Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:14

Aholi qarzlarining ortayotgani migratsiyani kuchaytirmoqda


Banklarda kredit olishga navbatlar odatiy holga aylandi
Banklarda kredit olishga navbatlar odatiy holga aylandi

O‘zbekistonda ishsizlikdan va pulsizlikdan qiynalib qolganlar orasida iste’mol kreditlarini oluvchilar soni ko‘paymoqda. Qarzga botgan va kreditlarni to‘lashga qiynalib qolgan o‘zbekistonliklar uchun mehnat migratsiyasi daromad olishning yagona manbayi bo‘lib qolmoqda.

Vaziyat murakkabligini anglab yetgan O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi esa o‘z grajdanlarini Rossiya shaharlarida ishlash uchun tashkiliy ravishda jalb qilish tartibini soddalashtirmoqchi va hatto Rossiya Federatsiyasi Mehnat vazirligiga tegishli taklif bilan chiqdi.

O‘zbekiston markaziy banki bugungi kunda O‘zbekistondagi 32 ta bankdan 19 tasi iste’mol krediti berayotgani, mikrokreditlarni esa 18 ta bankdan olish mumkinligini ma’lum qildi.

Markaziy bank O‘zbekistonda aholining qarz yuki nisbatan past darajada deb hisoblaydi, ammo aholi qarzlarining o‘sishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarga va aholining real daromadlari o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini e’tirof etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev hukumati aholini kreditlashni osonlashtirish bo‘yicha yangi-yangi qarorlarni qabul qilib kelmoqda.

Mehnat muhojirlari: Oylik olamiz – kreditga to‘laymiz

Ozodlikka kelayotgan murojaatlardan ko‘plab o‘zbekistonliklar mayda kredit va iste’molchilik kreditlari botqog‘iga botib borayotgani anglashiladi.

32 yashar Otabek Toshkent viloyatidan. Ozodlikka murojaat yo‘llagan yigit to‘planib qolgan qarzlardan qutulish uchun “Xalq banki”dan mikroqarz olganini yozdi. Otabekning aytishicha, u keti uzilmayotgan qarzlardan qutulish uchun Moskvaga kelgan.

- Ishlab topayotgan pul O‘zbekistonda faqat yeb-ichish va qarzlarimni to‘lashga ketmoqda. Tayinli ishim yo‘qligidan qarz ustiga qarz olishga majburman. Qarzlarim ko‘payib ketsa Rossiyaga kelaman ishlagani. Rossiyada ham pul topish osonmas – yildan yilga qiyinlashib boryapti. Meni bir savol qiziqtirib qoldi: qachon o‘zimizda odam mehnati qadrlanadi, oddiy mikrokreditlarni yopishga yarasha oylik-maoshlarni bera boshlanar ekan? - dedi Otabek.

Samarqanddagi ta’lim muassasalaridan birini boshqarib kelayotgan va o‘zini Tojiddin deb atashni so‘ragan suhbatdoshlardan biri kreditlar bilan bog‘liq kollektivida va qishlog‘ida yuzaga kelgan vaziyatni tasvirlab berdi.

- Men o‘zim ham Samarqand “Mikrokreditbank”dan qarz olganman. Yil boshida 28 foizga 25 million so‘m olib, 15ta qo‘y sotib oldim. 1 foiz plastikka tashlab bergani uchun yechvoldi. Hozir bu qo‘ylarni sotsam 15 million so‘m bo‘ladi! Ish joyidagi 3,5 millionlik oylikdan naqd 2,5 millioni qarzga qaytib yotibdi – tirikchiligim 1 millionga qoldi. Oylik olamiz – kreditga to‘laymiz! To‘y qilaman, qo‘y qilaman, uy qilaman deb olyapti odamlar. Bir xodimim o‘g‘lini o‘qitishga oldi. Shu mayda chuyda ishlarga sarflayapti. Ishxonamda 20 xodim bo‘lsa, shundan 19tasi kreditta o‘tiribdi. Xudo xohlasa 6 oyda yopaman. Lekin, maoshlar kamligi tufayli odamlar majbur bo‘lyapti.

