Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2021, Тошкент вақти: 20:19

Rossiya: Mitishchida otishma va mushtlashuv. Yana migrantlarmi?


Ekspertlar migrantlarning ommaviy mushtlashuvi haqidagi xabarlarga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirmoqda.

Moskva viloyatining Mitishchi shahrida mehnat muhojirlari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda xabar bergan Moskva viloyat politsiyasi o‘qotar qurol ishlatilgan bu janjalda 40 ga yaqin muhojir qatnashgani, boshidan og‘ir yaralangan bir kishi shifoxonaga olib ketilganini xabar qildi.

Kuzatuvchilar oxirgi paytlarda mahalliy matbuotda mehnat migrantlari orasidagi mushtlashuvlar "ommaviy tus olayotganidan" xavotirlar kuchayib borayotganiga e’tibor qaratishadi.

Rus politsiyasi: Bizga qonunbuzar migrantlar kerakmas!

Rossiya ommaviy axborot vositalari va internet segmentida Mitishchi shahrida mehnat muhojirlari orasida "navbatdagi "ommaviy mushtlashuv va otishma sodir bo‘lgani xabari tarqatildi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva viloyati Bosh boshqarmasi matbuot xizmati Ozodlik so‘roviga jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi.

- Politsiyaga Mitishchi shahrining Pogranichnaya ko‘chasida janjal ko‘tarilishi mumkinligi haqida xabar kelib tushdi. Politsiya xodimlari darhol voqea joyiga borishdi, ammo u yerda hech kim topilmadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, janjal bir guruh erkaklar o‘rtasida chiqqan. Mazkur holat yuzasidan IIV Tergov boshqarmasi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 213-moddasi ("Bezorilik") bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi”, - deya xabar qildi navbatchi ofitser.

Ommaviy janjal haqidagi ma’lumotni Ozodlik manbasi ham tasdiqladi. Unga ko‘ra, Pogranichnaya ko‘chasidagi to‘qnashuvda 40 ga yaqin odam, asosan Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar qatnashgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, jang paytida o‘q ovozlari eshitilgan.

Ichki ishlar vazirligi dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, politsiya mojaroda jarohat olgan va unda ishtirok etgan xorijliklarni, hodisa guvohlarini qidirmoqda.

“Mitishchinskoye” shahar politsiya bo‘limining ismini ochiqlamaslikni so‘ragan xodimi Ozodlikka mushtlashuv o‘zbek va qirg‘iz muhojirlari o‘rtasida sodir bo‘lgani to‘g‘risidagi internet tarmoqlarida tarqayotgan xabarlarni tasdiqlamadi.

Avvalroq, 6 - avgustga o‘tar kechasi kuni Odintsovoda tayoq va pichoq bilan qurollangan kamida 20ta odam ishtirokidagi ommaviy mushtlashuv bo‘lib o‘tgani, janjal ishtirokchilari “Odinburg” turar -joy majmuasi yaqinidagi qurilish do‘konlarini sindirishgani xabari chiqqandi.

Internetda migrantlar ishtirok etgan ommaviy mushtlashuv aks etgan video ham tarqaldi.

Rus matbuoti xabariga ko‘ra, janjal ishtirokchilari orasida markaziy osiyolik ishchilar va kavkazliklar bo‘lgan.

Avvalroq Ichki ishlar vazirligi muhojirlarni tez-tez ommaviy janjal, deportatsiya va Rossiyaga qayta kirishni abadiy taqiqlash bilan tahdid qilgan edi.

Rossiya Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy xorijiy davlatlar elchilari bilan kuni kecha qilgan uchrashuvi davomida Rossiya Federatsiyasida chet elliklar bu yil jamoat tartibini tez-tez buzish, ommaviy janjallar uyushtirish va hukumat amaldorlariga qarshi kuch ishlatayotganini bildirdi. U "har qanday holatda ham qonunbuzarlarga qattiq javob choralari ko‘rilishi"dan ogohlantirdi.

