Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2021, Тошкент вақти: 07:54

AQSh hisoboti: 2020 - yilda O‘zbekiston hukumati erkinliklarni cheklashda davom etdi


Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan ijtimoiy va siyosiy sohadagi qator cheklovlarni yumshatgan va erkinliklarni kengaytirishga va’da bergan edi - BMT, 19 - sentabr, 2017

AQSh Davlat departamenti e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, dunyo bo‘ylab inson huquqlari ahvoli yomonlashmoqda.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 30 - mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda bu mamlakatlarda «inson huquqlari sohasidagi tendensiyalar yo‘nalishi noto‘g‘ri ketyapti», dedi.

Blinken bu mavzuda dunyo bo‘ylab qariyb 200 davlatdagi inson huquqlari bo‘yicha o‘tgan yilgi ahvol yuzasidan tayyorlangan hisobot e’lon qilishi munosabati bilan so‘zladi.

«2020 - yilda juda ko‘p odamlar shafqatsiz sharoitlarda azob chekishda davom etgan», deb yozdi Blinken hisobot muqaddimasida.

Hisobotda Rossiya ham tilga olinib, shu yili boshida Rossiyaga qaytgach qamalgan Navalniyga qarshi asabni falajlovchi modda qo‘llanganiga to‘xtab o‘tildi.

Hisobotda Belarus «avtoritar davlat» sifatida ta’riflandi. Xitoy ham keskin tanqid qilindi. Xususan, mamlakat hukumatining Shinjondagi uyg‘urlar va boshqa ozchilik musulmonlarga munosabati «genotsid va insoniyatga qarshi jinoyat» deb ta’riflandi.

Quyida Ozodlik hisobotning O‘zbekistonga doir qismidan asosiy nuqtalarni jamladi.

O‘zboshimcha qotilliklar

Hukumat yoki uning agentlari o‘zboshimchalik bilan yoki qonunga xilof ravishda qotilliklar sodir etganligi haqida xabarlar bor. Yanvar oyida bir kishi Qashqardaryo viloyati Chiroqchi tumani Ichki ishlar bo‘limida ushlab turilganda kaltaklanish natijasida vafot etgan, bu ishga aloqador ikki militsiya xodimi 21 - sentabr kuni to‘rt yildan to‘qqiz yilgacha ozodlikdan mahrum etildi, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari iste’foga chiqdi.

30 - may kuni OAV o‘g‘rilikda ayblangan Alijon Abdukarimov Andijon ichki ishlar xodimlari tomonidan 29 - may kuni hibsga olish paytida jiddiy jarohat olganini xabar qildi. Aytilishicha, ichki ishlar bo‘limida kaltaklanganidan so‘ng, Abdukarimov kasalxonaga yotqizilgan va 11 - iyun kuni vafot etgan. Bosh prokuratura uning ishi bo‘yicha tergov boshlagan, natijada 13 - iyun kuni olti nafar ichki ishlar xodimi hibsga olingan. Keyinchalik prokuratura ularga qarshi ayblov e’lon qildi va yana 19 nafar huquqni muhofaza qiluvchi xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. 27 - noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi olti militsiya xodimini bir yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qildi.

Koronavirus karantini bois nazorat va cheklovlar kuchaygan -- Toshkent, 10 - iyul,2020.
Koronavirus karantini bois nazorat va cheklovlar kuchaygan -- Toshkent, 10 - iyul,2020.

Qiynoqlar va boshqa noinsoniy muomala

Yil davomida BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi shunday xulosa berdi “Qiynoq va nomaqbul munosabat davlat huquq tartibot, tergov organlari, qamoqxonalar rasmiylari roziligi va undovi bilan jinoyat ishlari tergov jarayonlari uchun ma’lumot olish yoki iqror qildirish uchun muntazam ravishda amalga oshiriladi”.

