O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining Axborot siyosati departamenti rahbari Komil Allamjonov blogerlarga qarshi jinoyat ishlari mamlakatning xalqaro so‘z erkinligi reytingidagi o‘rniga salbiy ta’sir ko‘rsatganini e’tirof etdi.
Bu haqda u 10-may kuni o‘zining rasmiy Telegram-kanalida yozdi.
Ayni paytda Allamjonov qamoqqa tashlangan blogerlarga nisbatan ilgari surilgan "firibgarlik" va boshqa jinoiy ayblarni savol ostiga olmagan.
"Matbuot erkinligi yuzasidan reytinglarimizda o‘zgarish bor. Lekin biz bugun erkin matbuotni huquqiy maydonga olib chiqmas ekanmiz, muammolar sudlarda hal bo‘lishiga erishmas ekanmiz, taraqqiyot o‘rniga xaos paydo bo‘lishi, jurnalist yoki blogerman deb turli noqonuniy harakatlar, shantaj, firibgarlik holatlariga yo‘l qo‘yilishi natijasida jabr ko‘rgan fuqarolar soni ortib ketishiga sababchi bo‘lamiz. Afsuski, bunday holatlar bo‘ldi. Reyting tuzilishida shu kabi hodisalar ham ta’sir qildi deb o‘ylayman", deb yozdi Allamjonov.
U o‘z bayonotida konkret bloger yoki undan jabr ko‘rgani iddao qilingan shaxslarning ismini keltirmagan.
Ozodlik so‘nggi bir yilda o‘nga yaqin bloger ta’magirlik va firibgarlik ayblari bilan uzoq yillik qamoq jazolariga hukm qilingani haqida xabar bergan.
Shuningdek, bir necha tarmoq foydalanuvchisi Jinoyat kodeksining 3-qismi, 158 - moddasida ko‘zda tutilgan prezidentni omma oldida haqoratlaganlik aybi bilan qamoqqa tashlangan.
Avvalroq UzNews nashri O‘zbekiston Oliy sudi ma’lumotlariga tayangan holda oxirgi bir yilda kamida o‘n kishi tarmoqlarda prezidentni haqoratlagani uchun qamoq jazosiga mahkum etilgani haqida xabar qilgan edi.
O‘zbek rasmiylari bloger va tarmoq foydalanuvchilarining hokimiyatni tanqid qilgani uchun qamoqqa tashlanganini rad etib keladilar.
Oldinroq Human Rights Watch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkiloti, jumladan, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Olimjon Haydarovning blogerlik faoliyati uchun jazolanganini aytib, O‘zbekiston sudi chiqargan hukmni qoralagan edi.
Qarorgohi Parijda joylashgan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining bu yilgi reytingida O‘zbekiston 11 pog‘onaga pastlab, 180 ta davlat ichida 148-o‘rinni egallagan.
Bu Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgan 2016-yildan buyon eng past ko‘rsatkichdir.
Komil Allamjonovning so‘zlariga ko‘ra, prezident Mirziyoyevning "so‘z erkinligi borasidagi pozitsiyasi qat’iy" va "ochiqlik siyosatisiz taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi".
Ammo ochiqlik haqidagi bayonotlarga karamasdan Allamjonov rahbarlaridan bo‘lgan O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi turli sxemalar orqali prezident Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarovga bog‘langan kompaniya shubhali gaz bitimlaridan o‘nlab million dollar pul qilgani haqida Ozodlik e’lon qilgan so‘nggi surishtiruv haqida sukut saqlamoqda.
Prezident Mirziyoyev administratsiyasi Ozodlikning yuqori hokimiyat doiralaridagi korrupsion holatlar fosh etilgan bundan oldingi surishtiruvlarini ham javobsiz qoldirgan.