Tojiddin fikricha, xodimlar banklardan olgan qarzlarni yopish uchun qo‘shimcha ish faoliyati bilan, tadbirkorlik, chorvachilik yoki dehqonchilik bilan shug‘ullanishga majbur bo‘layotganini ham bildirdi.

U kredit olgan aholi orasida ichki migratsiya avj olganini ham aytadi.

“Ilgari bunday vaziyatda Rossiyaga ketardi odamlar. Shaharlarda ish ko‘payib qolgani sezildi va samarqandliklar asosan Samarqandga yoki Toshkentga borib ishlab kelyapti. Turklar ochgan material sexlarga, katta qurilishlarga borib, ishlab kelyapti ko‘pchilik. Qarzi juda oshib ketganlari Rossiyaga jo‘nab ketyapti haliyam”.

Moliya eksperti: Ishsizlik odamlarni kreditga o‘tirgizmoqda

O‘zbekiston banklaridan birida boshqaruvchi vazifasini bajarib kelgan moliya mutaxassislaridan biri ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka vaziyatni tahlil qilib berishga urindi.

Moliya mutaxassisi odamlarning kreditlar domiga tortilib ketayotganini ularning moliyaviy bilimlari past darajada ekani, har bir yuzaga kelgan qiyinchilik davrida daromadi kamayib borayotgani va ish o‘rinlari qisqarayotganini kuzatayotgan aholining katta qismi muammolarni qarz olish bilan bartaraf etishga urinayotganini gapirdi.

Uning fikricha, yeb-ichish va kiyinish hamda kommunal to‘lovlarni to‘lashga arang yetayotgan mavjud o‘rtacha ish haqi ustiga odamlar yana banklardan qarz olishga odatlanmoqda.

- Ishsizlik bo‘lganidan keyin odamlarning kreditlarga o‘tirib qolishi tabiiy. Kredit oluvchilar sonining oshishi ehtiyoj oshib borayotganidan darak. Odamlar kredit olib, kunini ko‘ryapti. Ayrim kreditga o‘tirayotganlar “shu kunim o‘tsa bo‘ldi”, qabilida ish tutmoqda. Boshqa iloji ham qolmayapti! Odamlar majbur chet davlatlariga borib ishlab kelayotgani hisobiga kun ko‘rmoqda. To‘y qiladigani ham, uchastka quradigani ham, qarzini to‘layotgani ham – hammasi chetdan kelayotgan pullar hisobiga bo‘lyapti. Hukumat ham odamlarning kreditga o‘tirib qolishiga imkon yaratib beryapti-da! 100 million so‘mgacha jismoniy shaxslarga garovsiz kredit berish to‘g‘risida aytilyapti. Uni qaytarib bera oladimi yo‘qmi – hukumat banklar bo‘yniga ilib qo‘yyapti. Ana keyin ko‘ravering har bir odam eshigini tagidagi bank xodimini!

Katta-katta neft-gaz tashkilotlarimiz oylik berolmayotgan bir paytda ular nima qilsin?! Masalan, klaster paydo bo‘ldi, unga ma’lum miqdorda odam ishlaydi. Qishloq aholisi yersiz o‘zi-bilan o‘zi qoldi. Klasterga eski xlopzavodda ishlagan korchallonlar egalik qilvolgan! Ular erga ishlov bermaydi, qarovsiz er dehqonsiz qoldi. Dehqon mardikorlikka ketdi bizda.

