Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:54

Afg‘onistonda O‘IH qo‘mondoni yo‘q qilindi


Afg‘onistondagi Xalqaro koalitsiya kuchlari 17 aprel kuni Bag‘lon viloyati Burka tumanida uyushtirgan havo hujumi oqibatida Afg‘oniston shimolida Tolibon va O‘zbekiston Islomiy Harakatining qo‘mondoni bo‘lgan Mulla Abdul Fattoh Haqqoniyni o‘ldirildi.

Haqqoniy Afg‘oniston va NATO kuchlarga qarshi hujumlarni rejalashtirish va amalga oshirishda ishtirok etganini yozmoqda terrorchilik muammolarini yoritib boradigan “The long war journal” nashri.

Mulla Haqqoniy Tolibon va O‘IH janggarilariga qo‘mondonlik qilishdan tashqari janggarilar uchun qurollar va portlovchi moddalar sotib olish ishlariga mas‘ul bo‘lgan.

Xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘oniston shimolidagi Bag‘lon viloyati Burka tumanini “Tolibon va O‘zbekiston Islomiy Harakati istehkomi”, deb hisoblaydi.

Shu bois Afg‘oniston va xalqaro koalitsiya kuchlari hamkorlikda bir necha haftadan beri Afg‘oniston shimolida maxsus reydlar o‘tkazmoqda. Xususan, mart oyi boshidan beri Burka tumanida janggarilarga qarshi birgalikda 11ta maxsus reyd o‘tkazilgan.

Xalqaro kuchlar Burka tumanida 8 mart kuni o‘tkazgan reydda toliblar qo‘mondonlaridan birini yo‘q qildi.

“The long war journal” nashri ma‘lumotiga ko‘ra, ismi oshkor qilinmagan qo‘mondon o‘zbek, chechen va tojik janggarilaridan iborat 80 kishilik guruhga boshchilik qilgan.

Ayni paytda koalitsiya kuchlari 10 mart kuni Samangan viloyatida uyushtirgan havo hujumida O‘IHning ikki nufuzli qo‘mondoni - Bilol Qunduz va Shox Muhammad yo‘q qilindi.

Keyinroq Balh viloyatida O‘IH qo‘mondonlaridan biri asir olindi. Uning ismi oshkor qilinmadi.

Afg‘oniston va Xalqaro kuchlar 16 aprel kuni G‘azni viloyati markazi G‘azni shahrida Mulla Haqqoniy tarmog‘iga aloqador bo‘lgan ikki qo‘mondonni qo‘lga olgani xabar qilindi.

Ulardan biri Paktika viloyatining Orgun tumanida ham Tolibon ham O‘IH janggarilarini qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullangan.

Hozir Afg‘oniston va Xalqaro koalitsiya kuchlari Tolibon va O‘IH janggarilari Afg‘oniston shimolidagi qaysi viloyatlarda panoh topgani va tayyorlov lagerlari tashkil qilganini aniqlash va ularga qarshi maxsus amaliyotlar olib borish bilan shug‘ullanmoqda.
XS
SM
MD
LG