Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:36

“Avval xalqning tuzini oqlang!” – tarmoqlar orden uchun Putinga qulluq qilgan Norbayeva haqida


O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norbayevaning rossiyalik hamkasbi Valentina Matviyenko qo‘lidan Rossiya Federatsiyasining “Do‘stlik” ordenini qabul qilishi tarmoq faollarining keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi.

Norbayevaga Prezident Vladimir Putin tomonidan berilgan mukofot 28-oktabr kuni Samarqand shahrida MDH Parlamentlararo Assambleyasining 54-sessiyasi chog‘ida topshirildi.

Rossiya Federatsiya kengashi faoliyatini yorituvchi Senatinform.ru xabariga ko‘ra, O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi raisi bu mukofotga sazovor bo‘lish "ulkan sharaf" ekanini aytib, “Rossiya prezidenti Vladimir Putinga samimiy minnatdorlik so‘zlarimni bildirmoqchiman va ushbu ordenni, albatta, oqlaymiz”, degan.

Lavozimi bo‘yicha O‘zbekistonda ikkinchi shaxs hisoblangan Senat raisining Kremldan orden olishi, boz ustiga, uni “albatta oqlash”ga (asliyatda “obyazatelno otrabotayem”) so‘z bergani tarmoq faollarining noroziligini uyg‘otgan.

“Qiziq, qanday qilib Putlerning (Rossiya prezidenti Putin nazarda tutilmoqda – tahr.) ordenini “otrabotat” qilmoqchi bular? Nima, bu avansmidi, ishlab berish kerak bo‘lgan? Xullas, adolatsiz urush olib borayotgan shovinist neoimperchi oqposhshodan orden-medallarni bular oladi, uyatdan esa biz qizaramiz”, – deb yozdi siyosiy tahlilchi Sardor Salim.

“Rivojlangan davlatlar terrorist deb e’lon qilgan odamning, jallodning medalini oqlash nima degani?” deya savol qo‘ydi boshqa bir tarmoq faoli Muhammad Matjon.

“Kimning oldida qanaqa ishonchni oqlamoqchi? Butun boshli Senatni o‘risga xizmat qildirmoqchimi? Yoki xalqni o‘risqul qilib oqlamoqchimi? Variantlar? Qachon qutulamiz prokremlyovskiy, proputlerskiy, prorasistkiy vallomatlardan?” – deya yanada keskin ruhda post yozdi bloger Farrux Samarqandiy.

XIX asrning so‘nggi choragidan XX asr boshlariga qadar avval Rusiya imperiyasi, keyinroq Sho‘ro davlati hukmfarmoligi ostida bo‘lgan zamonaviy O‘zbekistonda Moskva bilan oldi-berdilar hamisha hassos qabul qilingan. Ayniqsa, Ukraina bosqini davom etayotgan bir paytda o‘zbek ziyolilari millat zehniyatini qullik tuyg‘usi, postkolonial tafakkurdan tozalash lozimligini bot-bot talab qilmoqda. Norbayevaning, blogerlar ta’biricha, “o‘zini tobedek tutishi” ham jamoatchilik tomonidan aynan postkolonial tafakkur prizmasidan baholandi.

“Siyosatchi!.. Bo‘lganda ham mustaqil bir davlatning yirik amaldor siyosatchisi!.. Og‘zining so‘lagini oqizib, kechagi xo‘jayiniga yaltoqilanib, “...oqlayman!” deb tursa, mustaqillikka xiyonat, millatga xiyonat, xalqqa xiyonat, vatanga xiyonat, davlatga xiyonat bo‘ladi!” – deb hisoblaydi yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon.

Adibga ko‘ra, muammo Tanzila Norbayevaning o‘zida emas, balki “jamiyatning qul zehniyatini o‘zgartirmagan, o‘zgarishiga yo‘l qo‘ymay kelayotgan o‘rischa-kommunistcha uslubdagi siyosatda!”
Shunga ko‘ra, muallif marhum Karimov yuritgan g‘ayrimilliy siyosat hali ko‘pchilikni “kechagi xo‘jayinining quli” qilib yetishtirishidan bahs etadi.

“Masalaning ildizi intellektual saviyada deb o‘ylayman. O‘z ustida ishlamaydigan, saviyasi past va dunyoqarashi tor odamda o‘ziga ishonch va mag‘rurlik bo‘lmaydi. Chunki o‘zining rasvo ahvolini va intellektual majruhligini juda yaxshi biladi. Natija esa qullik zehniyati. Mavzu qahramoni davlatchilik tushunchasi, davlat nomidan gapirish mas’uliyati, o‘z lavozimining qudrati va shaxsiy munosabat (minnatdorlik) bilan davlat nomidan munosabat bildirishni farqlash majburiyatlari haqida yetarli bilim va salohiyatga ega emas”, – deb yozdi Olimjon Sobir.

Taniqli bloger Sanjar Xo‘ja nazdida, mamlakatdagi 45 yoshdan kattalar, jumladan, Norbayeva ham vatan deganda SSSRni tasavvur qiladi.

Farhod Bobojon ismli tarmoq foydalanuvchisi esa, bir mamlakat parlamenti raisi begona davlat mukofotini qanday “oqlashi” mumkinligini savol ostiga oldi.

“Xalq oldidagi ishonchni oqlang birinchi, opam!” dedi tarmoq faoli, iqtisodchi olima Barnogul Sanaqulova.

“Avval xalqingiz bergan tuzni oqlang!” deya unga jo‘r bo‘ldi boshqa bir foydalanuvchi.

“Putin butun dunyoning la’natiga uchragach, mana shunday rossiyaparast va putinparastlarga medalu shohona sovg‘alar jo‘natib o‘zi tomon og‘dirishga urinyapti”, – deya yana bir farazni ilgari surdi Abdulla Omon.

Taniqli siyosatshunos Farhod Tolipov esa hodisaga “Bu endi beshinchi emas, balki oltinchi kolonna”, deya qisqa, ammo tagdor munosabat bildirdi.

Aksar foydalanuvchilar Senat raisidan rasmiy izoh so‘ragan.

“Ishonchni oqlayman deyish O‘zbekiston xalqining manfaatiga zid, ammo Rossiya manfaatini ko‘zlab qonun(lar) tasdiqlattirib beraman, degani emasmi?! Senator vakil bo‘lsa-da, u deputat o‘laroq xalq tomonidan saylanadi. Shunday ekan, u faqat va faqat o‘z saylovchilarning ishonchini oqlashga mas’ul va majburdir. Tanzila Norbayeva o‘zi egallab turgan lavozimiga va vakillik vazifasiga xilof bayonot berdi deb hisoblayman va u keng jamoatchilik oldida tushuntirish berishi kerak”, – deya izoh talab qildi jurnalist Yusuf Ro‘zimurod.

Hozircha na yuqori palata rasmiy axborot kanallarida, na Tanzila Norbayevaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida bu masalaga munosabat bildirilgan.

XS
SM
MD
LG