Unga ko‘ra, tartibsizliklar tashkilotchilari va ishtirokchilari qo‘lga olingan, qoidabuzarlar ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Bundan tashqari, bunday chet el grajdanlari yashash muddati qisqartirilib, ular uchun Rossiya Federatsiyasi chegaralarini yopish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi, ularning Rossiya Federatsiyasi hududida ishlash huquqini beruvchi hujjatlari bekor qilingani aytildi.

Vaziyatga baho bergan Rossiya Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari Kengashi a’zolari ham “bezori- muhojirlar”ga qarshi bayonot tarqatgandi.

- Biz o‘z fuqarolarimi huquqlarini himoya qilishimiz kerak va janjal boshlaganlarni aniqlash, vataniga haydab chiqarish kerak, degan fikrdamiz, bu yerda bizga kerak emas. Bizga bezori-muhojirlar kerak emas - bizda o‘zimizniki etarli! – dedi Kengash boshlig‘i Valeriy Fadeyev jurnalistlar oldida qilgan chiqishida.

"Bu bayonotlar raqamlar bilan tasdiqlangani yo‘q!"

Muhojirlar huquqlari himoyachisi Aleksandr Kim Ozodlik bilan suhbatda politsiya va mahalliy ommaviy axborot vositalarining migrantlarning “ommaviy mushtlashuvlari” to‘g‘risida tarqatayotgan xabarlariga ehtiyotkorlik bilan yondashishni tavsiya qildi.

Uning fikricha, bu bayonotlar va xabarlar ortida turli manfaatlar yotibdi:

- Birinchidan, o‘qotar qurol masalasida – migrantlarga nafaqat o‘qotar, oddiy gaz pistoletini ko‘tarib yurish ham taqiqlangan va o‘ta xatarlidir! Ikkinchidan, bu mushtlashuvlar “asosan migrantlar ishtirok etdi” degan gap-so‘zlarga ehtiyot bo‘ling, chunki buni hali isbotlash kerak. Bu janjallar Rossiyaning janubiy mintaqalaridan kelgan rossiyalikllar uyushtirayotgan bo‘lsachi?!

Yana bir muhim masala: oxirgi paytlarda qirg‘izistonliklarga qarshi axborot xuruji boshlangan va buning ortida siyosiy maqsadlar yotibdi, kuzatishimcha. Shaxsiy fikrimcha, Rossiya Qirg‘iziston hukumatiga shu tariqa bosim o‘tkazmoqda. Qolaversa, saylov oldidan ko‘plab rus siyosatchilari va hukumat a’zolarining migrantofobiya ruhida qilayotgan bayonotlari “tasdiqlanmoqda”. Men ishlayotgan tashkilotda muhojirlar o‘rtasidagi mushtlashuvlar va janjallar soni keskin oshgani to‘g‘risidagi bayonotlar raqamlar bilan tasdiqlangani yo‘qligini qo‘shimcha qilishim mumkin, - dedi huquq faoli.

Rossiya poytaxti Moskvada iyul oyi boshida Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari o‘rtasida yuz bergan ommaviy mushtlashuvdan so‘ng migrantlarni tekshirish kuchaytirilib, deportatsiya holatlari ko‘paygani to‘g‘risida Ozodlik ma’lumot bergandi.

12 - iyunda yuz bergan mushtlashuvda 200ga yaqin kishi ishtirok etgan. Rasmiylarga ko‘ra, politsiya tomonidan qo‘lga olingan 103 kishidan 70 nafari Qirg‘iziston fuqarosi.

Moskva politsiyasi 18 - iyulga o‘tar kechasi Moskva viloyatining Aprelevka shaharchasida 20 ga yaqin muhojir mushtlashgani, mojaroda o‘qotar qurol ishga solinganini e’lon qilgandi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, MDH mamlakatlaridan kelgan 700 mingdan ortiq muhojir mamlakatda noqonuniy ravishda istiqomat qilib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG