Линклар

Шошилинч хабар
16 июн 2021, Тошкент вақти: 13:28

AQSh g‘alabani Tolibonga shunchaki topshirib qo‘ymasligi lozim - hisobot


AQSh qo‘shinlari Hirot shahrida afg‘on hukumat kuchlari uchun o‘tkazilgan mashqlarda - 2 - fevral, 2019

AQSh Afg‘onistondagi barcha qo‘shinlarini olib chiqib ketishi rejalashtirilgan 1 - may muddatini yanada uzaytirishi kerak. Shuningdek, Amerika qo‘shinlarining qisqartirilishi tinchlik muzokaralaridagi siljishga hamda Tolibon harakati Afg‘onistondagi Al-Qoidaga qarshi kurashishiga bog‘lanishi lozim. Ikki partiya vakillari tomonidan ishlab chiqilgan Kongress hisobotida ana shunday tavsiyalar keltirilgan.

Vashington Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayonidan chiqib ketmasligi kerak, deya hisobotdan iqtibos keltirmoqda Reyters agentligi.

Lekin bu jarayon muvaffaqiyatli yakunlanishi uchun kerak bo‘lgan muhit Qo‘shma Shtatlar va Tolibon o‘rtasida o‘tgan yilning fevralida tuzilgan kelishuvda ko‘zda tutilgan 2021 - yilning 1 - may muddatigacha shakllanmaydi. AQSh harbiylari maygacha to‘laligicha Afg‘onistondan chiqib ketishi mintaqani beqarorlashtirishi, Al-Qoida xavfini yangidan chiqarishi mumkin bo‘lgan fuqarolar urushiga olib kelishi ehtimoli mavjud.

Tramp ma’muriyati AQShning eng uzoq cho‘zilgan urushini tezroq tugatish ilinjida isyonchilarga keragidan ko‘proq yon bosgani tanqid qilingan Afg‘onistonni o‘rganish guruhining hisobotida aytilishicha, «AQSh g‘alabani Tolibonga shunchaki topshirib qo‘ymasligi lozim».

Kongress tuzgan ushbu guruhga AQSh Bosh shtabi sobiq rahbari, general Jozef Danford hamda sobiq senator Kelli Ayot raislik qiladi.

Danfordning muxbirlarga aytishicha, hisobot bilan prezident Jo Baydenning maslahatchilari, jumladan Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil Zalmay Xalilzod ham tanishtirilgan.

AQSh Davlat departamentining matbuot kotibi Ned Prays Bayden ma’muriyati Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini “qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirayotganini” bildirgan. Uning aytishicha, ma’muriyat Tolibon harakatining Al-Qoida guruhi bilan aloqalarni uzganligini, tinchlik muzokaralaridagi faolligini o‘rganib chiqmoqda.

Sobiq prezident Donald Tramp Afg‘onistonda dekabr oyigacha 2500 askardan iborat AQSh qo‘shinini qoldirishga buyurgan. AQSh rasmiylariga ko‘ra, Tolibon Al-Qoida bilan aloqalarni saqlab qolgan, hukumat va Tolibon o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari ham boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

AQSh qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish qarorini tanqid qilib kelgan respublikachi senator Lindsey Grehem hisobotni olqishladi. Bayden ma’muriyati bilan bo‘lgan ba’zi muzokaralardan “ma’muriyat ushbu tavsiyalarga quloq tutishga rozidek ko‘rindi”, deydi Lindsey o‘z bayonotida.

“Bu yil 9/11 voqealariga 20 yil to‘ladi, men hech qachon unutmayman bu urush qanday boshlanganini. Biz nigohimizni Afg‘onistondan boshqa yerga qaratgan edik, bu boshqa qaytarilmasligi kerak”, deb qo‘shimcha qilgan u.

Tolibon va Afg‘oniston hukumati vakillari o‘rtasida Qatarda bo‘lib o‘tayotgan tinchlik muzokaralari “qat’iy kelishuv” bilan yakunlanishini ta’minlash uchun AQSh o‘z siyosatini qayta ko‘rib chiqishi lozim, deyiladi hisobotda.

Hisobotga ko‘ra, “AQSh manfaatlariga mos keladigan barqaror tinchlikni ta’minlash maydagi yakuniy muddatni uzaytirishdan boshlanishi kerak.” Ushbu muddatni cho‘zish uchun mintaqadagi davlatlar dastagini ta’minlash maqsadida “zudlik bilan” diplomatik choralarni ko‘rish tavsiya etilgan. Qatardagi muzokaralar kun tartibiga Afg‘onistonda zo‘ravonliklarni kamaytirish hamda hokimiyatni bo‘lishish masalalari kiritilgan.

Muddatni uzaytirish Bayden ma’muriyatiga AQSh siyosatini qayta ko‘rib chiqish, jumladan, Amerika qo‘shinlari qisqartirilishi shartini Qatardagi tinchlik muzokaralaridagi siljishga, Tolibon Al-Qoidaga qarshi kurashishiga bog‘lashga imkon beradi.

Shuningdek, muddatni uzaytirish Vashingtonga AQSh yordamini qayta tashkil etib, Kobulga tinchlik muzokaralarida hamda ayol va ozchiliklar haqlarini ta’minlashda “konstruktiv rol” o‘ynashi uchun qo‘shimcha rag‘bat berishga yordam beradi.

AQSh va Tolibon harakati o‘rtasida 2020 - yil fevralida imzolangan shartnomaga muvofiq, Tolibon Afg‘onistondagi boshqa ekstremistik guruhlarga qarshi kurashish hamda ularning AQSh va ittifoqchilariga hujum qilishiga yo‘q qo‘ymaslik majburiyatini zimmasiga olgan.

Buning evaziga, Vashington mamlakatdan 2021 - yilning 1 - mayigacha o‘z qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqib ketishga rozi bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG