Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:34

AQSh Senati Trampni impichment bo‘yicha mahkamaga tortadi


Trampning ikkinchi impichmenti bo‘yicha Senat tinglovi - Vashington, 9 - fevral, 2021
Trampning ikkinchi impichmenti bo‘yicha Senat tinglovi - Vashington, 9 - fevral, 2021

AQSh Senati Tramp advokatlarining Senat sobiq prezidentga nisbatan impichment ishi bo‘yicha mahkama o‘tkazish uchun yuridik vakolatga ega emasligi haqidagi iddaolarini rad etdi.

Mazkur qaror 50 nafar demokrat va ularga qo‘shilgan 6 nafar respublikachilar tomonidan yoqlandi.

Demokratlarga ko‘ra, Tramp Kapitoliy binosiga olomon hujumini keltirib chiqargani uchun jazolanmasa, impichment jarayoni har qanday ma’noni yo‘qotadi - bo‘lg‘usi prezidentlarga lavozimdagi so‘nggi kunlarida o‘z hokimiyatini hech qanday javobgarliksiz suiiste’mol qilishiga yo‘l ochiladi.

“Saylovda yutqazgan prezident lavozimini saqlab qolish ilinjida o‘z hokimiyatini suiiste’mol qilishiga bundan ham yorqinroq misolni o‘ylab topish qiyin”, deya respublikachi senator Jo Negusdan iqtibos keltirmoqda Assoshieyted Press (AP) agentligi.

Tarixdan saboqlar

19-asrda yashab o‘tgan AQShning sobiq mudofaa vaziri Uilyam Belnap 1976 - yilda poraxo‘rlik ayblovlari bilan impichment mahkamasiga tortilgan edi. Belnap Senat uni ustidan mahkamani boshlashiga sanoqli daqiqalar qolganda u iste’foga chiqqanini e’lon qilgan. Belnap u ortiq amaldor bo‘lmagani uchun Senat mahkamasiga tortilishi Konstitutsiyaga zid, deb iddao qilgandi.

Senatorlar bu iddaoni rad etib, impichment mahkamasini davom ettirgan. Alaloqibat Belnap oqlangan bo‘lsa ham, demokratlarga ko‘ra, bu pretsedent Senat shu yo‘sinda Trampni ham mahkamaga tortishi joizligini namoyish qilmoqda.

Трамп тарафдорлари Конгрессга бостириб кирди. Вашингтонда комендантлик соати жорий қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:16 0:00

Trampning advokatlari Konstitutsiyada impichment mahkamasiga faqatgina amaldagi rasmiylar tortilishi belgilanganligini iddao qilganlar. Lekin hatto taniqli konservator huquqshunoslar ham Tramp mahkamaga tortilishi Konstitutsiyaga zid emasligi borasida demokratlar bilan hamfikrdir. Endilikda esa, impichment mahkamasi uchun “yagona mas’ul” bo‘lmish AQSh Senati sobiq prezident Donald Trampga nisbatan boshlatilgan impichment jarayonini mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq deb topdi.

Tramp advokatlari o‘rtasidagi yaqqol tafovut

Tramp himoyasi tafovutlarning yaqqol namoyishi bo‘ldi. Himoya advokat Bryus Kastorning 40 daqiqaga cho‘zilib ketgan chiqishi bilan esda qoldi. Yagona diqqatga sazovor nuqta Kastor Tramp tan olmagan narsani tan olishi edi: prezident Jo Bayden haqiqatan ham saylovlarda g‘olib bo‘lgan.

“Eski ma’muriyat yoqmasa, yangi ma’muriyatni tanlay olishga AQSh fuqarolarining aqli yetadi. Ular yaqinda shunday qildi ham.”

Trampning ikkinchi advokati Devid Shoen so‘zga chiqqanda, ohang darhol o‘zgardi. Trampning birinchi impichment mahkamasini eslatib yuboradigan usulda Shoen demokratiyaning muqaddas qadriyatiga bepisandlarcha munosabatda bo‘lganlikda demokratlarni aybladi.

Shoen “impichment jarayoni qurolga aylantirilganligini” qoralab, demokratlarni Tramp yana prezidentlikka saylanishining oldini olish orqali uning millionlab tarafdorlarini siyosiy jarayonlardan chetlashtirayotganlikda aybladi.

“Tariximizda bir marotaba kuzatilgan fitna kabi, bu mahkama ham mamlakatimizni ikkiga bo‘lib yuborishi mumkin”, deydi Shoen AQSh fuqarolar urushini nazarda tutib.

Bu chiqishlardan hatto Trampning Senatdagi eski ittifoqchilari ham hayratda qoldi.