2019 - yil sentabr oyida Xorazmda mahalliy rasmiylar bloger Nafosat “Shabnam” Ollashkurovani Feysbukda mahalliy hukumatdagi korrupsiyani, shu jumladan, uylar noqonuniy buzilayotgani haqida yozgani uchun hibsga oldi. Ollashkurova 10 kun qamoqda o‘tirgach, Urganch tuman fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi rasmiylarga uni Xorazm viloyati psixiatriya markaziga olti oy davomida o‘z xohishiga ko‘ra tekshirish va davolash uchun joylashtirishni buyurdi. Ollashkurova 2019 - yil 28 - dekabrda viloyat psixiatriya markazidan chiqarildi. Yanvar oyi o‘rtalarida u ta’qiblar davom etayotgani, rasmiylar uning uyiga kelgani va oila a’zolariga ruhiy kasal deb tasniflangani bois, ogohlantirishsiz olib borib qamab qo‘yishlari mumkinligini aytganini xabar qildi. Xavfsizligidan qo‘rqqan Ollashkurova 18 - yanvar kuni mamlakatdan qochib ketgan va boshqa mamlakatdan siyosiy boshpana so‘ragan.

“Forbes” va boshqa ommaviy axborot vositalari yozishicha, Navoiy viloyatidagi 11-sonli koloniyada saqlanayotgan mahbus Farruh Xidirov 27 - iyun kuni ustidan qaynoq suv quyilgani va kaltaklanganidan so‘ng vafot etgan. Huquq himoyachilari so‘zlariga ko‘ra, o‘limidan bir necha kun oldin Xidirov uyiga qo‘ng‘iroq qilib, jazoni ijro etish koloniyasi xodimlari undan pul talab qilayotganini aytgan. Rasmiylar unga pul o‘tkazish uchun bankdagi hisob ma’lumotlarini bergan. Pulni ololmagach, uni qiynoqqa solishdi, deydi huquq himoyachilari. Xidirov sakkiz kun kasalxonada yotib, so‘ng vafot etdi. “Ezgulik” nodavlat tashkiloti (NNT) uning ishi to‘g‘risidagi hisobotni e’lon qilgandan so‘ng, Ichki ishlar vazirligining Qamoqxonalar bosh boshqarmasi mahalliy internet-nashrlarda raddiya e’lon qildi. Xabarda aytilishicha, “jasad prokuratura tomonidan tekshirilgan, tan jarohati aniqlanmagan va voqea yuzasidan tegishli ekspertiza tayinlangan. Videoda ko‘ringan qizarish kadavr dog‘i bo‘lib, tanaga zarar yetkazish bilan hech qanday aloqasi yo‘q”.

Iyun oyida Surxondaryo viloyatida yashovchi odam ommaviy axborot vositalariga “Milliy gvardiya xodimlari niqob kiymaganim uchun meni bo‘g‘di”, deb aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, ular uning uyi yaqiniga kelib, uni tibbiy niqobsiz yurganini suratga olganliklarini aytishadi. Aytilishicha, ulardan biri uni bo‘g‘ib, majburan avtomashinaga o‘tqazishga uringan.

Qamoq va hibsxonalardagi ahvol

Oziq-ovqat tanqisligi, mahbuslarning haddan tashqari ko‘pligi, jismoniy zo‘ravonlik, sanitariya sharoitlari va tibbiy yordamning yetarli emasligi sababli qamoqxonalardagi sharoit og‘ir va hayot uchun xavfli bo‘lgan.

Bir huquq himoyachisining xabar berishicha, qamoqxona ma’murlari mahbuslarga, ko‘pincha diniy ayblovlar bilan sudlanganlarga yangi jinoyatlar, masalan, jinoiy guruhlar tashkil etish yoki taqiqlangan tashkilotlarga aloqadorlik kabi ayblovlarni davom ettirmoqda. Bunday ayblovlar esa qamoq muddatini atay uzaytirish uchun asos bo‘ladi.

Rasmiylar barcha mahbuslarga ro‘za tutishni taqiqlab qo‘ygan. Garchi ba’zi qamoqxonalar kutubxonalarida Qur’on va Injil nusxalari bo‘lsa‑da, diniy sababga ko‘ra qamalganlar oila a’zolari ularga diniy materiallarni o‘qishga ruxsat bermaganidan shikoyat qilishda davom etdi.

Konstitutsiya kuni munosabati bilan hukumat 7 - dekabr kuni 104 mahbusni, shu jumladan, 21 diniy mahbusni ozod qildi, shu bilan 2016 yildan beri ozod qilingan diniy mahbuslar soni 1710 kishiga yetdi.

