Линклар

Шошилинч хабар
02 март 2021, Тошкент вақти: 03:13

Rossiyada namoyish ishtirokchilari kuzatuv kameralari orqali aniqlanmoqda


Politsiya maxsus kuchlari Moskva ko‘chalarini namoyishchilardan qo‘riqlamoqda - Moskva, 7 - fevral, 2021

Moskvaning Saxarov tumanidagi maxsus hibsxonada qamoq muddatini o‘tayotganlarning hammasi ham 23 va 31 - yanvar kunlari ushlab keltirilgan namoyishchilar emas.

Ular orasida keyinroq qo‘lga olinganlari ham bo‘lishi mumkin. Chunki hukumat namoyish ishtirokchilarini yuzidan tanib olish tizimli kuzatuv kameralari orqali qidirib topmoqda. Ular sudga keltirilib, qamoq jazolariga mahkum etilmoqda.

“Turniketlardan o‘tib, eskalatordan pastga tushayotgan edim. Pastda 5-6 nafar politsiyachi turgan ekan, hibsga olindinglar, deyishdi. “Nima gap o‘zi?” deb so‘radim. “Jinoiy qidiruvdamisizlar, yo‘qmi, shuni tekshiramiz”, deb javob berishdi, — deydi kasbi tasvirchi bo‘lgan Georgiy Malets, 31 - yanvar kuni qanday hibsga olinganini eslarkan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yuzini kameralar qaydlarida ko‘rib qolishib, namoyish ishtirokchisi deya shubhalanishgan. “Ularga jurnalistman, dedim, tahririyat topshirig‘ini ko‘rsatdim. “Aniqlaymiz”, deyishdi”, — so‘zida davom etadi Malets.

Georgiyni Tver tumani politsiya mahkamasiga keltirishadi. U mahkamada Pushkin metro bekati kirishida qo‘lga olinganlarni ko‘rganini aytadi. Holbuki, o‘sha kuni maydonda namoyish bo‘lmagandi.

“Suhbatlariga quloq solarkanman, ulardan besh nafarini kameralar orqali ta’qib qilib, ushlashganidan voqif bo‘ldim. Ba’zilari 23 - yanvardagi mitingda qatnashgan, ba’zilari esa shunchaki, o‘sha atrofdan o‘tgan chog‘ida kameraga tushib qolgan, xolos”, — deydi tasvirchi.

Bugungi kunda Moskva markazidagi deyarli barcha chorrahalarda videokuzatuv kameralari mavjud. Norozilik chiqishlari arafasida kameralar soni yanada ko‘paytiriladi.

Aleksey Navalniy himoyasi uchun ikkinchi marta norozilik namoyishlari o‘tkazilgan 31 - yanvar kuni kuchishlatar tizim xodimlari butun Moskva bo‘ylab odamlarni “ovlashdi”. Chunonchi, “Moskva ishi”ning sobiq figuranti Sergey Abanichev “Timiryazevskaya” metro bekatida qo‘lga olingani haqida gapirib berdi. Siyosatshunos Yekaterina Shulmanning turmush o‘rtog‘ini ham metroda, “Baumanskoy” bekatida, pirovardida 10 sutkaga qamalgan jurnalist Kamil Galeyevni esa o‘z uyi yaqinida hibsga olishgan.

“Uni ko‘chadagi kuzatuv kameralari qaydlari asosida, miting ishtirokchisi deb qo‘lga olishdi. Kameralar sifatli tasvirga oladi. Ko‘cha suratlarini ma’lumotlar bazasi bilan solishtirib, o‘sha joyda bo‘lgan aniq bir odamni topish va uni qatag‘on qilish qulay. Ha, bu ishlar qatag‘ondan boshqa narsa emas”, — deydi Galeyevning advokati Mixail Biryukov.

O‘tgan yilning mart oyida Moskva ma’muriyati shahar bo‘yicha jami 178 mingta, ya’ni har kvadrat kilometrga qariyb 70 tadan tashqi kuzatuv kameralari o‘rnatilganini ochiqlagan edi. Advokatga ko‘ra, siloviklar ijtimoiy tarmoqlarga yuklangan foto va video tasvirlarni ham yuzdan tanib olish tizimi ma’lumotlar bazasiga kiritishib, mitingchilar shaxsini aniqlashda ulardan foydalanishmoqda.

“Aloqa raqami orqali foydalanuvchi to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar, hatto maxfiy va arxiv ma’lumotlari ham siloviklarga taqdim qilinadi. Ayniqsa “Vkontakte” foydalanuvchisini ular xuddi o‘z kaftlarida turgandek yaqqol ko‘rib turadilar”, — tushuntiradi Biryukov.

Bir paytlar aynan “Vkontakte” tarmog‘idagi avatarkalarni analiz qilish asosida Rossiyada ilk yuzdan tanib olish tizimi — FindFace yaratilgan edi. NtechLab shirkati ishlab chiqqan mazkur ilova algoritmi dunyoda eng yaxshisi hisoblangan. 2018 - yilda oddiy foydalanuvchilar ilovani qo‘llashdan mahrum etilib, shirkat uni faqat davlat organlari va biznes subyektlariga taklif qila boshlagan. NtechLab bosh direktori Aleksandr Minin 2019 - yil sentabrda bergan intervyusida shirkat Moskva shahri axborot texnologiyalari departamenti bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirayotganini, shuningdek, hududlarda ham faoliyat olib borayotganini ochiqlagan edi.

2019 - yilda siloviklar “Moskva ishi” figurantlarini yuzdan tanib olish tizimi yordamida topishgan. Xususan, Sergey Abanichevning namoyish chog‘ida Rosgvardiya askariga qog‘oz stakan otgani shu tarzda aniqlangandi.

“So‘nggi mitinglarning istalgan ishtirokchisini kameralar orqali aniqlash va ma’muriy javobgarlikka tortish mumkin, — ta’kidlaydi Biryukov. — Hozir shunaqa zamonki, har bir qadamimiz nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda, balki maxsus xizmatlarning arxivlarida ham “iz” qoldiryapti. Va bu arxivlar zarurat tug‘ilganda “ko‘tarilib”, ma’lumotlar sizni jinoiy jazoga tortish uchun qo‘llaniladi. Biz yashayotgan reallik mana shunaqa”.

XS
SM
MD
LG