Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:45

Amnesty International qirg‘iz rasmiylarini ogohlantirdi


Amnesty International O‘sh voqealarida ayblanib sudlanganlarning aksariyati o‘zbek millatiga mansub fuqarolar ekanini qayd etadi.
Amnesty International O‘sh voqealarida ayblanib sudlanganlarning aksariyati o‘zbek millatiga mansub fuqarolar ekanini qayd etadi.
Qirg‘iziston janubida milliy asosda bir yil avval sodir bo‘lgan to‘qnashuvdan keyin ham xolis sudlovning joriy etilmagani yana shu kabi nizolarga olib kelishi mumkin.

Amnesty International xalqaro huquqni muhofaza qilish tashkiloti o‘zining yangi hisobotida ana shunday xulosani ochiqladi.

2010 yilning iyun oyida O‘sh shahrida sodir bo‘lgan voqealarga bag‘ishlangan mazkur hisobotda qirg‘in chog‘idagi jinoyatlar aybdorlari haligacha jazolanmagani uchun qirg‘iz rasmiylari tanqid qilinadi.

- Garchi rasmiylar zo‘ravonlik qurbonlariga tovon puli to‘lash va qiynoqlar bo‘yicha ayblovlarni ko‘rib chiqishga va‘da berish kabi ayrim ijobiy qadamlarni qo‘ygan bo‘lsalar-da, ular ziddiyat chog‘ida va undan keyin inson huquqlari buzilishiga oid holatlarni yana ko‘rib chiqishlari hamda Qirg‘izistondagi barcha etnik guruhlar ishonchini qozonishi zarur, - deydi AIning Yevropa va Markaziy Osiyo dasturlari bo‘yicha direktori Nikola Dakvors.

Amnesty International vakillari bildirishicha, qirg‘iz rasmiylari zudlik bilan tekshiruv o‘tkazishlari va inson huquqlarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslarga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘ashlari zarur.

- Bu keng ko‘lamli va konstruktiv hisobot bo‘lib, qirg‘iz rasmiylari undagi xulosalarni e‘tiborsiz qoldirolmaydilar, - dedi Nikola Dakvors.

Dakvors xonim fikricha, qirg‘iz rasmiylari O‘sh va Jalolobodda sodir etilgan jinoyatlar xalqaro huquq me‘yorlarida qanday tasnif qilinsa, shunday talqin qilib, barcha jinoyatlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazish va jinoiy ish qo‘zg‘ash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishlari shart. Xalqaro hamjamiyat esa Qirg‘iziston rasmiylarining ana shunday choralar ko‘rishiga erishishi v ularga qo‘llov ko‘rsatishi lozim.

“Adolatli sudlovni ta‘minlay olmaslik huquqiy tartibga putur yetkazadi, korrupsiya va jinoyatchilikni jadallatadi hamda yangi g‘alayonlar va inson huquqlari buzilishi uchun urug‘ qadaydi”, deyiladi Amnesty International hisobotida.

Xalqaro tashkilot hisobotida O‘sh qirg‘inida halok bo‘lganlarning 74 foizi o‘zbeklar, 25 foizi esa qirg‘izlar bo‘lgani qayd etiladi va to‘qnashuvda jabrlanganlarning katta qismi o‘zbeklar bo‘lganiga qaramasdan, O‘sh voqealari yuzasidan hibsga olingan 271 nafar shaxsdan 230 nafari etnik o‘zbek, 28 nafari esa qirg‘iz millatiga mansub kishi ekani eslatiladi.

Shuningdek, Amnesty International bugungi kunda mazkur voqealar yuzasidan 27 nafar shaxs umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan bo‘lib, ularning hammasi o‘zbek millatiga mansub kishilar ekanini ta‘kidlaydi. Hisobotda qayd etilishicha, ayrim sud jarayonlarida sudlanuvchilar qiynoqlarga duchor qilingan, ularning guvohlari mahkamaga qo‘yilmagan, ayrim sudlanuvchilarning advokatlariga esa jabrlangan shaxslar tomonidan hujum qilingan.

Nikola Dakvors so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda yuzlab, balki minglab rasmiylar va oddiy aholi vakillari (ular orasida qirg‘izlar ham, o‘zbeklar ham bor) qilgan jinoyatlari uchun jazolanmay qolmoqdalar.

“Etnik guruhlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni tiklash va zo‘ravonlik qaytalanishining oldini olish uchun qonun ustivorligi tantana qilishi kerak. Barcha jinoyatlar, shu jumladan, insoniyatga qarshi jinoyatlar tekshirilishi va sudga taqdim etilishi zarur”, deyiladi AI hisobotida.

Amnesty International Qirg‘iziston janubidagi etnik nizoni o‘rganish bo‘yicha xalqaro mustaqil komissiya (rahbari Kimmo Kilyunen) tavsiyalarini bajarishga chaqiradi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil may oyi oxirida Qirg‘iziston parlamenti finlyandiyalik diplomat Kimmo Kilyunenni nomaqbul shaxs deb e‘lon qilish bo‘yicha qaror qabul qilgandi, xalqaro komissiya hisoboti esa qirg‘iz deputatlari tomonidan noxolis va haqqoniy bo‘lmagan ma‘lumot o‘laroq qabul qilingandi.

Asnoda 8 iyun kuni yana bir nufuzli xalqaro huquqni muhofaza qilish tashkiloti – Hyuman Rayts Uotchning ham O‘sh qirg‘ini haqidagi hisoboti chiqishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG