Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2024, Тошкент вақти: 16:45

Amerikada o‘zbekcha-inglizcha lug‘at chiqdi


O‘zbekcha-inglizcha lug‘at mualifi Jahongir Muhammad.
O‘zbekcha-inglizcha lug‘at mualifi Jahongir Muhammad.
Joriy hafta boshida AQShda “O‘zbekcha-inglizcha mukammal lug‘at” sotuvga chiqarildi. Lug‘at mualliflari guruhi rahbari, bir necha yildan beri AQShda yashayotgan o‘zbek jurnalisti, O‘zbekiston parlamentining eks-deputati Jahongir Muhammad Ozodlik muxbiriga 5 yillik mehnati mahsuli to‘g‘risida so‘zlab berdi. Ushbu maqolada adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabekovning o‘zbek leksikografiyasidagi tendensiyalar to‘g‘risidagi fikrlari bilan ham tanishasiz.

“O‘zbekcha-inglizcha mukammal lug‘at”da “37 ming so‘z bor. 20 minga yaqin iboralari bor, so‘z birikmalari, iboralar” deb xabar qildi Jahongir Muhammad.
Qiyoslash uchun: birinchi jildi 2005 yili nashrdan chiqqan besh jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmasi bor.
O‘zbek tilini o‘rganishga qiziqqan amerikaliklar hamda inglizchasini takomillashtirmoqchi o‘zbeklarga mo‘ljallangan “O‘zbekcha-inglizcha mukammal lug‘at” ustida ish boshlanishi tarixi haqida hikoya qilar ekan, Jahongir Muhammad gapni Amerikaga yetib borgani yillarda ehtiyojini qondira oladigan o‘zbekcha-inglizcha lug‘at topolmaganidan boshladi.
- Qarasam kichkina-kichkina, qandaydir 5000-6000-7000lik lug‘atlar bor. Ular ham bitta so‘zning ekvivalentini topib qo‘yishganda, uning qanday ishlashi, qaysi tartibda ishlashi, jumlalar ichida qanday turlanishi, ular bilan misollar, hech narsalar yo‘q. Shundan keyin turli davralarda gapirib yurishga to‘g‘ri keldi. Nihoyat Amerika hukumati shunga mablag‘ ajratadigan bo‘ldi, deydi Jahongir Muhammad.
Va hukumat ajratgan mablag‘ hisobiga lug‘at tuzish istagini bildirgan ijodiy jamoalar orasida tender e‘lon qilindi.
- 12ta univyersitet shunday takliflarni bildirgan. Jumladan biz ham bir taklif tayyorlab berdik. Har holda endi ular qancha pul sarflanishidan tortib qancha muddatda qay tartibda bo‘lishi hammasini inobatga olishadi. Shunda biz yutib chiqdik shuni, deydi Jahongir Muhammad.
“O‘zbekcha-inglizcha mukammal lug‘at”ni tuzishda amerikalik mutaxassis ham ishtirok etdi, deydi suhbatdoshimiz,
- Maykl Horlik degan juda ham talantli yigit mana shu muddatda o‘zbek tilini ham o‘rnganib oldi yaxshilab. Menimcha, kelgusida o‘zbek adabiyotining yaxshi tarjimonlaridan biri bo‘lishi mumkin, deydi Jahongir Muhammad.
“O‘zbekcha-inglizcha mukammal lug‘at” Jahongir Muhammad boshqarayotgan ilmiy guruhning lug‘atchilik sohasidagi birinchi ishi emas. Avvalroq, deydi u
- Islomiy kalimalar lug‘atini chiqarganmiz. Keyin tojikcha-inglizcha lug‘atni chiqardik.
Ozodlik: O‘zbekistonda chiqqan va chiqayotgan lug‘atlardan siz tayyorlagan lug‘atning nima farqi bor?
- Endi biz asosan, shuni aytishim kerakki, mana shu lug‘at jarayonida O‘zbekistonda chiqqan deyarli hamma lug‘atlarni ham ko‘rdik. Bularning ko‘plaridan foydalandik ham. Lekin bitta narsani men sizga aytay. Hatto o‘zbekcha-ruscha lug‘atni olsangiz ham, chunki ba‘zan undan ham foydalanishimizga to‘g‘ri keldi, tayyorlash jarayonida ilgarilari juda ko‘p so‘zlar tashlab ketilgan. Masalan shuni tayyorlayotgan odamlar deylik bitta so‘zning ekvivalentini yoki shuning ma‘nosini beradigan bir so‘zni topa olmagani uchun ko‘p o‘zlarining boshlarini og‘ritib o‘tirmaganda tashlab ketavyergan. Mana biz hozir shuni juda ko‘p tashlab ketilgan so‘zlarning juda ko‘pini kiritdik, deydi Jahongir Muhammad.
“O‘zbekcha-inglizcha mukammal lug‘at” muallifi Jahongir Muhammad bilan o‘tkazganimiz suhbat jarayonida neologizmlardan foydalanish va ularning hamda “uyat” so‘zlarning lug‘atda aks etishi masalalari va boshqa shu kabi masalalar to‘g‘risida ham so‘zlashdik.
Jahongir Muhammad bilan o‘tkazganimiz suhbatni to‘laligicha quyida tinglashingiz mumkin.