Қарши шаҳридаги Жамоат саломатлиги техникумидаги норозилик
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:36 0:00

Sud mustaqilligi

BMTning Sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diego Garsiya-Sayan 2019 - yil sentabr oyida O‘zbekistonga tashrifidan so‘ng, 2019 - yilda Sudyalar oliy kengashining tashkil etilishi, oqlov hukmlarining ko‘paygani va jamoatchilikning sud jarayonlarida ishtirok etishi yaxshilanganini mamlakatda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan asosiy qadamlar sifatida tilga oldi. Uning iyun oyida e’lon qilingan rasmiy hisobotida korrupsiya hamon dolzarb bo‘lib qolayotgani va bir qator aralashuvlar sud hokimiyatining boshqa hokimiyat tarmoqlaridan mustaqilligini buzayotgani ta’kidlangan.

Siyosiy mahkumlar

Avgust oyida hukumat to‘rt taniqli mahbusni ozod qildi. Ulardan uchtasini (Rustam Abdumannopov, Iskandar Xudayberganov va Akrom Malikov) Toshkentdagi “Ezgulik” inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti va boshqa mahalliy huquq himoyachilari mamlakatdagi oxirgi uchta siyosiy mahbus deb hisoblagan. Ozod qilinganlarning to‘rtinchisi taniqli diniy mahbus Ruhiddin Faxruddinov edi. Yana qancha diniy mahbuslar hibsda qolayotgani noma’lum.

O‘tgan yillar davomida hukumat tinch siyosiy dissidentlarni nishonga olgan va ularni terrorchi va ekstremist harakatlarga yoki hukumat diniy fundamentalist deb hisoblaydigan tashkilotlarga aloqadorlikda ayblagan. NNT vakillari hibsda qolgan bunday shaxslarning sonini mustaqil ravishda tekshirib bo‘lmasligini aytishadi. Yil davomida bunday turdagi hibsga olishlar haqida xabarlar chiqmadi.

Ba’zi sobiq siyosiy mahbuslarning ta’kidlashicha, ular hanuzgacha jinoyatchi hisoblanadi, chunki hukumat ularni to‘liq oqlamagan.

Shaxsiy hayot va xususiy mulk daxlsizligi

Hukumatning shaharlarni yangilash kampaniyasi sababli Toshkent va boshqa viloyatlardagi sovet davridan qolgan eski ko‘p qavatli uylar yoki alohida xonadonlar buzilishi oqibatida fuqarolarni o‘z uylaridan ko‘chirishda davom etdi. 14 - fevral kuni Surxondaryo janubidagi bir qishloq aholisi bilan ichki ishlar xodimlari o‘rtasida uy buzilishi sababli janjal kelib chiqdi. Shuningdek, fevral oyida Qarshida bir ayol uyi noqonuniy buzilishiga qarshi norozilik bildirib, o‘zini viloyat prokuraturasi oldida yoqib yubordi. 28 - avgust kuni Toshkentdagi bir mahallada 100 dan ortiq aholi shaxsiy garajlari buzilishiga qarshi norozilik namoyishiga chiqdi. Ularning garajlari o‘rnida bir kompaniya ko‘p qavatli uy qurishi kerak ekan. Aholi bir necha oy davomida rejalashtirilgan bu qurilishga qarshi kurashgan.

Garchi konstitutsiya va qonun shaxsiy hayotga, oilaga, uyga yoki yozishmalarga o‘zboshimchalik bilan yoki noqonuniy aralashishni taqiqlasa‑da, rasmiylar ushbu taqiqlarni hurmat qilmagan.

6 - avgust kuni noma’lum hujumchilar bir vaqtning o‘zida bir nechta blogerlar va jurnalistlarning shaxsiy Telegram akkauntlari, shu jumladan, https://t.me/nobody_cares_but (10,000 ta obunachi) https://t.me-ning Telegram kanallari egalarining akkauntlarini buzib kirdi.

Hukumat taxminan 12 000 mahalladan potensial “ekstremistlar” haqida ma’lumot manbai sifatida foydalanishda davom etdi.

Fevral oyida Prezident Mirziyoyev Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligini tashkil etdi.

