Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2024, Тошкент вақти: 23:29

Aka-uka Vishivaniylar. Bir ukrain oilasining fojiasi (VIDEO)


Ukrainadagi urushda 10 kun nari-berisida ukrain harbiylari, aka-uka Vasiliy va Kirill Vishivaniylar birin-ketin halok bo‘lishdi. Uka – 3-mart kuni Nikolaev viloyatida Rossiya armiyasiga qarshi janglarda, aka esa 13-mart kuni, Lvov viloyatidagi Yavorov poligoniga yo‘llangan raketa zarbalaridan nobud bo‘lishdi.

“Ko‘p rejalarimiz bor edi, lekin shoshmasdik, chunki butun hayotimiz hali oldinda edi. Nachora, bevaqt o‘lim peshonasiga bitilgan ekan. Endi u ko‘klardan bizni kuzatib turadi, ruhi bizni balo-qazolardan saqlaydi. Undan qizi yodgor bo‘lib qoldi...”, deydi yig‘i aralash Kirill Vishivaniyning bevasi Yelena.

Kirill 13-mart kuni Lьvov viloyatining Polьsha chegarasi yaqinida joylashgan Yavorov poligonida halok bo‘lgan o‘ttiz besh ukrain askaridan biri bo‘ldi. O‘shanda Rossiya armiyasi Qora va Azov dengizlari akvatoriyasidan o‘ttizta qanotli raketa uchirgandi.

“Kun bo‘yi kutdik. Odamlar vayronalar tagida tirik qolishgandir, degan ilinjimiz bor edi. O‘sha atrofdagi barcha kasalxonalarga qo‘ng‘iroq qilib chiqdik. Balki yarador bo‘lgandir, deb. Oqshom soat beshlarda do‘sti telefon qilib, uni ko‘rganini aytdi. Ammo tirik holda emas...” eslaydi Yelena.

Kirill bilan turmush qurishganiga atigi ikki yil bo‘lgandi. Besh oy avval qizlik bo‘lishgan, ismini Melaniya qo‘yishgandi.

“Qizchasini shunchalar yaxshi ko‘rardiki. Yeru-ko‘kka ishonmas, yuziga qarab to‘ymasdi. Melaniya ham dadasi ishdan kelishi bilan unga talpinib qolar, qo‘lchalarini cho‘zib qiyqirardi. Dadasiga qarab shunaqa shirin kulardiki... Baxtiyor hayotimiz shunday, qo‘qqisdan yakun topishini yetti uxlab tushimda ham ko‘rmagandim”, g‘amgin hikoyasini davom ettiradi beva ayol.

Kirill Vishivaniy 35 yoshda edi. Professional harbiy bo‘lishni bolalikdan orzu qilardi. U ko‘p vaqtini xizmatda o‘tkazdi, karyerasida muvaffaqiyat qozonishga harakat qildi. Kirill ukasi Vasiliy Vishivaniydan roppa-rosa o‘n kun o‘tib halok bo‘ldi.

Akasi izidan borib, harbiylik kasbini tanlagan Vasiliy 3-mart kuni Nikolayev viloyatidagi janglarda qurbon bo‘ldi. U 28 yoshda bo‘lib, desant-shturm brigadasida sapyor bo‘lib xizmat qilardi.

Vasiliy oila qurishga ulgurmagan, ammo uni qallig‘i Maryana Lopushanskaya kutayotgandi.

“Vasiliy ko‘prikni minalayotgan paytda minomyotdan o‘qqa tutishibdi. U boshqalarni yashirishga uringan, lekin o‘zi ikki yuz qadam naridagi pana joyga yetishga ulgurmagan. Sapyor o‘rtoqlari bilan yerga ko‘milgan minaga yo‘liqishgan. Mina parchalari va tuproq ostida qolishibdi”, deydi Maryana, qaylig‘ining o‘limi haqida hikoya qilarkan.

Kichik Vishivaniy vzvod komandiri edi. Xizmatdoshlari uning jasadini bir necha kun qidirib, topishdi. Maryana eng so‘nggi daqiqagacha uni tirik ko‘rishdan umid qildi. Ular urush tugaganidan keyin turmush qurishni, farzand ko‘rishni orzu qilishardi.

“Go‘yo yarim odamga aylanib qolgandekman. Hayotimni yangidan boshlashni tasavvur ham qilolmayman”, deydi Maryana.

Og‘a-ini Vishivaniylar Lvov viloyatidagi Duliba qishlog‘iga dafn qilindi. Ular shu yerda tug‘ilib, voyaga yetishgan. O‘n kunda ikkala o‘g‘lidan judo bo‘lgan onalari hanuz shu qishloqda yashaydi.

XS
SM
MD
LG