Amerikada tayyorlangan yangi lug‘at bahona bu sohada O‘zbekistondagi ahvolga ham qiziqib ko‘rdik va adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabekov o‘z kuzatishlarini Ozodlik bilan o‘rtoqlashdi.
Olimning aytishicha, keyingi yillarda O‘zbekistonda lug‘atlarga talab ortgan, taklif ham talabga deyarli mutanosib.
- Keyingi paytda o‘zbeklar ham boshqa millatlarga o‘xshab lug‘atning juda qadriga yeta boshladi shekilli. Bunisini his qilsa bo‘ladi. Keyingi yillarda deganim mustaqillikdan keyin Qur‘ondagi so‘zlar izohli lug‘ati degan narsa ko‘rindi. Undan keyin turkcha-o‘zbekcha, o‘zbekcha-turkcha-ruscha, ingliz tili bilan so‘zlashuvdan tortib juda ko‘p shakllarda chiqa boshladi.
Ozodlik: Tendensiya nimadan iborat? Ruscha yo‘nalish kuchliroqmi inglizcha yo‘nalish kuchliroqmi
yoki turkcha yo‘nalish kuchliroqmi?
- Mening nazarimda inglizcha yo‘nalish xarid nuqtai nazaridan kuchliroq. Lekin ruscha yo‘nalishga ehtiyoj yo‘q bo‘ldi degani emas, deydi Baxtiyor Isabekov.
Demak, Baxtiyor Isabekovning kuzatishicha, O‘zbekistondagi kitob do‘konlarida turli lug‘atlarni ko‘rish mumkin. Lekin, ularning sifati, hozircha, ko‘ngildigiday emas.
- Leksikografik jihatdan men o‘zim ko‘rgan, masalan inglizchalarga ko‘zim o‘tmaydiyu lekin mana turkcha-o‘zbekchasi yoki sohalar bo‘yicha chiqayotgan lug‘atlar albatta talab darajasida emas. Zamon talabi darajasida emas. Ancha sayozliklar bor. Hattoki Yudaxinning 1940 yilda yaratgan qirg‘izcha-ruscha lug‘ati darajasidagi lug‘atni men hozircha ko‘rmadim, deydi Baxtiyor Isabekov.
O‘zbek tiliga boshqa tillardan kirib kelayotgan yangi so‘zlarni aslidagiday qabul qilishimiz kerakmi yo o‘zbekchasini topishimiz shartmi?
O‘n yilliklar davomida ishlatib kelganimiz so‘zlarni-chi, masalan, “samolyot”ni samolyot deyavyerish to‘g‘rimi yo “uchoq” demoq durustmi?
Adabiyotshunos Baxtiyor Isabekov bilan shu masalalar ustidagi to‘liq suhbatni quyida tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG