Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:28

OzodDayjest: Hukumat mulozimi amaldorlarning davlat tilini bilmasligini sharmandalik o‘laroq baholadi


O‘zbekistondagi davlat tiliga bag‘ishlangan stendlardan biri
O‘zbekistondagi davlat tiliga bag‘ishlangan stendlardan biri

Samarqandlik polvon vazni bir necha tonna bo‘lgan samolyotni tishida tortib, rekord o‘rnatdi. Mansabdorlarning davlat tilini bilmasligi sharmandalik deya baholandi. Rossiyalik bloger Andijondagi “samosud”dan keyin O‘zbekistonga borish fikridan voz kechdi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Hukumat departamenti rahbari: “Amaldorlarning o‘zbek tilini bilmasligi – sharmandalik!”

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev davlat tilini bilmaydigan va unda gapirmaydigan rahbarlar haqida fikr bildirdi (www.kun.uz, 8 - yanvar).

“Bu – sharmandalik, bu – uyat! Mayli, vazirlik yoki tashkilot rahbari Amerikada o‘qib kelgandir, Germaniya, Angliyada o‘qib kelgandir. Uning chet tillarini bilishi juda yaxshi, lekin O‘zbekistonda rahbar lavozimida ishlab, davlat tilini, ona tilini bilmaslik bu – sharmandalik”, degan u “Davlat tilida ish yuritish” qo‘llanmasining taqdimotida.

Qirg‘izboyevga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev BMT sessiyasida o‘zbekcha nutq so‘zlab, hammaga namuna bo‘ldi. Hozirgi rahbarlar esa mana shu ishdan xulosa qilishi kerak.

“Qaysi vazirlik va tashkilotlarda rahbar yoki rahbar o‘rinbosari davlat tilida ish yuritmas, yig‘inlarda davlat tilida gapirmas ekan, o‘sha joydagi davlat tili masalalari bo‘yicha rahbar o‘rinbosari ham ishlamayapti, uning ham bunda aybi bor”, degan u.

Departament mudiri hozirda shu masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga qaror loyihasi kiritilganini ma’lum qilgan. Loyihaga ko‘ra, har qanday kadr rahbarlikka ishga qo‘yilishidan avval davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha imtihondan o‘tadi. Qaror esa 1 - apreldan kuchga kirishi ko‘zda tutilgan.

Rossiyalik bloger Ilya Varlamov Andijondagi “samosud”dan keyin O‘zbekistonga borish fikridan qaytdi

Rossiyalik taniqli bloger Ilya Varlamov Andijonda sodir bo‘lgan “samosud”dan keyin O‘zbekistonga borish fikridan qaytdi. Bu haqda bir qator matbuot nashrlari I. Varlamovning Ugandaga bag‘ishlangan videoblogiga tayanib xabar berdi.

Andijon viloyatida yo‘l-transport qoidalarini buzgan haydovchilarni videoga olganlikda gumon qilingan erkak mashina yukxonasiga tiqilgan va “samosud” qilingan edi. Keyinroq ushbu huquqbuzarlikda ishtirok etgan besh kishi jarimaga tortilgan.

Bloger Varlamov koronavirusga bog‘liq vaziyat barqarorlashganidan so‘ng O‘zbekistonga borishni niyat qilgani, ammo endi qo‘rqayotganini ma’lum qilgan.

“Men qo‘rqyapman, Andijonda yukxonaga tiqishlarini istamagan bo‘lardim. To‘g‘risini aytganda, O‘zbekistonga borsam, yukxonaga tiqib, daraxtga bog‘lab qo‘yishlaridan biroz xavotirdaman”, deya kinoya qilgan I. Varlamov.

Shu bilan birga, bloger O‘zbekistonda yo‘l-harakati qoidasi buzilganini videoga olib yuborganlar uchun mukofot to‘lash tizimi joriy etilganini maqtagan.

Avvalroq I.Varlamov o‘z blogida 2010 - yilning aprelida Qozog‘istondan O‘zbekistonga chegaradan o‘tishdagi diqqatpazlik haqida hikoya qilgan edi.

Ginnes rekordlar kitobiga 29 marta kirgan samarqandlik polvon haqida ma’lumot berildi

Samarqand viloyati Paxtachi tumani Forish qishlog‘ida duradgor usta oilasida tug‘ilgan Faxriddin Axnazarov Ginnes rekordlar kitobiga 29 marta kirgan sanoqli polvonlardan biri sanaladi (“Hurriyat” gazetasi, 13 - yanvar).

F. Axnazarov bir necha tonna keladigan yo‘lovchi samolyot va harbiy yuk mashinalarini tishida torta oladi, kafti bilan taxtaga yuzlab mix qoqadi, tishida 150 kilogrammlik yukni bemalol ko‘taradi, 16 yo‘lovchisi bor avtomobilni hech bir qiyinchiliksiz ma’lum masofagacha qo‘li bilan tortib boradi.

Polvonning shou dasturlarida AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, mashhur kinoyulduz Arnold Shvartsnegger mehmon bo‘lgan.

Qayd etilishicha, “XX asr Gerakli” deb ataluvchi polvon o‘zbek mumtoz sport turini jahon sirk arenasiga olib chiqishga hissa qo‘shdi.

“Bu kabi muvaffaqiyatlar dong‘i dunyoga taralgan polvonni aslo havolantirmagan. U hamon o‘zini dunyo miqyosida tasavvurga sig‘mas natijalarga erishgan muzaffar inson emas, farzandlari uchun jonkuyar ota, rafiqasi uchun vafodor umr yo‘ldoshi, uni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onasining yuzini yerga qaratmagan qobil farzand deb biladi”, deb yozadi gazeta.

XS
SM
MD
LG