bandida “Katta Kenagas qishlog‘idagi Haziniy uy-muzeyini qonuniy asosda yo‘lga qo‘yish, shu yerda joylashgan Haziniy maqbarasini obodonlashtirish muhim vazifa” sifatida belgilangan.

Maqbara prezidentga moslashtirildi

Ozodlik mobil muxbiri 15 - oktabr kuni me’moriy obidani borib ko‘rdi va ta’mirni amalga oshirgan mahalliy ustalar bilan suhbatlashdi.

Mahalliy ustalardan birining so‘zlariga ko‘ra, "hammasi buzilib, boshqatdan qurilgan".

"Buzilib ketdi hamma narsa. Boshqatdan qurildi. Chillaxona buzib, qaytadan qurildi. Lekin o‘sha buzilgan chillaxonadan chiqqan "musulmon g‘ishtlar" (16-18-asrlar oralig‘ida masjid va madrasalar qurilishida ishlatilgan va keyinchalik "Nikolay g‘ishti"dan farqlash maqsadida xalq tilida qo‘llangan ibora -tahr.) ishlatildi. Maqbara ichidagi qabr toshi devorga juda yaqin turgan. Ichki devor bilan qabr sag‘anasi orasida bir qarich joy bor edi. Prezident keladi deyilganda¸kirib o‘tiradigan joy yo‘q ekan. Prezident kelishiga o‘sha xonani chiroyli qilib bezab, qabr sag‘anasini kesib, qisqartirishdi. Prezident kelsa, o‘tiradigan qilib moslashtirishdi. "

Haziniy ziyoratgohi kirishidagi yangi tiklangan darvoza chetidagi marmar lavhaga Shavkat Mirziyoyev so‘zlaridan iqtibos bitilgan.

Ammo tayyorgarliklarga qaramasdan, prezident ziyoratgohga bormagan.

Ilmiy kengashdan beruxsat “Yevroremont”qilingan

Ushbu ta’mir jaraënida bevosita qatnashgan Madaniy meros departamenti mulozimi Ozodlikka ba’zi tafsilotlarni aytib berdi.

Ismi oshkor etilishini istamagan mulozimga ko‘ra, ta’mir paytida viloyatning o‘sha paytdagi hokimi Shuhrat G‘aniyev me’moriy obidani, uning ta’biricha, "o‘z didiga moslab yevroremont qildirgan" va departament xodimlari e’tiroziga quloq solmagan.

“Haziniy uy-muzeyi, chillaxonasi Farg‘ona hokimi tomonidan o‘zboshimchalik bilan, Madaniyat vazirligi qoshidagi Ilmiy–ekspert kengashi qarorisiz ta’mirlatildi. Ayniqsa, chillaxona o‘ta bachkana tarzda ta’mirlandi. Ma’lumki, chillaxona fors tilida – qirq kun toat-ibodat qilish joyini anglatadi. Chillaxonadagi ibodatdan chalg‘itmaslik uchun bu maskan har qanday tasvir va naqshlardan xoli bo‘lmog‘i darkor. Bu yerda so‘fiy allomalar chilla, ro‘za saqlab, ibodat va duo bilan mashg‘ul bo‘lganlar, yanada poklanib, yangi darajalarga yetganlar. Haziniy so‘fiy shoir, alloma. Uning chillaxonasi O‘rta Osiyo va umuman, Islom olamidagi boshqa chillaxonalar kabi hech qanday bezaksiz, oddiy ko‘rinishdagi yer osti xonasidan iborat bo‘lgan. Hokim esa, uni o‘zining saviyasida gullar, naqshlar tushirib, ta’mirlattirdi. Obyekt atrofiga militsiya qo‘yib, Madaniyat vazirligi vakillarini yaqinlashtirmadi. E’tiroz bildirgan mutaxassislarni qamatish bilan qo‘rqitdi. Aslida, madaniy meros obyektiga nisbatan vandalizmni sodir qildi. Ya’ni qadimiy binoni asliyatidan mosuvo qildi. Ta’mirga oid tegishli loyiha bo‘lmagan. Madaniyat vazirligi tegishli ruxsatni bermagan. Oqibatda, obidaning tarixiy ahamiyatiga putur yetdi.”

