Qo‘shma Shtatlar Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Xorazm viloyatidagi mehribonlik uyida tarbiyalanuvchilarni zo‘rlagan mas’ul mansabdorlarga qarshi sanksiyalar joriy qildi.
AQSH Moliya vazirligi xabarnomasida qayd etilishicha, sanksiya ro‘yxatiga Urganchdagi bolalar uyining sobiq mudirasi Yulduz Xudaybergenova, Xorazm viloyati adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar boshqarmasining sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazov kiritilgan. Ular odam savdosi va gender zo‘ravonlik, xususan davlatga qarashli mehribonlik uyida tarbiyalanuvchi qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan.
Mazkur shaxslarga nisbatan cheklovlar Xalqaro qullikka qarshi kurash kuni munosabati bilan joriy etilgan. Sanksiyalar kiritilishi bu odamlarning AQSHdagi yoki amerikaliklar tasarrufi yoki nazorati ostida bo‘lgan mol-mulklari muzlatilishini anglatadi. Shuningdek, ularga nisbatan AQSH Davlat departamenti tomonidan kiritilgan viza cheklovlari ham joriy qilinadi.
Urganchdagi mehribonlik uyida tarbiyalanuvchi qizlar 10 oy davomida davlat mulozimlari doxil turli erkaklar tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka duchor qilinganlari haqida Ozodlik avvalroq bir necha bor xabar qilgan.
2022-yil sentyabrida mazkur ish Xiva tumani sudida ko‘rib chiqilgan va Mehribonlik uyi mudirasi Yulduz Xudoybergenova O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi), 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bilan aybdor deb topilib, 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Adliya va Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari rahbarlari esa JKning 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan 1,5 yilga ozodlikdan cheklandi. Dekabr oyida Xorazm viloyati sudi apellyatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudi hukmini o‘z kuchida qoldirgan.
Mulozimlarga berilgan jazoning yengilligi O‘zbekiston jamoatchiligi orasida norozilik uyg‘otgan. Buning ortidan 2023-yil noyabrida ish qayta ko‘rib chiqilib, Masharipov va Kuryazov uch yilga ozodlikdan mahrum etilgan.