Линклар

Шошилинч хабар
25 июн 2025, Тошкент вақти: 09:48

Afg‘on generalini o‘ldirgani gumon qilinayotgan O‘IH a‘zosi ushlandi


 O‘zbekiston Islomiy Harakati janggarilari Afg‘onistonning Qunduz viloyatida.
O‘zbekiston Islomiy Harakati janggarilari Afg‘onistonning Qunduz viloyatida.
O‘tgan dushanba kuni NATO kuchlari Afg‘oniston politsiya mulozimlari halok bo‘lgan va Germaniya generali jarohatlangan hujumga aloqador janggarini qo‘lga oldi. Balx viloyatida yana bir necha janggari bilan birga qo‘lga olingan bu shaxs O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zosi ekani aytilmoqda. Xalqaro koalitsiya ma‘lumotiga ko‘ra, O‘IH Tolibon tuzgan norasmiy hukumatiga birikkan Afg‘oniston shimolida o‘ziga istehkom yaratmoqda.

NATO va Afg‘oniston kuchlari O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zosi ekani aytilayotgan va Tahor viloyat hokmiligi binosida Afg‘oniston va NATO mulozimlari uchrashib turgan paytda uyushtirilgan hujumga aloqadorlikda gumon qilinayotgan janggarini qo‘lga olingani 1 iyun kuni ma‘lum bo‘ldi.

O‘tgan shanba kungi hujumda olti kishi, jumladan viloyat politsiyasi boshlig‘i, nufuzli general Dovud Dovud va ikki nemis aksari halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar orasida Afg‘oniston shimolidagi Germaniya qo‘shinlari qo‘mondoni general Markus Knayp ham bor.

General Dovud Dovud Afg‘oniston ichki ishlar vazirining sobiq muovini va 2001 yil 11 sentabr voqealaridan avval Toliblar hukumatiga qarshi kurashgan Ahmad Shoh Mas‘udning tan soqchisi bo‘lgani bilan tanilgan.

G‘arb matbuoti, jumladan The Washington Post, Associated Press kabi nashrlarning xalqaro sharhlovchilari O‘IH Tolibon harakatining norasmiy hukumatiga birikib, Afg‘oniston shimolida o‘ziga istehkom yaratayotganini yozmoqda.

NATO yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya keyingi oylarda Afg‘oniston shimolida amalga oshirayotgan harbiy operatsiyalar aynan O‘IHga qarshi qaratilgan. Joriy yil 20 aprelida NATO kuchlari Qunduz viloyatining Xonobod shahrida O‘IH yetakchilaridan birini hibsga olgani xabar qilingan edi.

So‘nggi bir necha oy ichida xalqaro kuchlar o‘tkazgan amaliyotlarda O‘IHning o‘nlab jangarilari yo‘q qilingani aytiladi NATO hisobotlarida.

O‘zbekistonda islomiy davlat qurishni o‘zining asosiy maqsadi, deb e‘lon qilgan O‘IH 90-yillarda Tojikistondagi fuqarolar urishda islomiy muxolifat tarafida jang qilgan. Tojikistonda sulh tuzilgach, O‘IH Afg‘onistonga ko‘chib o‘tdi hamda Tolibon va Al-Qoida kabi janggari guruhlar bilan yaqin aloqa o‘rnatdi. 2001 yil 11 sentabr voqealaridan keyin AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya Tolibon hukumatini ag‘dargach, Tohir Yo‘ldosh boshchiligidagi O‘IH janggarilari qo‘shni Pokistonning qabilalar nazoratidagi Shimoliy Vaziriston mintaqasiga ko‘chib o‘tdi. Afg‘oniston istilosi paytida O‘zbekiston Islomiy Harakati yetakchilaridan biri Juma Namangoniy AQSh bombardimonida halok bo‘lgani aytiladi.

O‘IH Pokistonda amalga oshirgan ko‘plab xurujlari bilan janggari guruhlar orasida nufuzi oshdi va Al-Qoida bilan aloqalari yanada mustahkamlashdi. 2009 yilda AQSh havo hujumida O‘IH yetakchisi Tohir Yo‘ldosh o‘ldirildi. Uning urnini kuyovi ekani aytiladigan Usmon Odil egalladi.

Keyingi bir-ikki yil davomida Pokiston kuchlari Shimoliy Vaziriston mintaqasida Tolibon va xorij janggarilariga qarshi harbiy amaliyotlarni amalga oshira boshlagach, O‘zbekiston Islomiy Harakati janggarilari o‘z kuchlarini Afg‘oniston shimoliga ko‘chirib, u yerda faolashib qolgani kuzatilmoqda. Lekin Shimoliy Vaziristonda ham hozirda, turli hisoblarga ko‘ra, uch mingga yaqin O‘IH a‘zolari qolgani aytiladi.
XS
SM
MD
LG