Konstitutsiya va qonunda ifoda erkinligi, shu jumladan, matbuot erkinligi ta’minlangan, ammo hukumat ushbu huquqlarni ham onlayn, ham oflayn ommaviy axborot vositalari uchun cheklab qo‘ygan.

"Каримов тизими ҳали ҳам давом этяпти" – Ўзбекистонга 1 миллион доллар киритмоқчи бўлган инвестор
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:09 0:00

Siyosiy o‘ch olishlar

Qirg‘iziston rasmiylari jurnalist Bobomurod Abdullayevni 9 - avgust kuni Toshkentga ekstraditsiya qildi. Xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati jurnalistga hukumatga qarshi ikki jinoiy ayblov qo‘ygan, bu ayblovlarga uning o‘zbek hukumat rasmiylariga qarshi ilgari surgan korrupsiya da’volari asos bo‘lgani xabar qilindi. Abdullayev maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi tilxatni imzolagach, ozod qilindi va ayblovlar bekor qilindi.

9 - avgust kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahrida mahalliy hukumat o‘zbekistonlik jurnalist Bobomurod Abdullayevni O‘zbekiston hukumatining iltimosiga binoan hibsga oldi. Abdullayevga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 158-moddasi (Prezidentga qarshi jinoyat) va 159-moddasi (Konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga urinish) bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. U O‘zbekistonning yuqori martabali amaldorlari korrupsiyasi haqida “Qora Mergan” nomi ostida yozayotganlikda ayblandi, Abdullaev esa buni rad etgan. 22 avgust kuni Qirg‘iziston rasmiylari Abdullayevni majburan O‘zbekistonga qaytardi. U maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi tilxatni imzolagandan so‘ng ozod qilindi va bir necha hafta o‘tgach, rasmiylar ayblovlarni bekor qildi.

Matbuot erkinligi

Matbuot va ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, onlayn ommaviy axborot vositalari erkinligi: mustaqil ommaviy axborot vositalari erkin ishlamadi, chunki davlat ommaviy axborot vositalarida yoritishni nazorat qiladi. Xorijiy va mahalliy barcha ommaviy axborot vositalari subyektlari ro‘yxatdan o‘tishi va ularning muassisi, bosh muharriri va xodimlari ismlarini ko‘rsatishi shart qilib qo‘yilgan. Bosma nashrlar hukumatga nashrlari nusxalarini taqdim etishga majbur. Qonun barcha xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari o‘zlari berayotgan ma’lumotlari to‘g‘riligi uchun javobgar bo‘lishini talab qiladi, chet el jurnalistlarining mamlakatda rasmiy akkreditatsiyasiz ishlashini taqiqlaydi va chet el ommaviy axborot vositalarini ichki ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunlarga bo‘ysundiradi. Hukumat ba’zi xorijiy jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarini mamlakatda ishlash imkoniyatidan mahrum qilish uchun akkreditatsiya qoidalaridan foydalanadi. Masalan, hukumat Ozod Yevropa / Ozodlik radiosining akkreditatsiya uchun so‘rovini rad etishda davom etdi. Boshqalar, masalan BBC, Amerika Ovozi va Eurasianet akkreditatsiyadan o‘tgan.

Yanvar oyida hukumatning Milliy Mass‑mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ish boshladi. Jamoat fondining asosiy maqsadi ommaviy axborot vositalariga media-bozorda teng imkoniyatni ta’minlashda yordam berish va jurnalistlar va blogerlar huquqlarini himoya qilishdir.

Kovid-19 pandemiyasi paytida bosma gazeta va jurnallar bir necha oy davomida nashr eta olmasdi. Ularning o‘rniga Kun.uz va Daryo.uz kabi ommaviy onlayn axborot vositalarida, shuningdek, Telegram kanallar orqali reportajlar ko‘paytirildi.

20 - noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) yetakchi yangiliklar veb-saytlaridan Kun.uz, Gazeta.uz va Podrobno.uz saytlarini rasmiy e’lon qilingan Kovid-19 statistikasini shubha ostiga olgani uchun ogohlantirdi: “Tekshirilmagan ma’lumotlarga asoslangan xabarlarning nashr etilishi va bu borada bildirilgan munosabat jamoatchilik orasida noto‘g‘ri fikrlar shakllanishiga olib keldi” deb ta’kidlangan ogohlantirish maktubida. AOKA axborot saytlarini “kelajakda bunday tekshirilmagan ma’lumotlar nashr etilishi jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi” haqida ogohlantirdi.

