G‘arb avtomobil ishlab chiqaruvchilari Rossiya bozorini tark etishi tufayli mamlakatdagi dilerlik markazlari yopilish xavfi ostida qoldi. O‘z mashinalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi uchun esa Rossiyaga sanksiyalar to‘siq bo‘lmoqda, chunki aksar butlovchi qismlar xorijdan import qilinadi.
Xo‘sh, yaqin kelajakda rossiyaliklar qanaqa mashina minishadi va bu ularga qanchaga tushadi?
Fevral oyidan buyon Rossiyada yapon brendlarining avtomobillari bahosi 20 foizga oshdi, fransuz mashinalari esa roppa-rosa 40 foizga. Ammo endi diler qo‘lida bor avtomobillardan boshqasini buyurtma qilib ham sotib olib bo‘lmaydi.
“Biz bilan hamkorlik qilgan barcha brendlar Rossiyaga avtomobil jo‘natishni to‘xtatgan. Omborlarimizda 200 ta yangi Renault, 40 tacha Toyota qoldi, Lexus’dan bironta ham yangi avtomobil yo‘q”, deydi avtomarkazning marketing bo‘limi boshlig‘i Darya Kadayeva.
Ukrainada “maxsus harbiy amaliyot” boshlanganidan so‘ng ko‘plab mashhur markalar Rossiya bozoridan chiqib ketdi: Mercedes Benz, BMW, Volkswagen-Audi guruhi, Jaguar-Land Rover, Volvo, Toyota, Cadillac. Ulardan ayrimlari Rossiyadagi yig‘uv korxonalarini to‘xtatdi, boshqalari Rossiyadagi dilerlarga yangi avtomobillarni jo‘natmay qo‘ydi.
“Sifatli avtomobillarga o‘rganib qolganimiz uchun ayni vaziyatda ikki tomon jabr ko‘ryapti – iste’molchilar va dilerlar. Iste’molchi tanqislik va qimmatchilikka tutilgan bo‘lsa, muayyan avto ishlab chiqaruvchi talabiga ko‘ra shourum qurib, jihozlagan va ishga katta sarmoya tikkan dilerlar ham og‘ir ahvolga tushdi. Ayniqsa, rasmiy dilerlar qilgan xarajatlarini qanday chiqarib oladi, hayronman”, deydi avtoekspert Aleksandr Morozov.
Omborlarda hozircha zaxira avtomobillar bor, mijozlar esa ta’mirlatgani kelib turishibdi – bir qarashda vaziyat unchalik fojiali emasdek. Ammo ko‘p sotuvchilar allaqachon peshlavhalarni almashtirish, ya’ni Xitoy, Hindiston va hatto Eron brendlari avtomobillariga o‘tish payiga tushganlar. Do‘konlarini yopishga hozirlanayotganlar ham oz emas.
“Omborlarda taxminan 150 mingta avtomobil bor, barcha brendlar va modellar bo‘yicha shuncha. Bu juda kam, chunki biz ilgari yiliga 1,1-1,7 mln dona avtomobil sotardik, bu yil esa bu ko‘rsatkich 394 mingtaga tushib ketishi mumkin. 394 mingni Rossiyadagi 3200 ta dilerlik markaziga bo‘lsak, har bir diler oyiga 10 ta mashina sotgan bo‘lib chiqadi. Avtomobil savdosidagi tadbirkorlar xonavayron bo‘ladi”, deydi avtobiznes sohasi eksperti Artyom Samorodov.
Yangi mashinalar qimmatlashuvi ortidan ikkilamchi bozorda ham narx-navo oshdi. Samaradagi tutilgan avtomobillar bozorida narxlar o‘rtacha 30 foizga ko‘tarilganini aytishmoqda. Taklif sezilarli darajada kamaygan – odamlar yangi mashinalar kamyob va qimmat bo‘lib borayotganini ko‘rib, minib yurgan ulovlarini sotish fikridan qaytishmoqda. Modellar bo‘yicha tanlov imkoni ham tobora kamayyapti.
“Ilgari premium toifasidagi yo‘ltanlamas sotib olishga qurbi yetgan odam hozir arzonroq yo‘l tanlamasga qanoat qilmoqda. Oilaviy sayohatlar uchun miniven tanlaydiganlar esa endi shunchaki 7 ta o‘rindig‘i bor mashina xarid qilishdan boshqa chora topa olishmayapti”, deydi avtobloger va jurnalist Aleksey Yepishchenko.
Avtomobillar ta’miri va texnik xizmati ham kun sayin qimmatlashmoqda. Chunki chet eldan keladigan ehtiyot qismlar, suyuqliklar va boshqa materiallar narxi oshdi. Texnik xizmat stantsiyasi xo‘jayini Maksim Terexov barcha turdagi ehtiyot qismlar 80 foizga qimmatlashganini aytadi.
Boz ustiga sanksiyalar tufayli “Avtovaz” zavodi chiplar va yuqori texnologik butlovchi qismlarsiz qoldi. Shu bois korxona eng arzon modellarni ham soddalashtirilgan tarzda chiqarish yo‘liga o‘tmoqda. “Avtovaz”ning yangi mashinalaridan bundan buyon konditsioner, xavfsizlik yostiqlari va oynako‘targichlar bo‘lmaydi. Ammo hatto shunaqa kamtarona avtomobil ham iste’molchiga kamida 700 ming rublga tushadi. Bu hozirgi kurs bo‘yicha 11 ming dollar degani.
“Zavod xususida tayinli biron gap yo‘q, chunki u yerda hozir hokimiyat to‘liq almashyapti. Kecha barcha vitse-prezidentlarni ishdan bo‘shatishdi, chet ellik menejerlarni olib, o‘rniga o‘zimiznikilarni qo‘yishyapti”, deydi Artyom Samorodov.
Shunday bo‘lsa-da, “Avtovaz” ishchilari boshqa zavodlar, masalan, Kaliningraddagi “Avtotor” xodimlaridan ko‘ra omadliroq ekan. Kechaga qadar BMW, Kia va Hyundai singari obro‘li mashinalarni yig‘ib yurgan “Avtotor” zavodi ishchilari bugun oz-moz pul topish uchun qulupnay va olma terishga majbur bo‘lishmoqda.