Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2021, Тошкент вақти: 07:31

AQSh razvedkasi: Rossiya yanada zaiflashadi, ammo "buzg‘unchilik qilish"da davom etadi


Prezident Vladimir Putin, Moskva va Butun rus patriarxi Kirill hamda Mudofaa vaziri Sergey Shoygu - Sankt Peterburg, 20 - iyul, 2017

AQSh razvedkasi 8 - aprel kuni e’lon qilgan hisobotda aytilishicha, keyingi 20 yil ichida Rossiya «buzg‘unchi kuch» bo‘lib qolishi, ammo siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlar tufayli mamlakatning global miqyosda ta’siri ozayishini kutish mumkin.

Har to‘rt yilda bir tayyorlanadigan AQSh Milliy razvedka kengashi hisobotida kelgusi 20 yil ichida AQSh milliy xavfsizligi muhiti shakllanishida muhim o‘rin tutishi mumkin bo‘lgan global o‘zgarishlar haqida keng ma’lumot berilgan.

«Global tendensiyalar – 2040: Yanada munozarali dunyo» deb nomlangan hisobotda «Yaqin yillar va o‘n yilliklar ichida jahon kasalliklardan tortib, iqlim o‘zgarishiyu, texnologik va moliyaviy inqirozlargacha bo‘lgan tobora shiddatli va pog‘onali global muammolarga duch keladi», deyiladi.

Ayni damda mintaqaviy qudratli davlatlar va nodavlat kuchlar ko‘proq ta’sir ko‘rsata boshlashi mumkin. Natijada «mojarolarga moyil va o‘zgaruvchan geosiyosiy muhit» yuzaga kelishi va xalqaro hamkorlik zaiflashishi mumkin.

AQSh razvedkasi Rossiyani Xitoy kabi «o‘sib borayotgan va revizionist» kuch deb ta’rifladi. Hisobot mualliflariga ko‘ra, Moskva an’anaviy qadriyatlarni tiklash va ichki ishlariga boshqa mamlakatlar aralashishiga barham berish yo‘lida g‘arb institutlari va me’yorlari hukmronlik qilayotgan xalqaro tartibni o‘zgartirishga urinadi.

«Rossiyaning moddiy imkoniyatlari boshqa yirik o‘yinchilarga solishtirganda pasayib boradi, ammo bunga qaramasdan, mamlakat keyingi yigirma yilning bir qismi davomida yoki boshidan oxirigacha buzg‘unchi kuch bo‘lib qolishi mumkin», deyiladi hisobotda. «Rossiyaning afzalliklari, jumladan, odatiy armiya, ommaviy qirg‘in qurollari, energetika va mineral resurslar, keng geografiya, demografiya va chet elda kuch ishlatishga hozirlik mamlakat sobiq sovet hududda va ayrim holatlarda undan ham narida buzg‘unchi va vositachi rolini o‘ynashda davom etishiga imkon beradi».

Hisobotga ko‘ra, Rossiya g‘arbdagi bo‘linishlarni kuchaytirish uchun axborot urushidan foydalanishda davom etadi. Shuningdek, Moskva «chet elliklar orasida tsinizm keltirib chiqarish, muassasalarga bo‘lgan ishonchni pasaytirish, fitna nazariyalarini targ‘ib qilish va jamiyatlarni bo‘lish» yo‘lida chora ko‘rishda davom etadi.

Ayni paytda, Rossiya Afrika, Yaqin Sharq va boshqa hududlardagi mamlakatlar bilan aloqalarini kengaytirishi mumkin. Moskva, shuningdek, global isishning Arktikaga ta’siridan foydalanib, ushbu ulkan hududda o‘z iqtisodiy va harbiy ta’sirini oshirishga urinadi.

AQSh razvedkasi tahlilchilarining fikricha, Rossiya ba’zi siyosiy va harbiy afzalliklariga qaramay, murakkab sarmoya muhiti, o‘sishdan to‘xtayotgan ishchi kuchi, narxi o‘zgarib turadigan mollarga bo‘lgan qaramlik hamda keyingi 20 yil ichida global yalpi ichki mahsulotning (YaIM) atigi 2 foizini tashkil etadigan kichik iqtisodi tufayli «global miqyosda o‘z ta’sirini tarqatish va saqlab qolishiga qiynaladi».

Ichki siyosat jabhasida Rossiyada keyingi 20 yil prezident Vladimir Putin prezidentlikni bo‘shatishiga bog‘liq bo‘ladi. Putin 2024 - yilda, ya’ni amaldagi vakolat muddati oxirida yoki undan ham keyinroq hokimiyatdan ketishi mumkin. Putin hokimiyatdan ketishi ortidan «Rossiyaning geosiyosiy mavqei yanada tezroq nurashi mumkin, ayniqsa ichki beqarorlik yuzaga kelsa», deyiladi hisobotda.

Xitoy va Rossiya AQSh va boshqa g‘arb demokratiyalarini o‘ziga raqib deb ko‘rsa-da, AQSh razvedkasi fikriga ko‘ra, Moskva va Pekin bir-biri va boshqa mamlakatlar bilan «rasmiy ittifoqlar tuzishdan» qochadi.

Bunday yondashuv ikki mamlakatga «o‘zaro xavfsizlik chalkashliklariga yo‘l qo‘ymagan holda ta’sir o‘tkazish va tanlab-tanlab iqtisodiy va harbiy bosim o‘tkazish» imkonini beradi.

Xitoy rahbari Si Szinpin va Putin hokimiyatda qolar ekan, Pekin va Moskva bir-birini qo‘llashda davom etishini kutish mumkin.

XS
SM
MD
LG