Линклар

Шошилинч хабар
19 сентябр 2021, Тошкент вақти: 10:34

Afg‘oniston: Tolibon Kobul tomon ilgarilamoqda, BMT gumanitar falokatdan ogohlantirdi


Afg‘oniston, Qandahor - 12 - avgust, 2021
  • Afg‘oniston hukumati mamlakatning aholi soni bo‘yicha ikkinchi yirik shahri — Qandahor toliblar nazorati ostiga o‘tganini tasdiqladi. Shu nomdagi viloyat markazi bo‘lmish 600 ming kishilik ushbu shahar mamlakat janubidagi muhim strategik joy sanaladi. Qandahor bir paytlar “Tolibon”ning tayanch istehkomi vazifasini o‘tagan.
  • Mamlakat bo‘ylab hujum boshlagan radikal guruh o‘tgan kuni kattaligi bo‘yicha uchinchi shahar bo‘lmish Hirotni bosib olganini e’lon qilgan edi, bugun esa yana bir muhim strategik maskan — Lashkargoh taslim bo‘lgani tasdiqlandi.
  • Tolibon hozirda Afg‘oniston shimolining katta qismi hamda mamlakat bo‘ylab viloyatlar markazlarining uchdan birini nazorat qilmoqda.
  • AQSh o‘z elchixonasi xodimlarini ko‘chirish uchun Kobulga qo‘shin kiritmoqda.
  • Amerika matbuotining Pentagondagi manbalarga tayanib yozishicha, AQSh harbiylari Afg‘oniston poytaxti Kobul 90 kun ichida toliblar tomonidan bosib olinishi mumkinligini istisno etmayapti.
  • Ayni paytda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘onistonga qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlarini afg‘on qochqinlari uchun chegaralarni yopib qo‘ymaslikka chaqirdi.

2021 - yil avgustiga qadar toliblar faqat aholi kam yashagan hududlarni nazorat qilishardi. Bir hafta oldin ular 34 ta viloyat markazidan birinchisi — 160 ming aholi istiqomat qiladigan Zaranj shahrini egallashdi. Ayni paytda hududiy ma’muriy markazlardan taxminan uchdan biri ularning nazoratiga o‘tgan.

Afg‘onistondan AQSh kontingentining chiqib ketishi toliblarga keng ko‘lamda hujum boshlashga imkon berdi. Xalqaro tan olingan hukumat birin-ketin mag‘lubiyatga uchrayotgani manzarasida amerikalik harbiylar Kobul shahri toliblar tomonidan bosib olinishining taxminiy muddatini qayta ko‘rib chiqdi. Endilikda Pentagon Afg‘oniston poytaxti yaqin 90 kun ichida taslim bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi.

11 - avgust kuni mamlakat prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani toliblarga qarshilik ko‘rsatish ishini uyushtirish maqsadida shimoldagi Mozori Sharif shahriga keldi. Ikki vitse-prezidentdan biri, marshal Abdulrashid Do‘stum ham o‘sha yerga yetib borgan.

90-yillar boshlari-o‘rtalarida Do‘stum Mozori Sharif va uning tevaragidagi tumanlarni o‘z nazoratida saqlagan holda toliblarga jiddiy qarshilik ko‘rsatgan.

Afg‘onistondan Amerika harbiylarini olib chiqib ketish AQShning oldingi prezidenti Donald Tramp davrida boshlangan, amaldagi prezident Bayden amaliyotni yakunlash uchun eng so‘nggi muddat deb 11 - sentabr sanasini belgilagan. Amerika kontingenti qisqarishi manzarasida “Tolibon” hukumat qo‘shinlari pozitsiyalariga hujumini kuchaytirmoqda.

Bayden 10 - avgust kuni Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot qilarkan, o‘z qaroridan afsus chekmasligini aytgan. “20 yilda biz u erda trillion dollardan ziyod mablag‘ sarfladik. 300 mingdan ortiq afg‘on harbiysini o‘qitdik va kiydirib-qurollantirdik. Endilikda afg‘on yetakchilari birlashishi va o‘zlari uchun, mamlakat uchun kurashishi kerak”, deya ta’kidlagan prezident.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani o‘zi ko‘p yillardan beri nizolashib kelayotgan mintaqaviy harbiylashgan guruhlarga yordam so‘rab murojaat qildi. U tinch aholini demokratiyani himoya qilishga chaqirdi, deb yozdi “Amerika ovozi”.

