Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2021, Тошкент вақти: 21:15

AQSh Oliy sudi musulmonlarning maxfiy kuzatilishi bilan bog‘liq ishni ko‘rib chiqadi


AQSh Oliy sudi

AQSh Oliy sudi hukumatning milliy xavfsizlik vajidan sud ishlarini bekor qilish salohiyati bilan bog‘liq ishni ko‘rib chiqishga hozirlik ko‘rmoqda.

Dushanba kuni Oliy sudda ko‘rib chiqiladigan ish janubiy kaliforniyalik bir guruh musulmon erkak bilan bog‘liq. Ular 11 - sentabr hujumlari ortidan Federal qidiruv byurosi ularni va yana yuzlab odamni kuzatganini aytib, sudga murojaat qilishgan.

Amerika Fuqaro erkinliklari ittifoqi huquqshunoslari va boshqalar himoya qilayotgan bu shaxslar diniy kamsitishga yo‘liqishgani va boshqa huquqlari poymol qilinganini da’vo qilishmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Federal tergov byurosi faqat e’tiqodlari tufayli kuzatgan.

Oldinroq quyi sud ularning shikoyatini ko‘rib chiqishdan bosh tortgan edi. Bunga hukumat bu ishni ko‘rib chiqish «davlat sirlarini» oshkor qilishi mumkinligini aytgani sabab bo‘ldi. Ammo apellyatsiya sudi bu qarorni bekor qildi. Shikoyat sudiga ko‘ra, quyi sud qaror chiqarishdan avval hukumat davlat siri deb aytgan dalillarni ko‘rib chiqishi kerak bo‘lgan.

Bayden ma’muriyati oldingi Tramp ma’muriyati kabi sudьyalarning ushbu qarorini noto‘g‘ri deb hisoblaydi.

Ish 2006 - yildan 2007 - yilgacha Federal tergov byurosi uchun josuslik qilgan Kreyg Monteyl bilan bog‘liq. Monteyl Janubiy Kaliforniya musulmon jamoasiga kirib borish uchun o‘zini Islomni yangi qabul qilgan odamdek ko‘rsatgan.

Monteyl odamlarga o‘zini fitnes bo‘yicha maslahatchi deb tanishtirgan, lekin aslida Operation Flex deb nomlanuvchi kuzatuv dasturi uchun ishlayotgan bo‘lgan. Monteyl muntazam ravishda Orinj okrugidagi Irvin islom markaziga tashrif buyurgan. Unga imkon qadar ko‘proq odam haqida ma’lumot to‘plash buyurilgan bo‘lgan. U musulmonlar ism-sharflari va telefon raqamlarini to‘plagan, ko‘ylak tugmachasiga yashiringan kamera yordamida minglab soatga cho‘ziluvchi suhbat va yuzlab soatga cho‘ziluvchi videolarni yashirincha yozib olgan.

Oxir-oqibat, Monteylga musulmonlardan jihod haqida so‘rash va zo‘ravonlik qilishga tayyorligini izhor qilish haqida ko‘rsatma berilgan. Uning og‘zidan bu gaplarni eshitgan musulmonlar Federal tergov byurosi va boshqa organlarga xabar berishgan.

Federal tergov byurosi Monteyl josus bo‘lganini tan oldi. Bu ish AQSh matbuoti e’tiborini tortdi.

Xabarlarga ko‘ra, Monteyl yashirin tarzda videoga olgan shaxslarning uchtasi sudga shikoyat qilgan. Ular tovon to‘lanishini hamda o‘zlari haqida to‘plangan ma’lumotlarning o‘chirilishini talab qilishmoqda.

XS
SM
MD
LG