Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2021, Тошкент вақти: 07:04

Andijonda yo‘l to‘sgan ayollar qamaldi. Ular hokimdan uy-joy muammosini hal qilishni talab qilib chiqqan edi


31 - iyul kuni, asosan ayollardan iborat yigirmadan ortiq odam Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov qabuliga borgan

O‘tgan shanba Andijonda norozilik tariqasida yo‘l to‘sishga uringan ayollardan 11 nafari 8 sutkadan 15 sutkagacha bo‘lgan muddatga qamaldi.

Hokim qabuliga kirolmaganidan norozi bo‘lgan ayollar ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik hamda ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar o‘tkazish tartibini buzishda ayblangan.

Qolgan ayollar esa bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari (1 million 715 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.

31 - iyul kuni, asosan ayollardan iborat yigirmadan ortiq odam Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov qabuliga borgan.

Hokim qabuliga qo‘yilmagan ayollar norozilik sifatida hokimlik binosi oldidan o‘tuvchi markaziy yo‘lni to‘sishgan. Bu haqda Ozodlik o‘sha kuni xabar bergan edi.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmatining Ozodlik suhbatlashgan vakili 31 - iyul kuni hokim Shuhrat Abdurahmonov qabuliga kelgan ayollar viloyat rahbarining birinchi o‘rinbosari Otabek Tursunov huzuriga yo‘llanganini aytdi.

“Hokim yo‘qligida uning birinchi o‘rinbosari qabul qiladi. Lekin ayollar hokim qabul qilsin, deb turib olishdi. Jamoat joylarida o‘zini tutish qoidalarini buzib, janjal ko‘tarishdi, to‘s-to‘polon qilib yo‘l to‘sishdi. Biz bu xolat haqida o‘z vaqtida xabar berganmiz. Tartib buzilgandan keyin ishga huquq-tartibot idoralari aralashadi. Sud aralashadi. Biz ularning qarori bo‘yicha izoh berishga vakolatimiz yo‘q”, - dedi Andijon viloyati hokimining matbuot xizmati vakili.

Ayollar nimadan norozi bo‘lib hokimlikka borgani haqida rasmiy bayonotda hech narsa aytilmagan. Hokimlik mulozimi Ozodlikka “ayollar turli muammolar” bilan kelganini aytish bilan chelandi.

Uysiz qolgan andijonliklar

Andijonlik huquq faoli Saidjahon Zaynobiddinovning Ozodlikka aytishicha, 31 - iyul kuni hokim qabul qilishini talab qilib borgan ayollar uylari buzilib, ko‘chada qolgan fuqarolar bo‘lgan.

“Ikki yilcha oldin shahar markazidagi Cho‘lpon ko‘chasida “xrushchyovka” uylar buzilgan edi. “ “LYUKS APORTAMENT” degan shirkat hokimlik ruxsati bilan qilgan bu ishni. Quruvchilar uyi buzilganlarga arzon narxga kvartira qilib beramiz, deb va’da bergan. Va’da qilingan muddat 2020 - yilning dekabr oyi edi, o‘tib ham ketdi. Qurilish boshlangani yo‘q. Yangi pudratchi qayerga borsang boraver, deyapti. Eski shartnomani tan olmayman, deyapti. Eski quruvchilar esa firibgarlik qilib Qirg‘izistonga ketvorgan.

Har bir domda o‘ntadan kvartira bo‘lsa, uchta dom buzilgan, o‘ttizta oila bo‘ladimi, shular hozir ko‘chada. Bir oy oldin bularni hokim qabul qiluvdi, hal qilamiz, deb va’dalar berib, jo‘natvorgandi. Mana, bir oy o‘tib, va’dalar bajarilmagan, bular yana hokimlikka borishyapti. Hokim qochib yuribdi, o‘rniga militsiya xodimlari kelyapti, ustidan ish ochilyapti, qamayapti”, - deydi Zaynobiddinov.

Ozodlik qamalgan ayollarning qarindoshlariga bog‘lana olmadi.

Saidjahon Zaynobiddinovning aytishicha, norozilik bildirib borganlarga qamoqda bosim qilingan bo‘lishi mumkin.

“Qo‘rqitilgan hammasi. Qarindoshlari bilan ham gaplasholmaysiz, shokda”, - deydi Zaynobiddinov.

“Karimov davrida ham ayollarga tegilmagan”

Andijonda 2005 - yil 13 - may kuni sodir bo‘lgan ommaviy g‘alayonning qonli bostirilishidan buyon aholining yirik norozilik chiqishlari kuzatilmagan.

Ammo so‘nggi oylarda yo‘l to‘sish aksiyalari to‘lqini bu viloyatga ham keldi.

“2005 - yildagi voqealardan keyin Andijondan ortiqcha shovqin chiqmasin, degan alohida direktiva bo‘lgan. Endi, hozir chamamda, u voqealar unutilib, qo‘rquvlar arib, yo‘l to‘sishlar ko‘paymoqda, ayollar ko‘p chiqyapti. Hokimlikdagilar judayam eplasholmay qolyapti. Norozilik kuchaymoqda. Nimaga bizda ayollar namoyishga chiqadi, chunki bular shu tegilmaydigan qatlam bo‘lib kelgan. Karimov prezidentligi paytida ham ularga tegilmagan. Karimov ayollar bilan jang qilmaymiz, degan. Chunki yosh bolalari bor. Bu qamalgan ayollarning ham yosh bolalari bor. Endi hozir o‘ntasini jazolab turib, qolganlarga yo‘l to‘ssang mana bunaqa bo‘ladi, deb qo‘rqityapti chamamda. Lekin bu bilan yo‘l to‘sishlar to‘xtamasa kerak, chunki pichoq odamlarning suyagiga borib qadalgan”, - deydi Zaynobiddinov.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda aholining o‘z noroziligini ifodalash uchun yo‘l to‘sishi ko‘p kuzatilmoqda. Aksar hollarda bunday noroziliklar rasmiylarning nazariga tez tushadi va uzoqqa cho‘zilmaydi.