BMT Afg‘oniston qo‘shnilarini o‘z chegaralarini yopmaslikka chaqirmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochqinlar agentligi Tolibon butun Afg‘oniston bo‘ylab hujumlarini davom ettirar ekan, mamlakat qo‘shnilarini o‘z chegaralarni ochiq saqlashga chorladi.

13 - avgust kuni Jenevada o‘tkazilgan brifingda BMT Qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissarligining (UNHCR) matbuot kotibi Shabiya Mantu:

«Biz gumanitar falokat yoqasida turibmiz», dedi.

Afg‘onistonda minglab erkak, ayol va bola jon saqlash uchun o‘z uyini tark etmoqda.

«Xavfsiz joy topa olmaslik son-sanoqsiz fuqaroning hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Lozim bo‘lsa, UNHCR milliy hukumatlarga gumanitar yordam ko‘lamini oshirishda yordam berishga tayyor», deya qo‘shimcha qildi u.

Afg‘oniston Eron, Pokiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh. Shuningdek, mamlakat Xitoy bilan 75 kilometr umumiy chegaraga ega.

BMT Jahon oziq-ovqat dasturi matbuot kotibi Tomson Firi Afg‘oniston aholisining qariyb uchdan bir qismi oziq-ovqat bilan ta’minlanayotganini boshqa kafolatlab bo‘lmasligi haqida ogohlantirdi.

Kotib ikki million bola shoshilinch yordamga muhtoj ekanini aytdi.

«Eng yomoni hali oldida ekanidan xavotirdamiz», dedi Firi.

Firining so‘zlariga ko‘ra, yil yakuniga qadar ocharchilik oldini olish uchun 200 million dollar kerak bo‘ladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan beri 390 mingga yaqin odam o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Biroq ularning haqiqiy soni bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.

13 - avgust kuni «Norvegiya qochqinlar kengashi» (Norwegian Refugee Council) tashkiloti Afg‘onistonda «yirik gumanitar inqirozga hozirlik ko‘rayotganini» bildirdi.

Tashkilotning Afg‘onistondagi bo‘limi direktori vazifasini bajarayotgan Treysi Van Xeerden:

«Qo‘rquv bosgan oilalar oxirgi kunlarda Kobulga qochib bormoqda. Lagerlar gavjum, bolalar ochiq havoda uxlayapti. Oilalar ovqat uchun janjallashmoqda», dedi.

Van Xeerden avj olayotgan mojaro yordam tashkilotlari ishini mushkullashtirayotganini qo‘shimcha qildi.

«Davom etayotgan mojaro loyihalarimizning 80 foiziga ta’sir ko‘rsatmoqda», dedi u.

Hafta boshida Fransiya, Germaniya va boshqa Yevropa davlatlari Afg‘onistonda xavfsizlik holati yomonlashgani sababli mamlakatga deportatsiyalar to‘xtatilganini e’lon qilgandi.

Markaziy Osiyo davlatlarida strategiya yo‘q

AQSh Afg‘onistondan o‘z harbiylarini olib chiqib ketayotgani Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari uchun qator qiyinchiliklar tug‘diradi. Amerika harbiylari Afg‘onistonni tark etganidan keyin, mamlakat mintaqada beqarorlik manbasiga aylanishi mumkin.

Afg‘oniston bilan chegaradosh Markaziy Osiyo davlatlari Tolibonga turlicha yondashmoqda. “ATR Consulting” shirkatining tadqiqotlar bo‘yicha direktori Nishank Motvaniy “East Asia Forum” nashri uchun yozgan maqolasida ushbu mamlakatlarning birortasida tez sur’atda o‘zgarayotgan vaziyat bo‘yicha aniq strategiya yo‘qligini ta’kidladi.

Kobuldagi hukumat Afg‘oniston shimolida joylashgan Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan do‘stona munosabatda bo‘lib, zo‘ravon guruhlar qo‘shni mamlakatlar hududiga o‘tishiga to‘sqinlik qilib keladi. Bu esa Markaziy Osiyo hukumatlari uchun ayni muddao.

