Линклар

Шошилинч хабар
20 январ 2022, Тошкент вақти: 22:06

Uzoqqa cho‘zilmagan xursandchilik:Samarqandda yangi ochilgan tunnel birinchi yomg‘irga dosh bermadi


Tunnel o‘tgan yilning 31 - dekabr kuni tantanali ravishda ochilgan.

Samarqand shahri Rudakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari chorrahasida barpo etilgan va 31 - dekabr kuni tantanali ravishda ochilgan tunnelni birinchi yomg‘irdayoq suv bosdi.

4 - yanvar kuni tarmoqlarda tarqagan tunnel shiftidan yomg‘ir suvlari sharshara bo‘lib oqayotgani aks etgan videolar keng muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Kimdir ushbu holatni "sharmandalik" va navbatdagi byudjet pullarining o‘g‘irlanishi deb baholagan bo‘lsa, kimdir tunnelning qulab tushmasligiga kafolat yo‘qligidan xavotir bildiradi.

Mahalliy matbuot qiymati 67,7 mlrd so‘mlik inshoot 2022 - yilda o‘tkaziladigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga qurib bitkazilishi haqida yozgan.

Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov 31 - dekabr kuni tunnel ochilishi marosimidagi nutqida inshoot “eng asosiysi o‘zimizning quruvchilar tomonidan qurilganligi bilan ahamiyatli” ekanini ta’kidlagan.

Viloyat hokimi tunnel boshqa davlatlardagi shu kabi inshootlardan 3,5 – 4 baravar arzon narxda qurib bitkazilganliginini ham iddao qilgan.

Ikki baravar qimmatga tushgan loyiha

Tunnel loyiha bosqichida 67,7 milliard so‘m etib belgilangan bo‘lsa-da, mahalliy soliq to‘lovchilarga ikki baravar qimmatga tushgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prikqurilish” tresti uni 143 milliard so‘mga ko‘rib bitqazgan.

Telegramdagi Davletovuz kanali loyiha hukumat qarori bilan tendersiz amalga oshirilgani haqida yozdi.

Samarqand shahar hokimligi matbuot xizmati yangi tunnel devorlaridan suv sizib chiqish holati bo‘yicha "1-Ko‘prik qurilish otryadi" direktor o‘rinbosari Azimbek Mirzayevning munosabatini e’lon qildi. Mutasaddining bildirishicha, irrigatsiya tarmoqlarining ishlamaganligi va yomg‘ir paytida tashqaridan kelayotgan chiqindilarning tiqilib qolishi natijasida suv sathi ko‘tarilgan va tunnel devorlaridan oqib chiqishni boshlagan.

“Ko‘prikning konstruksiyaviy qismiga, yo bir boshqa qismiga zarari yo‘q. Bilganinigizdek, ko‘prik hali topshirilmagan va yanvar yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi. Xudo xoxlasa, bunday holatlar kuzatilmaydi, chunki hamma narsa o‘ylab qilingan, hamma narsaning chizmalari bor”- deb ishontirgan qurilish tashkiloti vakili.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Samarqand shahridagi ushbu tunnel qurilishi ishlari oxirgi 3 yildan beri shaharlik haydovchilar e’tiroziga ham sabab bo‘lib kelgan. Qurilish sabab ko‘chalarning u yoki bu qismi doimiy ravishda avtomobillar harakati uchun yopilgan, shaharda umumiy avtomobillar tirbandligi darajasi ortgan.

Loyiha pudratchisi ekani anglashilgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bundan avval 2020 - yil mayida o‘pirilgan Sardoba suv omboridagi texnogen halokat, 2019 - yil dekabrida Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining qurilayotgan qismidagi fojia hamda Toshkent yer usti metrosidagi ko‘plab nosozliklar uchun tanqid qilingan.

XS
SM
MD
LG