Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:52

Afg‘onistonlik investor va advokati o‘zlariga hujumni tergov qilishni so‘ramoqda (VIDEO)


Abdul Jalil Askandari 5 farzandning otasi.
Abdul Jalil Askandari 5 farzandning otasi.

Shu yilning aprel oyida noma’lum shaxslar hujumiga uchragan toshkentlik advokat mashinasidan zo‘ravonlik bilan olib ketilgan afg‘on investoriga nisbatan tergov jarayonida protsessual normalar buzilayotganidan shikoyat qilmoqda. YouTube tarmog‘iga joylashtirilgan videoda advokatning mashinasiga bo‘lgan hujum aks etgan.

Toshkent prokuraturasi va Tergov departamenti bu masalada izoh berganicha yo‘q.

Shu yilning 7 - iyun kuni YouTube tarmog‘ida noma’lum shaxslarning shahar ko‘chasida ketayotgan avtomobilni to‘xtatib, undagi ikki yo‘lovchiga qilgan hujumi videosi paydo bo‘ldi.

Videorolik o‘zini militsiya xodimi deb tanishtirgan, ammo hujjat ko‘rsatmagyotgan bir guruh shaxs DAN xodimi yordamida mashina yo‘lini to‘sib, undagi ikki shaxsni mashinadan sudrab chiqayotganida uzilib qoladi.

Ozodlik bu videoda hujumga uchragan shaxslar - toshkentlik advokat Nodir Boltayev va uning himoyasidagi afg‘onistonlik tadbirkor Abdul Jalil Askandari ekanini aniqladi.

Himoyachi Nodir Boltayevga ko‘ra, hodisa shu yilning 27 - aprelida poytaxtning Xalqlar do‘stligi metrosi yaqinidagi chorrahada sodir bulgan va video o‘zini “tergovchi” deb atagan shaxslardan biri tomonidan olingan:

- To‘g‘risi, bu videoni ular nima maqsadda va qanday chiqarganini o‘zim ham tushunmay turibman. 27 - aprel kuni suddan ozod qilingan shaxs - Qozog‘iston va Afg‘oniston davlatlari fuqarosi Askandari Abdul Djalilni men uyiga olib ketayotganimda, qandaydir mashina meni mashinamni qisib to‘xtatib, hujjat ko‘rsatmasdan, Askandarini olib ketamiz, deb turib oldi. Ularda hech qanday asos yo‘q, sud hozirgina uni qo‘yvorgandi! Videoda ko‘rganingizdek, ular zo‘ravonlik qilib, advokat mashinasiga bostirib kiradi va mijozni olib ketadi. Boz ustiga, ularning xatti-harakatlarini videoga olgan “Samsung” telefonimni o‘g‘irlab ketishdi. Bu odamlar O‘zbekiston Respublikasining qator moddalarini qo‘pol ravishda buzdi.

Nodir Boltayev 2021 - yil 29 - aprelь kuni soat 22:20 da Askandari jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida JPKning 221-moddasi tartibida takroran ushlanganini bildirdi.

Qizig‘i, shaxsiy tintuv bayonnomasida advokatning mashinadan olib ketilgan uyali telefoni gumon qilinuvchining “shimi cho‘ntagidan chiqqanligi” qayd etilganini ko‘rish mumkin.

- Tasvirga olayotgan odamning o‘zi mening uyali telefonimni old o‘rindiqdan olib ketayotganini ko‘rishingiz mumkin. Undagi o‘zlariga zarari tegishi mumkin bo‘lgan videolarni o‘chirishibdi. Bu “Advokatlarning huquqiy faoliyati kafolatlari to‘g‘risida” gi qonunni to‘liq buzish hisoblanadi. Mening mijozimni Mirobod sudi ozod qilganidan keyin, o‘g‘irlab olib borishib, ikkinchi marotaba bitta ish bo‘yicha sud qilishib, yana ushlashyapti. Bizning fikrimizcha, bu odamning mutlaqo aybi yo‘q: Afg‘onistondagi bitta firmadan boshqa firmaga tushirilgan pul mablag‘larining to‘lovi kserokopiyasiga asosan qamab qo‘yishgan. Bu odam u firmaga aloqam yo‘q, deyapti. 7 oy bo‘ldi – tergov muddati ham uzaytirilmagan, odamni ham qamab qo‘ygan, - deydi advokat.

Ozodlikka taqdim etilgan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, Abdul Jalil Askandari “Rustam Konstrakshn” MChJsining 50 foiz ulushi egasidir. Bu firmaga jami 5-6 million dollar atrofida sarmoya kiritgani aytilgan Askandari oxirgi yillarda Sirg‘ali tumanida kam ta’minlangan oilalarga ko‘p qavatli uylar qurish bilan shug‘ullanib kelgan.

