Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:29

"AQSh Ukrainaning yonida turadi". Vashington Kiyevga qo‘shimcha harbiy yordamni ko‘rib chiqmoqda


AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy - Kiev, 6 - may, 2021
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy - Kiev, 6 - may, 2021

AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning ma’lum qilishicha, Vashington Ukrainaga qo‘shimcha harbiy ko‘mak ko‘rsatish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Avvalroq rasmiy Kiyev chegara yaqinida Rossiya ko‘p sonli qo‘shin va harbiy texnika to‘plashi ortidan AQShdan mudofaa uchun yordam so‘ragan edi.

Xususan, Ukraina AQShdan havo hujumlariga qarshi mudofaa tizimlari va snayperlarga qarshi texnologiyalar, shuningdek, Patriot raketalarini so‘ragan.

“Ukrainaga bugunga qadar ko‘rsatgan juda muhim yordamimiz, jumladan, texnikadan tashqari yana qanday qo‘shimcha ko‘mak foydali bo‘lishi ko‘rib chiqilmoqda”, – dedi Blinken 6 - may kuni Ukraina poytaxtida Ozodlikka bergan intervyusida.

Davlat kotibi safar davomida mamlakatning yuqori lavozimli rahbarlari, shu jumladan, prezident Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi.

Rossiya 2014 - yilda Qrimni anneksiya qilib olib, Ukraina sharqidagi ikki viloyatda ayirmachilarni dastaklay boshlaganidan beri AQSh Ukrainaga qariyb 5 milliard dollarlik moliyaviy, gumanitar va harbiy yordam ko‘rsatdi.

Blinkenning Kiyevga ilk safaridan avvalroq Rossiya 100 mingdan ziyod qo‘shinini Ukraina bilan chegaradosh hududda to‘pladi. Vashington Kremlning bu harakatini qo‘rqitishga urinish deb atadi.

Rossiya qo‘shin va texnikaning bir qismini hududdan olib chiqib ketdi, ammo qolgani hali ham chegara yaqinida qolmoqda. Blinken bu holat Ukrainaga jiddiy tahdid ekanini aytdi.

“Rossiya qisqa vaqt ichida yana tajovuzkor harakatlar qilishga qodir, shuning uchun biz bu borada hushyor-sergak turibmiz... Shuningdek, Ukrainaga o‘zini mudofaa etishi uchun yordam qo‘lini cho‘zyapmiz”, – dedi Blinken.

Ukraina Kreml tajovuzlari oldini olish uchun AQShni Rossiya banklarini SWIFT xalqaro tizimidan chiqarib tashlashga chorlab keladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, moliya institutlari o‘rtasida xavfsiz va tezkor aloqani ta’minlaydigan SWIFT tizimidan Rossiyani chetlatish mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarba bo‘ladi.

Blinkenning ta’kidlashicha, AQSh Kremlning Ukrainaga qarshi agressiyasini to‘xtatish uchun “har qanday oqilona variantni ko‘rib chiqadi”. Ammo davlat kotibi Rossiyani SWIFT tizimidan chetlatish masalasida ochiq izoh berishdan bosh tortdi.

Blinken Bayden ma’muriyatining AQSh Rossiya bilan eskalatsiya keltirib chiqarishni istamasligi haqidagi qarashini takror yodga oldi.

Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh “ta’sir doirasi” tushunchasini qabul qilmaydi va Kremlning Vashington yoki uning hamkorlari manfaatlariga tahdid soladigan har qanday tajovuziga javob qaytaradi.

O‘tgan oy AQSh va Yevropa Ittifoqi Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniy hibsga olingani ortidan Rossiya rasmiylariga qarshi muvofiqlashtirilgan sanksiyalarni e’lon qildi.

Avvalroq Navalniy asabni falajlovchi modda bilan zaharlanishi va Qo‘shma Shtatlar davlat idoralari tarmoqlariga qilingan hakerlik hujumi vajidan bir qator rossiyalik shaxs va shirkatlarga qarshi jazo choralari joriy etilgan edi.

Ushbu mojarolar Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi shusiz ham tang bo‘lgan aloqalarni yanada sovitdi.

Rossiya Navalniy qamoqqa olinganidan keyin ham muxolifatchi va uning tarafdorlariga bosim o‘tkazishda davom etmoqda. Navalniy asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi Kremlning yuqori martabali mulozimlari orasida chuqur ildiz otgan korrupsiyaga oid jurnalistik surishtiruvlarni o‘tkazib keladi.

Blinken Rossiyaning mustaqil ommaviy axborot vositalari, jumladan, Ozodlik radiosiga o‘tkazayotgan bosimini ham qoraladi va bu holat Kremlning ojizligidan dalolat berishini aytdi.

“Menimcha, matbuot erkinligini inkor etadigan mamlakatlar o‘ziga yoki boshqaruv tizimiga u qadar ishonmaydi. Xalqni xabardor qilish va aybdor rahbarlarni javobgarlikka tortishning nimasi qo‘rqinchli?” – deydi AQSh davlat kotibi.

XS
SM
MD
LG