“Birinchi advokat juda mujmal gapirdi. Ikkinchi advokat yaxshiroq gapirdi. Lekin men juda ko‘p advokatlar chiqishini, ularning dalillarini kuzatganman. Bularning chiqishlari ko‘rganlarimning orasida eng yaxshilaridan bo‘lmadi”, - deydi respublikachi senator Jon Kornin.

Demokratlar o‘z da’vosini 6 - yanvar kuni Tramp tarafdorlari Kapitoliy binosiga qilgan hujumining video va fotojamlanmasi namoyishidan boshladi. Jamlanma Tramp o‘z tarafdorlarini “jon-jahdi bilan jang qilish”ga chorlashi, “aksi holda, bu mamlakatdan mahrum qolishlari” haqida ogohlantirishi bilan boshlanadi. Shundan keyin olomon “Kapitoliyni zab etish” haqida qichqira boshlaydi. 13 daqiqalik video Senat majlislar zalida o‘rnatilgan monitorlar orqali ko‘rsatildi.

Kun voqealarini xronologik ketma-ketlikda namoyish qilish orqali, impichment jarayoniga mas’ullar g‘alayon oqibatlarini (o‘sha paytda 6 kishi nobud bo‘lgandi, 140 nafar politsiyachi jarohat olgandi) urg‘ulashga harakat qildi. Ular shuningdek Trampning fitna chiqaruvchi chaqiriqlarini uning tarafdorlarining hatti-harakatiga bog‘ladilar.

G‘alayonlardan so‘ng Trampning Twitter cahifasi o‘chirilgan edi. Uning barcha tvitlari mahkamaga taqdim etildi.

Трамп тарафдорлари Байден ғалабасидан кейин Мичиганда йиғилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:01 0:00

Senat sobiq prezidentni og‘ir jinoyatda aybdor deb topishi kerak, degan iddaoni asoslash uchun demokratlar Trampning tvitlariga bafurja murojaat etdi.

Tramp bir tvitida sobiq vitse-prezident Mayk Pensni saylovlarni tan olmaslik huquqidan foydalanmayotgani uchun tanqid qilgan. Holbuki, vitse-prezidentda bunday vakolat yo‘q edi.

“Mayk Pens qilinishi kerak bo‘lgan narsani qilish uchun o‘zida jur’at topolmadi”, deb yozgan edi Tramp tvitlarning birida. Mayk Pens esa o‘sha payt “Pensni osamiz” deb qichqirayotgan olomondan jon saqlayotgan edi.

Yana bir tvitda esa, Tramp saylovdagi g‘alaba undan o‘g‘irlanganini aytib, olomon xurujini oqlashga harakat qilgan.

“Uzoq vaqt nohaq kamsitilib kelingan fidoyi vatanparvarlardan saylovdagi olamshumul g‘alaba bezbetlarcha o‘g‘irlansa mana shunday hodisalar ro‘y beradi. Endi uyga tinch boring. Bu kunni hamisha esda tuting”, deb yozgan Tramp.

Tramp ozod va adolatli tarzda o‘tgan saylovlarda yutqazgan. Buni mamlakat bo‘ylab barcha saylov komissiyalari tasdiqlagan. Tramp va uning tarafdorlarining sudga qilgan murojaatlari ham asossiz deb topilgan.

Qayta ovoz berish

Beshta respublikachilardan boshqa barcha respublikachi senatorlar o‘tgan oy Tramp impichment jarayonini o‘tkazmaslik uchun ovoz bergandi. Bu bilan respublikachilar partiyasi impichment masalasida qanday pozitsiyada turganini yaqqol namoyish qilgan edi. Seshanba kuni esa, oltinchi respublikachi senator demokratlarga ko‘shilib, impichment jarayonini davom ettirish uchun ovoz berdi.

“Men har doim betaraf hakam bo‘lishimni aytib kelganman”, - deydi Bill Kassidi. Uning ta’kidlashicha, ushbu ovozi Trampni aybdor deb topish tarafdori ekanligini anglatmaydi. Shunchaki, demokratlar o‘z iddaosini asoslab bera oldi, Tramp advokatlari esa yo‘q, deb hisoblaydi u.

“Demokratlar uyushgan holda, ham pretsedent, ham Konstitutsiya, ham huquqshunoslarning fikriga asoslangan holda o‘z dalillarini taqdim etdi. Tramp jamoasi esa uyushmagan holda, go‘yo xijolat bo‘lgandek o‘zini tutdi”, - deydi Kassidi.

Trampga impichment e’lon qilinishi uchun qarorni Senatdagi 100 a’zodan uchdan biri, ya’ni 67 nafari yoqlashi shart. Demokratlar Senatda sobiq prezident impichmenti uchun buncha ovoz yig‘a olishi amri maholdir.

XS
SM
MD
LG