Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:17

"Prado"dagi ayol jasadi. Marhuma yaqinlari o‘lim yuzasidan qayta tergov o‘tkazishni talab qilmoqda


Rasmiylarga ko‘ra, tarmoqlarda tarqalgan video marhumaning jasadi tekshiruvdan so‘ng turmush o‘rtog‘i tomonidan Toshkentdagi yashash joyiga avtomashinada olib kelingan vaqtda tasvirga olingan.
Rasmiylarga ko‘ra, tarmoqlarda tarqalgan video marhumaning jasadi tekshiruvdan so‘ng turmush o‘rtog‘i tomonidan Toshkentdagi yashash joyiga avtomashinada olib kelingan vaqtda tasvirga olingan.

29-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda andijonlik ayolning jasadi uning eri tomonidan "ikki kun avtomashinada olib yurilgani" iddao qilingan video tarqaldi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati hodisa yuzasidan bayonot berib, ayolning kasallik oqibatida o‘lganligi, video esa uning Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi yashash joyiga avtomashinada olib kelingan vaqtda tasvirga olinganini bildirdi. Ichki ishlar vazirligi ham ayni mazmundagi bayonot bilan chiqdi.

Ammo Ozodlik bilan suhbatda marhumaning onasi qizi hech qachon ayollar kasalligidan shikoyat qilmaganini aytib, o‘lim holati yuzasidan qayta tergov o‘tkazish talabi asossiz ravishda rad etilayotganidan shikoyat qildi.

Gavhar Jo‘rayevaning aytishicha, qizi soppa-sog‘ bo‘lgan, eri bilan "qattiq janjallashgani"dan so‘ng hujjatlarini olib kelish uchun Toshkentga borgan, ammo uning o‘ligi qaytgan.

Hodisa joriy yilning 10-iyun kuni sodir bo‘lgan.

Onaning iddao qilishicha, marhumaning shar’iy nikohda bo‘lgan eri xotinining avvalgi nikohidan bo‘lgan ikki qizini "islomiy saboq beradigan hujraga majburan o‘qishga bergani"dan qizi norozi bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda "Prado" avtomobili va uning atrofida odamlar ko‘rinadi. Video olayotgan yigitga tegishli ekani anglashilgan ovoz:

“Ana moshinaga solib o‘rab qo‘yibdi. Ana mening go‘zal opam, ana(avtomobilning eng orqa o‘rindig‘ida o‘ralgan jasad ko‘rinadi). Mana ikki kundan beri ana shu moshinada olib yuribdi ekan” deb aytadi.

Bosh prokuraturaning tasdiqlashicha, mashinadagi jasad Andijon viloyat, Baliqchi tuman, “Yangicha Bunyodkor” mahallasida yashagan 35 yashar D.J.ga tegishli.

Onasi Gavhar Jo‘rayevaning Ozodlikka aytishicha, ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lgan qizi birinchi eridan ajrashganidan so‘ng, Internet orqali ikkinchi eri bilan tanishgan:

“Kuyovim asli qashqadaryolik, 1980 yilda tug‘ilgan. Men Rossiyada ishlayotgandim, qizim telefon qilib turmushga chiqyapman, ammo qizlarimni olib ketmaydi ekan, bolalarga qarab turasizmi, dedi. Keyin qaytib keldim. Qizim shar’iy nikoh qilib unga tegdi. Qizlar men bilan qoldi. Homiladorligida uyga keldi. Qashqadaryoda uni kelin sifatida tan olishmas ekan, qo‘shnilari chiqsa xizmatkorimiz deyisharkan. Men qizimga u bilan yashamaysan. U seni ado qiladi, dedim”.

Gavhar Jo‘rayevaning so‘zlariga ko‘ra, kuyovi kelib qizi va nevaralarini majburan olib ketgan:

“11 va 8 yosh nevara qizlarimni kuyov Marhamatdagi bir ayolning qo‘liga islomiy o‘qishga bergan. Qizim bunga qarshilik qilgan, lekin u qo‘ymagan. Hozir ikki nevaram men bilan, ularni vasiylikka olishga hujjatlarni tayyorlayapman”.

Gavhar Jo‘rayeva Toshkentda chiqarilgan ekspertiza xulosasini tan olmasligi, uning o‘limi sabablari qaytadan taftish qilinishi kerakligini aytadi:

“Qizimning o‘limi men uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Chunki u umrida biror marta qattiq kasal bo‘lmagan, bolnitsaga yotmagan, soppa-sog‘lom edi. Nima ish qilib bo‘lsa ham qizimni o‘ldirib olib kelib berdi. Yakkasaroy prokuraturasiga bir necha bor bordim. Avval yaxshi muomalada bo‘lgan tergovchilar endi qo‘pol muomala qilishyapti. Qizingiz o‘zi o‘lgan, uni hech kim o‘ldirmagan deyishyapti. Bosh prokuraturaga borib, boshqa prokurorga o‘tkazing deloni desam, boshqasiga yana uch oy vaqt ketadi, o‘zlari ko‘raveradi, deyapti. Bosh prokuraturadan javob shu bo‘lganidan so‘ng, yana qayerga boray?”, deydi marhumaning onasi Ozodlik bilan suhbatda.

Bosh prokuraturaning bu haqdagi bayonotida ayolning shubhali vaziyatda o‘lganiga biron ishora yo‘q:

“Bosh prokuratura tomonidan olingan ma’lumotlarga asosan, 2022-yil 10-iyun kuni Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida yashagan erkak o‘zi bilan shar’iy nikohda bo‘lgan 35 yoshli ayol uchun tez tibbiy yordam chaqirgan. Tibbiyot xodimlari soat 09:00 da D.J.ning uyiga yetib kelib, ko‘rsatgan tibbiy yordamga qaramasdan, soat 09.45 da ayol yashash uyida vafot etgan.

Shundan so‘ng, soat 11:27 da tez yordam xodimlari tomonidan "102"ga xabar berilgan, hodisa joyiga tergov-tezkor guruhi kelib, sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlash haqidagi qaror profilaktika inspektoriga taqdim etilgan. Shu kunning o‘zida soat 14:00 larda ekspertiza byurosida murdani ekspertizadan o‘tkazish boshlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan videotasvir joriy yil 10- iyun kuni soat 18:00 larda marhumaning murdasi sud-tibbiyot ekspertizasi tekshiruvlaridan olinib, turmush o‘rtog‘i tomonidan Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi yashash joyiga avtomashinada olib kelingan vaqtda tasvirga olingan”.

Xabar. uz saytining yozishicha, o‘limga sabab bo‘lgan holatlarga yanada aniqlik kiritish uchun sudga oid komissiyaviy ekspertiza tayinlangan:

“Voqelik yuzasidan tergovga qadar tekshirish o‘tkazilib, Yakkasaroy tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

Tuman prokuraturasining ushbu qarori barvaqt qabul qilingani sabab joriy yilning avgust oyi boshida bekor qilinib, ayni paytda qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ekspertiza xulosasidan kelib chiqib, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”.

Ozodlikning D.J.ning shar’iy eri ekani aytilgan shaxs bilan bog‘lanishga urinishlari hozircha natija bermadi.

"Prado"dagi ayol jasadi bilan bog‘liq hodisa Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi bog‘chada o‘z xotinini kaltaklagan erkak keyinroq uni o‘ldirib qo‘yganidan bir necha kun o‘tib o‘rtaga chiqmoqda.

25-avgust kuni sodir bo‘lgan hodisada er oilaviy mojaro sabab o‘z ota-onasining uyida yashab turgan turmush o‘rtog‘ining yotoqxonasiga kirib, bo‘yin sohasiga oshxona pichog‘i bilan tan jarohati yetkazgan. Bosh prokuraturaga ko‘ra, olgan tan jarohati oqibatida ayol vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumonlanuvchi qo‘lga olingan.

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha faoli Nodira Bo‘ldiyeva ayollarga qarshi zo‘ravonlik holatlari ko‘payib borayotganidan tashvish bildiradi:

“Xotin-qizlarga bo‘lgan zo‘ravonliklar va tazyiqlar ko‘paysa ko‘payyaptiyu, lekin kamaymayapti. Shaxsan menga har kuni shu masalada o‘nlab murojaat tushadi. Tabiiyki, men ularning hammasini o‘rganishga ulgurmayman. Agar jamiyatimizda ayollarning huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadigan nodavlat tashkilotlar, institutlar ko‘proq bo‘lganda edi, qonunchiligimiz yaxshi ishlaganda edi, albatta bu shikoyatlar kamaygan bo‘lardi. Afsuski, hozircha unday emas!”, deydi faol.

Ayrim o‘zbekistonliklar tarmoqlarni larzaga solgan bu va boshqa maishiy zo‘ravonlik holatlarida huquq-tartibot idoralarini ham ayblashadi. Xususan, Quyi Chirchiqda eri tomonidan bolalari ko‘z o‘ngida pichoqlab o‘ldirilgan 24 yashar hamshiraning otasi hodisada profilaktika inspektorining aybi borligini iddao qilgan.

Ammo Ichki ishlar vazirligi bu kabi iddaolarni rad etib keladi. IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov 29-avgust kungi bayonotida o‘z ta’biricha, "jamoatchilik nazoratini suyuqligi yoki tekshirilmagan axborot tarqalishini xavfi"dan ogohlantirdi.

XS
SM
MD
LG