Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:17

Amudaryoni kechib o‘tayotgan qochqinlar - O‘zbek-afg‘on chegarasidagi vaziyat (VIDEO)


Afg‘on qochqinlari Yevropa chegarasigacha yetib bormoqda: Polsha chegarasida ushlangan afg‘on qochqinlari.
Afg‘on qochqinlari Yevropa chegarasigacha yetib bormoqda: Polsha chegarasida ushlangan afg‘on qochqinlari.

O‘zbek-afg‘on chegarasidan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekistonning qochqinlarga qarshi qat’iy mavqei va ko‘rayotgan choralariga qaramasdan, Amudaryo nariyog‘idan qochqinlarning kirib kelishi davom etmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan surxondaryoliklarning aytishicha, ayrim afg‘onistonliklar Amudaryoni sol va yasama qayiqlar yordamida kesib o‘tayotgan bo‘lsa, boshqalari suzib ham o‘tmoqda.

O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarida ichki ishlar, harbiylar va boshqa maxsus xizmatlar xodimlari reydlari avj olgani xabar qilinadi.

Tunda daryoni kechib o‘tayotgan qochqinlar

Afg‘onistonda Toliblar hokimiyati o‘rnatilishi ortidan mamlakatning shimoliy qo‘shnisi O‘zbekiston hududiga o‘tish harakat qilayotgan qochqinlar oqimi to‘xtamayapti.

Ozodlik suhbatlashgan surxondaryoliklardan birining aytishicha, 12 - sentabr kuni chegarani noqonuniy kesib o‘tgan afg‘onistonliklarning yana bir guruhi haqida xabar tarqagan.

- Muzrabot tumanida 12 sentabr soat 2larda atrofida afg‘onlarni ko‘rishgan. 8 kishi o‘tib kelgan ekan. Kechasi birovning uyini taqillatib, non so‘rashgan. Qo‘rqib ketgan uy egasi baqirib, yordam chaqirgan. Qo‘lga tushganlari 8 kishi edik, deb aytgan ekan. Ko‘chalarni soldatlar bosgan, qurollangan xodimlar. Afg‘onlarning 3 tasini ushlashibdi, yana 5 tasini qidirishyapti. Odamlarning molxonasi, dalalar tintuv qilinyapti, dedi muzrabotlik suhbatdosh.

Manbaning so‘zlaricha, afg‘onistonliklar chegarani turli yo‘llar bilan kesib o‘tmoqda.

Сурхондарё вилоятида чегарачи ҳарбийлар патрули қочқинларни изламоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:37 0:00

Yana bir surxondaryolikning so‘zlariga ko‘ra, odamlar orasida vahima bo‘lmasa-da, o‘zbek-afg‘on chegarasini noqonuniy kesib o‘tish holatlari to‘g‘risida kunda-kunora xabarlar tarqamoqda.

- O‘zi har kuni deyarli o‘tyapti, deyishyapti. Lekin harbiylar ushlab olib ketyapti ekan ularni. O‘zim chegaraga yaqin turmasam-da, har-xil gap-so‘zlar yuribdi. Ular asosan kechqurun daryoni kechib o‘tyapti ekan. Ushlanganlarni lagerga olib borib, yedirib-ichirtirib, qaytarib yuboryapti ekan. Qochoqlar oddiy afg‘onlar ekan, harbiy toliblarmas, - dedi ismini ochiqlamagan mahalliy yashovchilardan biri.

Termiz yashovchilaridan yana biri hozirda chegarada harbiylar va ichki ishlar xodimlari soni ko‘payib qolganiga e’tibor qaratdi. U bugungi kunda chegaradan o‘tish afg‘onlar uchun ancha qiyin masala bo‘lib qoldi, deydi:

- Termizga qarashli Tinchlik mahallasida chegarada qabriston bilan paxta, g‘alla ekilgan bo‘shliq joy bor edi. Amaldorlar u yerga issiqxona ham qurib olgandi. Shu yerdan oldindan afg‘onlarning o‘tadigan joyi bo‘lgan ekan. Ammo hozir u yerga soqchi turadigan vishka qo‘yishganiga qaramasdan, qanday qilib bilmadim – to‘rt-beshtasi issiqxona bilan o‘tgan ekan: u yerda ikkita qotgan noni ham tushib qolibdi yerga. Hozir chegaraning odam o‘tadigan joylarini betonlayapti ekan. Harbiylar va militsiya “darvozalaringni yopib o‘tiringlar, hech kimga kechasi ochmanglar!”, deb ogohlantirib yuribdi. Soldatlar ko‘payib qolgan ancha. Surxondaryoda biror joyda ularning o‘tgani yoki ushlangani haqida hech qayerda aytilmadi. Ilgari cho‘ponlari o‘tib qolsa aytardi – bu voqealar haqida gapirilmayapti, har-xil gaplar tarqayapti, - dedi Termiz tumanida yashaydigan ayol.

Avvalroq termizliklardan biri 2-sentabrga o‘tar kechasi Termiz shahar Tinchlik mahallasi Amudaryo ko‘chasida bir necha afg‘on qochqini o‘tgani, o‘zbek chegarachilari yarim tunda uyma-uy yurib qochqinlarni izlagani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

O‘zbekiston tomoni so‘nggi chegara hodisalari to‘g‘risida hozircha biron rasmiy izoh bergani yo‘q.

O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi "to‘liq yopilgan"

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi to‘liq yopilgan va Termiz nazorat-o‘tkazish punkti orqali quruqlikdan o‘tish joyi yo‘q.

Vazirlik axborot agentliklari va veb-saytlarda "O‘zbekiston Afg‘onistondagi Tolibon rejimidan qochganlarga o‘z chegaralarini ochishga tayyorligi" haqida paydo bo‘lgan xabarlarni rad etgan.

“Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida hozirda O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi to‘liq yopilgan va Termiz nazorat-o‘tkazish punkti orqali quruqlikdan o‘tish amalga oshirilmagan. Yaqin kelajakda O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasida Termiz nazorat-o‘tkazish punktini ochish rejalashtirilmagan”, -deyiladi TIV xabarida.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, faqat O‘zbekiston vizasi bor Afg‘oniston fuqarolariga mamlakatga kirishga ruxsat berilmoqda.

Vazirlik, sababidan qat’i nazar, chegarani kesib o‘tishga bo‘lgan har qanday urinishga O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq chek qo‘yilishi haqida ogohlantirgan.

Ayni paytda Afg‘oniston harbiy havo kuchlarining O‘zbekistonga qochib o‘tgan uchuvchilari va ularning oilalarini AQShning Doxadagi harbiy bazasiga evakuatsiya qilish boshlangan. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda. O‘tgan hafta The Wall Street Journal nashri AQSh va O‘zbekiston bu borada o‘zaro kelishuvga erishgani to‘g‘risida xabar tarqatgandi.

Xabarda aytilishicha, rasmiy Toshkent Afg‘onistondan O‘zbekistonga qochib o‘tgan uchuvchilarni Doxaga ko‘chirishni 11-12 - sentabr kunlari amalga oshiradi. Taxmin qilinishicha, kamida 500 afg‘on harbiysi O‘zbekistondan Doxaga olib chiqiladi.

Nashr Tolibon rasmiy Toshkentga afg‘on uchuvchilari hamda harbiy samolyot va vertolyotlarni qaytarish borasida bosim o‘tkazayotgani haqida yozgan.

Toshkent Afg‘onistonda hokimiyatni egallagan toliblar hukumati bilan iliq munosabatlarni saqlab qolmoqda. Tolibon matbuot kotibi Anas Haqqoniy Tvitter sahifasida toliblar O‘zbekiston hukumatining Afg‘onistonning yangi hukumatiga ijobiy munosabatini yuqori baholashini yozdi.

Oldinroq O‘zbekiston rasmiylari Afg‘onistonda toliblarning muvaqqat hukumat tuzishini mamnuniyat bilan qabul qilgani va mamlakatning yangi davlat organlari bilan "konstruktiv muloqot va amaliy o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga"tayyorligini bildirgan.

XS
SM
MD
LG