Rasmiy munosabat

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti rahbarining o‘rinbosari Fazliddin Davletov esa, ta’mir natijasidan "qoniqqanligi"ni aytadi.

“Albatta, kamchiliklar bo‘lgan. Hammada ham kamchilik bor. Lekin mana uyingiz yiqilsa, qarab turmaysiz-ku. Darrov tiklaysiz. Tom yopasiz. Haziniy muzeyi tashlandiq joy, xaroba qabriston edi. "Asliga uyg‘un" degan uslubda qayta tiklandi. Italiya¸Gretsiyada obidalarni vayrona shaklida konservatsiya qilinadi, deyapsiz. To‘g‘ri, lekin ularniki toshdan bo‘lgan. Bizniki kesak va loydan. Tiklamasa, obidadan judo bo‘lamiz. Haziniy me’moriy obidasi imkon qadar asliga yaqin shaklda tiklandi”, - deya ta’kidlaydi mulozim.

"Agar o‘lsa, ani holig‘a go‘r ichra kafan yig‘lar..."

Asli nomi Ziyovuddinxon Kattaxoja o‘g‘li Haziniy to‘ra bo‘lgan shoir Haziniy Qo‘qondagi Jome’ madrasada tahsil olgan.

Tasavvufshunos olim Najmiddin Komilovning yozishicha, Haziniy tasavvuf ta’limoti bilan izchil shug‘ullanib, 30 yoshida murshididan irshod (tariqat rahnamoligiga izn) olgan.

«Haziniy to‘ra» va «Eshonbuva» nomlari bilan mashhur bo‘lgan shoir davrining yetuk qodiriya tariqati shayxi sifatida e’tirof etiladi.

Haziniy she’rlari 1910—15 - yillarda Toshkentning Orifjonov, Porsev va Laxtin matbaalarida «Bayozi Haziniy» nomi bilan nashr etilgan.

«Bayozi Haziniy»ning toshbosma nusxalari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Sovet davrida Haziniy nomida jamoa xo‘jaligi, bog‘, maktab, kutubxonalar mavjud edi.

Haziniy nomini abadiylashtirish maqsadida 1995 - yilda u yashab ijod qilgan Katta Kenagas qishlog‘ida muzey tashkil etilgan.

Hozirda Kanadada yashayotgan adabiyotshunos olim Abduvohid Hayitning Ozodlikka aytishicha¸“Haziniy, bu - Ogahiy va Mashrabga uyg‘un ohanglarda ravon misralar yozgan tasavvuf kuychisidir”.

"Tasavvufsiz biror bir mumtoz o‘zbek adabiyoti vakilini tasavvur qilish qiyin. Haziniy tasavvuf ilmining chuqur bilimdoni, ana shu azaliy haqiqatlarni nafaqat bilgan, balki ularni yashagan mutassavvuf shoir bo‘lganligi uchun uning she’rlari o‘ta samimiy. Mashrab, Ogahiy she’rlariday ravon o‘qiladi. Shuning uchun Haziniyning sodda va badiiy yetuk, ayni paytda chuqur falsafiy she’rlari sevib o‘qilgan, ularga kuylar bastalangan", - deydi adabiyotshunos olim.

Abduvohid Hayitga ko‘ra¸Haziniyning mana bu bayti shoir o‘tgan tariqat va haqiqat yo‘lining muxtasar ifodasidir:

"Tiriklikda Haziniy, har kishi fikrini qilmabdur,

Agar o‘lsa, ani holig‘a go‘r ichra kafan yig‘lar..."

XS
SM
MD
LG