Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:02

Tolibon ta’siri. O‘zbekiston kuch tizimlari radikal guruhlar ustidan nazoratni kuchaytirdi


Toshkentda 10 nafar «Xizb ut-Tahrir» diniy ekstremistik tashkiloti a’zosining qo‘lga olinishi, 15 -sentabr 2021 (IIV)
Toshkentda 10 nafar «Xizb ut-Tahrir» diniy ekstremistik tashkiloti a’zosining qo‘lga olinishi, 15 -sentabr 2021 (IIV)

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari sentabr oyida diniy radikal guruhlarga qarshi kurashni kuchaytirgani, faollashgan diniy jamoalar manzillarida reyd uyushtirayotgani kuzatilmoqda.

Ozodlikning huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga ko‘ra,shu kunlarda Toshkent shahri va viloyati, Farg‘ona viloyati hamda Surxondaryo viloyatida“Xavfsiz hudud” nomli profilaktik tadbir o‘tkazilmoqda.

Manbalarga ko‘ra, bu tadbirlar Afg‘onistonda hokimiyat Tolibonga o‘tgach, O‘zbekistonda ham diniy radikalizm tahdidi ortayotgani ortidan boshlangan.

Surxondaryo viloyatidagi manbalarga ko‘ra, Afg‘oniston bilan chegaraoldi hududlarida DXX va IIV organlari xodimlari nazorati favqulodda kuchaytirilgan. Asnoda umumiyatla, dindor qatlam va ro‘molli, hijobli ayollari bo‘lgan oilalar ustidan yana nazorat kuchaygani aytilmoqda.

IIV bergan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir oy ichida 200 ga yaqin shaxs qo‘lga olingan va ularning asosiy qismi “Hizbut Tahrir” jamoasiga a’zolikda gumonlanib, ushlangan. Vazirlik matbuot xizmati Ozodlikning bu boradagi savollariga hozircha javob bermadi.


Rasmiy xabarlar xronikas

IIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, so‘nggi 2 oy davomida Toshkent shahri va viloyati, hamda bir necha viloyatda “Xavfsiz hudud” nomli profilaktik tadbir o‘tkazilmoqda.Bu tadbirga IIV, DXX hamda prokuratura organlari qo‘shilgan.

Vazirlikka ko‘ra, 2 oy ichida bu tadbir doirasida mamlakat bo‘ylab 200 dan ortiq “diniy ekstremist” qo‘lga olingan:

  • - 26 - sentabr: Namanganda www.odnoklassniki.ru ijtimoiy tarmog‘ida “Imom al-Buxoriy katibasi” xalqaro terrorchilik guruhi faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi videoni sahifasiga joylagan shaxs ushlandi.
  • - 17 - sentabr: Toshkentning Olmazor, Uchtepa, Yashnobod va Yunusobod tumanlarida 12 nafar “Hizb-ut Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti a’zosi qamoqqa olindi.
  • - 15 - sentabr: Toshkentning Olmazor tumanida yashovchi 10 nafar “Xizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkilot a’zosi aniqlandi.
  • - 10 - sentabr Toshkentning Shayxontohur, Uchtepa, Olmazor, Sirg‘ali va Yakkasaroy tumanlari, shuningdek, Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent va Qibray tumanlarida yashovchi 29 nafar “Hizb-ut Tahrir” ekstremistik tashkilotining “Ayollar qanoti”ga a’zo ayollar ushlandi.
  • - 19-20 - avgust: Toshkentning Yangihayot, Shayxontohur, Chilonzor tumanlarida Suriyadagi xalqaro terror guruhlariga a’zolikda gumon qilib, qidiruvga berilgan 3 kishi ushlandi, 35 kishi IIBga olib ketildi, 35 ta manzilda tintuv o‘tkazildi.
  • - 18 - avgust: Toshkentning Olmazor, Uchtepa, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Sergeli tumanida 100 dan ortiq odam ushlandi, 108 ta manzilda tintuv o‘tkazildi.

Rasmiy xabarlarda qo‘lga olinganlarning 100ga yaqini Jinoyat kodeksini 159 va 2442 - moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida turli muddatlarga ushlangan. Qolganlariga nisbatan esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan ma’muriy jazo chorasi ko‘rilgani aytildi.