Qonunda ommaviy e’lon qilingan ma’lumotlar to‘g‘riligi uchun bloger va jurnalistlarga javobgarlik belgilangan va shaxsning “sha’ni va qadr-qimmatini” obro‘sizlantirish sifatida qabul qilinishi mumkin bo‘lgan xabarlarni taqiqlangan.

Davlat tomonidan nazorat qilinadigan gazetalardagi maqolalar hukumat nuqtai nazarini aks ettirdi.

Kovid-19 pandemiyasi davrida va undan avval ham ba’zi jurnalistlar jurnalist va blogerlarni ta’qib qilish davom etayotgani, ommaviy axborot vositalari erkinligi nuqtai nazaridan “salbiy tendensiya” kuzatilayotgani haqida gapirar edi. Ba’zi jurnalistlar prezidentning ommaviy ravishda jurnalistlar va blogerlar mamlakatni isloh qilish jarayonining muhim qismidir, degan gaplariga qaramay, xavfsizlik xizmatlari pandemiya bahonasida ommaviy axborot vositalarini cheklayotganiga ishonadi.

Aprel oyida rasmiylar Ma’rifat gazetasi muxbiri Sharifa Madrahimovani Kovid-19 karantini paytida mahalliy bozorlarda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining ko‘tarilishi to‘g‘risida film olganidan keyin hibsga olgan edi.

May oyida yuzlab qishloq aholisini bosgan Sardobadagi to‘g‘on buzilganidan so‘ng, “Sport”kanalining ikki jurnalisti davlat telekanali ushbu voqeani qanday yoritganini tanqid qilgani uchun ishdan bo‘shatildi.

26 - iyul kuni Qoraqalpog‘iston parlamenti raisi, senator Muso Erniyazovning o‘limi to‘g‘risida tasdiqlanmagan xabarlarni e’lon qilgandan so‘ng Qoraqalpog‘istondagi uchta yangiliklar veb-sayti bosh muharrirlari prokuraturaga chaqirildi. Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligi xuddi shu xabarni joylashtirgan qoraqalpog‘istonlik blogerni ham chaqirib, ogohlantirdi.

22 - avgust kuni ichki ishlar xodimlari Farg‘onada mahalliy rahbariyatni o‘zgartirishga chaqirgan mashhur vloggerni hibsga oldi (u yerda ko‘pchilik hokimni korruptsiyalashgan deb ishonadi). Rasmiylar Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida yashovchi va ko‘p sonli YouTube kanali obunachisiga ega bo‘lgan 22 yoshli Dadaxon Haydarovni 10 kunga qamadi. Otasining aytishicha, rasmiylar Haydarovni ota-onasining uyidan olib ketgan va vertolyot bilan Farg‘ona shahriga jo‘natgan.

Jurnalist va davlat ommaviy axborot vositalaridagi tahririyat xodimlari OAVdagi ba’zi rasmiylarning vazifasi senzuralash ekanini aytishadi. Aksar hollarda hukumat kimnidir bosh muharrir sifatida tayinlaydi va u muayyan OAVda senzurachi vazifasini bajaradi..

Hukumat umuman internetga, shu jumladan, yangiliklar va ijtimoiy media saytlariga kirishga ruxsat berdi. Kovid-19 pandemiyasining dastlabki oylarida fuqarolar hukumatning kasallik tarqalishiga qarshi chorasini

Ичкаридан чиққан мухолифат ва ўтказилмай қолган қурултой
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:41 0:00

ijtimoiy forumlarda shikoyat qila boshlaganlarida, hukumat ijtimoiy tarmoqlarga, xususan, Feysbukka kirishni cheklab qo‘ydi. Foydalanuvchilar ta’kidlashlaricha, hukumat saytni bloklamagan bo‘lsa‑da, sahifalarni yuklash og‘irlashib qoldi. Foydalanuvchilar Feysbukning tezligi yaxshilanganini faqat avgust oyida, butun mamlakat bo‘ylab karantin bekor qilingandan keyin sezdilar. Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunda veb-saytlar ommaviy axborot vositalari sifatida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, ular rasmiy idoralarda ro‘yxatdan o‘tishlari va o‘zlarining muassisi, bosh muharriri va xodimlarining ismlarini ko‘rsatishlari shart. Hukumat inson huquqlari to‘g‘risidagi Forum 18 veb-saytiga to‘siq qo‘ydi.

