Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2021, Тошкент вақти: 17:44

Aziza Umarova: Paxta dalalarida vatanparvarlik haqida qo‘shiq aytishni bas qilarmiz?..


Toshkent viloyatidagi terimchilar - 18 - oktabr, 2018

Paxtaga munosabatim unchalik yaxshi emas.

Chunki, o‘zbek paxtasining pullari qandaydir yo‘llar bilan Latviyada qo‘nim topganini ko‘rganimdan keyin unga munosabatim keskin o‘zgargan.

Oxirgi 20 yilda Latviyada butun boshli o‘zbek elita qishloqlar paydo bo‘ldi. Latviyada o‘zbek degani bu juda boy degani. Aslida, katta miqdorda o‘marilgan pulga ega bo‘lish, degani. Sababi - paxtamiz Latviya orqali tashilgan.


Paxta – eski dard.

Perestroyka davrida paxta qulligi qattiq tanqid qilindi. Paxta genotsidi bolalar va kattalarning ustidan defoliatsiya qilish bilan millionlab odamlarning sog‘ligini buzdi. Bu zaharlash amerikaliklarning Vyetnam yerlariga tashlagan Agent Oranjga o‘xshardi.


Paxta atrofida doim katta-katta pullar aylanib yurgan. Korrupsiya va yashirin shartnomalar. Davlat buyurtmalari va shubhali kreditlar. Majburiy mehnat va qo‘shib yozishlar. Qurigan Orol. Tuproq va suvdagi kimyoviy zaharlanuvchi moddalar. Qashshoq qishloq. Arzimagan sariq chaqa va kamsitishlar. Hammasi paxta tufayli bo‘ldi.

Taqdir hazilidir balki. Lekin ko‘pchilik paxta bizning mamlakatimizda aynan 1861-1865 - yillarda AQShda qora tanlilarni ozod qilgan Fuqarolar urushi tufayli yetishtirila boshlanganini bilmasa kerak. Urush tufayli paxta Chor Rossiyasiga kelishni to‘xtadi. Rossiyadagi korxonalar xomashyosiz qoldi. Chor Rossiyasiga yangi yetkazib beruvchi kerak edi. Bizni topishdi. Hatto urug‘larni ham AQShdan olib kelishdi...

Shuning uchun, iltimos, balki kamera qarshisida paxta dalalarida vatanparvarlik haqida qo‘shiq aytishni bas qilarmiz?

Undan ko‘ra paxta terimchilarini qashshoqlikdan qutqarish uchun ularga to‘lanishi kerak bo‘lgan adolatli ish haqini hisoblang.

Tuproq va suvdagi zahar bilan kurashing.

Millatning kelajagi haqida o‘ylang.

Axir 2021 - yilda yashayapmiz.

Aziza Umarova, Smartgov Consulting rahbari, bloger

(#Aziza Umar Kundaligi Telegram-kanalidan olindi)

OzodTarmoq ruknidagi mualliflarning nuqtai nazari tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

XS
SM
MD
LG