Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:41

“Astana – Nur-Sulton – Astana”. Qozog‘iston poytaxtini qayta nomlash tashabbusi ortida nima bor?


Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘iston siyosiy hayotini Nazarboyevdan butkul “tozalash”ga kirishdi. Bu muddatidan oldin o‘tkazilajak prezident saylovida unga qo‘shimcha “ochko” olib berishi mumkin.

Poytaxt Astana shahrining “Nur-Sulton” deya qayta nomlanishi mamlakatda avtoritar lider Nursulton Nazarboyev shaxsiga sig‘inishning cho‘qqisi bo‘lgan edi. Biroq ko‘plab qozog‘istonliklar nom o‘zgarishini biroz boshqacha – chek-chegarasiz xushomadgo‘ylik deb tushunishdi.

Boshkentga uni o‘z ta’bicha loyihalagan avtokrat ismi berilganidan uch yarim yil o‘tib, kuzga belgilangan prezident sayloviga dovur bu nom, katta ehtimol bilan, yana o‘zgaradi.

Poytaxtni qayta nomlash haqidagi qarorga esa, turgan gapki, Qasim-Jomart Toqayev imzo chekadi va bu 82 yashar sobiq prezidentning obro‘sini bir pul qilishi mumkin, zero aynan Toqayev 2019-yil martida Nazarboyev o‘rniga prezident lavozimiga o‘tirarkan, salafining nomini “abadiylashtirish” taklifi bilan chiqqan edi.

Ammo u paytlar vaziyat tamom boshqa edi.

Toqayev valine’mati daf’atan iste’fo berganidan so‘ng davlat rahbari lavozimiga kirishar ekan, Nazarboyev uni parlamentning muhtasham zalida hammadan yuqorida o‘tirgancha kuzatgan edi.

Toqayevning Nazarboyev haqidagi fikri, garchi u prezident lavozimidan ketgan bo‘lsa-da, “strategik qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilishda ustuvor ahamiyat” kasb etishi haqidagi va’dasi yanada ramziy bo‘lgan.

Nazarboyev eng muhim maqomini saqlab qoldi, uning ko‘pdan-ko‘p tug‘ishganu tutingan qarindoshlari va yaqinlari esa baland martabalarga minishdi, bu esa Toqayevning manyovr maydonini anchagina toraytirardi.

Qasim-Jomart Toqayev va Nursulton Nazarboyev. 2019-yil 16-may
Qasim-Jomart Toqayev va Nursulton Nazarboyev. 2019-yil 16-may

Yangi tartibdan norozilik bildirgan barchaga kuch bilan javob berildi, ko‘chaga chiqqanlarni darhol tutib ketishdi.

Rasman boshkent nomini o‘zgartirish tashabbusi Nazarboyevning rasmiy siyosatdan ketishiga olib kelgan qonli Yanvar voqealaridan so‘ng Toqayev islohotlarini ko‘tarinki ruh bilan qabul qilgan “Jana Qazaqstan” (“Yangi Qozog‘iston”) fraksiyasiga tegishli.

“Inson tirikligida uning ismini shaharga qo‘yish noto‘g‘ri deb hisoblayman. Qolaversa, xalq ham poytaxtning yangi nomini tan olmadi. Shunday ekan, poytaxtga eski nomi qaytarilsa tarixiy adolat bo‘lur edi”, dedi deputat Edil Janbirshin 2-sentabr kuni shahar nomini o‘zgartirish taklifini taqdim etarkan.

Taklif endi parlamentning quyi palatasida – amalda hukumat loyihalarini rasman tasdiqlab beradigan organ bo‘lib qolgan Majlisda ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Toqayevning o‘zi mazkur tashabbus yuzasidan izoh berganicha yo‘q.

“Bunisi ortiqcha”

Nur-Sulton degan nom aholi orasida ommalashmagani rost, bu xususda bahslashish qiyin.

Mashhur bloger Rinat Balgabayev 3-sentabr kuni Facebook’dagi sahifasida poytaxtning Nur-Sulton deb qayta nomlanishi “xalq yuziga tupurish bilan barobar” bo‘lgani va “hatto shu paytgacha siyosatdan yiroq bo‘lgan odamlarni ham junbushga keltirgan”i haqida yozdi.

Buni Toqayev poytaxt nomi o‘zgartirilganini e’lon qilgan kuni Ozodlikning qozoq xizmati Nur-Sulton ko‘chalarida o‘tkazgan so‘rov ham tasdiqlaydi.

“Ochig‘ini aytganda, men buni yoqlamayman. Juda oshirib yuborishdi. Astana degan nomga tilimiz o‘rgangan”, deb javob bergandi bir ayol.

Poytaxtda yaqinda o‘tkazilgan so‘rovlar esa shaharga eski nomini qaytarish tarafdorlari ko‘pchilik ekanini ko‘rsatdi.