Mart oyida hukumat Jinoyat kodeksiga Kovid-19 haqida “yolg‘on” ma’lumot tarqatishni taqiqlovchi qismni qo‘shdi. 31 - mart kuni Qoraqalpog‘iston viloyatidagi Ellikqal’a markaziy davlat shifoxonasining travmattologi Alimardon Sultonov mahalliy tez tibbiy yordam xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, Qoraqalpog‘istonda koronavirus holatlari mavjudmi yoki yo‘qligini so‘radi. Shundan so‘ng besh nafar rasmiy shaxs o‘z ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida din va e’tiqod erkinligini ochiq muhokama qilgani bilan tanilgan Sultonovni so‘roq qilish uchun kasalxonaga keldi. Rasmiylar Sultonovdan unda biror diniy matn bor-yo‘qligini so‘radi. Uning aytishicha, kompyuterida islomiy matnlar bo‘lgani uchun rasmiylar uni musodara qilgan. Unga qarshi Jinoyat kodeksidagi yangi o‘zgartishga binoan yolg‘on ma’lumot tarqatgani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘adi. 23 - noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Ellikqal’a sudi uni “diniy mazmundagi materiallarni noqonuniy tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish”, shuningdek, “karantin va xavfli infektsiyalarning tarqalishi to‘g‘risida ma’lumot tarqatish”da ayblab, 14 oyga harakatlanish erkinligini cheklashga hukm qildi.

Hukumat akademik erkinlik va madaniy tadbirlarni cheklashni ham davom ettirdi. Hukumat vaqti-vaqti bilan universitet ma’ruzalari uchun dekandan ruxsat olishni talab qildi va universitet professor-o‘qituvchilari odatda o‘z-o‘zini senzura qilishni davom ettirgan.

Birlashish va tinch yig‘ilishlar erkinligi

Konstitutsiya va qonun yig‘ilishlar erkinligini ta’minlaydi.

Qonunda birlashish erkinligi ta’minlangan bo‘lsa‑da, hukumat ushbu huquqni cheklashda davom etdi. Hokimiyat nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini, xalqaro miqyosda moliyalashtiriladigan nodavlat notijorat tashkilotlarini va tartibga solinmagan islomiy va ozchilik diniy guruhlarni nazorat qilishga intildi.

NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazilishini nazorat qiluvchi Adliya vazirligi nodavlat tashkilotlardan chet elliklar bilan katta uchrashuvlar o‘tkazish uchun; materiallari keng tarqatilishi kerak bo‘lgan har qanday tadbir uchun vazirlikdan ruxsat olishni va ko‘rib chiqilayotgan voqealar mazmuni va ko‘lami to‘g‘risida vazirlikni yozma xabardor qilishni talab qiladi.

Konstitutsiya va qonun fuqarolarga yashirin ovoz berish orqali va umumiy va teng saylov huquqi asosida o‘tkaziladigan erkin va adolatli davriy saylovlarda o‘z hukumatini tanlash imkoniyatini beradi. Hukumat erkin va adolatli saylovlar o‘tkazmadi, so‘z erkinligini chekladi va siyosiy muxolifatni bostirdi.

Qonun mustaqil siyosiy partiyalarga ruxsat beradi. Adliya vazirligi partiyalar ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha keng vakolatlarga ega va hukumat siyosatiga qarshi bo‘lgan deb hisoblangan shaxslarni moliyaviy va huquqiy qo‘llab-quvvatlashdan mahrum qilishi mumkin. Hozirda beshta siyosiy partiya ro‘yxatdan o‘tgan. Qonun haqiqiy mustaqil siyosiy partiyalarni tashkil etish, nomzodlarni ko‘rsatish va tashviqot ishlarini qiyinlashtiradi. Qonun Adliya vazirligiga sud qarorisiz partiyalarning faoliyatini olti oygacha to‘xtatib qo‘yishga huquq beradi. Shuningdek, hukumat tashkil etilgan partiyalarni ularning mablag‘lari va ommaviy axborot vositalarining ta’sirini nazorat qilish orqali yo‘naltiradi.