A.J. Askandarining advokat orqali yuborgan bildirishnomasi
A.J. Askandarining advokat orqali yuborgan bildirishnomasi

Askandariga nisbatan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov departamenti tomonidan 2020 - yil 15 - dekabr kuni JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Biroq himoyachilar pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan “Davlatzada Group LTD”, “Sayed Fazel Logistic Services Company LTD” va “Shahr Yar LTD” korxonalari Afg‘oniston Respublikasi hududida joylashgan, ya’ni pul o‘tkazmalari masalasi xorijiy davlat hududida yuz bergani sababli gumon qilinuvchi Abdul Jalilga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llanilishi ham yurisdiksiya nuqtai nazaridan va ham qonun hujjatlariga zid ekanini aytib kelmoqda.

Afg‘oniston Islom respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o‘z vatandoshiga nisbatan adolatli sudlov olib borish va uni tergov yakuniga qadar uy qamog‘ida saqlash to‘g‘risida bir necha bor murojaat yo‘llagani ham aniqlandi.

Afg‘oniston Elchiligining A.J.Askandari himoyasiga yuborgan rasmiy xati
Afg‘oniston Elchiligining A.J.Askandari himoyasiga yuborgan rasmiy xati

Toshkent shahar 1-tergov hibsxonasida saqlanayotgan tadbirkor Askandari bilan uchrashgan advokati va yaqinlari uning salomatligi yomonlashganini aytishmoqda.

Himoyachisi bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lgan Abdul Jalil qand diabetidan aziyat chekayotgani, badaniga toshma toshib ketgani va shoshilinch tibbiy muolajaga muhtojligini bildirgan.

Abdul Jalil qandaydir shaxslar undan pul undirishga qarshi chiqqani uchun shu tariqa bosimga uchrayotganini gapirib keladi”, - deydi Nodir Boltayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek tergovchilari afg‘onistonlik tadbirkorni 20 millionga yaqin dollar miqdoridagi pul bilan Afg‘onistondan O‘zbekistonga qochib o‘tgan va Interpol tomonidan qidiruvga berilgan shaxsga aloqador degan gumon bilan uni hibsda ushlab turibdi.

- Bu odam Askandari ustidan ariza bilan murojaat qilgan ekan. Vaholanki, uni o‘zi ustidan Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi bir necha marotaba murojaat qilgan O‘zbekistonga, lekin bemalol yuribdi davlatimizda, berishmayapti. Menga qilingan hujum ustidan esa, men Ichki ishlar Tergov departamentiga ham, Mirobod tuman prokuraturasiga ham shikoyat arizasi tashlaganman. Hammayoq jim-jit, hech qanday reaksiya bo‘lmayapti, Askandari ishi ham to‘xtab yotibdi, - dedi himoyachi Nodir Boltayev.

Afg‘oniston rasmiylarining firibgarlikda ayblanayotgan A.K. Davlatzodani ekstraditsiya qilish so‘rovi
Afg‘oniston rasmiylarining firibgarlikda ayblanayotgan A.K. Davlatzodani ekstraditsiya qilish so‘rovi

Ozodlik Mirobod tuman prokuraturasidan bu masalada rasmiy izoh ololmadi. Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasida Askandari va uning advokatiga qilingan hujum yuzasidan rasmiy murojaat bilan chiqishni tavsiya qilishdi.

Abdul Jalil Askandari tergov hibsxonasida
Abdul Jalil Askandari tergov hibsxonasida

- Ariza aprel oyida topshirilgan bo‘lsa, qonunga muvofiq belgilangan tartibda bir oyda javob berilgan bo‘lishi kerak – javob berilmasligi mumkin emas! Advokat javobni olgan, yana bir undan so‘rang, deya tavsiya berdi navbatchi zobit.

O‘zbekistonda qurilish sohasida ishlab kelgan Abdul Jalil Askandarining Olma-Otada besh farzandi qolgan.

Abdul Jalil Askandari O‘zbekistonga sarmoya kiritib, jinoyat ishi figurantiga aylangan yagona tadbirkor emas.

Toshkentda 1994-2016 - yillarda faoliyat yuritgan "Lift Montaj Sozlash" MChJ hamda "Kaspiy" MChJ qurilish shirkatlarining egasi Nazim Mamedov to‘rt yil avval O‘zbekistonda musodara qilingan mulkini qaytarib olishda yordam so‘rab, prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgan edi.

2004-2011 - yillarda Toshkentda "Turkuaz" savdo markaziga asos solib, faoliyat yuritgan shirkat egasi, 50 yashar Turkiya fuqarosi Vohid Gunash 2012 - yil aprelida musodara qilingan mol-mulkini qaytarish talabi bilan O‘zbekiston rasmiylariga murojaat qilgan.

Murojaati e’tiborsiz qoldirilgach, Gunesh O‘zbekiston hukumatiga qarshi da’vo arizasi bilan Sarmoya va biznes bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqadigan AQShdagi xalqaro markaz (International Centre for Settlement.of Investment Disputes -​ ICSID)ICSID ga shikoyat qilgan edi.

O‘tgan yil noyabrida ICSID O‘zbekiston hukumati turk sarmoyadoriga 40 million AQSh dollari miqdorida tovon to‘lashi lozimligi haqida hukm chiqargandi.

XS
SM
MD
LG