Suhbatdosh banklardan yangi takliflar paydo bo‘lishi va mikrokreditlar olish uchun yangi imkoniyatlar yaratilishi ma’suliyatsiz qarzdorlar sonini ham oshirmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oddiy xalq tomonidan olinayotgan kreditlarning asosiy qismini mikroqarzlar tashkil etib, ular kundalik ehtiyojlarni qondirishga sarflanmoqda:

- Pandemiya paytida odamlar usiz ham ancha qiynalib qoldi. Rossiya, boshqa joylardan migrantlar chiqarib yuborilib, qaytib keldi hammasi. Endi chegaralar biroz ochilganiga ular tanish-bilish qilib qaytib ketyapti ishlashga. Shuni hisobiga O‘zbekistonning qora aholisi tirik, buni tan olish kerak! Bizda kredit oluvchilarning aksar qismi mashina olishga sarflayapti – taksi qilib bir-ikki so‘m pul topyapti. Haqiqiy tadbirkorlar kamdan-kam, chunki biznes qilishga sharoit yo‘q, sanoqsiz tekshiruv va nazoratchi organlar lyuboy biznesingizni 5 minutda yo‘q qivorishi mumkin, orqangizda odamingiz bo‘lmasa! Tadbirkorlik deganda ham asosan konditerlik yoki tikuv sexlari tashkil etilyapti. Issiqxonalarga pulga ham gaz bermay qo‘ydi – ekin qilaman degani ko‘mir bilan isitib amallayapti. 14 foizli mayda iste’molchilik kreditlari ham uy qurishga, to‘y qilishga, mol qilish va bolasini o‘qitishga sarflayapti.

Mutaxassis fikricha, pandemiyadan keyin aholi faolligi sezilarli darajada oshgani, bu esa kreditlarga talabning ham ortganiga e’tibor qaratdi.

Moliya mutaxassisi joriy yilda Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston va boshqa joylarga chipta sotib olish uchun kredit berish ommalashayotganini ham aytdi. Bunday kreditlar mehnat muhojirligiga ketayotganlarga mo‘ljallangani aytildi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, birgina Rossiyada O‘zbekistondan 1,5 milliondan 2 milliongacha mehnat migranti ishlaydi va ular bu banklarning potensial mijozlari ekanligi ma’lum.

Qarzdor talabalar

Joriy yildan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan, talabalarga to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun ta’lim krediti ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Unga ko‘ra, ta’lim krediti muddati, foiz stavkasi hamda boshqa shartlar yengillashtirildi. Xususan, ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng ettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytarilishi; tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan resurslar hisobidan ta’lim kreditlarini Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratilishi aytildi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunga kelib yangi tartib asosida, Ipoteka-bank tomonidan 3 800 dan ortiq talabaga qariyb 35 mlrd.so‘m ta’lim kreditlari ajratildi. Bank tomonidan talabalarga ushbu yo‘nalishda kredit ajratish ishlari davom ettirilmoqda.

Mamlakat prezidenti tomonidan 27 - oktabr kuni imzolangan “Tadbirkorlik subyektlarining xorijiy valyutadagi kredit majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq yukini kamaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda tadbirkorlar bundan buyon 1 million dollargacha kredit olishi mumkin.

Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy donorlaridan biri ekanini anglayotgan O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolarini xorijga ishga joylashtirish bo‘yicha vositachilikni o‘z qo‘liga olmoqda.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘z vatandoshlarini Rossiya shaharlarida ishlash uchun tashkiliy ravishda jalb qilish tartibini soddalashtirmoqchi va Rossiya Federatsiyasi Mehnat vazirligiga tegishli taklif bilan chiqqanini boshqarma saytida xabar qildi.

Rasmiy Toshkent mehnat bozorida yuzaga kelgan murakkab vaziyat tufayli ishga qabul qilish jarayonini tartibga soluvchi 2017- yilda imzolangan hukumatlararo bitim pandemiya davrida yangilanishi kerakligini ma’lum qilib, migratsiyaga oid ham migrantlar, ham ish beruvchilar uchun barcha tartiblarni soddalashtirishga chaqirdi. ​

XS
SM
MD
LG