Hukumat 2005 - yilgi Andijondagi zo‘ravonliklardan keyin bir nechta siyosiy partiyalarni taqiqladi yoki ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etdi. Sobiq partiya rahbarlari surgunda qoldi va ularning partiyalari kuchli ichki bazasiz o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun kurashdi.

Qonunda mansabdor shaxslar korrupsiyasiga qarshi jinoiy jazo ko‘zda tutilgan, ammo hukumat qonunni samarali tatbiq etmagan va mansabdor shaxslar jazolanmasdan korrupsiyalashgan ishlarini davom ettirgan.

19 - noyabr kuni Korruptsiyaga qarshi kurash bo‘yicha hukumat agentligi 2020 - yilda mansabdor shaxslarning huquqbuzarliklari natijasida yetkazilgan zarar 200 milliard so‘mdan (20 million dollar) oshganligi to‘g‘risida xabar berdi.

Ba’zi hukumat amaldorlari qonunga binoan qo‘shimcha faoliyatdan oladigan daromadini oshkor qilishi shart, ammo bunday bo‘lmagan. Aksar mansabdorlar qo‘shimcha daromad olsalar‑da, birorta mansabdor shaxs bu boradagi qonunga bo‘ysunmagani uchun javobgarlikka tortilgani haqida xabarlar chiqmadi.

Hukumat LGBT maqomini dekriminallashtirish bilan bog‘liq tavsiyalarni rad etdi va LGBT muammolarini “o‘zbek jamiyati uchun ahamiyatsiz” deb atadi.

LGBT faollari ma’lum qilishicha, ichki ishlar xodimlari ta’qibi davom etmoqda, LGBTni shaxslarini shantaj sxemalari orqali tuzoqqa tushirish uchun qo‘llashadi. 24 - noyabr kuni OAV rasmiylar Oliy sud raisi yordamchisini gomoseksual aloqalarda ayblab hibsga olgani haqida xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yordamchi o‘zaro aloqalarni sir tutish uchun undan 17 ming dollar undirgan sherigi bilan uzoq muddatli aloqada bo‘lgan. Yordamchi to‘lashni davom ettirishdan bosh tortganida, sherigi munosabatlarini fosh qiluvchi videolarni tarqatdi. Bir axborot vositasi deyarli barcha vazirliklarda, shu jumladan, xavfsizlik xizmatlarida yashirin gey bo‘lgan amaldorlar borligini ta’kidlab, bu davlat sektoridagi gomoseksual munosabatlarning birinchi misoli emasligini yozgan.

Qonun ishchilarga mustaqil kasaba uyushmalar tuzish va ularga qo‘shilish hamda jamoaviy kelishuvlarga ruxsat beradi. O‘zlarining huquqiy maqomlariga qaramay, mamlakatda biror mustaqil kasaba uyushmasi faoliyat ko‘rsatmadi. Qonunda ish tashlash huquqi nazarda tutilmagan va taqiqlanmagan, ammo ittifoqqa qarshi kamsitishlar taqiqlangan.

Xususiy sektor ish beruvchilari tomonidan eng ko‘p uchraydigan qoidabuzarliklar ish haqi, ishdan tashqari ish vaqti va mehnat muhofazasi standartlarini buzish hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ish joyidagi xavfsizlik standartlari belgilangan bo‘lsa‑da, ishchilar ba’zi xavfli ish joylarida zarur himoya kiyimlari va uskunalarisiz ishlagan. Mehnat xavfsizligi qoidabuzarliklari tez-tez uchraydigan tarmoqlar haqida aniq ma’lumot mavjud emas. Iyul oyida ommaviy axborot vositalarida shifokorlar, hamshiralar va karantin markazlari ishchilari, agar ular Kovid-19 bilan kasallansa, hukumatga qarshi da’vo qilmaslik majburiyatini olganliklari haqida xabar berilgan edi.

XS
SM
MD
LG