So‘ralganlardan biri kamida 238 kishining yostig‘ini quritgan Yanvar voqealarini nazarda tutdi, shekilli, “Nazarboyev yomonlik bilan ketdi”, dedi. Yil boshida sobiq prezident hokimiyatiga barham berishni talab qilib minglab odamlar ko‘chalarga chiqishgan edi, bu namoyishlar zo‘ravonlik va qon to‘kilishi bilan yakun topdi.

“Uning yuzi qora bo‘lgan”, qo‘shimcha qiladi yigit.

So‘rovda qatnashgan bir ayol Astana nomi afzalligini, ayni chog‘da poytaxtni qayta nomlash bilan bog‘liq katta sarf-xarajatlardan tashvish chekayotganini aytdi.

Hukumat poytaxt nomini Nur-Sultonga o‘zgartirish uchun byudjetdan qancha mablag‘ xarjlanganini hech qachon ochiqlamagan. Milliy iqtisodiyot vaziri Alibek Quantirov 3- sentabr kuni jurnalistlar bilan muloqotda poytaxtni qayta nomlash qanchaga tushishini hatto chamalay olmasligini aytdi. “Bu taklif kechagina tushdi-ku”, dedi Quantirov.

Siyosat nom qo‘ygan shahar

1997-yilda Qozog‘iston poytaxti etib belgilangan ushbu cho‘l bag‘ridagi shahar nomi har doim “yuqori”da va siyosiy kon’yunkturadan kelib chiqib tanlangan.

Rossiya imperiyasi davrida u Aqmola (“Oq qabr”) qishlog‘i edi, so‘ngra ruscha qo‘shimcha olib Akmolinsk bo‘ldi.

Qozog‘iston mustaqil bo‘lgach, uni yana Aqmola deb atay boshladilar, lekin o‘shangacha 30 yil davomida, ya’ni 1961-yildan boshlab shaharcha Selinograd o‘laroq tanilgan. Bu nomni bosh kotib qo‘riq erlarni o‘zlashtirish kampaniyasiga ishora sifatida qo‘ygan (“selina” – qo‘riq yer degani).

Qor bosgan Nur-Sulton
Qor bosgan Nur-Sulton

1994-yilda Nazarboyev poytaxtni mamlakatning eng yirik shahri bo‘lmish Olmaotadan qariyb ming chaqirim shimolda joylashgan Aqmolaga ko‘chirish rejasini e’lon qilganida shahar nomi yana o‘zgarishi ma’lum bo‘ldi.

Nazarboyev madh qilingan “Liderning yo‘li: Astana” nomli filmda bosh qahramon go‘yo xalqning shaharga uning nomi berilishiga xohish bildirmagandek taassurot uyg‘otadi.

“Hamma shuni muhokama qilyapti. Sizga ehtirom sifatida shaharga ismingizni berish taklifi bor”, deydi Nazarboyevning safdoshi va 1997-2003-yillarda poytaxt akimi bo‘lib ishlagan Adilbek Jaksibekov rolidagi aktyor.

“Rahmat. Ammo menda boshqa fikr bor, – e’tiroz bildiradi Nazarboyevni o‘ynayotgan Murat Axmanov. – Parvoz chog‘ida menda bir fikr tug‘ildi. Balki Astana deb nomlarmiz?”

Yangi poytaxt Astana deb atalgan paytlardayoq donishmand va daho siyosatchi o‘laroq ta’riflanadigan Nazarboyev shaxsiga sig‘inish mafkurasida muhim unsur vazifasini o‘tagan.

Shaharni yuksakdan tomosha qilish uchun Bayterek minorasi tepasiga ko‘tarilgan tashrifchilarga Nazarboyev kaftining oltin nusxasiga qo‘l tekkizishni taklif qiladilar.

Nazarboyev kommunistik partiyada karyera qilishidan oldin metallurg bo‘lib ishlagan Temirtau shahridagi muzeyda unga bag‘ishlangan katta bir surat bor. Unda Nazarboyevning go‘yo mashaqqatli industrial o‘tmishdan (ya’ni, Temirtaudan) – shonli postindustrial kelajak (ya’ni, Astana) tomon shaxdam odimlayotgani gavdalantirilgan.

“Shaharga Nazarboyev nomini berish qarori “Elboshi”ning atrofidagilar uning ko‘nglini olishda bir-birlari bilan musobaqaga kirishib ketganini ko‘rsatgan edi”, deydi Ozodlik bilan suhbatda qozog‘istonlik siyosiy sharhlovchi va huquqbon Sergey Duvanov.

Uning aytishicha, o‘shanda qozoq mulozimlari o‘z harakatlarini AQShda Jorj Vashington tirikligidayoq poytaxtga uning nomi berilgani bilan oqlashga uringanlar, biroq mazkur izoh keng jamoatchilik tomonidan qabul qilinmagan.

