Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:12

"AQSHga Meksika orqali kirish immigratsiya emas". Noqonuniy migrantlarni Amerikada nima kutadi?


AQSH-Meksika chegarasidagi muhojirlar. Kollaj
AQSH-Meksika chegarasidagi muhojirlar. Kollaj

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan AQSHga noqonuniy migratsiya oqimi kattalashdi. Ko‘pchilik xatarli yo‘lni – Meksika orqali AQSH chegarasidan o‘tishni tanlamoqda. Kimdir Shtatlarga CBP One ilovasi orqali kiryapti, kimdir esa tavakkal qilib devordan oshib o‘tayotir.

Noqonuniy migrantlar AQShda qanday qiyinchiliklarga duch keladi? Amerikaga boruvchi o‘rta statistik immigrant qiyofasi qanchalik o‘zgargan? Ozodlik ushbu savollarga immigratsiya bo‘yicha maslahatchi va jurnalist Marina Sokolovskayadan javob oldi.

Ozodlik: Ikki hafta muqaddam AQSHdagi immigratsiya qamoqxonalaridan birida markaziy osiyoliklar ochlik e’lon qilishgan edi. Bunaqa markazlarda shart-sharoit va migrantlarga munosabat qanaqa?

Sokolovskaya: Bu siz qaysi shtatga tushganingizga bog‘liq: qayerdadir bu konditsioner, televizor, kutubxona kabi qulayliklarga ega, yaxshi ovqat beriladigan sanatoriyga o‘xshash muassasa bo‘lishi mumkin, ayrim joylarda esa buning tamoman aksini ko‘ramiz. Ma’lumki, 80-90 foiz detenshenlar (immigratsiya qamoqxonalari) xususiy korporatsiyalarniki. Korporatsiya har bir muayyan odamni boqishga qancha kam mablag‘ sarflasa, shuncha ko‘p pulni cho‘ntakka uradi.

Ochlik aksiyalariga kelsak, bunaqa ishlar ilgari ko‘p bo‘lardi. Hozir ancha kamaygan. Shu yilning yanvarida Luizianadagi detenshenlardan birida hatto g‘alayon bo‘lgandi. Afuski, ko‘p hollarda bunaqa g‘alayonlar odamning shaxsiy ishiga, ya’ni uning ishi bo‘yicha sudda qanday qaror qabul qilishiga ta’sir etadi. Ochlik e’lon qilish esa ba’zan yordam beradi, ba’zan – yo‘q. Biroq, umuman olganda, shart-sharoit muassasaga va u joylashgan shtatga bog‘liq.

АҚШ-Мексика чегарасидан қонуний ва ноқонуний ўтган ўзбеклар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:08 0:00

Ozodlik: Marina, AQSH ritorikasi muhojirlarga nisbatan qanchalik do‘stona? Mamlakatga kelgan migrantlarni qanday qiyinchiliklar kutadi?

Sokolovskaya: Ritorika, munosabat – do‘stona, kinoya qilmayapman. Gap nimada, bilasizmi? Gap shundaki, amerikaliklar ham boshqalar kabi yangiliklar iste’molchilaridir. AQSHda ikki radikal taraf bor: biri – chegaralarni och, deb janjal qilsa, ikkinchisi chegara hududlarda go‘yo qiyomat qo‘pganidan bahs qiladi. Binobarin, muhojirlarga munosabat o‘zgarishi mumkin, konservatizmga moyil ayrim shtatlarda o‘zgaryapti ham. Texasdagi devor teshigidan o‘tib kelgan migrantning boshini silash kerak, deb talab qilish g‘alati, baribir. Texas shtatida aynan devor oshib, aniqrog‘i devor tuynuklaridan o‘tib kelayotgan noqonuniy migrantlarni deb ketma-ket 3 yildan beri favqulodda holat e’lon qilinmoqda. Arizonada ham shunaqa muammo bor, Kaliforniyada ham vaziyat unchalik yaxshi emas.

O‘tgan yili may oyida bizning Ichki xavfsizlik departamentimiz boshlig‘i Alexandro Mayorkas o‘z bayonotida shunday degan edi: “Menga bizning o‘zimiz muhojirlar millatimiz, degan gapni aytmang. Ha, biz muhojirlar millatimiz, lekin undan avval biz – qonun millatimiz”. O‘shanda u devordagi tuynuklardan oshib o‘tganlar jazolanadi, deya ogohlantirdi, ko‘p o‘tmay hukumat bunaqalarni rostdan ham jazolay boshladi. Biroq bu Amerika immigratsiyadan voz kechyapti yoki migrantlardan yuz o‘giryapti, degani emas. Aslo. Faqat, immigratsiya vizalari, chegarani kesib o‘tishning qonuniy yo‘llari mavjudligini eslatmoqchi, xolos.

Qiyinchiliklarga kelsak, ha, Amerikada inqiroz bor. Mamlakat kelgan va kelayotgan ish, turar-joy va ingliz tili kurslari talabgor yuz minglab, millionlab migrantlar inqirozga o‘z hissasini qo‘shyaptimi? Shak-shubhasiz. Masalan, ular Nyu-York shahri hayotiga salbiy taraflama ta’sir qildi, men o‘zim 13 yildan beri o‘sha yerda yashayman, bilaman. Salbiy degani – ular bilan shahardagi iqtisodiy vaziyat yaxshilanmadi, deganidir.

Biroq, takror aytamanki, Amerika hech qachon chegaralarini yopib qo‘ymaydi, immigratsiya vizalari berishni to‘xtatib, “yangi qon” – iste’dodlar, ishchi qo‘llari oqimini bo‘g‘maydi. Ammo oqim sifati, kimlar kelayotgani – ayri masala. Immigratsiya institutining yangi tadqiqotini o‘qidim, bu ajoyib tadqiqot o‘rtacha statistik qochqin siymosi qanchalik o‘zgarganini ko‘rsatmoqda. Ilgari AQSHga asosan, iqtisodiy qochqinlar kelishardi, keliboq Amerika farovonligi uchun ishlay boshlardilar. Bu Amerika uchun yaxshimi? Albatta, yaxshi. Hozir o‘rtacha statistikadagi odam, garchi pul ishlab topish uchun qochib kelayotgan bo‘lsa-da, ko‘proq Amerika uni qutqarishini, asrab-avaylashini va nimadir berishini umid qiladi. Amerika esa birovga shunchaki biron nima beradigan ahvolda emas, bu ilojsiz narsa, afsuski, hammani qutqarib bo‘lmaydi. Xullas, qochib kelayotganlarning o‘rtacha statistik qiyofasi o‘zgaryapti, AQSHdagi iqtisodiy vaziyat esa yaxshi tarafga o‘zgarayotgani yo‘q. Bu ikki omil to‘qnashayotgan ekan, Amerika immigrantlarga avvalgidek mehribon emas, deyish mumkindir. Holbuki, Amerika avvalgidek mehribon, lekin yuqorida aytib o‘tganim omillarga, qolaversa janubiy chegaradagi ahvolga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu hozir, tushunarli sabablarga ko‘ra, juda ko‘pchilikni qoniqtirmayapti.

Ozodlik: Marina, AQSHga noqonuniy kelishning oqibatlari qanday? Noqonuniy migrantlar nimalar bilan to‘qnashadi?

Sokolovskaya: Noqonuniy migratsiyada hech qanday xayr yo‘q. Terminologiya bilan tushuntiradigan bo‘lsam, agar odam SBP One ilovasi bo‘yicha chegaradan o‘tadigan bo‘lsa, unga zarur hujjatlar beriladi va u sudda siyosiy qochqin maqomini olish uchun kurashish imkoniga ega bo‘ladi. Siyoiy qochqin maqomini olgandan so‘ng bir yil o‘tib – grin-kartaga, undan keyin esa fuqarolikka hujjat topshirishi mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, uning yo‘li ochiladi.

Devor tuynugiga boshini tiqish, ya’ni shunchaki qochib kelish bilan qochqin maqomiga erishib bo‘lmaydi. Sudyalar ham, detenshenda ular bilan savol-javob qiluvchi ofitserlar ham rad qilishadi, chunki u qonunni buzgan. To‘g‘ri, deportatsiya muddatini kechiktirishlari mumkin, shu xolos. Amerika sizga ma’lum vaqt, hato bir umr panoh bo‘lishi mumkin, bir umrga sizga faqat ishlash ruxsatnomasini ravo ko‘rishi ham mumkin. U holda siz grin-karta ololmaysiz, oilangizni birlashtira olmaysiz. Axir ko‘pchilik devordan oshib o‘taman-u o‘rnashib olgach, oilamni ko‘chirib kelaman, degan umidda qochib kelyapti-da. Lekin devor oshib kelayotgan odam oilasini faqat AQSHdan chiqib ketganidan so‘nggina ko‘rishi mumkinligini tushunishi kerak, shunda ham qaytib mamlakatga kira olmaydi.

Murvatlarni qattiqroq burashyapti, deysizmi? Shunday. Hozircha federal qonun o‘zgarmay turibdi. U 80-yillarda qabul qilingan. Qonunda “Inson Amerika tuprog‘iga qadam qo‘ygan ekan, u boshpana so‘rashga haqli” deb yozib qo‘yilgan. Biroq bir talay qonunosti hujjatlar ham bor. Siz AQSH zaminiga immigratsiya ilovasi orqali keldingizmi yoki devor oshibmi – hujjatlarda bunga qattiq e’tibor beriladi. Ko‘p narsa shunga bog‘liq.

Qirg‘izistonga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘tgan yili va undan avvalgi yili juda ko‘p qirg‘izlarga ruxsat berildi, chunki ular 2020-yil oktabrdagi norozilikda so‘ng qochib kelishgan edi. Mana shunaqa jihatlar migrantlar uchun yaxshi keys hisoblanadi.

Ўзбеклар АҚШда камситилаётганидан шикоят қилишди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:28 0:00

Yoki ayollarning o‘z mamlakatidagi ahvoli, LGBTga yoki o‘zga millatga mansub bo‘lgani uchun ta’qib etilgani ham yetarli asos bo‘ladi. Men qaysi mamlakat fuqarolari nimadan yoki kimdan qochib AQSHga kelishini yaxshi bilib olganman. Ko‘p hollarda, albatta, sabab – iqtisodiy ahvol bilan bog‘liq. Odamlar pul ishlab topishni istaydi, lekin Amerika iqtisodiy qochqinlarga siyosiy boshpana berolmaydi-da. Iqtisodiy ahvol va mamlakatdagi umumiy ahvol siyosiy boshpana olib uchun sabab bo‘la olmaydi. Ko‘pchilik buni bilmaydi yoki tushunmaydi.

Boz ustiga, firibgarlar nihyatda ko‘payib ketyapti. Ular Meksikani go‘yo AQSHga ko‘chib o‘tiladigan joy, degan tasavvur uyg‘otishmoqda. Biroq Meksika orqali qochish – bu ko‘chib o‘tish degani emas, immigratsiya emas. Bu – qutulish uchun qochish, boshqa yo‘l topolmaganlarning majburiy chorasi. Siyosiy qochqinlik – o‘ziga xos huquqiy maqom.

Meksikaga kiritilmaganlarga Shengen vizasini olishda o‘z yordamini taklif qilayotganlar, Tixuanu orqali chegaradan o‘tish uchun mashina sotib olishni taklif qilayotganlar – barchasi firibgar, ularning dardi pul, shu bois ham odamlarga Meksika orqali qochib o‘tishni go‘yo immiratsiya yoki qonuniy ko‘chib borish, deb tushuntirishadi. Lekin aslida unisi ham, bunisi ham emas. Majburiy chora bu. Agarda siz juda tang vaziyatda qolgan bo‘lsangiz, Amerikaga shu yo‘l bilan kirish immigratsiyaning eng og‘ir turidir, bundan og‘iri yo‘q.

XS
SM
MD
LG