Ayni paytda IIV Axborot xizmati aholini muttasil ravishda ogohlantirmoqda:

“Hizb-ut Tahrir” ekstremistik tashkiloti safida faoliyat qilish, g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, materiallarini tayyorlash, saqlash hamda tarqatish jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi. O‘zingizni va farzandlaringizni ekstremistik oqim va terroristik tashkilotlar safiga qo‘shilib qolishdan asrang!”

IIVdan javob

Ichki ishlar vazirligi Ozodlikning “Xavfsiz hudud” profilaktik tadbiri qachon va nima sababdan boshlangani, qo‘lga olinganlarga nisbatan ochilgan jinoyat ishlari jarayoniga oid qo‘shimcha savollariga hozircha javob bergani yo‘q.

Ayni paytda, IIV tizimidagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, kuch ishlatar tizimlarda keyingi bir necha yil ichida o‘zbek jamiyati, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida islomiylashuv jarayoni kuchayganidan xavotirlar mavjud.

“Turli radikal guruhlarning faollasha boshlagani haqida signallar anchadan beri bor edi. Bilasiz, ular doim kuzatuvda. Lekin “Xavfsiz hudud” tadbiri boshlanganidan keyin manzilli borib, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Ko‘pchiligi oldindan ro‘yxat, qamoqda bo‘lganlar. Qidiruvda bo‘lganlar ham bor. Rasmiy xabarlar tarqatildiku! Keyin, “Odnoklassniki”, Feysbuk tarmoqlarida radikal, ekstremist shaxslar ta’siriga tushib qolgan yosh-yosh yigitlar ham bor, ayollar ham bor”, deydi shu kunda Toshkentdagi tumanlarning birida IIV tergovchisi bo‘lib ishlayotgan manba, shaxsi sir saqlanishi sharti bilan.

Toshkentdagi bo‘linmalardan birida muqaddam tergovchi bo‘lib ishlagan yana bir sobiq IIV xodimiga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil ichida bunaqa reydlar o‘tkazilmayotgan edi.

Uning fikricha, Shavkat Mirziyoyev kelishi bilan diniy erkinliklarning berilishi, “qora ro‘yxat”dagi shaxslarga cheklovlarning bekor qilinishi, ancha-muncha qamoqdagi dindorlarning ozod qilinishi aholining dindor qatlamidagi qo‘rquvni anchagina aritgan va hokimiyat idoralarida ham dindorlar soni ko‘paygan.

Ayni paytda sobiq jinoyat - qidiruv xodimi Afg‘onistonda hokimiyatga Tolibonning kelishi O‘zbekistondagi dindorlarning toliblarga xayrixoh qismini ham yuzaga chiqarayotganini taxmin qildi:

“Bu “afg‘on” bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Chunki u yerda hukumatni diniy guruh qo‘liga oldi. Suriyaga ketib qolganlar uchun ham davlat diniy boshqaruvda bo‘lgani sabab bo‘lgandi. Qisqasi, hukumat qo‘rqayotgan bo‘lishi mumkin. Balki, shunaqa hibslarni namoyishkorona uyushtirib, hukumat hammasi nazorat ostida ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘layotgandir. Chunki, oxirgi paytda faollashayotgan dindorlar ko‘payib ketdi”.

Qo‘yilayotgan ayblovlar

O‘zbekistonda diniy mavzularni yoritib kelayotgan o‘zbekistonlik jurnalist fikricha, Toshkent va qator viloyatlardagi hibslar mamlakatdagi diniy qatlam orasida vahima uyg‘otmagan.

Uning xotirlashicha, Islom Karimov boshqaruvi paytida bunday holatlar tezda ovoza bo‘lar edi, chunki aksar hollarda bunday hibslar soxta ayblovlar yoki huquq buzilishlari bilan amalga oshirilar edi.

Ammo Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan beri ommaviy qo‘lga olish, sudlashlar, qamoqqa tashlashlar kuzatilmayapti:

“Dindorlarni nohaq qamash, degan gaplar ham yo‘q. Lekin sentabr ichida birdan shunaqa boshlanib ketdi, dindor qatlam orasida esa vahima yo‘q! Shaxsan, men har doim diniy qatlam va faollar bilan ishlayman, bunaqa norozilikni kuzatmadim. Mutaassib qatlam esa har doim bor, ular doim kuzatuvda bo‘lgan. Albatta, ularning mutaassibligi - ularni taqib qilish, qamash mumkin, degani emas, tabiiy. Fikr, e’tiqod erkinligi saqlanishi shart. Lekin nazarimda, Afg‘onistondagi voqealar avvaldan kuzatuvda bo‘lgan shunaqa guruhlarni nazoratga olish va buniyam oshkora qilib, aholiga ishorat berishlariga sabab bo‘ldi. Ya’ni, chegaraning narigi tarafidagi vaziyatning bizga ta’siri shu qadar yomonki, hatto saylovoldi vaziyat ekaniga ham qarab o‘tirmasdan, hozir boshlashdi”.