Yo‘l to‘sish aksiyalarining ishtirokchilari esa, asosan ayollar.

Bu yilgi qish mavsumida gaz va elektr ta’minotidagi muntazam uzilishlar ortidan Andijon, Xorazm, Farg‘ona, Sirdaryo va Qoraqalpog‘istonda aholi norozilik bildirib, yo‘llarni to‘sib qo‘ydi.

Ўзбекча норозилик: Газ ва светсиз қолган аҳолининг йўл тўсиш акциялари...
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:05 0:00

Mahalliy hokimiyatlar aholi noroziligini vaqtincha choralar, jumladan, shoshilinch tarzda ko‘mir tarqatish yoki elektr ta’minotini bir muddat qayta tiklash bilan hal qilishga urindi.

O‘zbekistonda aholining tinch namoyishlar o‘tkazishiga ruxsat etilmaydi, inson huquqlari guruhlari bu boradagi mavjud tartib amalda demokratik jamiyatlarning fundamental huquqi bo‘lgan tinch namoyishlar o‘tkazish huquqini cheklashini tanqid qilib keladilar.

Andijonda shahar qiyofasini yangilash doirasida eski uylar o‘rnida yangi 16-qavatli uylarni qurish 2019 - yilda boshlangan edi.

Andijon shahar xokimining 2019 - yil 3 - apreldagi 200-q-sonli qaroriga muvofiq yangi qurilishlarga yer ochish uchun shahar markazida joylashgan Cho‘lpon ko‘chasidagi uylar buzib tashlangan.

Bu xolat fuqarolar noroziligiga sabab bo‘lgach mulk huquqlari qonun bilan kafolatlanishi yuzasidan Andijon viloyati hokimligi vaziyatni o‘z nazoratiga olishini ma’lum qilgan edi.

Uylar qurilishi kechikishi ortidan shu yilning 7 - iyul kuni Andijon shahar xalq deputatlari kengashi “LYUKS APORTAMENT-1” ma’suliyati cheklangan jamiyati tomonidan Andijon markazida Cho‘lpon shoh ko‘chasidagi 183-, 185- uylar o‘rnida zamonaviy loyihalar asosida ko‘p qavatli turar-joy binolari qurish ishlarini bir oy muddatda jadallashtirish choralarini ko‘rish haqida qaror chiqardi.

Andijon shahar xalq deputatlari kengashining "Andijon siti" bo‘yicha chiqargan qarori.
Andijon shahar xalq deputatlari kengashining "Andijon siti" bo‘yicha chiqargan qarori.

Ozodlik tasarrufidagi qaror nusxasida qurilish ishlari tarmoq-jadval asosida olib borilmagan taqdirda, doimiy komissiya xulosasi asosida halq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida Andijon shahar hokimining 2020 - yil 10 - fevraldagi 80-Q sonli qarorini bekor qilish tasdiqlanishi aytilgan.

O‘zbekiston bosh prokuraturasi shu yil boshida bergan ma’lumotga ko‘ra, “snoslar” bo‘yicha eng ko‘p noqonuniy qaror Andijonda qabul qilingan.

AOKAda o‘tgan brifingda Bosh prokuratura boshqarma prokurori Abdurahim Muhiddinovning bildirishicha, uyi buzilgan mulkdorlarga davlat 400 milliard so‘mdan ko‘proq qarz bo‘lib qolgan. Bu qarzning faqat 202 milliard so‘mi to‘langan.

“2020 - yilning 1 - yanvar holatiga buzilgan mulklar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan qariyib 443 mlrd. so‘m qarzdorlik mavjud bo‘lgan, biroq o‘tgan yilda bu qarzdorlikning atigi 202 mlrd. so‘mi yoki 45 foizi mulk egalariga qoplab berilgan, xolos”,- deb aytgan Bosh prokuratura mulozimi.

Unga ko‘ra, to‘langan qarzdorlikning 151,5 mlrd. so‘mi naqd pul, 10,7 mlrd. so‘mi yer berish, 39,2 mlrd. so‘mi mulk berish hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, hududiy hokimliklar tomonidan buzilishlar bo‘yicha qabul qilingan 52,6 mlrd. so‘mlik 196 ta qarorlarning 76 tasi yoki 39 foizi bo‘yicha amaldagi tartibga rioya etilmagan.

Noqonuniy qarorlar Andijonda 48 ta, Toshkentda 11, Namanganda 7, Jizzaxda 6, Qoraqalpog‘istonda 4, Buxoroda 3 va Qashqadaryoda 1ta qabul qilingan.

Buning oqibatida O‘zbekistonning barcha hududlarida 1 338 ta mulk egasidan hukumat 221,5 mlrd. so‘m qarzdor bo‘lib qolgan. Bu esa mulkdorlarning huquq va manfaatlari buzilishi sifatida tasniflanishi mumkin.

Qonuniy va noqonuniy "snos"lar Toshkent shahri, Qashqadaryo viloyati va boshqa qator hududlarda aholining norozilik chiqishlariga sabab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG