Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:19

AQSh Xolokost muzeyi: Xitoy uyg‘urlarga qarshi repressiyalarni kuchaytirdi


Qoshg‘ar, Shinjon - 4 -iyun, 2019.
Qoshg‘ar, Shinjon - 4 -iyun, 2019.

AQShning Xolokost memorial muzeyi (genotsidlar tarixini o‘rganuvchi muzey) Xitoyning g‘arbiy Shinjon viloyatida uyg‘ur musulmonlariga qarshi repressiyalar kuchayib borayotgani haqida dalillar to‘plaganini ma’lum qildi.

“Associated Press” agentligining yangi hisobotdan iqtibos keltirishicha, muzeyning Genotsidlar oldini olish markazi uyg‘urlarga qarshi jinoyatlar ularni yashirishga qaratilgan urinishlar bilan bir vaqtda kuchayib borayotganini va buni ko‘rsatuvchi “arzirli sabablar” borligini ta’kidlagan.

“Xitoy hukumati uyg‘urlarga qarshi jinoyatlar haqidagi ma’lumotlarning oshkor bo‘lmasligi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda. Uyg‘ur xalqiga qarshi bosim to‘xtatilib, xalqaro mustaqil kuzatuvchilarga tergov va surishtiruvlar o‘tkazishga ruxsat berilishi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan muzeyning Vijdon qo‘mitasi raisi Tom Bernshteyn.

Guvohlarning ko‘rsatmalari, ochiq manbalardagi ma’lumotlar va inson huquqlari guruhlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar keltirilgan hisobot muzeyning 2020 - yilning mart oyidagi xulosalarini kengaytirdi. O‘sha hujjatda Xitoy Kommunistik partiyasi uyg‘urlarni quvg‘in qilgani, qonunga xilof ravishda qamoqqa olgani va boshqa yo‘llar bilan jismoniy erkinliklaridan mahrum qilgani haqida bayon qilingan edi.

Yangi dalillar jinsiy zo‘ravonlik, qullik, qiynoqlar va majburiy ko‘chirishlarga dalolat qiladi. AQSh hukumati Xitoyning Shinjondagi uyg‘ur musulmonlar va boshqa ozchilik aholiga qarshi harakatlarini allaqachon genotsid deb topgan.

Muzeyning Saymon-Skott nomidagi Genotsidlar oldini olish markazi direktori Naomi Kikoler ham shunday dedi: “Xitoy hukumatining uyg‘ur jamoasiga hujumi – bir milliondan uch milliongacha odamning qamoqqa olinishi, qiynoqlar, jinsiy zo‘ravonlik va majburiy mehnat deganidir va bu o‘ta jiddiy va xavotirli muammo. Uyg‘ur oilalari va ularning jamoasiga yetkazilgan zarar chuqur jismoniy va ruhiy iz qoldirmoqda. Bu vahshiyliklarning jarohati uyg‘urlarning avlodlariga ham zarar etkazadi”.

Kikolerning aytishicha, “Bizni asta-sekin yo‘q qilish uchun: Xitoy hukumatining uyg‘urlarga hujumi" nomli 59 sahifalik hisobot xalqaro hamjamiyat uchun Shinjondagi repressiyalarni to‘xtatish va Pekinga bosimni kuchaytirishi yo‘lida ogohlantirish qo‘ng‘irog‘i bo‘lib xizmat qilishi kerak.

Xitoy inson huquqlari buzilayotgani va mintaqada shafqatsizliklar bo‘layotgani haqidagi da’volarni qat’iyan rad etib keladi.

Xitoyning BMTdagi elchisi Chjan Jun o‘tgan oy 43 ta davlat tomonidan imzolangan bayonotga jiddiy norozilik bildirgan edi. Chjan Jun asossiz ayblovlarni qoralar ekan, AQSh va boshqa davlatlarni hamkorlik muhitini buzishda va “inson huquqlaridan ziddiyat chiqarish uchun bahona sifatida foydalanishda” aybladi. Mazkur bayonotda mamlakatlar Xitoyni Shinjonda uyg‘urlar va boshqa diniy, etnik ozchiliklarga nisbatan har qanday qiynoqlar va tazyiqlarni to‘xtatishga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG