Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:21

Afg‘onistonda zilziladan halok bo‘lganlar soni ikki ming kishidan oshdi


Associated Press yer qimirlashi ortidan bir nechta qishloq batamom yo‘q bo‘lgani haqida xabar berdi.
Associated Press yer qimirlashi ortidan bir nechta qishloq batamom yo‘q bo‘lgani haqida xabar berdi.

Afg‘onistonda 6,3 balli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 2053 kishiga yetdi. Reuters agentligining Tolibon hukumati rasmiylariga tayangan holda bildirishicha, o‘n ming kishi jarohatlangan va 1329 uy vayron bo‘lgan.

Associated Press yer qimirlashi ortidan bir nechta qishloq batamom yo‘q bo‘lgani haqida xabar berdi.

Epimarkazi Hirotdan 40 kilometr olisroqda bo‘lgan mazkur zilzilada jami 12 qishloq va shahar aholisi jabrlandi. Bu so‘nggi 20 yilda Afg‘onistonda yuz bergan eng kuchli zilzila bo‘ldi. Hirot kattaligi bo‘yicha Afg‘onistonning to‘rtinchi shahridir. Shaharda 700 ming, Hirot viloyatida esa 2 million kishi istiqomat qiladi.

Xabarlarda aytilishicha, hozirda qidiruv-qutqaruv ishlari davom ettirilmoqda. Unda harbiylar ishtirok etmoqda. Qutqaruvchilarga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot, UNICEF, «Chegara bilmas shifokorlar» va boshqa tashkilotlar ko‘mak ko‘rsatmoqda.

BMT Afg‘onistonga yuz tonna dori-darmon va tibbiy uskunalardan iborat gumanitar yordam jo‘natdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish xalqaro hamjamiyatni zilziladan jabrlangan afg‘onistonliklarga gumanitar yordam ko‘rsatishga chaqirdi. Guterrish ulardan ko‘pchiligi zilziladan oldin ham yordamga muhtoj bo‘lganini, qish yaqinlashib kelayotgan bir pallada gumanitar yordam hayotlarni saqlab qolishi mumkinligini aytdi.

O‘zbekiston tabiiy ofat ortidan, boshqa qator mamlakatlar kabi, Tolibon hukumatiga hamdardlik bildirdi.

“Zilzila qurbonlarining oila a’zolariga samimiy hamdardlik bildiramiz, afg‘on xalqining qayg‘usiga sherikmiz va jabrlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz”, deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Vazirlikka ko‘ra, “O‘zbekiston bugungi og‘ir damlarda Afg‘oniston va uning xalqi bilan birgadir”.

Afg‘onistonda zilzilalar tez-tez bo‘lib turadi. Bundan avval o‘tgan yilning iyunida Afg‘oniston sharqidagi Paktika viloyatida 6,1 balli zilzila yuz bergandi. O‘shanda kamida ming kishi halok bo‘lgan va bir yarim ming kishi jarohat olgan.

XS
SM
MD
LG