Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:48

AQSh: Afg‘onistonni afg‘onlar o‘zlari mudofaa qilishi kerak


Tolibon jangchilari Kobul janubi-g‘arbidagi Farah viloyati markazi Farah shahrida - 10 - avgust, 2021
Tolibon jangchilari Kobul janubi-g‘arbidagi Farah viloyati markazi Farah shahrida - 10 - avgust, 2021

Tolibon bir haftadan kamroq vaqt mobaynida to‘qqizinchi viloyat markazi hamda chegara yaqinidagi shahar va savdo yo‘llarini egallab olar ekan, Amerika Qo‘shma Shtatlari mamlakatni himoya qilish Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari qo‘lida ekanini bildirdi.

Prezident Jo Bayden AQShning Afg‘onistondagi harbiy missiyasi 31 - avgustda tugashini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, afg‘on xalqi o‘z kelajagini o‘zi hal qilishi kerak. Bayden 20 yildan beri tinchimayotgan urushga boshqa amerikaliklarni safarbar qilmasligini aytgan.

Dushanba kuni AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod Qatarga jo‘nab ketdi. AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, u yerda Xalilzod «Tolibonga harbiy hujumlarni to‘xtatib, siyosiy kelishuvga erishish uchun bosim o‘tkazadi».

Departament bayonotida qayd etilishicha, uch kun davom etadigan muzokaralarda hukumatlar va turli tashkilotlar vakillari «zo‘ravonlik va o‘t ochish kamaytirilishi hamda kuch bilan o‘rnatilgan hukumatni tan olmaslik majburiyati qabul qilinishi» uchun bosim o‘tkazadilar.

2001 - yilda hokimiyatdan ag‘darilgan Tolibon Afg‘onistonda shariatni tiklashga urinmoqda. Ekstremistik guruh Afg‘onistondan xorijiy kuchlar olib chiqib ketilar ekan, hukumatni mag‘lub etish kampaniyasini kuchaytirgan.

Dushanba kuni ular mamlakat shimolida joylashgan Samangon viloyati markazi Samangon shahrini egallab oldi.

«Ayni paytda toliblar politsiya qarorgohi va viloyat hokimi binosini egallash uchun Afg‘oniston kuchlari bilan jang qilmoqda», dedi samangonlik deputat Ziyouddin Ziyo.

«Markazning bir necha qismi toliblar qo‘liga o‘tdi», dedi u.

Dam olish kunlari Tolibon uchta viloyat markazini – janubi-sharqdagi Nimroz viloyatining ma’muriy markazi bo‘lmish Zaranj shahrini, Saripul viloyati poytaxti Saripul shahrini hamda Tahor viloyati markazi Toluqon shaharlarini egallab oldi.

Avvalroq ular Qunduz viloyati markazi Qunduz shahrini hamda Helmand viloyati markazi Lashkargoh shahrini egallab olishgandi.

Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi AQSh ushbu tendentsiyadan chuqur xavotirda ekanini, lekin Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari isyonchi guruhga qarshi kurashishga qodir ekanini ta’kidladi.

«Ular o‘z harbiy kuchlari, o‘z viloyat markazlari, o‘z xalqlarini mudofaa qilishlari kerak. Pirovardida, hammasi mamlakat rahbariyati aynan hozir va aynan shu erda buni bajarishga qodir ekanini ko‘rsata olishiga borib taqaladi», dedi Kirbi.

Kotib agar Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari jang qilmasa, AQSh armiyasi nima qila olishi mumkinligi haqidagi savolga javoban «Ko‘p narsa emas», deya javob berdi.

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan AQSh rasmiylarining aytishicha, yil boshida Bayden qo‘shinlar olib chiqib ketilishi ortidan viloyat markazlari qulashi haqida ogohlantirilgan. Shunday bo‘lsa-da, AQSh harbiylari ayrim shaharlar toliblar tomonidan juda tez sur’atda egallab olinganidan hayratga tushgan.

Tolibon dam olish kunlari viloyat markazlarini qo‘lga olar ekan, AQSh o‘ndan kam havo zarbasini amalga oshirgan. Hujumlarning biri shunchaki toliblar harbiy texnikasini yo‘q qilish maqsadida amalga oshirilgan.