“Vashingtonning ko‘p buyuk ishlari bor. Nazarboyev esa, menimcha, mamlakatni og‘ir ahvolga soldi”, qo‘shimcha qiladi Duvanov.

30 yil iqtidorda bo‘lgan Nazarboyev bir paytlar rostdan ham xalqning hurmatini qozongan edi.

Biroq Nazarboyev va uning son-sanoqsiz aqrabolari ulkan boylik orttirishi manzarasida tobora avj olgan iqtisodiy muammolar bu hurmatni yo‘qqa chiqardi.

2011-yili Janao‘zenda namoyishga chiqqan neftchilar otib tashlanishi aholining Nazarboyevga munosabatida hal qiluvchi nuqta bo‘ldi.

Joriy yil boshida yana shu shaharda qo‘zg‘algan ommaviy norozilik esa Nazarboyevning rasmiy siyosiy karyerasi yakuniga yetganidan darak berdi.

Norozilik butun mamlakatni qamrab olguniga qadar Toqayev salafining soyasi deb hisoblanardi, zero Nazarboyev Xavfsizlik kengashining “umrbod” raisi va iqtidordagi partiya rahbari, qolaversa, Konstitutsiyada mustahkamlangan “elboshi” maqomi sohibi edi.

Olmaota va boshqa shaharlarda namoyishlar – qurolli to‘qnashuvlar va talonchilikka ulanib ketganida ham Nazarboyev xalq oldiga chiqmadi.

5-yanvarda Toqayev Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini Nazarboyevdan olganini bildirdi.

Sobiq davlat rahbarining yaqinlari bilan amaldagi prezident tarafdorlari o‘rtasida hokimiyat uchun kurash borayotgani haqidagi mish-mishlar, garchi tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, tamomila asosli edi.

18-yanvar kuni internetda yoyinlangan videoda Nazarboyev barcha lavozimlardan bo‘shaganini va Toqayevni dastaklayajagini e’lon qildi. Keyinroq esa u Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha referendumda ovoz berishini ma’lum qildi – o‘zgartishlarda birinchi prezidentning Asosiy qonunda ko‘rsatilgan imtiyozlarini bekor qilish ham nazarda tutilgan edi.

Yanvar voqealarida Toqayev Qozog‘istonning ittifoqchisi – Rossiyadan madad oldi. Tartibsizliklar manzarasida Moskva mamlakatga o‘z nazoratidagi KXShTning harbiy kontingentini yubordi.

Toqayev KXShTdan yordam so‘ragani uchun tanqidga uchradi, biroq, Qozog‘iston kuchishlatar xodimlari odamlarni farqlamasdan otgani, o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olgani va mahbuslarni qiynoqqa solgani isbot etilgan bo‘lsa-da, bu yordam Toqayev hokimiyatini mustahkamlashga xizmat qilganiga shubha yo‘q.

Keyinroq Nazarboyevning eng yaqin kishilaridan biri, Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Karim Masimov davlatga xiyonat va davlat to‘ntarishiga urinishda gumon qilinib, qo‘lga olindi. Nufuzli sobiq prezident xonadonining bir necha a’zosi tergovga tortilgan: ular talon-toroj va reyderlikda ayblanmoqda.

O‘tgan yillar mobaynida Nazarboyevni hamdu sanoga ko‘mib tashlagan davlat OAVlari bugun uni onda-sonda eslaydi.

Siyosatshunos Aqbo‘ta Qaribayevaga ko‘ra, yanvar inqirozi “ichki ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning naqadar muhimligini va xalq o‘z ovozini eshittirish uchun ko‘chaga chiqishga tayyorligini ko‘rsatgan”.

“Toqayev ma’muriyati shuni tushunmog‘i kerakki, xalqqa chinakam, ishonchga loyiq islohotlar zarur”, deydi u. Siyosatchi Toqayev e’lon qilgan muddatidan avvalgi saylovni muxolifat shakllanib olgunicha o‘z hokimiyatini mustakamlashga urinish, deb ataydi.

Bularning barini hisobga olsak, birinchi prezidentdan yanada masofalanish uchun Toqayevda kuchli stimul mavjud.

Biroq bir paytlar o‘z tashabbusi bilan nomi o‘zgartirilgan poytaxtga eski nomini qaytarish bilan bog‘liq hijolatpazlik nima bo‘ladi?

Endi bu – bosh vazir o‘rinbosari Roman Sklyar va boshqa mulozimlarning muammosi.

Hukumat majlisidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlar burchakka tiqib qo‘ygan bosh vazir Sklyar Ozodlikning “Jana Qazaqstan” fraksiyasidan chiqqan ushbu tashabbus Toqayevning 2019-yildagi taklifi xato bo‘lganini ko‘rsatadimi?” degan savoliga javob bera olmadi.

U: “Kelinglar, picha sabr qilaylik. Bir oz vaqt o‘tsin, jamiyatning bunga munosabatini ko‘raylik”, deya oldi xolos.

XS
SM
MD
LG