Endilikda bu uch mamlakat Afg‘oniston hukumatining Tolibonga qarshi kurashini xavotir bilan kuzatmoqda. Ekstremistik guruhning hokimiyatga qaytishi xavfi ortib borayotgani bu mamlakatlarni Afg‘onistonga bo‘lgan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda.

Толибон таҳдиди. Ўзбекистон чегарага қўшин тортди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:33 0:00

Turkmaniston, O‘zbekiston va Rossiya Tolibon rahbariyati bilan aloqa kanallarini o‘rnatdi, guruh delegatsiyalariga mezbonlik qildi. Bu Afg‘oniston hukumati legitimligini yemirib, Tolibon jangarilarini rag‘batlantirdi.

Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘oniston hukumati qulashi mumkinligidan xavotirda. Tolibon jangarilari Afg‘oniston g‘arbidagi Hirot viloyatidan tortib, shimoli-sharqdagi Badaxshongacha uzangan hududni egallab olishdi. Ushbu hudud muhim tumanlarni va chegara o‘tish punktlarini o‘z ichiga oladi. Hukumat qo‘shinlari va Tolibon o‘rtasidagi janglar davom etar ekan, kamida 2300 nafar afg‘on xavfsizlik xodimi boshpana izlab Tojikistonga qochib o‘tishga majbur bo‘ldi.

Iyun oyida 53 nafar afg‘on askari va mahalliy qurolli guruh vakili O‘zbekistonga qochib o‘tdi, lekin O‘zbekiston hukumati ularni qaytarib yubordi. Garchi yuzlab harbiy vataniga qaytarilgan va o‘z bo‘linmalariga qayta qo‘shilgan bo‘lsa-da, bu holat Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarining harbiy salohiyati haqida savol tug‘diradi.

Bunday masalalarda ruhiyat ham hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Afg‘oniston aholisi nazarida toliblar Kobuldagi hukumatni ag‘darishni ko‘zlayotgan, to‘xtatib bo‘lmaydigan kuchga aylangan. Tolibon hokimiyatni to‘liq qo‘lga olishi muqarrar emas, lekin Tolibon qudrati yanada kuchaytishi xavfi bor. Hech kim mag‘lub bo‘lishi muqarrar bo‘lgan tarafni qo‘llashni istamaydi. Shunday ekan, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari va Tolibonning boshqa raqiblari guruhga qo‘shilish xavfi katta.

Rossiya AQShning Markaziy Osiyo mamlakatlariga o‘z qo‘shinlarini joylashtirish rejalariga e’tiroz bildirib keladi. Rossiya boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti a’zolari (jumladan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston) AQShning bu taklifini rad etishini kutish mumkin. Tashkilotga rasman a’zo bo‘lmagan O‘zbekiston va Pokiston allaqachon AQSh qo‘shinlarini o‘z hududiga kiritmasligini ma’lum qilgan. AQSh va Rossiya o‘rtasida davom etayotgan qarama-qarshilik tufayli Markaziy Osiyoda AQSh bazalarini saqlash mushkul masalaga aylangan. Shuningdek, bu holat Afg‘oniston hukumatining qo‘shnilaridan yordam so‘rash imkoniyatini cheklaydi.

Tolibon Afg‘oniston shimolidagi eng qudratli kuchga aylandi. Bu holat sobiq sovet respublikalari xavfsizligi uchun tug‘diradigan tahdidlar sifatida Afg‘onistonda transmilliy terrorchi guruhlarning ko‘payishi, ekstremizmning tarqalishi, qochqinlar oqimi va qurol-yarog‘ va giyohvand moddalar savdosi ko‘payishini aytish mumkin.