AQSh rasmiylarining biri Qunduz shahri qulayotganida Afg‘oniston kuchlari hech qanday yordam so‘ramaganini aytdi.

Tolibon yutuqlari tufayli xorijiy kuchlar Afg‘onistondan olib chiqib ketilgani keskin tanqidga uchramoqda. Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles “The Daily Mail” nashriga bergan intervyusida o‘tgan yili AQSh va Tolibon o‘rtasida tuzilgan kelishuvni «chirigan bitim» deb atadi.

Vashington o‘tgan yili sobiq prezident Donald Tramp rahbarligi ostida toliblar bilan tuzilgan bitim asosida o‘z qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqib keta boshlagan.

Uollesning aytishicha, Britaniya hukumati ayrim NATO mamlakatlarini AQSh qo‘shinlari chiqib ketganidan keyin Afg‘onistonda qo‘shin saqlab qolishga undagan, ammo bu taklifni yetarlicha mamlakatlar qo‘llamagan.

«Ba’zilar buni xohlashlarini, lekin ularning parlamentlari qarshi ekanini aytishdi. Tez orada birlashtiruvchi kuch bo‘lib kelgan Qo‘shma Shtatlarsiz bunday variantlar ish bermasligi ma’lum bo‘ldi», dedi Uolles.

Germaniya mudofaa vaziri Tolibon isyonchilari o‘n yil davomida nemis qo‘shinlari faoliyat yuritgan Qunduzni egallab olganidan so‘ng, nemis askarlarini Afg‘onistonga qaytarish borasida yangaragan chaqiriqlarni rad etdi.

Afg‘oniston harbiylari Qunduzni bosib olgan Tolibon jangchilariga qarshi hujum uyushtirgan. Shahar ahli jon saqlash uchun qochib ketishga majbur bo‘lgan.

Xavfsizlik xodimlari Eron bilan chegaraga yaqin hududda, Hirot yaqinida og‘ir janglar ketayotganini bildirishdi.

Hirot mintaqaviy kasalxonasi boshlig‘i Orif Jaloliy oxirgi 11 kun ichida 36 kishi halok bo‘lganini, 220 kishi yaralanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaralanganlarning yarmidan ko‘pi tinch aholi vakillaridir.

UNICEF tashkiloti so‘nggi 72 soat ichida Qandahor viloyatida 20 nafar bola nobud bo‘lgani va 130 bola yaralanganini ma’lum qildi.

Tashkilotning Afg‘onistondagi vakili Erve Lyudovik de Lis:

«Zo‘ravonliklar kundan-kunga kuchayib bormoqda», dedi.

Qunduzda ko‘plab oilalar o‘z uyini tashlab, 315 km masofada joylashgan Kobulga yo‘l olgan. Odatda avtomobilda Qunduzdan Kobulga 10 soatda yetish mumkin.

Shaharlik muhandis G‘ulom Rasul tinchimayotgan otishma sadolari ostida o‘z oilasi bilan poytaxtga ketish uchun avtobus izlayotganini aytdi.

«Kobulgacha piyoda borishga majbur bo‘lishimiz mumkin, lekin yo‘lda tirik qolamizmi, yo‘qmi, bilmayman. … Yerdagi to‘qnashuvlar hatto 10 daqiqaga ham to‘xtamayapti», dedi u “Reuters” agentligiga.

G‘ulom va boshqa bir necha shaharlik so‘zlariga ko‘ra, hukumat harbiylari Qunduzni isyonchilardan tozalash amaliyotini boshlagan.

Kobulda esa Tolibon jangarilari ekani aytilayotgan shaxslar hukumat radiostansiyasi boshlig‘ini o‘ldirishgan.

“Reuters” agentligining xabar berishicha, minglab odamlar Kobul borishga urinmoqda. Xabarlarga ko‘ra, poytaxtdagi diplomatik mavzelarda hujumlar amalga oshirilgan.

Yakshanba kuni Tolibon matbuot kotibi Muhammad Naim Vardak “Al Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida AQShni Afg‘oniston hukumati kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun boshqa aralashmaslik haqida ogohlantirdi.

XS
SM
MD
LG