Jamoatchilik fikri

Ijtimoiy tarmoqlarda qator faollar, jurnalist va siyosiy tahlilchilar, Afg‘onistonda Tolibon hokimiyatga kelishi bilan, ijtimoiy tarmoqlarda dindor va dunyoviy qatlam orasidagi masofa chuqurlashayotgani, xususan toliblarga xayrixohlik bildiruvchi o‘zbekistonliklar soni ortayotganiga e’tibor qaratmoqda.

Jumladan, taniqli faol Aziza Umar Tolibon hukumatining o‘tmishda qilgan qilmishlari va terrorchilik tashkilotlartga aloqasi, mamlakatda ayollar huquqlarini poymol qilganini ta’kidlovchi qator sharhlar qoldirdi.


Toshkentlik siyosiy tahlilchi Anvar Nazir esa, bu holat O‘zbekistonda ichkarisida radikallashuvning naqadar kuchayganini ko‘rsatuvchi jiddiy omil ekanini urg‘ulaydi.

Uning fikricha, Tolibon bilan muloqot rasmiy Toshkentning tashqi emas, balki ichki siyosatiga aylanib bo‘lgan:

“Men eng boshidan beri aytib kelyapman - mamlakat ichida toliblarga xayrixohlik radikallashuv qanchalik kuchayib ketayotganini aniq ko‘rsatyapti, bunga hukumat jiddiy qarashi kerak, deb. Lekin, afsuski, hukumatning bu borada aniq siyosatga ega emasligi yaqqol ko‘rinib qoldi”.

Yaqin o‘tmishdagi tajriba

Islom Karimov boshqaruvi davrida Afg‘oniston diniy radikalizm va xalqaro terrorizm manbasi sifatida ko‘rilgan. Hukumat nafaqat Afg‘onistondagi radikal guruhlarga qo‘shilgan o‘zbeklar, balki ularning yaqinlarini ham qattiq nazoratda ushlagan. O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari radikal diniy guruhlarga a’zolikda gumon qilingan yoki ularga aloqasi bo‘lmagan mustaqil dindorlarga nisbatan ham sistematik qiynoqlar qo‘llangani uchun tanqid qilingan.

Tanqidchilar Karimovni, xavfsizlik tizimlari qonunbuzarligini oqlash uchun islomiy radikalizm xavfidan foydalanishda ayblab kelganlar.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Islom Karimov boshqaruvi paytida diniy-siyosiy mazmundagi ayblov bilan qamalganlar soni 12 mingga yetgan.

O‘zbekistonda dindorlar huquqini himoya qilgan va xalqaro maydonda tanilgan Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari, marhum Sur’at Ikromov o‘z arxivida 9 mingga yaqin shaxsning hujjati yig‘ilganini bildirgan edi.

2016 - yilda Islom Karimov vafot etishi ortidan, prezidentlikka kelgan sobiq Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev diniy siyosatda islohotlarni va’da qildi. Ilk islohotlardan biri sifatida, qonunchilikdagi jazolash amaliyotini liberallashtirdi. Xususan hibsga olish, qamoqda saqlash va jazoni o‘tash tartibini yengillashtirdi.

Islom Karimov davrida taqiqlangan diniy tashkilot va harakatlarga a’zolikda gumon qilingan minglab shaxslar “qora ro‘yxat” dan chiqarildi. Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlaridan birida ro‘yxatdagilar soni 17 ming, chiqarilganlar soni 16 ming, degan edi.

Tahlilchilar O‘zbekistonda Islom Karimov boshqaruvi davrida muttasil cheklab kelingan diniy erkinliklar qaytarilayotgani, ayni paytda mamlakat va tashqarisida diniy radikalizm tahdidining kuchayishiga sabab bo‘ladigan omillar saqlanib qolayotganini aytishmoqda.

XS
SM
MD
LG