Iyul oyida Tojikiston va Turkmaniston hukumatlari Afg‘oniston bilan chegarani mustahkamlash uchun qo‘shimcha harbiy safarbarlik e’lon qilgani ajablanarli holat emas. Iyul oyida Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati hokimi Yodgor Fayzov mahalliy rasmiylarga 10 minggacha qochqin kelishiga tayyorgarlik ko‘rishni buyurib, bu raqam 30 minggacha ko‘tarilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Afg‘onistonning qo‘shnilari Tolibon chet ellik jangari guruhlar mamlakat hududidan foydalanishiga to‘sqinlik qilmasligini yaxshi biladi. Guruh «Al-Qoida» bilan yaqindan aloqa o‘rnatgani bunga yaxshi misoldir. Tolibon, shuningdek, chet el fuqarolari o‘z saflariga qo‘shilishiga to‘sqinlik qilmay keladi. Aksincha, Tolibon saflarida Pokiston va Markaziy Osiyodan borgan jangarilar ko‘p.

Bu Kobuldagi hukumat strategiyasidan keskin farq qiladi. Hukumat kuchlari 2015 - yilda «Jamoati Ansorulloh» asoschisi va rahbari Amriddin Tabarovni, 2020 - yilda esa «Al-Qoida» harakatining yuqori martabali qo‘mondoni hisoblangan Misr fuqarosi Abu Muhsin al-Masrini o‘ldirgan.

Tolibon, «Al-Qoida» va boshqa guruhlar AQSh harbiylarining Afg‘onistondan olib chiqib ketilganini Vashington ustidan g‘alaba, deb hisoblaydi. «Islomiy davlat» terror guruhining «Xuroson viloyati bo‘limi» ham Afg‘onistonda yuzaga kelgan hokimiyat bo‘shlig‘idan foydalanishi mumkin.

Terrorchi guruhlar Afg‘oniston qo‘lga kiritilgani bilan qoniqmay, o‘z faoliyatini mamlakat tashqarisiga kengaytirishga harakat qilishini kutish mumkin. Tolibon va boshqa guruhlar kuchli mafkura g‘alaba olib kelishini tushunib etgan. Shunday ekan, ular bu formulani boshqa muhitda takrorlashga urinishlari muqarrar.

Yaqin kelajakda Markaziy Osiyo mamlakatlari ko‘rishi mumkin bo‘lgan choralar cheklangan. Markaziy Osiyo hukumatlari amaldagi Afg‘oniston hukumatini afzal ko‘radi, lekin bunga qaramay, Tolibon bilan aloqada bo‘lishga qaror qildi. Chunki AQSh chekinishi ortidan Kobuldagi hukumat zaiflashib qolgani ularga sir emas.

Мирзиёев ҳукумати ва Толибон мулоқоти. Ўзбекистон эртаси таҳликадами?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:18 0:00

Biroq Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya yoki Xitoy ko‘magi bilan qayta tiklanayotgan amirlikning status-kvoni izdan chiqarish urinishlariga qarshi kurashish yo‘lini tanlasa, Tolibon boshqa strategik manzaraga duchor bo‘ladi. Qaysi hukumatlar qaysi guruhlarni dastaklashi hozircha noma’lum, lekin Suriya mojarosi misolida strategik hamkorliklar chalkash va murakkab bo‘lishini taxmin qilish mumkin.

Xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlarga qaramay, Markaziy Osiyo davlatlari mustaqil va umumiy strategiyasiz Afg‘onistondagi vaziyatga aralashishga urinsa, katta xato qiladi. Bunday aralashuv Tolibonga Markaziy Osiyo kuchlari va xalqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy hujum qilish uchun asos bo‘ladi.

Markaziy Osiyo davlatlari ko‘p yil davomida bir butun blok o‘laroq ish tutsalar, yutadilar. Qanday bo‘lmasin, bu davlatlar Tolibonning aytayotgan gaplariga emas, qilayotgan ishlariga qarab yo‘l tutishi kerak, chunki Tolibonning va’dalariga ishonish strategik xato bo‘ladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari tutishi mumkin bo‘lgan yo‘llardan biri xalqaro miqyosda tan olingan Afg‘oniston hukumati bilan aloqalarni saqlab, bir vaqtning o‘zida Tolibon bilan ham aloqa o‘rnatishdir. Bunday yo‘lni tanlash samara berishi mumkin, lekin Kobul va Tolibonni teng ko‘rish jangarilarning obro‘sini oshirib, Kobul legitimligiga putur yetkazadi.

XS
SM
MD
LG